“Shahinam,  o,  mening Shahinam”

0
142
marta ko‘rilgan.

Buyuk rus shoiri Sergey Yeseninning qisqa muddatli umri va ulkan ijodiga Isadora Dunkan, Galina Benislavskaya, Anna Izryadnova, Nadejda Volpin, Zi­naida Rayx va boshqa shu kabi iqtidorli va go‘zal ayollar ilhom bag‘ishlashgan. Biroq hech biri rus tili va adabiyot muallimasi Shahane Talyan singari unutib bo‘lmas darajada taassurot qoldirmagan. Uning go‘zalligi va jozibasi shoirga ijodining eng mashhur va sevimlisi bo‘lgan she’rning yozilishiga ilhom berdi. Shaanduxt (Shahane) Ambartsumyan 1900-yili Axaltsixe (Gruziya)da o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan. Nerses Ambartsumyan va Mariya Karakashyan 30 yoshga to‘lganlarida dunyoga kelgani uchun ham Shahane intiqib kutilgan farzand bo‘lgan. Shahane ota-onasidan (tifo isitmasi tufayli) erta ayriladi. Qizaloq 11 yoshida onasidan, 19 yoshida otasidan judo bo‘lgan. Amakisi uni Batumiga olib borib, yaxshi ta’lim olishiga ko‘maklashadi. Xashuriyadagi ayollar gimnaziyasini tugatganidan bir yil o‘tib Tiflisdagi arman maktabida dars bera boshladi. Muallimlar orasida Shahane ajoyib tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turardi: toza va oppoq badani, och jigarrang sochlari va ko‘plab oshiqlarining qalblarini poralagan katta-katta ko‘zlari.

Shahane 1921-yil tiflislik iqtisodchi Stepan Terteryanning qalbini zabt etdi. Unga turmushga chiqdi va bir yil o‘tib o‘g‘li Ruben (keyinchalik u tibbiyot fanlari nomzodi bo‘lgan) tug‘ildi. Ammo ularga baxtli hayot kechirish nasib etmadi: Terterian 36 yoshda o‘pka kasalligi tufayli vafot etadi. 1923-yili Shahane Batumi shahridagi qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tadi va o‘qituvchilik faoliyatini davom ettiradi. U muallimalikdan tashqari she’riyatni juda sevar, o‘zi yoqtirgan shoirlari­ning she‘rlarini tinglash uchun tez-tez adabiy kafelarga borishni kanda qilmas edi. Shaha­ne 1964-yili “Don” jurnalida “Men ushbu uchrashuvlarni kutib yashardim. Bu she‘riy kechalar menga o‘zgacha quvonch keltirdi”, – deya ta’kidlab o‘tadi. 1924–1925-yillarda rus shoiri Sergey Yesenin Batumi shahrida istiqomat qiladi. O‘sha davr shoirlari uchun o‘z uyida she‘riy kechalar tashkillash urfga kirgan edi. Albatta, bundan Shahane va uning opa-singillari ham istisno emas edi.

Shoir va yosh muallimaning uchrashuvidan so‘ng Yesenin “Fors taronalari” turkumidan joy olgan “Shahinam, o mening Shahinam” she’rini yoza boshlaydi. Arman qizining latofatiga maftun bo‘lgan shoir uni sherozlik yosh Shahina shaklida tasvirlaydi. Zamonlar o‘tishi bilan ushbu turkum ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oldi, “Shahina” esa, eng ta’sirli va suyukli she’rlar orasidan o‘rin egalladi. Bu mashhur she’rning dunyoga kelishi esa quyidagicha bo‘lgan: “Maktabdan chiqqach yana o‘sha shoirni avval uchratgan joyimda ko‘rdim. Havoning avzoyi buzuq, dengiz tomondan bo‘ron boshlangan edi. Salom-alikdan so‘ng Sergey Aleksandrovich meni xiyobon bo‘ylab sayrga taklif qildi. Bunday ob-havoga unchalik xushi yo‘qligini bildirib, yaxshisi menga she‘rlarini o‘qishini aytdi. U “Shahinam, o, mening Shahinam…”ni o‘qiy boshladi, so‘ngra menga ikkiga bukilgan katak daftar qog‘ozini berdi, unda ushbu she’r va imzo bitilgan edi: “S. Yesenin”, – deya eslaydi Shahane.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shoir yosh muallimaning husniga maftun bo‘lib qoladi va unga o‘zini yaqin tuta boshlaydi. Shahane o‘zining bir maktubida ushbu uchrashuvlardan biri haqida shunday yozadi: “Sergey Aleksandrovich oqshomlari kelishni hamda mandarin murabbosi qo‘shilgan choy ichishni xush ko‘rardi. Men undan she’r yozishini so‘radim. U esa yetarlicha ishlaganini, endi dam olmoqchiligini aytdi. Keyinchalik betob bo‘lib uch kun yotib qoldim, shu kunlar davomida Yesenin uyga tashrif buyurar, choy tayyorlar, men bilan suhbatlashib, “Arman she‘riyati antologiyasi”dan she’rlar o‘qib berardi. Bu suhbatlarimizning mazmuni unchalik yodimda qolmagan, lekin shunisi yodimdaki, ular samimiy va huzurbaxsh edi”. Yesenin o‘z ijod namunalarini Shahane bilan baham ko‘rgan. Uning uy kutubxonasidan foydalanib, unga fors she’riyatining go‘zalliklari haqida gapirib berardi. Bir necha yil Batumi shahrida yashagandan so‘ng shoir Ye­senin Petrogradga qaytadi. Bizning qahramonimiz esa Tiflisga ketadi va u yerda maktabda dars berishni davom ettiradi. “Ketishidan avval Sergey Aleksandrovich biznikiga kelib, bu yerdan ketishini ma‘lum qildi. U meni hech qachon unutmasligi­ni ta’kidladi. U men bilan xayrlashar ekan, men va opam uni kuzatib qo‘yishimizni istamadi. Shu bilan undan xat olmadim. Umrim­ning oxirigacha Sergey Aleksandrovich hayotimning eng yorqin va unutilmas xotirasi bo‘lib qoladi”.

Shahanening hayoti qanday davom etgani haqida boshqa narsa ma’lum emas. 1930-yil Shahane bastakor Vardges Talyan bilan turmush quradi. Yerevanga ko‘chib o‘tishganidan so‘ng Shahane ishlamaydi. Qolgan hayotini uy ishlari hamda o‘g‘lini voyaga yetkazish bilan o‘tkazadi va 76 yoshida vafot etadi.

Anvar JABBOROV,

Oliy adabiyot kursi magistranti

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.