“Tirik tosh”ning ichkarisida…

0
381
marta ko‘rilgan.

O‘tgan asr boshlarida birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitrat she’riyatga shunday ta’rif bergan edi: “She’rda kishilarning qonini qaynatguvchi, singirlarini o‘ynatguvchi, miyasini titratguvchi, sezgisini qo‘zg‘atguvchi bir kuch, ma’naviy bir kuch bor. Shunday kuchi bo‘lmagan so‘z “vazn” va “qofiya”si bo‘lsun, she’r bo‘la olmaydur… Chin she’r yurak sezguvlarini ko‘rsatmakdir”. Darhaqiqat, she’r nafaqat vazni, qofiyasi va mazmuni bilan, balki ma’naviy kuchi bilan she’rdir. Shunday ekan, qaysi bir o‘zbek shoirining ijod namunasiga o‘zbekona tiynat va milliy ma’naviyat kuch bergan bo‘lsa, u chinakam xalq mulkidir. Uni o‘qiguvchi, tinglaguvchi, baholaguvchi – she’rxoni bordir.

Bugun o‘zbek she’riyatiga ovozini jaranglatib kirib kelayotgan, o‘zi sokin, bosiq, lekin qalbi tug‘yonli yosh shoirlarni ko‘nglimiz to‘lib sanashimiz mumkin. Har birining o‘z qarashlari, o‘zigagina xos badiiy topilmalari, she’r ahliga xos dardlari bor. Odatda, ayrim yoshlar pishib yetilmagan, xom-xatala yozishmalarni ko‘tarib ota-onasi yo bobo-buvisidan biri bilan boshlashib, u yoq-bu yoqqa chopib yuradilar. Qofiyalashib turgan qatorlarni she’r debgina qolmasdan, yozganlarini tezroq kitob qilib chiqarishni istaydilar. Ularni noo‘rin da’volar-u hadahalar chalg‘itadi. “Kitobi chiqqan” degan nomni olish qiziqtirib yuboradi. Afsuski, ayrim nomdor, iste’dodli shoirlarimiz ham yomon ko‘rinib qolishni istamay, qalamkashning yozganlariga baland baholar berib, “oq yo‘l” tilab taqrizmi, tavsiyami, yo shunga o‘xshash bahosi baland, ammo o‘zi yozilib bitilganiga pushaymon bo‘lib turgandek tasavvur beradigan bir narsalarni yozib tavsiyatalabni xursand qilib yuboraveradilar. Bu bilan kitob nomiga nomunosib taxlamalarning ko‘payishiga sababchi bo‘ladilar. Yoshi katta bir ijodkor bilan shu masalada suhbatlashganimizda u bir-ikki shoirning she’rlarini tanqid qilgani-yu, keyinchalik o‘sha shoir ko‘plarning e’tiborini qaratadigan she’rlar yozib, davralarda e’tirof etila boshlagani, shundan keyin tanqidchini ko‘rolmaslikda ayblab, salom-alik qilmay yurganini so‘zlab berdi. “Hech bir adabiyotchi shoirni ijod maydonidan chiqarish uchun tanqid qilmaydi. U faqat so‘zning isrofiga befarq qarab turolmaydi. Tanqidgina shoirni shoir qiladi.. Balki o‘sha shoirning o‘z ustida ishlashiga men ham ma’lum darajada sabab bo‘lgandirman. Buni esa u hech tan olmaydi”, deydi afsus bilan suhbatdoshim.

Aslida, yaxshi bo‘lay-bo‘lay deb bo‘lolmagan asar, ko‘p holda, achchiqqina tanqidga uchraydi. Tanqidchidan ranjish zalvori ham og‘ir adabiyot oldida hech narsa emas. Eng yomoni, biz tanqid bor joydan qochganimiz, tanqidni ko‘tarmaganimiz, uni xatola­rimizni o‘nglash yoki o‘zimizning ustimizda ishlashimiz uchun asos qila olmasligimiz, dastak sifatida anglamasligimizdir. Natijada uvol satrlar, uvol qog‘ozlar, uvol mehnatlar, mablag‘lar. Eng katta uvol esa she’r axtargan tashna ko‘ngillarning e’tibori. Asar degan nomning qimmatini qanchalik baland tutsak, qadrlasak, butun dunyoda ham o‘z qadrini, e’tirofini topadigan badiiy adabiyotimiz maydonga kelardi”.

