Bog‘dagul

0
1915
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Deraza ortidagi ayol

 

Yer endi ko‘klayotgandi…

Yangi kelinchak ham bitta tuqqandan keyin shu uy endi maniki ekan deb ishonarkan. Ungacha yegani porimay, ko‘ngli alag‘da yurarmish…

Tongniyam, tog‘niyam tumshug‘i uyulganday. Oyqorning oy suratlig‘ qorining qovog‘idan ham qor yog‘adi. Hovlidagi daraxt­lar ham shirdayishib serraygancha bir-biriga qosh chimirganday. Et bo‘lib etday, yot bo‘lib yotday emas. Birovi biroviga gap qo‘shishdan tiyil­ganday. Gap qo‘shsa, kimdandir gap eshitib qoladiganday. Boyqadam ham ne bir kundan beri yalog‘ini hishtarovlagancha shosha-pisha yalab-yulqaydi-da, dumni chotga qisib, iniga urib ketadi. Ko‘ringisi kelmaydi, chog‘i. Boyqadam Olaparning kuchuklikdagi oti. G‘ovdan kirib-chiqayotganlarning birovi biroviga tuzuk-quruq gap qo‘shmasayam, quloqlar gapdan bezor bo‘lganday. Yetti yotday begona qarashlar, qo‘l uchida ko‘rishishlar, til uchida so‘rashish­lar qilarini qilib bo‘lganday. Uy ichidan, derazadan tashqariga, toqqa qarab tik oyoq­da turgan kelinchakning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Birov unga qattiq gapirmagan, bu yerga o‘tir, bu yerda turma, degan bo‘lmasa. Qozonga solar moyini o‘lchab bergan bo‘lmasa. Olovni katta yoqding degan bo‘lmasa. Olqindi tugagandan keyin yangi sovunga teginasan deb kir yuvganda tog‘ora­ning boshida turgan bo‘lmasa. Ota eshi­gi tomonlarda erkak­lar ayollarini sizlashi, bu yerda esa kuyov kelinni siz­lashi erishdan eri­sh tuyulishi, xotinini sizlagan erkakning ovozi­ni eshitgan odam “no‘xta qattiq urilibdi-ku” demasayam, degandek qilib og‘zini bir qiyshaytirib qo‘yishini aytishgan, ilg‘agan. To‘ydan oldin kelin bo‘lmish kuyov bo‘lmishning san deyishiga-da ko‘ngandi, kelishishgandi. Har joyni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozu degan matal o‘zining toshini turmush atalmish tarozisining og‘zi hamisha ochiq va to‘lmaydigan pallalariga teng qo‘yib, posangisi tilini uchma-uch, qoshma-qosh, qo‘lma-qo‘l qilib to‘g‘rilab ketgandi. Tavba, nimagadir so‘nggi vaq­tlarda qaynonasi otini aytishga or qilib “pushti kuygan”, “peshonasi o‘yiq”, “uyi buzil­gan” deb ataydigan ayollar oldiga keladigan bo‘lganmi, yo avvallari kirdi-chiqdiga ser solmaganmidi?

Xayolini xo‘rozning baq-baqlashi-yu, to­vuq­larning qaqag‘lashi buzdi. Alamini de­raza tokchasiga to‘shalgan gazetaning bir chek­ka­sini sharillatib yirtishdan oldi. G‘i­­jim­lab xonaning bir burchagiga otmoqchi bo‘ldi-yu, otishga chog‘langan qo‘l kalta qaytib, in­damaygina kaltachasining cho‘ntagiga soldi. Tovuqlarning qaqag‘lashi oldinlari parvo­yigayam kelmasdi, endi yoqmay qolgan. Katta xotinday yurishiyam, o‘zini aqlliday ko‘rsatib kallani bir tomonga qiyshaytirib turishiyam, ko‘zi qizarib qarashiyam. Bir qultum suvni og‘ziga olib bo‘ynini cho‘zib, tumshuqni yarim soat osmonga ko‘tarib, hammaga ko‘rsatib, ko‘z-ko‘z qilib ichishiyam.

 

Ochiq derazalar orzusi

 

Otam odatdagidek oy oralatib qo‘y so‘ydiradilar. Qo‘y so‘yilgan kun, qassob ishini qilib bo‘lib, ketarida qayta xabar olgani ko‘rinib, Enam o‘tirgan uyning eshigidan tashqarida turgancha xayr-xo‘shlashgan bo‘ladi. Ikki qo‘l qovushibgina ko‘ksida, bosh xiyol egil­gan-u ikki ko‘zi dastur­xondagi qassobga Enam teri­ning bir uchi bilan yopib qo‘ygan, bir tishlamini o‘zlari yegan non bo‘lagi ustini ochadilar. Olib chiqib berishim bilan qassob avval nonni o‘pib, keyin ko‘ziga surtib, qo‘yniga solganidan, dimog‘i chog‘ bo‘lib g‘ovimizdan hatlashi bilan Enam kelinlari – opamni chaqirtiradilar. Kelishlari­dayoq o‘ng qo‘llarini ko‘rpacha ustiga qo‘yib yonla­ridan joy ko‘rsatadilar. Bu joyga opamdan boshqa hech kim o‘tirmagan. O‘tirmaydiyam. Uy to‘la xotin bo‘lgandayam. Sekingina tayinlagan bo‘ladilar:

– O‘g‘iltug‘arini alohida olib qo‘ying, tutilmagan idishga so­ling, balajon.

