Qalbda tanish hislar uyg‘ondi

0
155
marta ko‘rilgan.

Kuz va bahor oralig‘ida

 

Yurak ishqdan tag‘in quvondi,

Kuygan edi avval dog‘ida.

Qalbda tanish hislar uyg‘ondi

Kuz va bahor oralig‘ida.

 

Shabbodalar behadik yeldi,

O‘zni toblab oftob tig‘ida.

Oq orzular qopladi yerni

Kuz va bahor oralig‘ida.

 

Zulmat yodi uyg‘onmas, karaxt,

Oymomoning pora dilida…

Kurtak otdi barg to‘kkan daraxt

Kuz va bahor oralig‘ida.

 

Armon o‘zin oshkor etgandi

Xotiralar qorachig‘ida.

Qalbda qorlar erib ketgandi

Kuz va bahor oralig‘ida.

 

Sog‘inch ezar ma’yus ko‘ngilni,

Qo‘shiq boshlab qushlar tilida.

Ko‘rganmisiz gullagan gulni

Kuz va bahor oralig‘ida?..

 

 

Uchrashuv

 

Etagin qoqqanda yovvoyi shamol,

Mayin shitirlaydi kamgap yaproqlar.

Yuragi zardobga to‘lib bemajol,

Hayot qo‘shig‘ini kuylaydi bog‘lar.

 

Olisdan yelganda hammol sabolar,

Rayhonning atrini eltar dimoqqa.

Nafasin ichiga yutgan havolar

Boshin egib ketar yiroq-yiroqqa.

 

Bosh ustimda mahzun jilmayganda kuz,

Savobday ulg‘ayar sarg‘ish gunohim.

Mening yuragimda yashaydi hanuz

Shamol – senga yetib bormagan ohim…

 

 

* * *

Shamol daraxtlarning yaprog‘in silar,

Chayqaladi shoxlar o‘ngu so‘l tomon.

Quyosh nuri tekkan barglar qaltirar,

Osmon jismi ichra jimirlaydi jon.

 

Chaqmoqlar qamchilar bulut galasin,

Qarog‘idan yerga to‘kilar ko‘zyosh.

Junbushga kelolmay mudragan, hazin

Ko‘lmaklar yoshini aritar quyosh.

 

Ko‘k uzra saf tortar turnalar qator,

O‘sma tortgan qizning qoshiday yoli.

Quyosh ham cho‘kadi pastga beqaror,

Qizaradi ufq tandir misoli.

 

Sut emgan go‘dakdek to‘yinar dala,

Shodon chug‘urlashar nag‘magar qushlar.

Allalaydi oqshom kun botgan palla,

Yer uyquda ko‘rar samoviy tushlar…

 

 

Ishq haqida yozmay qo‘yganman

 

Sovuq kundan bahor so‘ramang,

Qaro tundan nahor so‘ramang,

Ko‘ngil so‘rang, ash’or so‘ramang,

Ishq haqida yozmay qo‘yganman.

 

Dilda ne bor, to‘kay borini,

Tinglang qalbim ohu zorini,

Yozayin deb dil xumorini,

Ishq haqida yozmay qo‘yganman.

 

Subhidamdan saboni so‘rang,

Shamollardan sadoni so‘rang,

Gunohlardan jazoni so‘rang,

Ishq haqida yozmay qo‘yganman.

 

Ayriliqqa ko‘nmagay ko‘ngil,

Biryon edim zulmidan – bedil,

Yurak sindi hajrida chil-chil,

Ishq haqida yozmay qo‘yganman.

 

Yuragimni o‘yganman ezib,

So‘ng qog‘ozga qo‘yganman yozib.

Sevishimni qolmang deb sezib,

Ishq haqida yozmay qo‘yganman.

 

 

Sadoqat

 

Sadoqat – quvonchdir!

Titragan dil, lab,

Mehr-muhabbatga erishmoq, visol.

Sadoqat shundayki, milliard yillab

Qorni quchib turgan cho‘qqilar misol.

 

Sadoqat – ishonchdir!

Yo‘qlamas kinni,

Hayotning rang-barang nafasi, ta’mi.

Sadoqat shundayki, Ona zaminni

O‘rab avaylagan ozon qatlami.

 

Sadoqat – bahordir!

Gullar erta-kech,

Insonning beg‘ubor bolaligiday.

Sadoqat ko‘ngildan ayrilmaydi hech,

Et bilan tirnoqning oralig‘iday.

 

Sadoqat – Quyoshdir!

Samo gulxani,

Nuridan ungan yer tuprog‘i, toshi.

Sadoqat – go‘yoki to‘lgan oy kabi,

Tugab borayotgan yerning bardoshi…

 

 

Deraza va qiz

 

Deraza yonida qizaloq,

Ko‘ylagi shohidan, menimcha.

Sochlari zangori, qo‘ng‘iroq,

Belida belbog‘i tuguncha.

 

Deraza yonida qizaloq,

Oy nuri shu’lasi aksida.

Taralar yanada mayinroq,

Bu nurlar qizchaning yuziga.

 

Deraza yonida qizaloq,

Yo jajji farishta, yo oqqush.

Xushsurat, ko‘ngilga yaqinroq,

Ko‘rganim o‘ngmidi yoki tush?

 

Deraza yonida qizaloq,

Kimningdir qarog‘i, gavhari.

Menga ne ishq berding, ey Olloh,

Bu kimning eng buyuk asari?

 

Deraza yonida qizaloq…

 

 

Shavkat Jo‘rabek

1983 yili tug‘ilgan. “Ikkimizdan qolgan xotira”

kitobi chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.