Isajon Sulton: To‘linoy xayollari

0
686
marta ko‘rilgan.

(Turkiy xalqlarning xayoliy yaratiqlari kitobi)

 

 

 

Aslida, bu – Oy haqida emas, balki yer yuzida oyday balqqan turkiylar haqidagi bitiklardir. Oyni bunday sevadigan ulus dunyoda bo‘lmasa kerak. Ko‘ziga ne xush ko‘rinsa, oyga olib borib taqaydi. Bo‘z bolasi uni suyganiga qiyos qilsa, keksasi “Yetkazganingga shukr” deb yuziga fotiha tortadi.

– Qara-chi, qulunim, Oy chiqibdimi?

– Yo‘q, chiqmabdi.

– Iya, nega chiqmadi ekan?

Shoshma, sen o‘zing kimsan, desangiz, men ham shu diyorning quyoshi-yu oyi ostida ulg‘aygan, unga bog‘liq ishlarni o‘rganib yurgan bir tarixchisiman. Eh-he, dunyoda tarixchi kammi? Har kimning o‘z aytar so‘zi bor, hatto oddiy bir qush ham kunchiqar-u kunbotarda Tangri taologa nola qilib olamni buzadi. Adiblari-yu olimlari oyday shu elning har so‘zi, har hikoyatini bir xazina deb bilib, u yashagan davrlarni, kishilarini, yaxshi-yomon farzandlarini kitoblarga muhrlamoqdalar. Men esa uning xayollarini ham qadrli deb bilib, qo‘limdan kelganicha bitib qo‘yaveray dedim-da. Ey alp el, ey bek el! Shu tunda, nigoh yetmas olislarga uzangan bag‘ringda minglab qishloqlaring horg‘in mudramoqda. Yo‘q-yo‘q, qishloq uxlarmidi? Uyqusi sergak qariyalar hovlilarning kiraverishidagi hujralarga ko‘chib o‘tishgan, nima tiq etsa bilishadi. Qo‘riqchi kuchuklar samoda kezayotgan Oyga qarab o‘y surishadi. Shuningdek, yana bir qancha mavjudotlar ham borki, ayni shunday tunlarda o‘zlari yashiringan puchmoqlardan asta-sekin chiqib kelishadi. Ularga birov qadr-qiymat bermadi, yaratilish onlarida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolib ketaverishdi. Elning o‘zi kabi, yumushlarini qo‘ldan kelguncha bajarib yuraverishdi. Shularni asarga tirkab qo‘yay dedim, toki unutilib ketishmasin, toki el xizmatida yurgan u haqir mavjudotlar ham qadr topishsin, dedim.

* * *

Uzun qish kechalarining tungi osmonida yuzida dog‘i bilan Oymomo kezinadi. Tevarakka qish sukunati cho‘mgan, qor bosgan ariqdagi suv zaif jildiraydi. Sovuq tovushlarni ham yutib yuboradi. Og‘ildagi mol-qo‘ylar uyg‘oq, xabar olay deb kirsangiz, ko‘zlari moviy yiltirab, bir nimani tinmay kavshayotganini ko‘rasiz. Orasida oq echki bo‘lsa-ya? Yo‘q, hammayoq tinch, shekilli… Yumushlarimiz bitdi, kechki taom yeyildi, so‘ngaklar kuchuklarga berildi. U yoq-bu yoqdan so‘zlashib o‘tirish vaqti keldi.

O‘choqda o‘t chirsillab yonadi. Tafti hammaga tanish, havoda qizg‘ish-ko‘kish uchqunchalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib so‘nmoqda. Olov ichidagi ho‘l novda uchidan vishillab bug‘ chiqyapti.

– Eshitdingizmi, kimlardir Oyni zabt etishganmish?

– Iya, Oy bizniki emasmidi?

– Xo‘sh, bolalar, nimalardan so‘zlaylik? Kulgilisidanmi, yo qo‘rqinchlisidanmi?

– Qo‘rqinchlisidan!

– Ha, mayli, quloq soling. Shu qishloqda…

Ke-etdi! Oy chiqqan kechalarda poyonsiz hududlarda bir o‘zi tentirab yuradigan, kishilarni yo‘ldan ozdirib ketadigan qo‘rqinchli yaratiqlar haqidagi bir-biriga o‘xshamaydigan hikoyatlarni bolalar quloq qoqmay eshitishadi.

Qish tunlari uzun. Oymomo yanada havolab ketadi.

– Ota-a, – deydi eng kichkina bolacha. – Tishim qichishyapti.

