Bir tirnoqning izidan…

0
88
марта кўрилган.

1

Yo‘l ko‘rindi Termiz tomonlarda. “Hayyo-huyt” deb safarga otlandim – ko‘rganlarim bir olam taassurot bo‘ldi, ko‘rmaganlarim ham. Xalqaro baxshichilik festivali baxshi degan qavm­ning qaddini bir rostladi, tik bo‘ldi, lekin festival ham maqtasa maqtagudek bo‘ldi. Men bir tog‘ ko‘rmagan, tirik baxshini tinglab ulg‘aymagan odam uchun festivalga borish imkoni qandaydir yorug‘lik bo‘lib ko‘rindi, haq rost, bir dostonni oxirigacha eshitmay, xalqning rosmana xazinasini bilmay yuravergan ekanman, pushmon yedim, o‘zimga “shunday yurtda Alpomish va Barchinoy haqida kitobdan o‘qib odam bo‘psan, uyalmay o‘l”, dedim. Alqissa, festivalning dovrug‘i doston bo‘ldi, borganning boshi osmon bo‘ldi. Barini bir boshdan aytayin, gapimga yolg‘on oralasa, bu yo‘ldan qaytayin. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, aytaring ko‘p, so‘yla, gapim kam dema, deb edi burungilar…

 

2

Dostonlar millatning ruhini tarbiyalaydi, baxshilar shu sababdan ham ulug‘ insonlar. Xal­qaro baxshichilik san’ati festivali birinchi marta bejiz Termiz shahrida tashkil etilmadi. Shunday anjumanni o‘tkazishga Alpomish diyoridan boshqa munosib joy bormi, yaxshilar?

Prezident Shavkat Mirziyoyev baxshi­chilik san’atini milliy madaniyatning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerakligini ta’kidladi. Yurtboshi “Baxshilar nafaqat xalq o‘tmishi­ning aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir” deb turganida o‘z san’atimizning qadriga o‘zimiz yetishimiz kerakligini fahmlay boshlaymiz.

Zap ish bo‘lgani aniq, yaxshi an’anaga tamal toshi qo‘yildi: baxshilar festivali endi har ikki yilda bir marta an’anaviy tarzda o‘tkaziladi.

Termizga borgan kunim “Surxon yoshlari” gazetasining bosh muharriri Isroil Shomirov bilan festivalni qanday qilib olamga yoyish haqida mubohasa qildik. Ikkimizga ham tushgan mas’uliyat shu.

– Jurnalistlarning harakati yomon emas, lekin ko‘ngil to‘lmayapti-da. Men boshqa narsa o‘ylab edim – o‘xshamayapti, – deydi Isroil aka.

– Ayting, o‘xshatamiz, – deyman men.

– “Falon yerda festivalga bag‘ishlab falon narsa bo‘ldi” degan axborotdan boshqaga o‘tishmayapti bular. Baxshichilikning ruhini ochib beradigan materiallar yozilmayapti, – deb Isroil aka nimadir esiga tushganday, “menda bir zo‘r narsa bor” deb telefonini chuqalay boshladi.

Isroil aka uzoq yillardan beri surxon baxshilarining aytimla­rini yozib olib yig‘ib yurar ekan. Yozib olingan termalarda kitobiylik yo‘q, baxshining og‘zidan qanday chiqqan bo‘lsa, qog‘ozga shunday tushirilgan. Ulardagi ruh odamga kimligini anglatadi, doston eshitmay ulg‘ayganingdan afsus tuyasan. Isroil aka haq edi, biz odamlarga shuni anglatishimiz kerak.

 

3

Baxshilarni izlayman, gurunglashgim keladi, so‘z bilan adog‘iga yetib bo‘lmaydigan gurunglar. Festivaldan bir kun oldin baxshilar yig‘ildi. Ajab tomosha bo‘ldi. Shoberdi baxshi so‘z olib, davrani bir qalqitsa, Abdunazar baxshi aytimning davomidan ilib ketadi, davra yana bir qalqiydi. Keyin bu qa­torga yosh baxshilar qo‘shiladi.

Alqissa, Shoberdi baxshi aytadi: “Asta qarang-da, Qultoy chol, Yoydi borib-a ushladi, Shartillatib-a yoydi tortdi, Yoylarding o‘qi-yay, qarang-a, Izillab chambarga ketdi, Ultontozning ko‘kragidan, Qarang-a, teshib-ay o‘tdi”.

Do‘mbira chertiladi, yurakni tub-tubigacha yetib boruvchi bir zarbda chertiladi. Ting­lovchining ruhini qo‘zg‘ay beradi har chertki. Abdunazar baxshi davom qiladi: “Do‘mbiram, so‘yla tor bilan, qushlar uchadi por bilan, Baland tog‘lar chiroyli, boshida o‘pqor qor bilan, Hazillashmang zo‘r bilan, ko‘tarib urar jer bilan, Ikki og‘iz terma aytayin qo‘limda qo‘sha tor bilan”.