Tutilmagan idish deb hali biron martayam ishlatilmaganiga aytiladi.

Aytganlari aytganlaridan ziyod qilib tayyorlanib, idishga solinib, idish toza ma­toga o‘ralib, Enam­ning yoniga qo‘yilganidan keyin opam uydagi hammani – akala­rim, opachalarim, ukam, singlimni, ko‘zi bir boshqa, mo‘ylovlari orasidagi og‘zi bir boshqa ku­lib turadigan pishakkacha qo‘ymay ko‘chaga haydaydilar. Ishi borni ishiga, ishi yo‘qqa yo‘q yerdagi ishni topib o‘sha yoqqa jo‘natadilar. Uyda Enam va men qolamiz. Qishloqda bir besaranjomlik bo‘lganini opamning ham­maga yolg‘ondakam g‘azovot qilganlaridan bilsa bo‘ladi. Otam qassob haqini oldindan o‘tkazib qo‘yganlar.

Xo‘roz nimaligini bilmay tu­xum qi­ladi­gan tovuqlar na dunyoga jar solib qa­qag‘lashni, na qaqag‘lamaslikni bilmay, quloch yozolmay, naridan-beri etak sil­kagan bo‘lib g‘ur­tillashib qo‘yadilar. Xo‘rozli kataklarning tovuqlari tuxum qilishi bilan avval xuddi bir joyi og‘rib o‘zi tuqqandek xo‘roz dunyoni buzadi. Dunyo­ning ishini do‘ndirib, mengarib qo‘ygandek, yetti mahallaga jar soladi. Keyin tovuqlar qo‘shilishadi. Qaysi biri tuqqanini ajratib bo‘lmaydi. Enamdan tovuqlar tuxum tuqqan­da nima deb qaqag‘lashadi deb so‘raganimda aytib berganlar:

Bola tug‘dim boshi yo‘q,

Moxovlardek qoshi yo‘q,

Erga endi ne deyman,

Kundosh tuqqan, kundosh hu-v,

Kundosh qani?

Kundosh qochgan,

Kundosh yo‘q.

Keyin kulganlar. Enam ham enalaridan so‘raganlarida shunday degan ekanlar. Qa­qag‘lashdan boshi og‘riganidanmi, bosh­qa­danmi, harqalay, uy egasining “bo‘ldi endi bildik” deganday bironta cho‘pnimi, tayoq­nimi otishi bilan barining ovozi o‘chadi. Xo‘roz chiqib olgan jo­yidan qo‘shnining devorimi, tomdanmi irg‘ib tushib tovuqlarni birma-bir tirqiratib quvadi. Xo‘roz ostidan chiqqan, tegishini olgan tovuqlar o‘zlariga qaragan bo‘lib qanotla­rini tannozlanib­lar kerib patlari oralarini bitta-bitta orolagan bo‘ladilar. Boshni eggancha xo‘roz ortidan ergashadilar. Xo‘roz de­ganiyam bir donagina topgan qo‘ng‘izmi, qurtigami yigirma jonni baq-baqla­gancha chaqirib, lo‘killatib, yetib ke­lishlari bilan topganini tumshug‘iga olib, bir ko‘rsatgan bo‘lib, paqqos tushiradi. Keyin tirnoq­lari qayrilib ketgan changali bilan yerni tirnaydi, titadi. G‘azablar sochadi.

Xo‘roz o‘z oti bilan xo‘roz. Xo‘roz damma-dam ustiga chiqqan tovuqlar­ning yurishi salobatli bo‘ladi. O‘zi tomon shitob bilan kelayotgan xo‘rozni ko‘rgan tovuq zoti borki, nomiga bo‘lsa-da, bir qochgan, yuguriklagan bo‘ladi-yu, keyin foydasi yo‘qligidan, qochsa foydasidan zarari ko‘pligini anglaganidanmi tappa yerga bag‘rini tashlab, ko‘zlarini yumib, xo‘rozni ustiga chi­qishini kutadi, tayyorlanadi. Xo‘roz xumoridan chiqquncha, bir tugurgina qolgan tojini cho‘qib, tortib qonini oqizmaguncha, ustidan tushib, atrofida bir qanotini parparak qilib yozib, oyoq­lari ostiga to‘shab, atrofida ikki-uch qur baq-baqlab aylanmaguncha ko‘zni ochish ham yo‘q. Tek yotadi. Men maktabimizdagi o‘qituvchi opalarning biridan “xo‘roz tovuqni ustiga chiqib nima qiladi” deb so‘raganimda, “dam solib qo‘yadi”, deganlar. O‘sha-o‘sha “dam solish” degan gapni eshitganimda ko‘z oldimga katta xo‘rozning kichkina tovuqni quvalab ketayotgani kelaveradi.

Ochiq derazalarning ikki qulog‘i kecha-yu kunduz ko‘chada. Bolalar bir-birini quvalab tokchasiga, yuziga, betiga tuproqqa botgan yalang oyog‘ini qo‘yganidan xursand. Og‘zi-burni tuproqqa to‘lganidan dimog‘i chog‘. Er­ka bolalarning tokchada o‘tirib, qo‘lida moynonni – ustiga saryog‘ surtilgan nonni oyoqlarini osiltirgancha, silkillatgancha ko‘ng­liga kelgan xirgoyisini aytishi jon-joniga yoqib ketadi. Faqat odam bolasining qo‘lma-qo‘l qilib ko‘tarib derazadan avval oyog‘ini chiqarma­salar bo‘ldi, shunday kunlarni ko‘rmasa bo‘ldi. Oshiq-moshiqlari moy ko‘rmay o‘tsayam rozi. Xo‘roz tovuqni quvalab kelib hamma joyni bulg‘ab, oyoq osti qilsayam, mayli, ko‘rmaslikka oladi, go‘rga. Suv nimani toza qilmagan.