– Hah, seni tishingdan aylanay, – deb kuladi ota. – Qani, yur-chi.

Tungi rivoyatlardan so‘ng kichkintoy tugul, kattalar ham tashqariga chiqishga qo‘rqishadi. Ha-da, soyalar aro har xil sharpalar paydo bo‘lishi yoki qishloq chetidan alvasti, oziqchi, qora kishi bildirmay kirib kelishi mumkin.

Tashqarida qor uzra tikkaygan butalar qorayib ko‘rinadi.

– Qiblaga qarab choptirma, gunoh bo‘ladi, – deydi o‘g‘liga nariroqdan qarab turgan ota.

Bu manzara ming yillardan buyon shu tarzda takrorlanib keladi. Hozir ham allaqaysi qishloqlarda bolalar shunday hikoyatlarni tinglab o‘tirishgan bo‘lsa bordir. Bolalar hikoyatlari deysiz-u, tuyqusdan ularning sirayam bolalarga xos emasligini, yer yuziga yoyilib ketgan turli-tuman turkiy uluslarning har qishlog‘ida og‘izdan-og‘izga o‘tib, shu el bilan yashab kelayotganini o‘ylab qolasiz. Ular barcha zamonlardagi barcha qishloqlarning doimiy fuqarolariday tuyula boshlaydi.

– Tepaqishloqqa Alvasti kelibdi.

– Burni qiyshiq, tishi so‘yloq, labi do‘rdoq emish.

Turli-tuman shunday hikoyatlarni ulab, bir mantiq zanjiriga tizib chiqsangiz, har qishloq, har qasabaning kitoblar-u risolalardan to‘lig‘icha o‘rin ololmagan o‘z rivoyatlari ko‘z o‘ngingizda jonlanadi.

 

1-QISM. MILLIY YaRATIQLAR

Alvasti

Aytdim-ku, minglab bolakaylar o‘t tegrasida o‘tirib, ko‘zlarini katta-katta ochib tinglagan qishloq rivoyatlaridan so‘zlaymiz, deb. Ertak-u matallarning qahramonlari qachonlardir yoshini yashab, oshini oshab, dunyodan o‘tib ketgan, bular esa mavjudligiga mutlaqo ishoniladigan, qishloqlar tegrasida bugun ham yashab yurgan, sira o‘lmaydigan mavjudotlardir. Alvasti deganimiz maxluq bir qancha ming yillar avval sharqda Kunchiqar mamlakatigacha, g‘arbda Buyuk Suvlargacha, janubda Hind eligacha hamda shimolda turkiylarning ona shahri Xonbaliq-u Tangribaliqqacha yastangan so‘ngsiz hududlarda hayot kechirgan, boshqa xalqlar “Ot minuvchilar” deb nomlashgan dovyurak turkiylar bilan yonma-yon yashab kelmoqda.

U mahallarning sha’n-shukuhini deyarli unutib qo‘ygan kishilarga “ot minuvchilar”ning fe’l-u ruhiyati, albatta, qiziq bo‘lsa kerak. Ularning uchqur tasavvuri tevarak-atrofni jonlantirib, tabiat hodisalari-yu unsurlarni o‘z turmushiga keltirib taqab qo‘yishadi. Tunda mayin yog‘du sochgan Oy xayolni o‘g‘irlaydi, oyday balqsin deya farzandlariga Oydin, Oygul, Oysuluv, Oysanam, Oynisa, Oybek, Oyparcha, Oyposhsha, Oyboldoq, kunday porlasin deya Kunxo‘ja, Kunmurod, Kunnazar, Kunberdi, Kunazim degan ismlar qo‘yishadi. Sochi oqargan momolarini Oymomo, qaddi kamonday egilgan bobolarini Oydada deb atashadi. To‘fon, bo‘ron, yomg‘ir, bulut, chaqmoq, shamol kabilar ham ular diqqatidan chetda qolmaydi, bular ham ism bo‘lib kishilar taqdiriga muhrlanadi.

G‘ayritabiiy ravishda harakatlanadigan hamda ulus nazdida eng dahshatli qilmishni sodir etadigan qo‘rqinchli mavjudotlarni ham ular o‘zlari o‘ylab topishadi. Har yili qo‘nalg‘isini o‘zgartiradigan, qishlov yerlarida qishni o‘tkazib, so‘ng yaylovlariga ketaveradigan xalqlar uchun ulkan, bahaybat, qudratli yaratiqlar keraksiz edi. Bebosh bolalarini tarbiyalash uchun ular Alvastini yaratib olishadi.

