Haydarko‘l xayollari

0
372
марта кўрилган.

(Hikoya)

Suvni yaxshi ko‘raman.

Faqat u tiniq bo‘lsa, bepoyon bo‘lsa, o‘rtasiga suzib borib atrofga boqqaningda suvdan boshqa hech narsa ko‘rinmasa.

Yuraging orziqib ketsa. Yana ozgina qo‘rqib tursang. Keyin esa…

Keyin esa qayiqda bexavotir o‘tirib, yaxshisi, chalqancha yotib, quyosh nuridan yuzingni bosh kiyiming bilan to‘sib xayol sursang. Shunchaki xayol…

Boshqa yo‘li ham bor. Bosh kiyim seni osmondan to‘smasligi uchun quyosh tikkaga kelgandamas, yo sharq, yoki g‘arbda engashib turgan paytda unga ters yotib osmonga tikilish. E, tikilish ham gapmi unga sho‘ng‘ib ketish mumkin.

Faqat bu paytda Haydarko‘lda shamol bo‘lmasligi kerak. Shamol tursa osmongamas ko‘l tubiga qo‘shib qo‘ya qoladi, seni. Ha, shunaqa.

Omading kelib, shamolsiz, buning ustiga bulutsiz kunda Haydarko‘lga chiqib qolsang, cho‘mi­lishing ham mumkin…

To‘rt tomon suv. Shuning uchun tortinmay, qip-yalang‘och bo‘lib, osmonga dumta otib suvga kalla solsang. Sho‘ng‘ib chiqqaningda esa qayiqning ancha nariga ketib qolganini ko‘rib, jon-jahding bilan unga qarab qulochkashlab suzsang.

Ha-a, unga yetish oson bo‘lmaydi.

Qancha tez harakat qilma, ortga ketaverasan. Vujudingni chulg‘agan vahmdan joning bo‘g‘zingga keladi. Jisming suv tubiga botib, oyoq-qo‘lla­ring og‘irlashib qoladi…

O‘ldim, deb o‘ylaysan, kamiga alam ham qiladi.

Qayiq qayerdan topiladi? Jasadingni topisharmikin?

Topilmagani durust, axir qip-yalang‘ochsan-ku. Ko‘rganlar nima deydi?

“Bitta ahmoq o‘lguncha ichib, bir-ikkita qizlar bilan ko‘lga borib, cho‘milaman, deb tiryalang‘och bo‘lib yechinibdi-da, ko‘lning o‘rtasiga borib cho‘kib ketibdi”, deyishadi.

To‘g‘ri, ekspertizada ichkilik ichmaganingni aniqlashlari mumkin. Biroq Haydarko‘l atrofida yashaydiganlarni bunga ishontirib bo‘psan. “Ichgan, ichmagan bo‘lsa bir o‘zi bitta qayiqda ko‘lning o‘rtasida noma’qul yeb yurganmikin”, deyishadi.

Qizlar to‘g‘risida aniq dalil bo‘lmagani uchun “oper”lar hech kimga lom-mim demasa-da, ko‘l atrofidagi el qo‘shib-chatib, qiziq qilib gapirishga ustamasmi, Boymirza bug‘alterning qilg‘ilig‘i­ni shartta o‘zgartirib, o‘rniga seni qo‘yib, cho‘kib o‘lishingdan butun boshli qissa yasaydi. Qanaqa qissa demang, anig‘ini bilmayman, men ham eshitganman. Qo‘shib-chatmay aytsam aytay, eshiting.

Aytishlaricha, Boymirza bug‘alter paxta qabul qilish punktida ishlagan kezlarida taftish bo‘libdi. Oldi-orqasini o‘ylamay direktori bilan katta-katta yeb qo‘ygani uchun taftishdan qamalib ketishiga bir bahya qolib, o‘lay-o‘lay, deb zo‘rg‘a “omon” chiqibdi.

Odamlarning aytishicha, bir “Jip”ning kalitini berib jon saqlaganmish. Xullas, Boymirza taftishchilarni “akajon-akajon” qilib, amal-taqal kuzatib uyiga kelib, ayvonida o‘tirib uzoq yig‘labdi.

