Orif To‘xtash: Men qadrimni topganman, O‘zbeklar o‘lkasida…

0
456
марта кўрилган.

Sichqonning bolasiga nasihati

 

– Men seni boqolmayman,

O‘zing yasha kemirib.

Lek nafsingni ozroq tiy,

Ketma uncha semirib.

 

Oqibat qorning shishib,

Sig‘may qolsang teshikka.

Yem bo‘lasan, qolasan,

Uying kuygur mushukka!

 

 

 

K  e  t  m  o  n

 

– Men qadrimni topganman,

O‘zbeklar o‘lkasida.

Chunki olib yurishar

Hamisha yelkasida.

 

Mehr-la  yer chopaman,

Tushsam qadoq qo‘llarga.

Dehqon zahmati ila

Hayot kirar cho‘llarga.

 

Ammo bir kam dunyoda

Yurak nedir tusaydi:

Qabarmagan qo‘llar ham

Meni bir bor tutsaydi!              

Itning bolasiga nasihati

 

– Bolajonim, kundan-kun

Erka bo‘lib boryapsan.

Senga tushunmay qoldim,

Kimdan o‘rnak olyapsan?

 

Bu odatni tashlagin,

Sen shu bugundan buyon.

It bo‘lsang xonadonga –

Keltirma aslo ziyon.

 

Yoki or qilyapsanmi

Uyni qo‘rib turishga?

Odamlar it saqlamas,

Faqat hurib turishga.

 

Shuning uchun Qoravoy,

Erkalikni yig‘ishtir.

Bilsang, uy qorovullik –

Bizga oid yumushdir.

 

Xizmating evaziga,

Halol yesang oshingni.

Biqiningga tepmasdan,

Silab qo‘yar boshingni!

 

 

 

D e r a z a

 

– Endi aytmasam bo‘lmas,

Oshib ketdi hasratim.

Hanuzgacha shu so‘zni

Hiqildoqda asradim.

 

Oshnaginam deyinmi,

Yoki deymi birodar?!

Siz ko‘chada tepgan to‘p –

Yuragim zirqiratar.

 

Bitta iltimosim bor,

Nasihat, deb o‘ylamang.

Muddaoyim shu faqat

Yo‘lda koptok o‘ynamang!

 

Unasangiz bo‘ldi, bas,

Boshqa hech so‘z demasman.

Kechirasiz… men raqib –

Darvozasi emasman!                                                                                

 

 

Mixning  bolg‘aga 

yozgani

 

– Men seni do‘st deb yursam,

Nomard ekansan bolg‘a!

Boshimdan uraverib,

Keltirding qanday holga?

 

Umidlarim ko‘p edi,

Barini to‘kib ketding.

Mador bo‘lish o‘rniga,

Belimni bukib ketding.

 

O‘ylab ko‘rsam, vazifang

Birgina “to‘q-to‘q“ ekan.

Do‘stman, deganing bilan

Oqibating yo‘q ekan.

                                                               

Endi mening hayotim

Barbod bo‘lgani tayin.

Shu holdan kelib chiqib,

Senga bir so‘z aytayin.

                                               

Nasihatmas, bu – niyat:

Doim ishi olg‘a bo‘l!

Har zarbda ham do‘st boshin

O‘pib qaytgan bolg‘a bo‘l.

                                                               

Xo‘rozning

chuvalchangga 

yozgani

 

                                                               

– Mening arzimni eshit,

Go‘ng titishga yo‘q mazam.

Yer chopilgan kezlarda

Chiqib qolasan baʼzan.

 

Boshqa vaqtlar chiqmaysan

Sira yerning yuziga.

Loy kechamiz kunma-kun,

Rahming kelsin-da bizga.

 

Jo‘jalar nima yeydi,

Ko‘klam ham keldi sovuq?!

– Ota bo‘lsang oziq top! –

Deb janjal qilar tovuq.

 

Men nima ham qilayin,

Hech ish kelmas qo‘limdan.

Muhimi, asrash kerak

Jo‘jalarni o‘limdan!

 

Egam bo‘lmish faqirning

Tugaganmish doni  ham.

O‘zi kasalxonada,

Emishmi-yey “qoni kam”?..

                                                               

Xullas, shunaqa gaplar,

Kayfiyatim yo‘q biroz.

Seni sog‘inib, xatni

Yerga ko‘mguvchi – xo‘roz.

 

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.