O‘zimizning qorbobo

0
376
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Odilbek kutayotgan yangi yil –  yangi tong bilan kirib keldi. Quvonch olib kelgan bugungi quyosh o‘z charxi bilan aylanib borar edi.

Odilbek derazadan tashqariga boqar ekan, bog‘cha opasining ta’riflab bergani “Yangi yil”dan nom-nishon ham ko‘rmadi. U kun sanab bu lahzalarga yetdi. Turli suratlar orqali ertaklar olamida kashf etgan Qorboboni ko‘rishga qanchalik yuragi oshiqmasin, u kutgan qor yo‘qligidan o‘ksinardi. U kecha tasavvuridagi “Yangi yil”ni oq qog‘ozga tushirdi: uch aylana qator qilib terilgan Qorboboga chelak kiygizib ham qo‘yilgan. Tugmalarini ham erinmay chizgan bolakay osmonu bulutlarni, qor parchalarini tasvirlagandi. U archani ham esdan chiqargani yo‘q. Orzusidagi sovg‘alarni unga ilib chiqqan!

Odilbek derazaga Ayozboboning muzdan “rasm chizishi”ni dadasidan eshitgan edi. Lekin derazada hech qanaqa bo‘yoq rangini ko‘rmagach, tashqariga chiqdi. U kecha tayyorlab qo‘ygan qalin kiyimu qo‘lqoplarini olgisi ham kelmadi, to‘g‘ri-da qor bo‘lmasa, nima qiladi?! Endi Qorboboni qanday ko‘radi? Bu o‘ydan bolakayning boshi gangib qoldi: axir, undan ko‘p sovg‘alar olmoqchi va… va aytadigan tilaklari bor edi. Oyisi aytgan-da: “Qorbobo aqlli bolalarning tilaklarini bajo keltiradi”.

U oyog‘idagi etigiga uzoq tikilib qoldi. Axir, uni kecha o‘z qo‘llari bilan yog‘lagandi-da! Qorlarni g‘ijirlatib bosib, bepoyon oppoq qorlarni kechib, yugurmoqchi va yana osmon uzra sochib yuzini tutmoqchi edi!

Keyin u osmonga tikildi –  o‘sha qo‘l yetmas quyosh tobora ildamlab borar edi. Shunda bolakay bo‘yi o‘sishini juda-juda istadi: Hozir mo‘jiza ro‘y berib, hammadan bo‘yim o‘sib ketsa-ya, ko‘m-ko‘k osmonga oppoq bulutlarni chizib chiqsam! Keyin ulardan oppoq qor yog‘aversa!

U umid bilan cheksiz osmonga boqib turar, go‘yo hozir Qorbobo chanasida uchib borib bulut chizadigandek, hayajon bilan tikilar edi.

Oyisi uni yuz-qo‘lini yuvishga undadi.

U kutgan tort ham yo‘q.

Odatdagidek boshqacha hislarsiz kun. Na Qorbobo, na tort va na sovg‘alar bor.

–  Bugun hammamiz shaharga Qorbobosi bor uzun archaga boramiz! –  deya oyisining to‘lib aytgan so‘zlaridan aka-ukalar quvonganidan sakrab-sakrab oldilar.

–  Urra! “Katta alchaga” bolamiz, –  dedi Komilbek. U ukasining quvonchiga sherik bo‘lib:

–  Qorbobolar shahriga boramiz, ura!!!, –  dedi.

Mana yetib kelishdi. Odilbek esa bu yerda ham qor yo‘qligi uchun qovoq-tumshug‘ini osib oldi. U yonidan o‘tib qolgan qizil ki­yimli, oq soqolli Qorboboga tikildi. Yonidan beparvo o‘tgan Qorboboga u endi ma’yus qarab qoldi. Axir, undan sovg‘a olmoqchi edi! Qizg‘anchiq ekan Qorbobo!

U yana shu kabi Qorbobolarni ko‘p ko‘rdi. Hatto bog‘chasi yonida har kuni tilanchilik qilib o‘tiradigan o‘sha amakiga o‘xshab gapirayotgan ana u yo‘lakdagi gado ham Qorbobo kiyimida edi. U bunday qorbobolarning ko‘pini ko‘rdi. Ammo hech biri u tasavvur qilganidek: “Tila tilagingni”, deb aytmadi. To‘g‘ri, sovg‘a berishdi, ammo baxil ekan –  pul oldi evaziga! Do‘kondagi sotuvchilar ham pul oladi-ku? Bular ham savdogarmi? Axir, Qorbobo saxiy bo‘lishi kerak emasmi? Ular bolalarga shirin orzular, sovg‘alar ulashishi, tilaklarni bajo qilishi kerak-ku!

Kuylab va hatto raqsga tushayotgan Qorbobolar endi uning ko‘ziga soxta bo‘lib ko‘rina bosh­ladi. Bolakay tezroq ketishni xohlardi.

Unga tort ham tatimadi. Baland va betakror qilib bezatilgan archa ham endi uni hayratga solmasdi, qaytaga zeriktira boshladi. Qop ko‘tarib yurgan Qorbobolar soxtaligini fosh qila boshladi.

U xarxasha qilishga o‘tdi. Uyiga qaytishni juda-juda xohlardi…

 

Odilbek yana oppoq qog‘oz yuzini bo‘yay ketdi. Bu safar qog‘ozga –  yalang‘och daraxtga osilgan xunuk sovg‘alar va tartibsiz bo‘yalgan sariq yaproqlar tas­viri jonlanar edi. Yana uch aylana Qorboboning boshi yerda yotar, sariq quyoshning nurlari go‘yo bu Qorboboni “suv”ga aylantirayotgan edi…

“Katta bo‘lsam, izquvar bo‘lib, soxta Qorbobolarni fosh qilaman!” –  deb o‘yladi u.

 Kechga yaqin qor yog‘a boshladi. Bolakay esa bu mahalda o‘zi yog‘lagan etigini kiyib, oy yog‘dusida dadasi, oyisi va ukasi bilan Qorbobosini yasashga kirishib ketgan edi…

 

Rohilabonu G‘O‘CHCHIYEVA

2000 yili tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.