– Ay Xudoyjon, nega meni buytib yaratding, – deb ko‘kragiga urib bo‘zlabdi.

– Nega hamma narsani o‘lay-o‘lay deb ushlashtirgan joyimda uzasan, – deb dodlabdi. – Muna mumsik direktordan qisib-qimtib, tishimding kavagida yiqqanimni, eldan yashirib Elmurod tarashaning uyiga qo‘yib, xotinim­gayam ko‘rsatmagan “Jip”imdi qo‘sh qo‘llab shu iskovuchlarga tutqazding. Nega-yey, Xudoyjon, nega…

Qo‘ni-qo‘shnidan uyalgan ayoli avvaliga u-bu deb ko‘ribdi. Lekin eri ko‘nadigan ahvolda emas. So‘g‘in jahli chiqib Boymirzani chaqaloqni ko‘targanday shartta chap qo‘ltig‘iga qisib uyga kirib ketibdi. Xoxolka1larga o‘xshagan polvon xotin ekan-da. Devordan mo‘ralagan qo‘shnisining aytishicha, olib kirguncha yosh bolaning ketiga urganday Boymirzaning ketiga bir-ikki shapaloq ham tortib yuborganmish…

Biroq gap shapaloqdamas, ertasiga bo‘lgan gapda…

Birovlar: “O‘sha kuni xotiniga kuchi yetmagan Boymirza Sarvar chechaga “qo‘yvor” deb yalingan, lekin u qo‘ymagan. Shundan so‘g‘in alamiga chidolmagan er sho‘rlik “agar ertaga to‘shagimdan tirik tursam, Haydarto‘qayda ikkita xipchabelning dummasiga shapatlab o‘ynatmasam, itman”, deb qasam ichgan”, – deydi.

Boshqalari: “Bo‘lmagan gap, o‘zi Boymirza buzuq, aynigan, ahmoq bola”, – desa, aka-ukalari, qarindosh-urug‘i: “U kishi shantajning qurboni bo‘ldi. Dushmanlari ichkizib-ichkizib erkakdi jo‘shtiradigan dori berib, ko‘lga oborib bir-ikkita “qoraqosh”ga ro‘para qilgan”, deyishadi.

Anig‘ini Xudo biladi, eshitganimni aytdim.

Nima bo‘lgandayam Boymirza o‘sha kuni o‘zi aytgan “xipchabellar”ni olib Haydarko‘lga jo‘­nagan. Yo‘lda mirshabboshi bo‘lgan sinfdoshi Boymirzaning qizlar bilan ketayotganini ko‘rib qolgan. Mirshabmasmi, ortidan pusib borib, jing‘illar orasida ancha payt ko‘rinish bermay kuzatibdi. (Shuncha joygacha pusib kelishni qoyillatganini-chi! Mirshab-da, mirshab). Boymirza avvaliga rosa ichibdi. Keyin cho‘milibdi. Suvdan chiqib xuddi hayvonday to‘rt oyoqlab “qoraqosh”lar­ning oldiga gijinglab kelibdi. Ular bo‘lsa “yuvosh-yuvosh”, deb uning u yer-bu yerini silaganmish. Boymirza esa osmonga qarab tumshug‘ini ko‘tarib cho‘zib-cho‘zib is olibdi. Keyin esa eshakka o‘xshab hangrab duch kelgan tomonga to‘rt oyoqlab yugurib ketibdi. Ularning oldiga qaytib yana iskabdi, iskabdi, iskabdi-da, boshqa tomonga shataloq otibdi. Maysalarni toptab depsinganday bo‘libdi, eshakday ag‘nabdi, yer tepib yana unga qarab turganlarga talpinibdi. Ular bo‘lsa, duma­lab-dumalab kularmish…

Xullas, shunaqa hikoyaga mavzu bo‘lish hech gapmas.

Lekin nima qilay? Baribir suvni yaxshi ko‘raman.

Mayli. Juda o‘rtasiga borish ham shartmas. Uchquloch tomonga borib Jetimtovdan ham ko‘lni tomosha qilsa bo‘ladi. Qaytanga ko‘l butun borlig‘i bilan ko‘rinadi. Suvdan iborat ufqqa termilasan.