 

Derazasi yo‘q devorgayam oson emas

 

– Eskining odamlari sodda bo‘lganmi, sotarida olarman so‘rasa-so‘ramasa tuxumni xo‘rozi bor-yo‘qligini aytib sotardi. Xo‘rozsiz tuqqan tovuqlarning qadam bosishi gapga kirmagan ersaklarning yurishiga o‘x­shaydi. Nomiga qiz, nomiga kelinchak, nomiga ayol, yo‘qdan ko‘ra bor sondagilargayam oson tutma, Jarko‘chadan ichi to‘kilib o‘tadi. Qayerda qan­day xato qilganini o‘zginalari yaxshigina biladilar. Gap quvgan go‘rga yo‘liqadi, degan gaplarni endi ularga aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Bilmaganga olganlari yo‘liga, palitika, – deydi Mardon yarim kechasi arqonni qozig‘i bilan sug‘urib, qoziq chizgan izdan borib, past ko‘chadagi tegirmonchining mochasiga ko‘z olaytirgan, kechasi bilan bilganidan qaytmagan, qilg‘iligining orqasidan mocha­ning qo‘shtepkilaridan og‘zi, burni bir ahvolga tushgan hangisini bir balo qilib ajratib olarkan. – Siz ham kelinni ena-bala qilib olib kelasiz chog‘i degancha, kenaydiyam. Kecha bozordan qaytarda yo‘lda yo‘liqishganda ko‘z urish­tirishgan ekanlar-da, bachchag‘ar. Baribir odam bo‘lmas ekansan, sadqayi tayoq ket.

Gap-so‘zlarni devorning orqasidan eshitgan, Mardonning ovozini tanimagan, bilmagan to‘g‘riroq odam katta olibsotar bozorchi, gazetchilar tili bilan aytganda chayqovchi sovet tovuq fabrikasining yetti tiyinlik bexo‘roz tu­xumini qanday qilib xonaki tuxum deb qimmat sotish savdosini, yana kelin tanlashni o‘rgatyapti deb o‘ylaydi. Bilgan Mardonniki qo‘zibdi, deydi. Mardonniki qo‘zimagan kun yo‘q. Derazasiz devorlargayam oson tutmaydilar. Derazasiz devorlarning qulog‘i ko‘p bo‘larmish. Bu gaplar Mardondan chiqqanini hamma biladi. Tushunganiyam, tushunmaganiyam birov-birovidan so‘rashga botinolmaydi. Oti aytilgan joyda yo‘q yerdan lip etib chiqib qolishidan og‘izlari kuygan.

Tentakning tili bilan aytganda, Jarko‘cha­ning o‘rtasiga yigirma chog‘li xushtorini ergashtirib tushgan xo‘rozning jar labida zir yugurib, yurak yutib to‘daga qo‘shilgan jo‘jaxo‘rozni to‘daga sig‘dirmay quvgani Tentakka tegib ketadi. Xo‘rozning vajohatidan, kuchidan, qudratidan ha­yiqqancha dir-dir titrayotgan, uzundan-uzun oyoq ostida, oyog‘ichayam kelmaydigan vujudini ushlashga harakat qil­gancha qaltirasa-da, jo‘jaxo‘rozligidan qayt­mayotgan jonga ichi achiydi. So‘katday bo‘­lib mushtday narsani ko‘rolmay cho‘qiganiga ko‘zi tushgach, og‘ziga kelganini to‘xtatmaydi.

– Bir xo‘roz, yarimta jo‘jaxo‘roz ming-ming odam siqqan ko‘chaga sig‘ishmasang, sanlargayam qiyin ekan. Odamzod­gayam rahmat-e, – deydi xuddi o‘zi boshqa turlik soyadek.

Bir qo‘tan xushtor ma’qul-u, bitta kundosh noma’qul ekan-da. Ko‘rgiliging ham kuygulik. Ha demay biroving­ning mazangni qozon ko‘rarkan-da bu turishda. Yuqoridan topshirilgan ishni qilmay, mokiyon o‘rniga bir-biringni qu­vib yursang, pichoq ertaroq pensiyaga chi­qaradi, og‘ayni, deb xo‘rozgayam jo‘ja-xo‘rozgayam dars bergan bo‘ladi.

Sani balang, mani balam, mani erim, sani ering, demagan yaxshi kundoshlarniyam, er xuddi tunuka choynakning qopqog‘i-yu, bekitib qo‘ysa bo‘ladigandek, cho‘ntakka solib yursa yarashadigandek, bir kishilik ko‘rpacha-yu, ustiga chiqib o‘tirgan xotin unga egadek mani erim­lab ko‘chaning o‘rtasida er talashib bir-biri bilan partlashgan yomon kundoshlarniyam ko‘pini ko‘rgan Jarko‘cha o‘z ishidan qolmaydi.. ko‘chali­gini unutmaydi. Partlash deb ikki xo‘roz bir-biri bilan urushishi, urganning changaliga raqibining patimi, bir parcha terisimi, biror narsasi ilinib, yulib olishga, ersak deb bu erni qo‘yib unisiga, unisini qo‘yib bunisiga tegib chiqadigan xotinlar aytiladi.

