Ichi va tashi bir yigitlar

0
254
марта кўрилган.

Xayolimda asraganim” kitobi muallifi yozuvchi Salim Abdurahmonga soxtalik, til­yog‘lamalik, sun’iylik begona.
Rosti, shu paytgacha uch-to‘rt hikoyasinigina o‘qib, fikr bildirgan, ijodiga sinchiklab razm solmagan ekanman. “Xayolimda asraganim” hikoyalar to‘plamini o‘qib tugatgach, “tuppa tuzuk” yozuvchi ekanligi oydinlashdi.
Uning to‘plamga kiritilgan hikoyalarini diqqat bilan o‘qidim. Har biri o‘ziga xos. Darvoqe, ushbu kitobga ustoz adabiyotshunos olim, Ibrohim G‘afurov so‘zboshi, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimning yozgan so‘ngso‘zi bejiz emas ekaniga amin bo‘ldim. Ikki zabardast olimning Salim Abdurahmonni yozuvchi deb bilishi, “oq fotiha” berishi, uning chindan-da o‘zbek nasri maydoniga qadam qo‘yganini anglatadi.
Hikoyalarni o‘qir ekansiz, Osilmajar, Yakkabuloq, Zulmon ota kabi so‘lim go‘shalar ko‘z oldingizda gav­dalanadi. Beshbarmoq ota, Qaroqchi qoya cho‘qqilari­ni aniq-ravshan ko‘rasiz. Bolakay shundoqqina yonginangizda boychechak teradi, Sardor chinoq bo‘rini quvlaydi, Egamberdiboy tog‘asining govmishini bozorga tortqilaydi.
Yozuvchining hikoyalarida asosiy odamlarining do‘lvor tabiati, yaxshilik, mehr-oqibat singari musaffo hislari qalamga olingan.
Ustoz Ibrohim G‘afurov ta’kidlaganidek, Salim Abdurahmon o‘zi tug‘ilib o‘sgan yerlarni, jumladan, Nakurt, Ko‘lto‘sin manzillarini, afsonaviy Nurota yonbag‘rida sodir bo‘lgan, kitobxonga yetkazishga undagan voqea hamda hodisalarni, jonli tarixni qalamga olgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni XXI – globallashuv asriga singdirgan.
Meningcha, hikoyalar kitobxonga estetik zavq, bir olam quvonch, mutolaa zavqini bera oladi. Bu esa, albatta, yozuvchi uchun maqsadlar ro‘yobidir.
Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Buni tabiiy qabul qilish lozim. Shu o‘rinda to‘plamda ko‘zim tushgan, bir necha kamchiliklar xususida bir og‘iz so‘z.
Dastlabki hikoya bosh qahramon Xolmat qassob va Barotboy suhbatidan hech vaqt o‘tmay, qassob o‘lib qolishi voqealar rivojidan biroz tezlashib ketgandek. Biron voqea qo‘shilsa, bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lar edi. Hikoya boshrog‘ida Qassobning bu yerlarga ikki yil burun kelib qolgani-yu, Egamboyga ikki marta go‘shtni qarzga bergani, ammo uni ko‘rsa-da pulini so‘ray olmagani qayd qilingan. Ammo voqealar rivoji so‘ngidagi suhbatda xasis boy: “Qarz, sening hech tashvishing bitadimi? – sensiradi. – Kunora yugurib kelasan, go‘rga kirganingda ham qarz-qarz deb tinch yotolmasang kerak. Olasan o‘sha pulingni…” deya iddao qiladi.
Avvalo, qarzdorning qarz berganga, otasi tengi odamga (oyog‘i yerdan uzilib ketgan bo‘lsa ham) bunday muomala qilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Chunki qishloq joylarda yashovchi qassoblarni qo‘shni tumanlarda ham yaxshi bilishadi. Sababi, yon-atrofdagi tuman aholisiga aksariyat hollarda markazlashgan mol bozorlari xizmat ko‘rsatadi. Bu ham yetmagandek qassoblar qo‘shni tumanlarga ham mol so‘ygani chiqib turishadi.
Ko‘pgina hikoyalarda qaytariq so‘zlar, ya’ni taftalogiya uchraydi. To‘plamdagi o‘n hikoya bir taraf-u “Xayolimda asraganim” bir taraf. Bu hikoyaning poetikasi, uslubiy yechimi o‘zgacha.
Mening nazarimda, hikoyalar umumiy ruhidan kelib chiqqan holda, to‘plam “Qaldirg‘ochlar qaytgan kun” yoxud “Duranning qudug‘i” deb nomlanganda, mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi.
Ammo bu kamchiliklar Salim Abdurahmonning “Xayolimda asraganim” hikoyalar to‘plami salmog‘iga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Aminmanki, Salim Abdurahmon kelgusida bu kamchiliklarni, albatta, bartaraf etajak.
Jasur Kengboyev hikoyalarini o‘qir ekansiz, kitob sahifalaridan Tog‘ay Murod, Shukur Xolmirzayev, Shavkat Rahmon nafasini sezasiz. Ushbu atoqli adiblar ijodi yozuvchiga salmoq­li ta’sir ko‘rsatganiga amin bo‘lasiz.
J.Kengboyev ulardek sodda, sami­miy, o‘zbeklik, oriyat-nomus ufurib turgan satrlar bitadi. Fikrlashi, tasvirlashi, qahramonlariga bo‘lgan mehri, qahri, qo‘ying-ki, barcha munosabati o‘zbekona, xalqona.