Tog‘ ham juda balandmas. Erinmay pastga tushsang suv ostida qolgan qabrlar ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, u yerda shox singari ajrab ko‘lga kirib borgan mo‘jaz qoyacha bor. Qachonlardir kinochilar bu qoya ustiga toshdan blindaj qurishgan. Tomi yo‘g‘-u, lekin devorlari hali turibdi. Ana shu devorga o‘tirib Haydarko‘lning bepoyon kengliklariga qaraysan. Lekin suv ostida qolgan mozorlar baribir ta’bingni xira qiladi. Boshqa tomondan, bu yerlarda qachondir, qachon ham emas hatto o‘tgan asrning saksoninchi yillarida ham suv o‘rnida bepoyon yaylov bo‘lganiga ishonging kelmaydi…

Qirg‘oqdagi baliqchilar kulbasiga borish mumkin. Hamsuhbat topilganiga xursand bo‘lib mehmon qilishadi. Xohlasang baliq qovurtirish, xohlasang motorli qayiqda sayr qilish, xohlasang bir-necha kun shu kulbada qolib qoraqushmi, yovvoyi o‘rdakmi, qirg‘ovulmi ovlashing mumkin. Zerikmasligingga kafilman oshna. Bu yerdagi aholining shevasiyam ajoyib. Oddiy gapi ham odamni kuldiradi. Bir safar bu yerlik yigit gap bera turib:

– O‘zii, biiz qiziiq biir davrda o‘qiduk. Endii maktabga borg‘animiizda soyuz tugap 

ketdiq­o‘. Biizdan aval borg‘onlar oktyabir­yat bo‘lishg‘on edii. Biiz bo‘lsak orolop2 qolaverduk. Oktyabiryatmisan, sentyabiryatmi­san biirov biir narsa bilmay o‘tdi, – deganda Faxriddin Karimov bilan Bahodir Jovlining, mening, qolganlarning ham kulaverib esi ketgan, hatto uni unchalik xushlamay o‘tirgan Ilhom Yo‘ldosh bora-bora uchqulochning bu “cholbola”sini yoqtirib qolgan edi…

Haydarko‘l chindan ajoyib.

Dengiz yoki okeanlarda sayr etishga imkonim yo‘q. Biroq orzu qilaman.

Orzular ushaladi, shunga inonsang bas…

Tinch okeaniga qorishib ketgan Sariq dengiz suvlari qirg‘oqlarini yuvgan Sindao3da, buning ustiga sohilning eng xushmanzara joyida joylashgan mehmonxonada ustma-ust ikki kun tongni qarshilaganimda men bunga chindan amin bo‘lganman.

Yigirma yettinchi qavatdagi mehmonxona ayvonidan men tomosha qilgan dengiz chinakam mo‘jiza edi. U yerda quyosh dengiz uzra qirg‘oqdan to ufqqa qadar uzundan-uzoq olovli yo‘l hosil qilib, chuvalashib botardi. Tongda esa dengizdan kelayotgan musaffo epkindan taning orom olardi. O‘sha kunlarni haligacha yaqqol tasavvur qilaman, gohida tushimga ham kirib chiqadi.

Shanxayda menga Tinch okeani shahardan sakson chaqirim naridaligini aytishdi. Ishbilarmonlar bilan rejalashtirilgan uchrashuvlarni o‘ylab o‘tirmasdan shartta qoldirib, okeanga jo‘nab ketdim.

Qirg‘oqqa yetib borib, hafsalam pir bo‘ldi. Negaki, suv qaytib okean qirg‘oqdan sal kam o‘n besh kilometr orqaga chekingan, qop-qora loyga belangan cheksiz tekislikda boshiga poxol shlyapa kiygan son-sanoqsiz xitoylar tirikchilik tashvishi bilan balchiq ustidan molyuska terib yurardi.

Yaratganning bandasi rizqini hatto ummon tubidagi balchiqqa ham sochib qo‘yganiga ajablanmay iloj yo‘q…

Kutganimni ko‘rmaganimdan lab-lunjim shunchalik osilib tushdiki, xitoylik hamrohlarim tashvishlanib qolishdi. Tarjimonning esa jahli chiqdi.