Biroq yaxshi she’rlar oq sahifalarda qorasini ko‘rsatibgina qolmay, kitobxonni o‘ziga chorlab, yuraklarni titratib, nozik sezimlarini uyg‘otib, tebratib turibdi. Shunday iste’dodlar borki, ularni hamisha ham matbuot sahifalarida, davralarda ko‘ravermaymiz. Jimgina, kamsuqumgina qalamini tebratib yuradi. Nogoh qayerdadir uning satrlarini o‘qib qolganda esa xuddi bir noyob gavharni topgandek sevinib ketadi odam.

She’r zavqini istab mo‘jaz kitobchaga ko‘z yugurtirar ekansiz, bitguvchining ko‘ngliga tutilgan oynada aks etgan kabi tiniq, nur qaytarguvchi gavharlar ko‘zingizda jilvalanadi. So‘zni his eta borib, kitobning muqovasiga yana bir nazar tashlaysiz. Kim edi bu?

Ro‘yxatlar so‘zlaydi: 2011-yilda Do‘rmon semina­rida she’rga muxlis bo‘lib bir yigit keldi. Ko‘plar qatori. Dadaxon Muhammadiyev. Biroq birinchi kitobini chiqarish uchun chopmadi, yelmadi. Ustozlari so‘ragan vaqtlarda, ustida ishlayapman, tugatishim bilan boraman, deb javob berdi. Uning she’rlari ustida ishlashiga esa naq yetti yil vaqt ketibdi. Ehtimol, Zomin (Do‘rmon) seminarida katta shoirlar davrasida o‘zining yozganlari bahosini o‘zi bergandir. Talabchanlik bilan o‘zga nigohlardan o‘zini kuzatgandir.

Nihoyat, joriy yildagina “Birinchi kitobim” loyihasida yosh shoirning she’rlari chop etiladigan bo‘ldi: “Tirik tosh”. Bilishimizcha, o‘sha sakkiz yil oldin kitobga kiritish uchun saralangan-u, o‘zining “shu yil to‘xtab tura qolsin”, degan so‘zi bilan kitob qilinmagan she’rlaridan sanoqlisigina shu yil chiqayotgan to‘plamga kiritilibdi. Shoirning esa o‘zidan birmuncha ko‘ngli to‘lganday (Balki haliyam to‘lmagandir. Hali ham kitobini qo‘liga olsa, “Eh, bir oz shoshibman”, degan mulohazaga borar). Shuncha vaqt shoshmaganidan mamnun. Lekin vaqt ham kutib turmaydi-da.Qanchalar to‘g‘ri qaror.

 

Yashashni istadim o‘lmaydiganday,

Chidadim sabrim hech to‘lmaydiganday.

Kulsam – chin ko‘ngildan kuldim. Yig‘lasam –

Yig‘ladim hech qachon kulmaydiganday.

Chin ko‘ngildan kimning ko‘nglini oldim,

Hech kimga yolg‘on so‘z aytmaydiganday.

Qayerga borsam ham borimcha bordim,

Ketsam ham hech qachon qaytmaydiganday.