 

Shamol yetaklagan ayol

 

O‘zi qishlog‘imizda ikkita Bog‘dagul otliq ayol bor. Biri eskidan shu yerda tug‘ilgan. Patirni zo‘r qiladi. Patir noni bilan oti chiqqan. Kattalar Bog‘da kelin, kichiklar Bog‘da yanga, Bog‘da checha deyishadi. Qishloqda o‘zi shunaqa. Bir odamni bir necha oti bo‘ladi. Otini o‘zi chiqaradi. Ikkinchisining hali oti chiqmagan. Yangi kelin. Andijonlik. Jalo­yirdan. Tug‘li-tugli. Qishloq zot-u budini bilmaganni kelin qilmaydi. Qilgandayam kelin hisoblamaydi.

Qishloqda u bilan oldinma-ketin tushgan kelinlarning shoshib qo‘ygani uchta, oldi ikkita, ko‘pi bittadan bo‘lsayam yo‘rgak o‘ragan, beshik belaga­nidan beri uyi­dan g‘urt-g‘urtla­gan g‘urbat arimay qolgan kelinchak chamasida ota uyiga yetar pul yiqqanidan Jarko‘chaga qan­day chiqqaniniyam, qachon bu fikrga kelganiniyam, kimning gapiga kirganiniyam bilmaydi. Yana uy kiyimida. Bo‘lmasa, O‘smat qayerda-yu, Andijon qayerda. Enam­ning oldiga qanday kelib qolganiniyam.

Enam hamisha urchuq yigirganlari uchun yigirgan yungni qilqoni chiqqanidan oldilariga eski, aylasi qolmagan dastur­xon to‘shalgan bo‘ladi. Ustiga yeguliklar qo‘yilgan dasturxon sal chekkaroqda. Choy ichar­da eski dasturxon olinib, opam Enamning ust-boshla­rini qilqonlardan toza­lagan bo‘ladilar. Dasturxon o‘rtaga tortiladi. Enam­ning oldida qo‘ynila­riga qo‘shilib to‘shalgan eski dasturxon, sal chetroqda yeguliklar qo‘yilgan va usti yopiqlik boshqa dasturxonni ko‘rgan kelinchakning bu holni avval ko‘rmaganidan xayoli bir shoshadi. Enam urchuqqa hazil qilgilari kelganda “endi dastur­xoningizni yig‘ishtirsak maylimi, Qo‘lantoq Mirzo” deydilar. Qo‘lantoq degani yalang‘och degani. Etik paytavasiz, tufli paypoqsiz kiyil­ganda qo‘lantoq kiyibdi deyiladi. Kelinchak salom berib kirib, kelib to‘shanchi chetiga yotsirabgina, omonat­gina o‘tirgan, hol-ahvol so‘rashib nafasini o‘nglab bir ko‘ngilda gapiradigan gapi tugaganday, gap topolmay talmovsirab, bir ko‘ngilda gapni nimadan boshlashini bilmay ikkilanib turganda Enam gap qo‘shadilar.

– Yoqmasa, uxlab yotganda qorniga pichoqni tiqib ol, sanam qutulasan, uyam. Keyin hech narsa ko‘rmaganday yurasan, – deydilar betigayam qaramay, kelinniyam hurrasini uchirib. – Birov zo‘rlab erga bergan, olsang ham olasan, olmasang ham olasan deb uylantirgan bo‘lmasa…

Keyin oraga Jarko‘chadan enishdagi o‘ng qo‘ldagi jarning chuquridek oxiri ko‘rinmas bir narsa Enam bilan kelinning o‘rtasida osilib qoladi. Soat ham bir joyda to‘xtab qolgandek tiq-tiq, tiq-tiqlaydi. Enam og‘ir va katta damsar urib xuddi yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odamlarini yaxshi ko‘rib urishganda ishlatadigan tovushlarida gapiradilar. Bilaman. Enam nasihat qilmoq­chilar. Gap yuqmaydigan yo yoqmagan odamiga “o‘zing yaxshi bilasan, o‘zingdan qolar gap yo‘q” deb qisqa qiladilar. Hunari judayam yoq­magan, qilig‘i ortiq odamni sizlab gapiradilar. Buni hamma biladi.

O‘rtadagi jarga ko‘prikni Enam tashlaydilar.

– O‘zlaring topishgan bo‘lsang. Necha yil o‘qishda birga o‘qiding. Sinashta bo‘l­ding. Nimang kam? Nimang yetmaydi? Nimani bo‘lolmay tortishasanlar? Buning bari sinov. Sabr bersin. Sabr so‘ra. Sabr qil. Xudoni eslaganni Xudo eslaydi. O‘qimishli bo‘lib sanlar shunday qilsa­laring, boshqalardan nima umid…

Keyin urchuq necha ming marta boshi ayla­nib kelgancha o‘rtada jimlik cho‘kadi. Vaqti-soati kelganidan keyin Enam yana davom etadilar.