– Sizning injiqligingizga qaramay, ishlarini bir chetga surib, shu yerga olib kelishdi. Hayratlanmasangiz ham hayratlanganday bo‘lib turing birpas. Kuling, ularga qarab xo‘mraymang. Axir okeanning ketib qolishiga ular aybdormas. Kuling, deyapman, jin ursin sizni, – dedi u.

“Jin ursin”, degan gap meniki edi. Bu so‘zni men ko‘p ishlataman. Ikki kun men bilan yurdi-yu ungayam yoqib qoldi shekilli, avval bir-bir, keyin esa og‘zini to‘ldirib ishlata boshladi, jin ursin!

O‘zbekistonda ufqda yer ko‘rinmaydigan suv­ning biri – Orol, biri – Haydarko‘l. Orol olis, juda olis. Haydarko‘l esa bir qadam. Erinmaganga bir qadam. Shuytib, gohida suvni sog‘inib Haydarko‘lga uloqib ketaman. Sherik bo‘lishi shartmas.

Sherik ham har xil.

Namoz akaga o‘xshab ov desa yayrab ketadigan, ko‘lga chiqqach amaldor bo‘lganiga ham qaramay aravani teng tortadigan, ikki kun desa ikki, uch kun desa uch kun miq etmay yuradigan sherik hamishayam topilavermaydi. Topilgani­ning ham vaqti sening vaqtingga to‘g‘ri kelmaydi.

Yana Bahodirga o‘xshaganlari bor (uyam jurnalist).

Sen bilan ko‘lga borishga ahd qiladi, kunini belgilaydi, kamiga har ko‘rishganda “qattiq tayyorlan”, deb turadi. Ammo ketadigan kun kelganda bormay hafsalangni pir qiladi.

Nima emish, tush ko‘rganmish. Tushida uni miltiq bilan otib qo‘yganmishsan. Bo‘ldi, bormaydi. Yalin-yolvor, tavallo qil – foydasi yo‘q.

Yana bir toifa bor. Ular boradi. Uyidan borib olib ketsang, barcha tashvishlarni o‘zing qilsang, boradi. Faqat galstuk taqib boradi. Sak­sovul, jing‘il, qamish oralab suv kechadigan joyga dazmollangan kostyum-shim kiyib, tuflida boradi. Keyin esa ko‘l atrofidan konditsioneri mehmon­xona qidiradi. Ichingda “yarmi sahro, yarmi dasht, bir qismi toqqa tutash bu ko‘l atro­fida konditsionerli mehmonxonani katta xolang qurib qo‘yibdimi”, deb g‘ijining kelsa ham vaqtingni uvol qilib tishingni-tishingga bosasan. Ammo bu eng yomoni emas. Yomoni – ularning yarim kunga bormay ichburug‘ bo‘lganida, endi avjiga chiqayotgan sayohatning beliga tepib, qaytaylik, deb turib olgani-da.

Xo‘sh, shunaqa sherik kerakmi menga?

Ey-y-y, hammasidan Sanjar tuzuk. Safardan zerikkaningda ham nimadir o‘ylab topishga usta. Zerikkaningni bilmaysan. Biroq uniyam hamisha topib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘zim ketaveraman…

Haydarko‘lning Omonkeldi tomonlarida bir cho‘ponni uchratdim.

Qumga o‘tirib qolgan mashinamni chiqarolmay xunob bo‘lib turganimda qo‘y haydab keldi. Kun kuydirar darajada issiq bo‘lsa ham tuya junli chakmonga o‘ralib olgan, boshida qozoqi qalpoq.

Salom berdim, alik olmadi. Xuddi meni ko‘rmaganday to‘g‘ri kelib mashina g‘ildiraklariga qaradi. Qo‘lidagi hassasi bilan ularni bir-bir turtib ko‘rdi. So‘ng qo‘lini peshonasiga soyabon qilib yigirma-o‘ttiz metr naridagi yo‘lga qaradi.

– Ne ushin bul jerge kelding, balam? – dedi nihoyat.