U oyli yoki oysiz, shamol to‘nkalarni ko‘chirguday bo‘lib esgan tunlarda tanho kezgan kishilarga, uyda yolg‘iz qoldirilgan bolalarga, tug‘ayotgan xotinlarga ko‘rinadi, deyishadi. Xoh Farg‘ona vodiysining so‘lim qishloqlarida, xoh Xorazmning, xoh qadimiy G‘uzor davlatidan yodgor kengliklar-u ota yurtning qutlug‘ qopqasi – Boysunning temir darvozasigacha – kishilar ko‘cha-ko‘yda o‘ynab, hayallab ketgan bolalarni:

– Kech kirganda ko‘chada yurma! Baring uy-uyingga bor! – deb koyib berishadi. – Alvasti chiqadigan vaqt bo‘ldi-ya!

Bolalarcha tasavvur qishloq chetidagi zovur ichida baqaqurilloqlar avjga chiqqan, oy yog‘dusi elangan tunda qishloq ko‘chalariga ko‘zini olaytirganicha pildirab kirib kelayotgan pakana, ko‘zlari olazarak bir kampirni hosil qiladi. Oqshom cho‘kdi. Hammayoq tinchib, olislarning tovushlari eshitila boshladi. Kecha sarinligi mayin nafas bilan vujudga kirib, yoyilib huzur beradi. O‘sha huzur va alvasti qo‘rquvi aro yalang oyoqlarga mayda toshlar botsa-da, og‘riq sezmasdan, xira sariq chiroqlari yonib turgan uylariga o‘qday chopgan bolakaylarni ham jonlantiradi. Yana, qo‘rquv hosil qilgan hayajon va xavf-xatardan qutulgandagi huzurni ham aytib o‘tish kerak. Barcha bolakaylarga g‘alaba nashidasini hadya etgan ham aslida mana shu mavjudot.

Besh ming yil avval u alamzada erkak qiyofasida, so‘ngroq esa esa bukchaygan, makkor, yovuz kampir ko‘rinishida namoyon bo‘lgan. Qaddi egik, sochi uzun, ko‘zlari olaygan u mavjudot zovurlarning tublarida, qamishlar o‘sgan joylarning yon-verida o‘ziga suvsarga o‘xshab uy qurib yasharmish. Makoni qarovsiz, iflos joylar bo‘lsa-da, bu o‘rindagi “iflos” tushunchasi aslida toza tabiatni ifoda qiladi. Qurigan xas-xashak yoki suvga tushib chiriy boshlagan shox-shabba bizning nazdimizda shunday ko‘rinsa-da, tabiat nazdida tozadir. Alvasti o‘sha yerlarda yashaydi, biroq qo‘nalg‘asini tez-tez o‘zgartirib turadi.

Uning eng mudhish qilmishi – kishilarni aqldan ozdirishi-yu xotinlarni tug‘mas qilib qo‘yishidir. Shu sababli yosh bolalar tunda yolg‘iz tashqariga chiqarilmaydi, ikkiqat xotinning oy-kuni yaqinlashgani sayin yaqinlari yonidan ketishmaydi, qarindosh-urug‘idan boshqa hech kim kiritilmaydi.

Qachonlardir bir bilimli kishiga ro‘para kelgani haqida rivoyatlar bor. Bilimli kishi ko‘zlari chaqchaygan, ichi yomonlik bilan to‘la bukri kampirdan so‘raydi:

– Yorug‘ olamda qilar ishing ne?

– Tug‘ayotgan xotinlarni poylab yuraman. Qilar ishim – odamlarni aqldan ozdirish-u xotinlarni tug‘mas qilish.

– U holda, kishilar sendan ziyon ko‘rmasligi uchun nima qilishlari kerakligini o‘zlariga aytasan!

– Mendan birov shubhalansa, betimga ko‘zgu tutishsin. O‘zimni ko‘zguda ko‘rsam, qo‘rqqanimdan yetti chaqirimga qochib ketaman, o‘sha joyga qaytib oyoq bosmayman…

Shu sababli qo‘nalg‘alarning qo‘noq kutiladigan xonalarida, o‘tovlarda har doim mis yo shisha ko‘zgu osilib turgan. Alvasti oynani ko‘rsa, qaramay iloji yo‘q edi. Qayda bir nima yilt etsa, oynamikin deb alanglardi. Odamlarga o‘xsharmikinman, kimligimni birov bilib qolmasmikin degan ilinjda o‘z aksini ko‘rishni istardi. O‘zini ko‘rgach esa juda qo‘rqardi.