– Ayol zotiki erkak bilan teng bo‘laman deb tirlashdimi, bir gapdan qolmadimi, Xudo­ning urgani shu bo‘ladi. Erkakni Xudo o‘zi xohlab, o‘zi yaxshi ko‘rib, birovdan so‘ramay, birovning ko‘ngliga qaramay, o‘zi istaganiday, bekam-u ko‘st yaratgan, – deydilar xuddi maktabda o‘qituvchi rayonodan komissiya kelib, komissiyaning oldida o‘quvchilarga diktant aytayotgandek, sekin va har bir harfini dona-dona qilib. – Ayol zotini Odam ato­ning ko‘ngliga qarab, ko‘ngli yarim bo‘lmasin, ko‘zi noumid qolmasin, deb yaratgan. Zaifa o‘z oti bilan zaifa. Ojiza o‘z oti bilan ojiza. Erning ko‘ngliga qaramagan ayol­ning ikki beti qora. Er hamki erday bo‘lsa, – deydilar Enam kuyovi bilan ekarishib kelgan kelinchakka urchuqlarini boshini aylantirishdan bir nafas ham tindirmay. – Ortiqcha gap hammaga yuk. Endi bor-da, ro‘zg‘oringga egalik qil. Qozon-tovog‘ingga sanqi it-pishaklar ega chiqib ketmasin. Aylanishib qo‘ysa, qatron qilish kerak.

Uy kiyimidagi, qulog‘i g‘ippa bo‘g‘ilganday, ko‘ziga nima ko‘rinayotganini o‘ziyam bilmagan, bilmayotganday, eshitayotganlariniyam fahm­lamayotgan kelinchak Enamning oldida yuzma-yuz o‘tirganini, betma-bet turganini ilkis ang­lar, ilg‘ar ekan, bosinqirab uyqudan qo‘rqib uyg‘ongan odamday seskanib ketadi.

Enam kelinchakning turli yo‘llar turla­nib-tuslanib imlayotgan, ko‘ringan qoraning gapiga ergashib borayotgan xayolini bir joyga keltirmoq­chi, xayolini tozalamoqchilar, chog‘i. Har doim shunday bo‘lgan. Arazlashib kelganlarga birinchi mana shunaqa chappa-chuppa gaplarni aytadilar. Enamni tu­shunish uchun tinchlik kerak. Har taraflama tinch­lik. Xuddi Oyqortog‘ning ovo­zini eshitish uchun, chiro­yini ko‘rish uchun, u bilan jo‘ra-jo‘ra bo‘lish uchun tinch joyga chiqib tomosha qilgandek, tinch joy topib, gapini eshit­gandek. Albatta, odamlardan tinch joyni aytayapman. Kitob tilida sokinlik deydi-ku, ana shu tinchlik kerak. Tovuqning katagiga adashgan itmi, itdan qochgan pishakmi kirib qolganday vag‘ir-vug‘ur emas.

 

Deraza ortidagi musichalar

 

– Yangi joyga kelib qo‘ngan ko‘chat ham o‘ldim deganda uch yilda yerning suv u havosiga o‘rganadi. Odam ham ko‘chatday gap. Xudo xohlasa, ham demay, ikki beshikning o‘rtasida charchaganingdan ikki mamang ikki chaqaloq­ni og‘zida qolib, tarrakday uxlab qolmasang, kelib betimga tuf, deysan, deydilar xuddi bolalikdan sirdosh dugonalariga gapirganday. Dugonalariga gapiradigan ohang, marom va tovushda. Dugonalari bilan gaplash­ganlarini ko‘p eshitganman. Ruqiya, Toshgul, Toshbiyi, Yoqutoy, Xadicha, Qo‘ysin, Yanglish, Hikmatoy, Unsun, Xursand, Qorasoch, Sayram… Hozir bittasiyam qolmagan. Dugonalariga gapiradigan, gapirgan tovushlarini bilganimdan shunday yozayapman. Keyin, yana Enam dugona­ning katta-kichigi bo‘lmaydi deganlar. Ko‘ngli ko‘nglini tanigan, ko‘ngli ko‘ngliga o‘tirgan, ko‘ngli ko‘nglini ko‘targanni dugona deydilar, deganlar bilib qo‘yish uchun bir marta dugona degani nima deb so‘raganimda. 

– Oting nima edi?

– Bog‘dagul.