 

Ko‘ngil, ehtimol, olamning o‘zidagi manzaralar qadar badavlatdir. Dadaxonning iqrorlari to‘kilgan bu satrlar, aslida, hammaga ham tegishli. Yig‘lagan chog‘ida, hademay yana kulaman-ku, deb o‘ylarmidi odam? Yana yosh shoirning “qayerga borsa ham, boricha borgani”-chi? Bunday jur’atda go‘yo yashash istagi o‘lmaslik ishonchiga tenglashtirilgan. U borar yeri­ga boridan kechib bordi. Faqat shoirgina shunday shaxdni qiyos etishi mumkin. Xo‘sh, nimalarga? Chin ko‘ngildan uringan ishi ustida sira yolg‘on ko‘chasidan o‘tmaslikka ishonchi-yu, ketmoqda qaytmaslikka hozirligiga. Buncha ajab ko‘ngil deganlari – tizginsiz, jununvash, mag‘rur, masrur…

Bir she’rida qalamkashni g‘oyat odamparvar ko‘ra boshlaydi kitobxon. Go‘yo u poyezdga kechikkan yo‘lovchiga rahmdillik ko‘rsatayotir. Biroq yo‘lovchi, aslida, uning o‘zi. Xuddiki o‘ziga o‘zi so‘zlayotganday. Holi zabun. Darvoqe, iyhom deydilarmi buni, ya’niki bir so‘z bilan ikki ma’no bera olishni. Shoirlar-ku, buning iyhomligini bilib o‘tirmay g‘oyibdan kelgan satrlarni bitaveradilar-a, lekin axir bu ham san’at, buni ham nimadir deb atab qo‘yish lozim bo‘lgan-da. Xullasi, “qaytamiz” so‘zi bilan shoir deydi: Poyezd ketgan. Endi “qaytamiz” – “nima qilamiz” endi va yoki “qaytamiz-da” ortimizga…

 

Poyezd ketib bo‘ldi. Endi qaytamiz.

Kechikkan yo‘lovchi, ne kechar holing?

Bitta chiptachi-yu bir qorovuldan

Boshqa hech kimsaga kelmas maloling.

 

Banddan bandga o‘sib boradi xavotirlar. Poyezdga chipta olgan sho‘rlik yo‘lovchining nega kechikkani borasida o‘ydan boshlangan xavotirlar o‘kinch otli tit­roqqa aylanadi. U yog‘i so‘zlaguvchining nima demoq­chiligiga qaratiladi. Shoir musofirni o‘z ko‘nglida mehmon eta turib, kechikish va kechishni zid qo‘yadi. Kechikkaning – kechmaganing, kechikmaganing – kech­ganing. Mana, o‘zini fosh qila boshladi u. U kechib ketayotganmidi olislarga?..

 

Yo‘lovchi, ko‘nglingdan nimalar kechdi?

Har musofir – mehmon, bizning aqida.

Qo‘shiqlar aytamiz, she’rlar aytamiz,

Kechikish haqida, kechish haqida…

 

Banddan bandga o‘tguncha shakli o‘xshash so‘zlarni bir maqsadga bo‘ysundirgan shoirning mahoratiga chalg‘ib ketadi she’rxon: ko‘ngildan kechdi, kechikish, kechish. Joziba rom etganida bir topilma huzurini tuyib olgach, endi mazmun uchun she’rni yana boshdan o‘qib chiqish kerak bo‘ladi.

Qadrini uni kuzatmoqlarida ko‘rishni istagan yo‘lovchi – aynan shoir – so‘nggi bandda munglig‘ bir qiyofada o‘zini namoyon qiladi:

 

Poyezd ketib bo‘ldi. Endi qaytamiz.

Kel, endi, do‘stimmi, inimmi, og‘am…

Hech kim kuzatgani kelmadi, tushun,

Atay poyezdiga kechikkan odam!..

 

Darhaqiqat, she’r shunchaki so‘z qofiyasi emas. She’r – nozik his-tuyg‘ularning qog‘ozga cho‘kkan quyuq cho‘kmasi. She’rni kimdir “ko‘ngil yaralariga eng toza malham” atasa, yo‘q, bu xato deb ayta olarmidik.

