Qaro sochlaringga yozdim oq she’rlar…

2
1877
marta ko‘rilgan.

* * *

Kabutar patiday to‘zg‘oq xavotir,

shamolga sochilgan sog‘inch shivirlar.

Men seni unutdim – parishonxotir

qaro sochlaringga yozdim oq she’rlar.

 

Yo‘llarga sochilgan xotira – tariq,

qushlar uchib kelar ruhsiz, jismsiz.

Ona, ko‘zlaringda eng go‘zal tarix,

ko‘zyoshga aylangan dardlar ismsiz.

 

Ismsiz dardlarni o‘qir hijjalab

izimni sog‘ingan muqaddas tuproq.

Ona, dunyodagi barcha yo‘llar kam,

nechun yuzingdagi ajinlar ko‘proq?!

 

Axir, hech qayda yo‘q bundayin tasvir,

onajon, o‘g‘lingni kechirgin faqat!

Men-ku, ajinlaring chizgan musavvir,

sog‘inchdan sochingga yozib ketgan xat…

 

* * *

Uchrashuvga chiqqan qizlarday tannoz

entikib turishar nogahon baxtdan –

sap-sariq sochini qilgancha pardoz

tiyramoh kelganin bilgan daraxtlar.

 

Tiyramoh, titramoq, o‘n to‘rt kunlik moh

rangidan bag‘rimga sochilgan hislar.

Yuragimdan neni izladingiz, oh,

kiprigi sochini taragan qizlar?!

 

Tashbeh topay deya husningizga mos,

aslida kuz ham bir sabab-bahona.

Mana, qarshingizda yigirma besh yosh,

umrim yonib ketdi lovullab, mana!..

 

* * *

Ko‘zyoshga aylandim, og‘ir ko‘zyoshga,

titrasang to‘kilib ketaman, gulim.

Ufq kiprigida turgan quyoshday

menga ko‘zlaringdan joy ber, sevgilim!

 

Tikilsang to‘laman, so‘lsang so‘laman,

bargingda shabnamday titraydi dilim.

Yig‘lasang yig‘layman, kulsang kulaman,

ko‘zingga termilib o‘laman, gulim!

 

Umrim kiprigingda o‘tib borodur,

men g‘amga munosib, sen baxtga qayliq.

Ko‘zlaring suvaydo yanglig‘ qaro(dur),

mening baxtim qaro suvaydo yanglig‘.

 

Ko‘zlaring jomiga quyilgan sog‘inch,

ming yillik sharobday yoshing tiniq(dur).

Nechun kipriklaring pirpirar notinch?

Ko‘nglim ko‘zyosh kabi siniq-siniq(dur).

 

Xudo sening nozik qo‘llaring bilan

taqdir bitigimga yozdi ajib she’r.

Ko‘zyoshga aylanib, kipriklaringdan

oqib ketayapman, qo‘llaringni ber!!

 

* * *

Qo‘llarida anor ushlagan ayol,

anorni lab bilan tishlagan ayol.

Labiga qo‘shilib anorning qoni,

biznimas ko‘nglini xushlagan ayol.

Anor bo‘lsam edi uning qo‘lida,

kaftida yuragim siqilsa edi.

Qonimdan rang olgan alvon qo‘yniga

bir emas, ming jonim sitilsa edi.

Rozi ketarmidim shunda dunyodan

baxtli o‘lim topgan bir darvesh misol.

Butla deb yolborib tursa Xudoga –

etim qobirg‘amdan yaralgan ayol.

 

Metroda uxlab ketayotgan yolg‘iz ayolga

 

Kelgindi, darbadar xayol yurinar,

sochlaring bir go‘zal yotar uyqashib.

Uyg‘onsang, bilmadim, qanday ko‘rinar,

naqadar chiroyli sening uxlashing.

 

Vahshiy na’ra tortib uchadi poyezd,

bo‘g‘ziga dod-faryod tiqilgan, go‘yo.

Ammo barchasiga qo‘l siltab qo‘yib,

mening yonginamda uxlar bir dunyo.

 

Hamma o‘zi bilan ovvora o‘zi,

kim qahqaha otar, kim esa tushkun.

Qalbim, sen uxlama, uyg‘oq bo‘l, ko‘zim,

shu go‘zal ayolni qo‘riqlash uchun.

 

Nafis kiprigida shabnam mudraydi,

to‘lgan-u, to‘kilmay turganday ko‘zyosh.

Hozir tashqarida osmon uxlaydi,

erostiga kirib ketganday quyosh.

 

Ammo na’ra tortib ucharkan poyezd,

qalbim tahlikadan titraydi, go‘yo

dunyoni uyg‘otib yuborar hozir,

uyg‘onma, uyg‘onma, uyg‘onma, dunyo!!!

 

* * *

Yomg‘ir va qor yog‘ar bitta-bittalab,

ko‘z yog‘ar, qosh yog‘ar, bitta-bitta lab.

 

Yana yog‘a boshlar seni o‘ylasam,

bitta-bitta yurak, bitta-bitta qalb.

 

Sensiz maydalandim ming bir bo‘lakka,

ko‘zimdan yosh yog‘ar bitta-bittalab.

 

Har bir bo‘lagimdan tikladim seni,

xotirga tosh yog‘ar bitta-bittalab.

 

Asta qo‘yar eding yelkamga sen bosh,

elkamga bosh yog‘ar bitta-bittalab.

 

Yomg‘ir va qor yog‘ar bitta-bittalab,

qo‘l yog‘ar, soch yog‘ar, bitta-bitta lab…

 

Nasrullo

 

1988 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

2 Mulohaza

  1. Sherlariz judayam mazmunli va yurakka juda yaqinakan, agar boshqa sherlarizdanam bahramand bolsam hursan bolardim

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.