Dasht tilida sayrarman

0
179
marta ko‘rilgan.

SO‘ZLIK VA O‘ZLIK

 Ne kushoyish, ajrim-a,

Qila ko‘rma tarjima.

Shul jaydari labzida,

Uzmoq niyat qarzima.

 

Soddaga yovuq so‘zim,

Mengzama yodga sira.

Tilimga tilar to‘zim,

Chanqovuz-u do‘mbira.

 

Chindan fe’lim sahroyi,

Dasht tilida sayrarman.

Ko‘nglimdagi xirgoyi –

Gasht tilida so‘ylarman.

 

Aytimda bordek najot,

Tiyilmaydi ovozim.

Bo‘g‘zimdan yozar qanot

Qancha uchirma g‘ozim.

 

Tustovug‘-u qirg‘ovul,

To‘rg‘aylarning tili – bu.

Jing‘il, qamish saksovul,

Yantoqlar shiviri – bu.

 

Ko‘lvar saqlagan chilla,

Yumronqoziq nafasi.

Har tomchi suv bir tillo –

Sardobalarning sasi.

 

Yuz yilda bir sel kelar,

Sangnoqlar suroni – bu,

Turk otadan el kelar

Urpoqlar zaboni – bu.

 

Meros qoldirgan Shiroq

G‘oliblik maqomi – bu,

Peshonaga yaltiroq

Haq chekkan raqami – bu.

 

So‘zligimdan, so‘zimdan

O‘lanlarda tirri jon,

O‘zligimdan o‘zimdan

Ko‘rmadim-ay, irri jon!

 

DO‘MBIRAM

 

Qo‘lda sozim – do‘mbira,

Dilda rozim – do‘mbira,

Kuylaganda baxtimdan

Jo‘r ovozim – do‘mbira.

 

Erkim qo‘shiq-kuy bo‘lsin,

Orzu-havas, o‘y bo‘lsin,

Ozod, obod yurtimning,

Ko‘rgan kuni to‘y bo‘lsin!

 

Do‘mbir-do‘mbir, do‘mbiram,

Kuyla-kuyla, do‘mbiram,

Quchog‘imni to‘ldirib-a,

Yayra-yayra, do‘mbiram.

 

Tolmas chertib bilagim,

Tinch-totuvlik tilagim,

Yurt madhini kuylasam,

Jo‘sh uradi yuragim.

 

Haq qarashar elimga,

Baxt yarashar elimga,

Farzandlariga meros –

Taxt yarashar elimga.

 

G‘animlarga bas kelgan,

So‘zi doim rost kelgan,

Or-nomusdan so‘ylarsan,

Botirlarga xos kelgan.

 

SINOV

 

Dilni tilga bog‘ladim,

Qasd birla ardoqladim.

Xush manzilni chog‘ladim,

G‘am sori ko‘chmas, deya.

 

Ko‘ksimga otashi cho‘g‘,

O‘ksinmay iloji yo‘q.

Shunda hamki, ko‘ngli to‘q,

Dard-tugun yechmas, deya.

 

Choradin chora tilak,

Mayli, chok chora tilak,

Ming bir ovvora tilak,

Ishqidan kechmas, deya.

 

Rostdin-rost so‘z qalamga,

Do‘st tutinib alamga,

Bosdimki, toshga tamg‘a,

Muhrini o‘chmas, deya.

 

Suvga dam urar bo‘ldim,

Qumga dam urar bo‘ldim,

Bosh qattiqmi, tosh qattiq:

Bir sinab ko‘rar bo‘ldim.

 

OT KELAR

 

Qo‘rg‘onchani oralab,

Ot keladi, qaranglar!

Kimning uyin qoralab,

Yot keladi, qaranglar.

 

Qirq tuyaga yuk bo‘lgan,

Bo‘g‘chasida nima bor?

Menga beshkarti qizning

Ko‘chasida nima bor?!

 

To‘xtamasin aytinglar,

Qolmasinlar yo‘lidan!

So‘rmasin suyganimning

Suv ichay, deb qo‘lidan.

 

Elim to‘qson ikki bov

Turk deganning sarasi.

Iskandarga bas kelgan –

Ko‘k Bo‘rining bolasi.

 

Qovog‘in uydi, denglar,

Chorig‘in kiydi, denglar

Kim ari uyasiga

Bemahal tiydi, denglar?!

 

Begonaga qiz bermas

Bu elda azal-azal.

Kerak bo‘lsa, tul bermas,

Otdan tush-a, ishing hal!

 

Qo‘rg‘onchani oralab,

Ot keladi, qaranglar!

Kimning uyin qoralab

Yot keladi, qaranglar.

 

 

DUNYO

Dunyo… dunyo… kunmisan

Erta chiqib, kech botar?

Osmondagi Oymisan

Ertak aytib tong otar?

Shamol-shamol, sovurding –

Qaytarib ber vaqtimni.

Bolaligim – poshsholik,

Degan toj-u taxtimni…

Aylanasan, diyirman,

Aylantirgan suv qayda?

Menginaning boshini

Aylantirgan quv qayda?

Tulporining joliga

Kokil qo‘shib o‘rganman.

So‘g‘ishga ketar chog‘i

Oqir marta ko‘rganman.

Dunyo, qora qat bo‘lib

Chachlarimdi juldirding.

Bolalarim qitiqlab

Meni qo‘shib kuldirding.

Dunyo, qora tovmisan,

Unda nega boshing oq?

Tilim-tilim kesilgan

Ko‘kayimga chega qoq!

Dunyo, sahro-cho‘lmisan

Bir qultimga zor qig‘an?

Qudug‘ining suvini

Ko‘z yoshlarim sho‘r qig‘an.

Eslab esim ketmasdan

Rizolik ber, o‘lim bor,

Seni jomon deganding

Jog‘asida qo‘lim bor!

 

Hayot SHODMON

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.