– Chiroyli oting bor ekan. Chiroyliligini qara. Kitob ko‘rgan odam qo‘ygan. O‘qimishli kitoblardan olingan. Hididan ma’lum. O‘g‘il tug‘aman desang mahsini yechma. Dushman oyoqqa qaraydi. Odamning ikkita dushmani bo‘lsa, bittasi sovuq. Sovuq oyoqqa yopishadi. Oyoq­dan olgan sovuq yiqitmay qo‘ymaydi. Mahsiyam kelinlikning davlati. Kiyishga yetgan, yetmagan bor. Kiyish buyurilgan, buyurilmagan bor. O‘zingni yerga urma. Lozimi dinkayib, jiyaksiz lipasi bilan kavushining orasi bir qarich bo‘lib ochilib, na moki-yu na boshqaday bo‘rvagi shirdaygandan beo‘xshovi yo‘q. Uyim-joyim deydigan xotin ro‘mol o‘rashidan ma’lum. Sochi ko‘kra­gining o‘rtasiga tushgandan jannatning isi keladi. Bomdoddan qolma. Bomdodni qo‘yma. Bomdodda ko‘rin. Bomdodga ruxsat bergan egasi boshqa mushkullaringniyam oson qiladi. Noumidning oti o‘chsin, betini teskari qilsin. Ikki rakatli bomdod butun dunyo-yu dundagi hamma narsalardan yaxshi deganlar payg‘ambarimiz. Xat-savoding bor. Kunni bekoriga kech qilmay kitob o‘qi. Kunni tomoshaga chiqarmagan. O‘qigandan ziyodi yo‘q. Sahar turganga nima yetsin, balajon. Xudojonni o‘zi har tong sahar oldi osmondan tushib tonggacha “tavba qiluvchi bormi – tavbasini qabul qilaman; istig‘for aytuvchi bormi – mag‘firat qilaman, gunohini kechiraman; so‘rovchi bormi – so‘raganini beraman”, deb tursa. Bandasi noshukurlik qilmasin. Xudoning oldidayam uyat. Har kuni ertalab vaqtli turib, bet-qo‘lini yuvgandan keyin xo‘jayini bilan ikki qo‘llab ko‘rishgan ayolning gunohi qo‘llari orasida qum to‘kilganday to‘kilib ketadi, degan mashoyixlar. Man bir ko‘rsavodman. Rahmatli katta otangiz kitoblardan o‘qib o‘rgatgan gaplardan esimda qolganini aytyapman… kunniyam betini qaro qilma. Odamga qo‘shilib ko‘rgan kuniyam so‘roq beradi. Er-xotin inoq, apoq-chapoq ro‘zg‘orning itining ham ko‘zi yonadi… Besahat odam bilan beshoxning farqi yo‘q…

Besahat degani qulog‘iga gap kirmaydigan, to‘g‘ri gapni tushunmaydigan degani, buni o‘zimdan qo‘shyapman. Tushunmay qol­mang deb. O‘rniga kitobcha gaplarni qo‘shsam, Enam gapirmaganday bo‘lib qoladi, shunga. Enam, qani, balajon, yoziqlarimizni bir o‘qib bering-chi, deganlarida o‘qib bersam, Enamning gapi emasligi bilinib qoladi, shunga.

– O‘smat ota hammaniyam kelin qi­la­ver­maydi. Taqdirda nima bo‘lishini ega­si­ning o‘zi yozgan. Andijonday joydan kelin bo‘lib tushgan bo‘lsang, yuragingda vujur, o‘t borki bir yigitning etagini ushlab kelibsan. Hamma ayol ham uzoq­qa tusholmaydi. Otangning uyi qayerda, gap qayerda. Iting adashmagan bo‘lsa kerak. Andijondan yomon odam chiqmagan. Odamning oti bir yomonga chiqmasin, buzuqqa chiqmasin. Erdan chiqqan ayolnikiga har ikkisiniyam ko‘zi jizillab qarab turadi. Erdan chiqqan ayolni boshiga Pu­xordagi qarg‘ayam kelib tezaklab ketarmish degan eskilar. Elning yaxshisidan yamoni ko‘p kunlarda ehtiyot bo‘l, yamonga qo‘shilma. Qaynatang, qaynanang bor demagan to‘ylarga borma. Borsam maylimi deb so‘ramayam. O‘zlari, o‘z bilgicha bor deganda bor. Bormasang, yana yaxshi. Dunyoning ayoli bir yerga yig‘ilgandayam bir pal sholini suvdan chiqarolmagan. Chiqara olmaydiyam. Yuvuqsiz og‘izlarning gaplariga ergashma. O‘smat otaning kelini degan oting bor. Tortishgandan yamoni yo‘q. Tortishganga dunyo hamisha tor. Tortishgan hamisha yutqazadi. Tortishuv gunohdan boshqasiga tortmaydi. Payg‘ambarimiz ham tortishgan odamni qiyomat kuni shafoat qilmayman, deganlar. Xudojonning odamlar ichida eng yomon ko‘rgan odamlari tortishgan odam. Xu­doning kunini Bismillo bilan boshlamagan, kech bo‘lganda boshini yostiqqa Bir-u Borsan deb topshirmaganni beshox deydilar. Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin yuvuqsizning ko‘zi tushgan joydan baraka ko‘tarilmasa, palakatning ko‘ngli joyiga tushmasmish. Erta tur, ishlaringni erta kunda saranjomla. Birov qilib berganday bo‘ladi. Zeriksang, Enamning oldiga borsam maylimi, deb uydagilaringdan so‘rab, oldimga kel. Odam odamga begona emas. San ham mani bolam. Eringga ayt, urchuq olib bersin, o‘zim senga yigirishni o‘rgataman. Ko‘z ko‘zga mehmon.

Enamning kelinchakka aytgan gaplari han­gini – yukini ko‘tara olmagan urchuq ipi chirt etib uzilib ketadi. G‘irillab aylanib turgan urchuq olacha ustiga tap etib tushadi, osil­gan narsani og‘irligini ko‘tarolmay uzil­gan arqonday. Dumalab eshik oldiga boradi. Irg‘ib turib, olib kelib beraman. Enam ko‘n­gillariga kelgancha uzunlikdagi ipni shart uzib kelinchakning oldiga tashlaydilar.