Yozganlarini o‘qir ekansiz, yozuvchi­ning oriyatli, nomusli, samimiy, dangal, murosasiz ekani yaqqol ko‘z oldingizda gavdalanadi. Yomon illatlarni ayovsiz “savalaydi”, ulardan jirkanadi, millatimizga xos fazilatlarimizdan mamnuniyat tuyadi.
Menga yozuvchi­ning aksariyat hikoyalarning debochalarini belgilashi ma’qul keldi: “To‘qsonbosdi mahali edi”, “Qizg‘aldoq issig‘i etni kuydirdi”, “Shomga yaqin edi” va hokazo.
To‘plamdagi hiko­yalar o‘zining badiiy tasviri, metaforalarning o‘rinli qo‘llanishi, hikoya tili dam muallif, dam qahramon tilidan ravon o‘qilishi bilan diqqatga sazo­vor. Asosiysi, hikoyalarda poetik yaxlitlik, kompozitsiya o‘rnida. “Tomoq”ni qirib o‘tmaydi.
Hikoyalarda qo‘llanilgan epigraflarning aksariyati o‘qirman uchun yangilik. Balki shunisi bilan ham ular hikoyalar saviyasini oshirar. Bu jihat Abdulla Qahhor uslubini yodga soladi.
Meningcha, “Havochin” yoxud “So‘ngsiz gurung­lar” hikoyalar nomlari to‘plam nomiga ham, yozuvchi “meni”ga ham mos. Ta’bir joiz bo‘lsa, muallif xarakteri­ga “o‘tiradi”.
“Yurakning bir cheti” nomi esa Shavkat Rahmonning o‘sha mashhur “Orzular tasbehi” she’ridagi “Bir qo‘shiq bo‘laman daryoday yurakning eng chuqur yerida” satrlarini eslatib yuboradi.
To‘plamdan joy olgan “G‘urbatxona”, “Qaynoq quchoq”, “Ko‘hna belbog‘”, “Erkak” kabilar hikoyadan ham ko‘ra hajviyaga yaqinroq. Shu bois ular shu nomda berilganda mantiqan to‘g‘ri bo‘lar edi.
Kitobga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam tomonidan yozilgan “Seni Jasur deydilar” taqrizi salmoq bag‘ishla­gan desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Ammo negadir zabardast adibimiz taqrizda yosh yozuvchi ijodidan ko‘ra shaxsiyati va nomiga ko‘proq e’tibor qaratgan.
To‘plam so‘ngidan joy olgan filologiya fanlari doktori Islom Yoqubovga tegishli “Izlanishning mashaq­qatli yo‘li” taqriz ham sizni befarq qoldirmasligi aniq. Lekin negadir u ham tahrirtalab variantda chop etilgan.
“Xullas, nosirning “Yurakning bir cheti” (Hikoya va hajviyalar) nomli ikkinchi kitobi hajman uncha katta bo‘lmasa-da, unda yosh adibning yigirmata hikoyasi jamlangan” deya qayd qilingan. Aslida esa, hikoyalar deya e’tirof etilgan to‘plamda yozuv­chining o‘n uchta hikoyasi (3-4 tasi hajviya) o‘rin olgan.
“Kitobni varaqlagan o‘quv­chining ko‘zi “Mung” nomli birinchi hikoyaga tusharkan, Nega kitobxon bilan diydorlashuv – ilk sahifadanoq mungli ohanglar tanlandi ekan?” degan xayolga boradi, deya ta’kidlaydi. Holbuki, to‘plam “So‘ngsiz gurunglar”dan boshlanadi.
Bundan tashqari, taqriz davomida munaqqid Jasur Kengboyevning “Pand bergan momo”, “Barzangi”, “Oqsoqol”, “Futboldagi qotillik” kabi hikoya va hajviyalariga to‘xtalgan. Ammo nechundir ularni ushbu to‘plamdan topa olmadim.
Ish bor joyda, harakat o‘z kuchini ko‘rsatgan mahalda kam­chilik yuz beradi. Donolar ta’biri bilan aytganda, ishlagan – xato qiladi. Bu tabiiy, albatta.
Adabiyot ixlosmandi, o‘zbek kitobxoni sifatida qo‘rqmasdan aytishim mumkinki, Jasur Kengboyev o‘zi monand bag‘rikeng Xushvaqt guppi, faylasuf Yetmishev, hazilkashlikda Afandiga jo‘ra bo‘ladigan Moyli buva, oriyatli Saydali obrazlari nasrimiz sarhadlarini boyitajak.
Hikoya qahramonlari milliy, ma’naviy, ruhiy qiyofasi milliy yoki umumbashariy ruhni ochib berishi lozim ekani bot-bot takrorlanadi. Mana shu mezonlar J.Kengboyev qalamiga mansub “Havochin”, “So‘ngsiz gurunglar”, “Mung” hikoyalarida qisman esa-da o‘z aksini topgan. Yetmishev, polvonlar orasida umrguzaronlik qiladigan yozuvchi, Yalli gajir obrazlari, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy, ma’naviy qiyofa kasb etgan. Ularni hikoyada uchratgan o‘qirmanda, albatta, o‘zini, yon-veridagilarni ko‘rgandek, suhbatlashgandek taassurot uyg‘onadi. Bu quvonarli jihat.
Men, vaqti kelib Salim Abdurahmon hamda Jasur Kengboyevning xalqonalik, o‘zbekona g‘urur, sami­miyat, oriyat ufurib turgan hikoyalari milliylik suvidan shimib, umumbashariy, umuminsoniy mezonlarda, dunyo kitobxonlarini ham qoyil qoldiradigan, ta’sirlanti­radigan darajaga yetishiga aminman.
Bugun ko‘zlari yonib, yuragida yangi hikoya ilhomlari uchqunlab turgan yosh yozuvchilarimiz qatori, Jasur Kengboyev va Salim Abdurahmo­novning gardaniga ham katta mas’uliyat tushgan.

Davronbek ORIPOV

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.