Sog‘inch – poyoni yo‘q, dolg‘ali ummon

0
71
marta ko‘rilgan.

  

 SOG‘INCH

Sog‘inch uzun yo‘ldir, nihoyasi yo‘q,

Yo‘lovchisi – shoshgan, kuygan yuragim.

Fursat uchib borar, u otilgan o‘q,

Sog‘inganman, yo‘qmi senga keragim?

 

Sog‘inch – tubsiz jarlik, ko‘nglim – parlari

To‘zg‘igan, ko‘yingda aftoda, behush,

Patlarim qoplaydi sog‘inch jarlarin,

Sog‘indim, kerakmi qanoti yo‘q qush?

 

Sog‘inch – poyoni yo‘q, dolg‘ali ummon,

Kumush yelkanlarim ketar yaraqlab.

Men seni izlayman, izlayman hamon,

Yelkanimni bir bor o‘pgin charaqlab.

 

Sog‘inib ketaman, yurak uchadi

Bepoyon yo‘llarda, dengiz, jarlarda.

Xayolim dunyoni zumda quchadi,

Yugurar yozlarda, kuzda, qorlarda.

 

Sen-chi, qayerdasan, bahordamisan,

Boshqa hamma joyni chiqqanman kezib.

O‘sha yerda kutgin, yetib boraman,

Sovuqlardan men ham ketdim-ku bezib…

 

 

                           * * *

Xayolimning mahzun titroqlarida,

Kipriklarim vasl, firoqlarida,

Orzuimning g‘oyib nigohlarida

Faqat o‘zing borsan, o‘zing, azizim,

Umidning noumid so‘roqlarida…

 

Chil-chil sindi aqlu-hushim ko‘zgusi,

Ko‘zim qamashtirib g‘aming yog‘dusi,

Kuy chalib yubordi qalbim cholg‘usi.

Yurgan ekanman-da dard chekdim deya,

Endigi dard mening jonim olg‘usi…

 

Ko‘nglim yarasiga labing bosding – cho‘g‘,

Bu azob, bu rohat bu dunyoda yo‘q.

Ruhim bog‘lariga nurlaringni to‘k!

Quyoshim ham o‘zing, osmonim o‘zing,

Qalbim kamalakdek yuksaltirgan ko‘k.

 

Vaqt bedov, azizim, uchib boramiz,

Yolg‘izlikni mahkam quchib boramiz –

Nahot baxtimizdan cho‘chib boramiz?

Men ko‘nglingdadurman, sen ko‘nglimdasan,

Ko‘ngildan ham yaqin qoldi oramiz!…

 

 

                    BIR KUN

Kun bo‘yi xayoling bilan yurib men,

O‘zga olamlarda yashab kelaman.

U g‘aroyib yurtning podshosisan sen,

Shamol bo‘lib unda xushbo‘y yelaman.

Sen meni izlatib to‘rtta tomonga,

Choparlar jo‘natib dovul qoqasan.

“Mo‘jiza keltiring!”, – deb olomonga

Hadyalar ulashib, tillo taqasan.

Mo‘jizalar oqar yurtingga shunda:

Patlari yoqut, dur, la’l anqo qushi,

Oltin baliq, sehrli chiroq ham bunda,

Sim-sim xazinasi, parilar tushi.

 

Uchar gilam bilan qanotli tulpor,

Oynaijahonu, qaynar xumcha ham.

Sen uchun qilinar tilsimlar bisyor,

Sehrlar to‘xtamas yurtingda bir dam.

 

Barchasin ko‘rasan, halovatingdan

Ajrab tilsimlarga tugal yetasan.

Meni izlab oltin, olmos yurtingdan,

Bir kun darvesh bo‘lib chiqib ketasan!

 

 

           SENI KUTGANIMDA

Seni kutish – ko‘nish, yashamay turish –

Daqiqalar cheksiz koinot qadar.

Nafas olmay turar tegramda turmush,

Vaqtning oyog‘i shol, quloqlari kar.

 

Soatga aylanib qolar yuragim,

Jim-jit, go‘yo jonsiz to‘xtab qoladi.

Nahot bu bozorda yo‘qdir keragim,

Bemor yuragimni kim ham oladi?

 

Bu holatda qolmoq – o‘lim, halokat,

Seni kutmaslikka ahd qildim butkul.

O‘chim senga aytmoq qanchalik rohat,

O‘ylasam yuragim hapqirar nuqul!

 

Ha, tamom, kutmayman, o‘ylamayman ham,

Xayolim fazodan yig‘ib olaman.

Sho‘xchan qo‘shiqlarim kuylamayman ham,

Mahzun kuylardan ham bezib tolaman.

 

Gullarning jilosi, iforiga ham

Sovuqman, befarqman, go‘yoki karaxt.

Bulbulning navosi bemazmun, besha’n,

Kutganimdek qalbim to‘ldirmadi baxt.

 

Vaqtning tezkorligi sig‘magay ongga,

Aylanar tegramda yillar suroni.

Kunlarimni tunga, tunimni tongga

Ulamoq – zarrasi kabi bir onning.

 

Soat yurib ketdi, to‘xtadi yurak,

Seni kutmay qo‘ygan daqiqamdanoq.

Atrofimda guvlab charx urar falak,

Umrim mazmuniga yetolmas biroq…

 

Muhabbatim mening, baxtimdan darak,

Seni yana kutgum, o‘zing ber najot!

Soat to‘xtab, ura boshladi yurak,

Seni kutish – yonish, yashash va hayot!

 

 

                      * * *

Tobora chuqurroq yurak yarasi,

Tobora teranroq sog‘inch va alam.

Muhabbat, nafratning qancha orasi,

Ularga bormikan bir odil hakam?

 

Gohida uchaman o‘z-o‘zimdan shod,

Ag‘darilar gohi ichimda nedir.

Ko‘z o‘ngimda dunyo bo‘ladi barbod,

Ko‘z o‘ngimda dunyo quyoshga tengdir.

 

Umrimdan bir mazmun izlayman yonib,

Kunlardan hayotim qurib olaman.

Taqdirdan qochib yo bo‘lgaymi tonib –

Tonglarda aksingni ko‘rib qolaman.

 

Xayoling dunyomni oladi bosib,

Jang-jadal, qirg‘insiz, shovqin-suronsiz.

Shuurimni dorga qo‘yasan osib,

Sog‘inch lashkarlaring dilsiz, omonsiz.

 

Sog‘inching tobora ayladi mahkum,

Sog‘inching tobora ayladi ado.

Nahot yolg‘izlikka qilasan hukm,

Bilginki , yolg‘izning yoridir Xudo!…

 

Munavvara QURBONBOYEVA

 

 “Yoshlik”2012/11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.