So‘z mulkiga safar

1
147
marta ko‘rilgan.

Nodirning “So‘z” dostonini qo‘limga berishganda, ishxonada edim. Yangi doston hidini tuyib, quvonganimdanmi, darrov o‘qishga kirishdim. Lekin, uch bet o‘qidim-u, birdan to‘xtadim… satrlar yukini his etdim va alohida vaqt topib o‘qishim kerak ekan, degan qarorga keldim. Asl she’rni o‘qishning vaqti bo‘ladi-da, duch kelgan joyda o‘qib uvol qilmaslik kerak. So‘ng o‘sha vaqtni topib dostonni o‘qib chiqdim.
Avvalo, shuni aytishim kerakki, bu doston – chinakam ilhom mevasi. Unda bitta satr ham shunchaki yozilmagan. Har bir satrning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Har bir satrga shoirning ko‘ngli guvoh va hamroh. Shoir ma’no va mohiyatdan uzoqlashib borayotgan dunyoning bugungi holini badiiy talqin etadi. Olamning tub ma’nosi – So‘z. So‘zsiz dunyo ma’nosiz dunyodir. Muqaddas Kitobda aytilgani kabi “Hamma narsaning avvali So‘z edi”. Demak, oxiri ham So‘z bo‘ladi.
Shoir olamga sayohatga chiqadi. Bu sayohatda unga So‘z hamroh bo‘ladi. Ma’noni topish uchun ma’noni his etish kerak. Ma’no esa So‘z edi. U dunyoni so‘z orqali taniydi, idrok etadi. Dostonning har bobi aniq timsollar va aniq maqsad bilan yozilgan. So‘zlar ham quyilib kelgan, ramzlar ham. Voqealar, hodisalar, yuksak va tuban kechmishlar, sokin maromlar va taloto‘plar ramziy hikoyalarda maroq bilan tasvirlangan. So‘z sirini anglash, so‘z hikmatini topish shoir uchun hayot mohiyatini anglashday muhim. Nodir Jonu­zoqning so‘zga muhabbati, so‘zga tavallosi bizni shu mohiyat sari undaydi.
Xalqimiz qasam ichishni “So‘z ber” degan iborada bekorga ifodalamagan. Bobolarimiz Nizomiy, Dehlaviy, Navoiylar o‘z asarlari ibtidosida so‘z vasfiga alohida o‘rin berishlarida ham hikmat bor.
Nodirni bu doston bilan qutlayman. Doston bir nafasda, shiddat bilan yozilgan. Unda shoirning muhabbati va samimiyati har qadamda barq urib turadi.
Tirik so‘zga tashna ochunda
Ma’nosini topgan So‘z qolar, – deydi shoir.
Mening tasavvurimda bu doston ma’nosini topgan yaxlit bir So‘z kabi namoyon bo‘ldi. Shoirga hamroh bo‘lgan shu So‘z bilan she’rxonlar ham bir sayohatga chiqib ko‘rishsa, ko‘p narsadan bahramand bo‘lishardi.

Eshqobil Shukur,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

1 mulohaza

  1. Nodirjon doston bilan tabriklayman.SIZ aytgan suz sexri, yuki, xayrati bizni ruxiyat olamiga sayoxat kildiradi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.