– Mahsini kiyishingdan oldin o‘ng oyo­­g‘ingni shillagiga (to‘pig‘ usti) boylab qo‘y. Yotganingdayam yechma. Qo‘shilganingdayam. Be­­gona ko‘zga ko‘rsatma. Xo‘jayining so‘rasa Enam bergan degin. – Keyin o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmoqlarini tillariga bir tekkizib namlab, urchuqdan chuvalangan ipga tekkizib namlab, hanjaladan tushgan ipning uchini boshma-bosh qilib bosh va ko‘rsatkich barmoqlari o‘rtasiga olib tovlagan, ulagan bo‘ladilar. Ipning ulatqisini odam zoti topolmaydi. Yana o‘zini Enamni qo‘lida ko‘rgan urchuq o‘pkasi to‘lib, ko‘ksi to‘lishib, hishmalanib qay­ta boshdan aylanishni boshlaydi. Qani endi uni xursand bo‘layotganini jonzotlar, jonliqlar ko‘rsa, bilsa. Guvullagandan guvullaydi, gurilla­gandan gurillaydi, guvrangandan guvranadi. Urchuq aylanishi bilan barobar Enamning boshida aylangan gap-so‘zlar tillariga chiqadi.

– Ayolki ro‘zg‘ordagi supur-sidirini, kuy­­dir-tushirini “erimning xizmatini qi­­lyapman” deb o‘yladimi, tos tevvasidan ur­­gani shu bo‘ladi. O‘zining vazifasi nimaligini bilmagani shu. Xotinlik, boshida eri bor xotinlik, jo‘jalik xotinlikdan ulug‘ martaba yo‘q. Yetti qavat osmonning ustidayam shu gap, yetti qavat yerning ostidayam shu gap. Qul xizmatga boradi, xon vazifasini o‘taydi. Xotin ham. Hammaga rizqiniyam, vazifasiniyam Xudojonning o‘zi beradi. Xudoning dargoyidan keng joyni topolmaysan. Qisinma. Xudoning dargoyi ko‘ngilda. Yaxshilikni o‘yla. Yaxshilikni ko‘paytir. Qolgani bari erta ko‘klam ko‘karib, yozi bo‘yi shamol bilan o‘ynashib, turamo kelishi bilan qurigan bargday qaqshab, umalanib yo‘q bo‘lib ketadiganday narsalar. Sanam, manam. Yaxshilik o‘lmaydi. Gumonda bo‘lma. Bu bosh nimalarni ko‘rmagan. Ocharchilik, yo‘qchilik, qimmatchilik, qahatchilik, oting o‘chsin urushning qaysi birini aytasan. Biri yotib, biri turgan… eski g‘ar bo‘lsayam, boy xotinining gapi ma’qul, siydigi turmasayam, amaldorning o‘g‘li to‘rda, puldorning pishagi kiyik oviga chiqqan, sog‘ni urib ovush, etikni buzib kovush qilgan kunlarni biz ko‘rdik, silar ko‘rmang­lar. Dushmangayam ravo ko‘rmayman. Ko‘rdik. Ko‘rmaganimizni kami qolmadi. Bu dunyo­ning ovushtalik qiladigan joyi yo‘q. Hech kim arpa ekib, bug‘doy o‘rmagan.

Urchuqning gurillab aylanishi xonaga vaq­tincha ega chiqadi.

Ovush – es-hushdan ozish, ayrilish. Xayol­ning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Ovushta – ikki odamning boshqa bilmaydigan o‘rtadagi oldi-berdisi yoki siri.

– Odamning boshi toshdan qattiq deganlar bir narsani bilmay gapirmaganlar. Xudoga bir yoqqanlaring bor ekan, yeganlaring oldinda, yemaganlaring orqalaringda. Yurt tinch. Tishlaring putunligida niyatni katta qilinglar. Necha bir qishloq odam bir tishlam non deb o‘lib ketdi… Ko‘marga odam topilmay. Odam degan bunday noshukur bo‘lmaydi arzimagan narsaga ko‘chaga chiqib. Erga tekkan ayol­ning qayta bosh ochiq bo‘lishidan o‘zi asrasin. Qaytib kelgan degan gapdan sovug‘i yo‘q. Xudoyi xudovanda kelinlik jelaging ko‘zingga yomon ko‘rinib qolmasin, kampirlik qasavasiga yetkazsin. Ochiq boshga ne bir daydi, betahorat xayollar ega chiqsam demaydi. Enam­ning ko‘zi orqasiga qarab ketmasin desang, aytganlarim esingdan chiqmasin. Zarari manga. Chiqqan qiz chig‘dan tashqarida. Uyingdagilaringniyam qizim qaytib kelsin deb ko‘zi uchib o‘tirgani yo‘qdir. Qaytib kelgan qiz hech zotga martaba emas. Xudo xohlasa, nevaralarni yetaklab borar kuning ham o‘pkasi to‘lib navbat kutib turibdi. Xuddi ota-onangdek. Ota uyning darvozasi osti nevaralar soyasi yelkasini bossa o‘zini yerga otib-otib o‘ynarkan. Soyasiga shuncha. Changini chiqarib o‘ynash­gandagi xursanchili­gini qo‘yaver. Hali bir kunlarni ko‘rasanki, o‘shanda mani eslarsan, o‘shanda hammaginasini oldingga olib kelib ko‘rsatadi. Do‘st kim, dushman kim. O‘shanda kimning kimligini bet-ko‘zi tugul nafas olishidan bilasan. Odam o‘ziga o‘zi dushmanlik qilmasa birovning dushmanligi hech yerga bormaydi. Yo‘l boshida hammayam shoshadi, hammayam to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatolmaydi. Xudodan ortiq chevar yo‘q. Ilonniyam ini buzilmasin, qushni qo‘nog‘idan ayirmasin. Yerda buzilgan bir vatanning yuki yetti osmonni farishtalariga qo‘shib besaranjom qilarkan. Bu gaplar katta mashoyixlarning gapi. Bizaga o‘xshagan murri kampirlardan nimayam gap chiqardi. Etaging bolaga to‘lsin. Qishloqning yuzini yerga qaratma. Eshitgan quloqqa yomon. Falon qishloqqa falon joydan kelin tushgan ekan, odamlari noahil ekan, bir musofirni sig‘dirishmapti, degan sassiq gap hammagayam uyat, – deydilar-da, yonlarida, bir chetda o‘rog‘liq turgan idishni o‘ng qo‘llari bilan kelin tomon surib qo‘yadilar. Xanjaladan chiqib kelayotgan ipni tovlash uchun urchuqni ko‘targan chap qo‘llari balandda bo‘ladi. Tovlanishdagi ipning maromga kelganidan chiqargan ovozi, inchkirgani eshitilgach, nafasi bilingach, ipni urchuq beliga o‘rab bo‘lib, dov-daskalarini etaklariga olib, eski dasturxonga o‘rab bo‘lib kelinchakni o‘zlariga yaqin kelishga imlaydilar. Xonada o‘zi uchchovimiz. Men eng yaxshi ko‘rgan joyim Enam­ning yelkalariga tashlangan otamning eski choponlari ostida o‘ynab o‘tirgan bo‘laman.