– Tuyalarni oldidan tomosha qilmoqchi edim, – dedim alam bilan.

– Olar qayda? – dedi u.

– Ketib bo‘ldi.

– Axmaq ekensin, – dedi cho‘pon.

– Ha-a, xayolparastligam o‘lsin, – deb yozg‘ir­dim uni quvvatlab.

– Kasibing ne? – so‘roqlashda davom qildi cho‘pon.

– Jurnalistman, – dedim.

Cho‘pon ajablandi:

– Bul ne degening?

– Jurnalist-da, gazetaga maqola yozadi. Radioda gapiradi, – dedim biroz ajablanib.

Uning chehrasi yorishdi.

– Eee, minanday soylegen senmisin? – dedi qo‘ynidan kichikkina radiopriyomnik olib.

Agar Haydarko‘ldan ancha narida, Qizilqum sahrosining cho‘ponlaridan boshqa hech kim yashamaydigan joyida turganimga ko‘zim yetmaganda, u meni masxara qilayapti deb o‘ylagan bo‘lardim.

– Ha, – dedim.

Cho‘pon yuzimga sinovchan tikilib priyomnikni yoqdi. Undan vishillagan tovush chiqdi. Cho‘pon murvatlarini burab to‘lqin qidirdi. Befoyda.

– Sozing tuvri shig‘ar, sen minau jerdesing‘oy, qaydan aytsin, – dedi so‘ngra.

Kulib yubordim. Uyam kuldi. Keyin:

– Minauni qoy. Tamaq jeb, qimiz ish. Jigitter kelse, shig‘arip alamiz, jur, – dedi.

Unga ergashishdan boshqa choram ham yo‘q edi. Mashina eshiklarini qulfladim. U norozi to‘ng‘illadi:

– Neden qo‘rqib tursin. Mashinag‘a kim kiredi? Yesh kim joqqoy minau jerde. Albasti kiremin desa, qulptin payda joq.

Birga-birga gaplashib keta boshladik. Unga uchquloch tomonda suv ostida qolgan mozorlar haqida gapirdim.

– Esitgenmin, – dedi cho‘pon. – Mina­u jerde ulken qazaq avuli bolatin edi. Jastar qalag‘a qaship ketib tur. Bul jerdede sonday bol­g‘an. Bizdede solay. Ulken ulim axmaq. Ush ret mal alib, qo‘rasig‘a tiqdim. Ming danag‘a jaqindasa – satib, Alma­ti­g‘a qashadi. Menide, anasinida tangdamaydi. Bar aqshasini quritip, shir jalang‘ash qaytip keledi. Axmaq, bileytin jumisti qilsayshi, diy­min. Tingdamaydi. Sen siyaqti jaqsi soz soy­lep, aqsha alsa bir jol. Sen uaqtinda tuvri so‘yleysin. “Odob”, deysin. Aulda bolg‘an angimeni tingda. O‘tegen aqsaqal oristarmen jurip, araq ish­geni ushin xa­liq oni ag‘ashg‘a baulab, auldan quvg‘an. Kazir ishme degenni quip salatinmizov. Omir son­­day ekeng‘oy…

Uning gaplarini tinglab, Hu­san Karvonli­ning ichkilik haqida maqola yozgani-yu misolni o‘z qishloqdoshlaridan keltirib, salkam olti oy qishlog‘iga borolmay yurgani esimga keldi…

Nurotani aylanib Bog‘don shahriga kirgach, bozor oraladim. Bu yerga kelgan kishi bozorga albatta kirishi kerak. Qo‘ziqorin, totron, ravoch mo‘l.

Qo‘ziqorin sotib turgan yigit savol berdi:

– Asli qayerdansiz, mehmon?

– Forishlikman, – dedim, u ishonqiramadi.

– Tilingiz o‘xshamaydi-ku?

– Bichoqlar tomondanmas, turkmanlar tomondanman, – dedim eski hazilni eslab.

Forishda Nurota tog‘ining Samarqand tarafidagi elni turkman, ular esa Bog‘don atrofida ya­shovchilarni bichoqlar deb hazillashadi. Turkmani-ku, tushunarli, bichog‘i nima desangiz, aytay: Forishning asli o‘g‘iz elati pichoqni  bichoq deydi.