Gohida oynatosh yoki suv betida o‘z aksini ko‘rib, uni qo‘liga tushgan narsa bilan urganini ham aytishadi.

Oradan ancha yillar o‘tgach, olamga islom dini yoyildi. Qiziq ish ro‘y berdi: alvasti endi sochlari yoyiq qiyofada emas, ro‘mol o‘ragan holda ko‘rina boshladi. Ya’ni keyingi ming yillikda Alvastining Tangri taoloni taniganiga shohid bo‘lamiz. U davr rivoyatlari uning Tangri va payg‘ambari ismi aytilganida tiraqaylab qochganidan, xayoliy yaratiqlarning Olamlar Yaratuvchisiga bo‘ysunganidan xabar beradi.

Yana aytishadiki, xotin kishiga erkak, erkak kishiga xotin bo‘lib ko‘rinarmish. Kun kechirish qiyinlashgan kezlarda Chotqol etaklarida bir ovchiga duch kelib, “senga xotin bo‘lay” deb yolvorgan. “Qo‘limdan ko‘p narsa keladi, sira kamchilik ko‘rmasdan yashaysan. Ammo shu shart bilanki, uxlayotganimda yuzimga qaramaysan”. Ovchi rozi bo‘lib, uni uyiga olib keladi. Haqiqatan ham, shundan keyin to‘kis yashay boshlaydi. Alvasti xotin uyni saranjom-sarishta tutadi, ovqatlar pishirib, nonlar yopadi. Ammo bir kuni tunda ovchi shartni buzib, sham yorug‘ida qarasa, xotin emas, alvasti ekan.

Alvasti o‘z qiyofasida o‘rnidan sakrab turib, sochlarini yulib-yulib ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi.

– Qarama, demaganmidim? Endi men nima qilaman?

Ovchi bolaligida alvastining jonini qanday olish kerakligini eshitib olgan ekan. Shuningdek, mehr-u muhabbatga zor yashab o‘tgan xotinlar keyinchalik alvastiga aylanib ketishini ham bilar ekan. Chap qo‘ltig‘i ostidan yuragini sug‘urib olgach, alvasti jahannamga jo‘naydi, deb hikoya qiladi Chotqol asotirlari.

Kishilar e’tiqodi ming yildan buyon alvastini tamug‘ga, ya’ni do‘zaxga yo‘llab keladi. Mantiqan to‘g‘ri, ya’ni qilmish – qidirmish. Biroq jamoaviy ong alvastiga nima uchun bu mudhish yumushni yuklab qo‘yganiga lol qolasiz.

Kishilar to‘p bo‘lib yashagan u zamonlarda urushlar, ocharchiliklar, qulliklar, majruhlik yoki o‘lim xavfi emas, aynan aqldan ozish hamda xotinlarning tug‘mas bo‘lib qolishi eng qo‘rqinchli sanalgani-chi? Tog‘dan tushib kelgan yo‘lbars yoki dashtdan kelib qolgan bo‘ri galasi kimnidir g‘ajib ketgani, kimdir otdan yo toshdan yiqilib o‘lgani, yana kimlardir turli kasallig-u dardlar tufayli jon taslim qilgani qo‘rqinchli emas, balki hayotning odatiy falokatlari deb qaralsa, kishilarning o‘zlari yaratib olgan xayoliy maxluqlar ongga hamda avlodga zug‘um qilishi ajab.

Shunday bo‘lsa-da, yillar o‘ta-o‘ta, qadimgi turkiylar va chinlarning shafqatsiz urushlariga guvoh bo‘lgan u yaratiq chivindan zaif holga keldi. Alvasti benihoya ayanchli, umrini yashab bo‘lgan keksa, ilviragan kampir qiyofasida qolib ketaverdi. Dunyoga islom dini yoyilgach, o‘zicha ro‘mol o‘rab, shahodat keltirgan u mavjudotning yangi asrlar bag‘rida boshqa evrilishi sodir bo‘lmadi, uning so‘nggi zuhuroti yo tabiat to‘laqonli hukm yuritadigan ovloq qishloqlar bag‘rida, yo olis o‘tmishda qolib ketdi. Tobora kamroq ko‘rinish bera boshladi va nihoyat, yosh bolalarni qo‘rqitadigan, yolg‘iz kishilargagina duch kelib, beo‘xshovligi bilan aqldan ozdiradigan keraksiz yaratiqqa aylanib ketdi.

(Davomini jurnaldan o‘qiysiz)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.