“Tirik tosh” kitobi muallifini millat dardi tinch qo‘ymasligi aniq. Qadriyatlar, tiynat xosliklari – barchasi ko‘p millatdoshlarimiz qatori uning ham yelkasidan bosib turgani bor gap. Yo‘qsa, sadoqat, oqibat, mehr arzonlashib borayotganidan xavotir, erlar erligidan, mardligidan qaytganidagi, ayollar yuzidan hayo pardasi qochganidagi og‘ir damda bo‘g‘ziga kelgan bir hayqiriqni, bir chaqiriqni shoirona satrlarga jo qilarmidi?

 

Tog‘lar yo‘lin tog‘ to‘sdi,

Mushtga aylandi quloch.

Ayvoningni qor bosdi,

Akang qani, Qaldirg‘och?

Bir munglig‘ ovoz o‘tdi,

Chalinmagan soz o‘tdi,

Bahor o‘tdi, yoz o‘tdi,

Akang qani, Qaldirg‘och?

 

Millat ruhi quvvatli bo‘lsa, millat qo‘li baland kelsa, polvoni davradan shon olsa, millat kelgusining egalari alp o‘g‘lonlar toza qon bilan dunyoga kelsa, shoir suyunchiga jonini berishga hozir.

 

Polvoning davraga sol,

Polvonman deb yurganlar.

Suyunchiga jonim ol,

Alp o‘g‘lini ko‘rganlar.

 

El dardida yonib, ko‘nglida shijoati mahkam shoirgina shunday bitmoqqa hozir. U botirning o‘ziga emas, uning nomusi, ori, g‘ururi, ruhini tik etuvchi sha’niga, ya’niki singlisiga murojaat qiladi. “Elda erlar qurib bitibdimiki, kurash senga qolibdimi?” deganday go‘yo… Yoki “biz Alpomish avlodlari hali bormiz, mangu bo‘lajakmiz”, ma’nosida…

 

Eshikda osiq turar

Alp otining taqasi.

Yot ellarda qolmaydi

Mard singilning akasi.

Ko‘ngilga or soldimi –

Yot elda oqargan soch.

Kurash senga qoldimi,

Akang qani, Qaldirg‘och?

 

Ulug‘vor niyatlar, pokiza tilaklar Vatan dardi yo‘lidadir. Vatangina muqaddas, Vatangina betakror, Vatangina bebadal. Alpomishlar, Barchinlarni elda aziz qilgan, dostonlarda kuylatgan ham shu muqaddas Vatan, shu qadim el dardidir. Vatan el bilan Vatandir. El Vatan bilan eldir. Elning shonini ko‘tarishga hamisha Alpomishlar kerak. Buyuklik ham, buyuklikka intilish ham el degan mardlar tufayli bunyod topadi.

 

Bu Vatanga shon kerak,

Jon berguvchi jon kerak.

Elga qahramon kerak,

Akang qani, Qaldirg‘och?!

 

Har band so‘ngida takror keluvchi satrlar go‘yo butun o‘zbek yigitlari, elning orini qo‘ldan bermaydigan mardlarga chaqiriqday jaranglaydi. Toki el mardlari zindonda yotmasin, yovuzlik g‘olib kelmasin, or talashi singillarga qolmasin. Har bek o‘z eliga to‘ra bo‘lsin.

Dadaxon bir to‘rtligida shunday deydi:

 

Do‘stim,

Keling, sizni do‘stim deyman…

Keling, ko‘ngil uchun do‘st deyman sizni.

Chunki arzimaysiz g‘anim bo‘lishga…

 

Ha-da, g‘animlikka ham arzish lozim, arziy bilish kerak. G‘animlik bilan g‘ayurlik ham farqli bo‘lgach, g‘anim deb atashga arzimagan kishining ko‘nglini olib qo‘yish, do‘st deb atash uchun kattagina yurak darkor odamga. “Tirik tosh”dagi she’rlarining mazmuni tosh bosaversin. Adabiyotimizdagi o‘lmas satrlar qatoridan o‘rin olsin, deymiz.

Ma’mura Zohidova

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.