Bulut kabi to‘zg‘iydi ruhim

0
65
marta ko‘rilgan.

Xayol iskanjasida

 

Birin quvsam, birin avrasam,

Paydo bo‘lar yana boshqasi.

Qay birida ichgayman qasam,

Biri tanish – otning qashqasi.

 

Bulut kabi to‘zg‘iydi ruhim,

Ham ayrilib qolganman hushdan.

Ozod so‘zlar diydori uchun,

Qaytgaydirman bog‘i behishtdan.

 

Tog‘ boshida qorday erirman,

Sayr etarman nazmiy yelkanda.

Qoq tunlari boshim o‘rnida

Xayol o‘sib chiqar yelkamdan.

 

 

 

* * *

Xayol ko‘zgusiga darz ketar bir dam,

Yaqinlashib kelar har neki yiroq.

Bir-biriga ishqab chaqmoqtoshini

Yuragimni yoqar momoqaldiroq.

 

Bulutlar lashkarin quvmoqlik uchun,

Bahor qamchi bosar uchqur otiga.

Netay, quloq tutgim keladi mening

Yig‘loqi yomg‘irlar munojotiga.

 

 

 

* * *

Tandirida non yopyaptimi,

Sigirini sog‘yaptimi yo.

Parvo qilmas qo‘ng‘iroqlarga

Tashvishlarga ko‘milgan ayol.

 

Xayolida yaqinlar yodi,

Yopgan nonin taftidek qaynoq.

Sutdek halol bilib dunyoni,

Dasturxonga tortadi qaymoq.

 

Kuzatarkan taraddud bilan,

Farzandlarin sevgan ishiga.

Manfaatin o‘ylash o‘zining

Yetti uxlab kirmas tushiga.

 

Anglar mehr ko‘rsatsa dildan,

Yuraklardan g‘am arishini.

U biladi shu mehr bilan

Odamzodni qutqarishini.

 

 

 

 

* * *

Barglarni uchirgan shamollar telba,

Bog‘larni kuydirar olov nafasi.

Oltin sirg‘asini o‘g‘irlatgan kuz

O‘, sen xazonlarning muqaddas fasli.

 

Yomg‘irlar suhbatin tinglar sukunat,

Daraxtlar cho‘kkalab o‘ylaydi betin.

Bunchalar o‘jarsan, Osmon, yaxshiyam –

Yurak injiqligin ko‘taradi tun.

 

Tonggacha fursat bor o‘ylamoqlikka,

Biror ilinj bordir balki tushlarda.

Tag‘in xayollarim tusharlar yo‘lga,

Tongda parvozga shay turgan qushlarday.

 

 

* * *

Uzunoyoq yo‘llar pisandmas devdim,

Qani, shu yo‘llarda sargardon bo‘lsam.

Ota, dalangiz ham odam ko‘nglini

Odamdan ortiqroq olarkan, bilsam.

 

Bunda borliqning-da uyqusi uyg‘oq,

Bir-birini ko‘rmas bedor kipriklar.

Ko‘z ko‘zga tushganda har uyg‘onguvchi

Mehr ko‘ngillarni bog‘lar ko‘priklar.

 

Halol luqma bilan qotgan har gavda,

Kesaklarni sizlab silagan qo‘llar.

Ingichka egatlar bor bo‘yigacha

Chizilgan chiziqdan chiqmagan yo‘llar.

 

Dardin bo‘lishganda ta’nasi yo‘q hech,

Bug‘doyi ustiga yopar to‘nini.

Buncha oqibatli bo‘lmasa bular,

Mehr bilan tuproq og‘a-inimi?!

 

Oy bilan yo‘lma-yo‘l kelib dalaga,

O‘ngida shirin tush ko‘rganin aytar.

Qorong‘ulik mutloq hokim pallada,

Ortga qaray-qaray iziga qaytar.

 

Uzunoyoq yo‘llar pisandmas devdim,

Qani, shu yo‘llarda sargardon bo‘lsam.

Ota, dalangiz ham odam ko‘nglini

Odamdan ortiqroq olarkan, bilsam.

 

 

Nilufar UMAROVA

 1972 yili tug‘ilgan.

Qarshi davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Ko‘ngil rozlari”, “Duogo‘y yomg‘ir”, “Xayol ko‘zlari” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.