– Tugunda o‘g‘iltug‘ar. Hech kimga ko‘rsatmay uyingga olib borib ye, – deydilar derazani tashqari tomonidagi tokchasiga kelib Enamni tomosha qilib, gapini eshitay deb kallasini bir tomonga qiyshaytirgancha qulog‘ini o‘nglab qarayotgan musicha ham eshitmasin degandek shivirlabgina. – Xudo xohlasa, o‘g‘ilchali bo‘lganingda idishni chochalasi (sochala) bilan qaytarasan. Ungacha idishni sanga berdim, – degancha avval ikki ko‘zlarini bir vaqtning o‘zida chirt yumib, lablariniyam jippa yopgancha boshlariniyam xiyol ekkan bo‘ladilar. Kichkina qizlar ham bir bekitiqchi ish qilsalar va dugonasiga hech kim bilmasin demoqchi bo‘lsalar, shunday qiladilar, agar bilsangiz.

– Anavini bu yoqqa tort, – degancha chetda turgan dasturxonni ko‘rsatgan bo‘ladilar. – Qutlik uydan quruq chiqma. Nonga qara…

Kelinchakning ko‘zlaridan yosh tirqirab jo‘naydi. Tili kalimaga kelmaydi. Silkinib-silkinib, o‘ksinib-o‘ksinib, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib, huqqullab-huqqullab, titranib-titranib, yayrab-yayrab yig‘laydi. Ovoz chiqarib yuboray-yuboray deydi-yu, uyaladi, chog‘i. Ikki qo‘li Enamning “ikki beshikning, o‘rtasida charchaganingdan ikki mamang ikki chaqaloqning og‘zida qolib” deganlarida shoshgandan ikki ko‘ksini mahkam changallagancha qolib ketgan, qo‘yvorish ham esidan chiqqan.

– Bismillo deb eshik hatla-da, so‘ramas­laridan oldin, Enamni ko‘rgim keluvdi, borib-keldim degin. Mendan o‘tganni kechiring­lar de-da, indamay ishingni qilib ketaver. Jarko‘cha bolalaring quchog‘ini to‘ldirib changi­tishini kutib yotibdi, agar bilsang, ko‘zi osmonga qarab. Qirqqa kirgandayam qirchillama qizday bo‘lib yurmaysanmi! Bu yurish nima? Etanang oqib. Tur endi, jo‘na… sen yaxshi odamning bolasisan. Sendan yaxshi xotin chiqadi. Nafas olishingdan belgili. O‘zingni o‘tga-cho‘qqa urma. Birov sal xafa qilsa, Enamga aytaman de, men ruxsat berdim. Qishloqni uyatga qo‘yma. Uyiga qaytib borib birorta baraka topgan kelin bo‘lsa, mana, man eshitgan bo‘lardim. Ana soy ham, – deydilar derazadan Kattasoyni ko‘z qirlari bilan ko‘rsatgancha. Enamning xayoli Kattasoyga enganda qushlar ham jim turadilar. Tek turadilar. Kattasoy xayoli Enasoygacha ketadi. Edil bilan dillashib, Yoyiqqacha yoyiladi, yoziladi. Enasoy boshlanadigan Tangri tog‘ qorlaridan aylanib tushib Oyqorning oy suratlig‘ qorlariga kelib damsar urib o‘ziga kelmaguncha hech kim gap qo‘shmaydi. Qush ham, quzg‘un ham. Xayollarning ikki chekkasi, unday desam tu­shunmaysiz, xayollari yurgan, yurib borayotgan yo‘lning ikki chekkasini uzun-uzun, baland bo‘yli, oppoq, xuddi Jarko‘chaning ikki chekkasida tik o‘sgan teraklardek qadim va tanish xayollar kutib olgan – kuzatgan bo‘ladi. Xuddi mehmon kutgandek, kuzatgandek. Mehmon xayollar bo‘lak. Eskidan eski, qadimdan qadim, qondosh, qarindosh, otdosh, otadosh xayollar o‘z o‘rinlarini biladi.

 

(Davomi bor)

 

Bahodir qobul

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.