– Eee, – dedi yigit. – Falakning gardishini qarang. Ilgari bu yerga turkman zoti kel­mas­di. Endi Fo­rishning salkam yarmi turkman bo‘lib ketdi. Qora­abdol­dan­mi­siz? Qoraabdolning qayeridansiz?

– Bolg‘alidanman.

– Iye-ye, Shakarvoy melisaning qishlog‘idanmi, – dedi u jonlanib. – O‘ bizniing aka bo‘ladi.

Forishliklarning ko‘pi Qoraabdoldan Shakar­voy milisani, Garashadan Sadulla Hakimni, Narvondan Bastam Sayidqulovni tanishadi.

– Milisa bo‘lib ishlaganda ichibmi, jan­jal­la­shib­mi qo‘liga tushgan bo‘lsangiz kerak-da, – dedim “tegishib”.

Yigit qizarib ketdi.

– E-e-e, endi yigitchilikda bo‘ladi-da. Yaxshi yordam qilgan, baraka topsin, har ko‘rganimda bir choy qilib beraman. Kimi bo‘lasiz Shakarvoy akaning?

– Qo‘shnimiz. Rostdan yaxshi milisa bo‘lgan, hozir oqsoqol, – dedim.

Yigit Shakarvoy akani rostdan hurmat qilarkan, qo‘ziqoringa pul olmadi. Bezrayib ketish noqulay tuyilib mashinamdan bitta kitobimni olib dastxat yozib sovg‘a qildim…

Endi esa yozishga ancha-muncha gap yig‘ib, Toshkentga qaytayapman.

Sayru sayohatning bir gashti shuki, uyga qaytib bola-chaqangga, xotiningga, qo‘ni-qo‘shni-yu oshna-og‘ayningga qo‘shib-chatib lof urish mumkin. Og‘zini lang ochib eshitishadi. Busiz iloji yo‘q…

Axir, Ahmad og‘a aytgan-ku: “Ovchi bo‘lish uchun lofchi, lofchi bo‘lish uchun ovchi, bo‘lish kerak”, deb.

Aniq bilaman, bu safar haqida Namoz aka eshitsa yayrab ketadi, Bahodir… Bahodir nimayam deydi?

Yana ko‘lga borishga ahd qiladi, kunini belgilaydi…

Saksovul, jing‘il, qamish oralab suv kechadigan joyga dazmollangan kostyum-shim kiyib, tuflida boradigan toifa bo‘lsa “faqat o‘zingiz boravermay, bizniyam olib boring-da, endi”, deydi.

Rossiyaga savdoga borib bor-budidan ayrilgach, bir amallab yarim tunda yolg‘iz o‘zi qishlog‘iga kirib kelgan. Otasining oldiga so‘ppayib kirishga nomus qilib, “sharmanda qilma”, deb Xudoga yolvorgan. Darvoza qarshisida unsiz yig‘lagan, keyin esa “o‘zingga tavakkal”, degancha hech kimga bildirmay (hatto xotinigayam) imi-jimida yana Rossiyaga qaytib ketgan Sobir­xon tog‘adagi hamiyatning milliondan biri ham bo‘lmagan bu sullohlar aynan shunday deydi.

“Boraylik” ham demaydi. “Olib boring”, deydi.

– Hamiyat katta gap, – derdi Abdulla bobo, gohida. – Hamiyat katta gap!

Sobirxon tog‘a aynan shu hamiyati uchun oradan bir-ikki yil o‘tgach, yuzi yorug‘ bo‘lib Rossiyadan qaytgan. Bularning yuzi…

Nimagadir ularning yuzini eslolmadim, uzr.

Xullas, Haydarko‘l atrofida shunaqa gaplar. Siz ham bir boring…

Aytgancha, Boymirza bolg‘alilikmas. Forishdanammas, “Qayerdan”, deb so‘ramang. Hamma joyda “xol qo‘yib” yurgan “mirzo”lar kammi?..

 

Аbduhamid Muxtorov

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.