Qora baxshi tinch turarmidi, qo‘ymaydi, “Nurali” dostonidan bir parcha aytayin deb turgan joyi:

“…Ho‘, alqissa, Nurali Sayribog‘da Ahmad Sardorning qizi Guloyimga duch kep qoldi. Qizlarning sarasini Guloyim der edi, bilganlar uchasini muloyim der edi, o‘zi o‘lguday duzzi edi, Ahmad Sardorning to‘rtinchi qizi edi, yoshi yigirmadan o‘tgan edi, teng-to‘shlari turmushga chiqib ketgan edi. Bo‘yi-basti kelishgan edi, o‘ziyam rosa to‘lishgan edi. Yuzini ko‘rmagan yigitlar men olayin, deb ustida o‘lishgan edi. O‘zi oqqiz edi. Chaynagani saqqich edi, ko‘zlari ko‘k qiz edi. Beti cho‘tir edi, nonparlagan patir edi, buning ustiga qayeridir qo‘tir edi. O‘zi shoshib yurar edi, qo‘tiri shu yerda bo‘lsa kerak – bir joyini qashib yurar edi. Sochi taqimidan oshar edi, zulpagi ko‘kragiga tushar edi…”

Shoberdi baxshi davra to‘rini olib yana so‘z boshlaydi. Ko‘p narsalarni gapiradi, lekin bir gapi qulog‘imda qolib ketdi: “Ahli surxon, qara, bir tirnoqning izidan Termizga shuncha mehmon keldi…”

 

4

Ittifoqo, festival kunlari Ismoil­xon baxshi bilan suhbatlashdim. Bir davrada Ismoilxon baxshi to‘rt qator she’r o‘qiydi:

Otang bo‘lsa, tog‘ ekan,
Onang bo‘lsa, bog‘ ekan.
Otasi yo‘q, onasi yo‘q,
Yuragida dog‘ ekan.

Shu she’rni eshitib rahmatli Abdulla Oripov yig‘lab yuborgan ekan.

“Baxshichilik tirikchilik manbasi, daromad topish usuli emas. O‘zim suvchi – mirobman. Yoshligimda otamning do‘mbira chertib, dostonlardan parcha aytib berishiga ishti­yoqmand bo‘lib, men ham qo‘limga do‘mbirani olganman. Nega xalq og‘zaki ijodi namunasi – baxshilar aytib berayotgan dostonlar davrlar o‘tsa-da, jamiyatda o‘z o‘rnini yo‘qotmayapti? Gap shundaki, u har bir davrda insoniy fazilatlar, iymon va e’tiqoddan so‘z ochadi, shunga targ‘ib qiladi. Eshituvchi nohaqliklardan jirkanib, yorug‘likka intilishi lozim”, – deydi Ismoilxon baxshi Anvarov.

Baxshida dardni his qilish iqtidori borligi, iqtidorki tug‘ma…

Festivalda dunyo baxshilari o‘z xalqining dostonlarini mahorat bilan kuyladi. O‘tirganlar sel bo‘ldi, ich-etini yer bo‘ldi.

 

5

Festival boshlangach, kunning ikkinchi yarmida mahalliy baxshilarning tanlovini borib ko‘raman – doston aytimiga mahliyo bo‘laman, g‘ujurim qo‘zg‘aydi. Baxshilar hakamlar aytgan dostondan so‘ralgan parchani aytisharkan, so‘z bilan do‘mbiradan taralgan ohangning birikuvi yomg‘irdan qochib uyga kirgan bolakayday odam­ning ruhiyatiga kirib oladi. O‘zimiznikini eshitib bo‘lib asosiy sahnaga qarab yuramiz. Bu yerda endi dunyo dostonchiligi bizni maftun etadi. Afg‘onistonlik baxshi Arna baxshi (Shervan Arna Juma) “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonining afg‘oncha talqinini ijro etdi – bu ijro ikki qardosh xalqning bir-biriga mushtarak ruhiyatini namoyon qildi. Erondan kelgan baxshilar Ali Rizo Sulaymoni u bilan Hamid Sulaymon uning chiqishi ham o‘zgacha, Eron dostonchiligi bilan dunyo baxshilarini boxabar qildi ular. Kuy va qo‘shiq millat tanlamaydi, deganlari rost-da! Koreyadan tashrif buyurgan “Hanmyra Art” guruhi ham, Ozarbayjondan kelgan “Oshiqlar” dueti ham, serbiyalik Zoran Samardzich-u mongoliyalik Avermed Baldandorj ham o‘z xalqining qadim xalq og‘zaki ijodi namunalarini ijro etarkan, aytilajak qo‘shiqlar qalbga oson joylashadi, xuddi “Alpo­mish”-u “Go‘ro‘g‘li”ni tinglagandek huzur qiladi kishi. Oxirida esa baxshichilik san’atiga oshiq ko‘ngillarni titratgan baxshilar tanlov g‘olibligini uloqni ayirib olgan chavandozlardek bo‘lib olishdi. Uloq qozoq oqini Uljan Baybo‘sinovada ketdi, turkman bax­shisi Kervan Yovbasarov, o‘zbek baxshisi Abdunazar Poyonov, rossiyalik Ilgam Baybuldinov, ozarlar­ning “Oshiqlar” dueti, qoraqalpoq jirovi Gulnara Allamberganova ham uloqdan bebahra bo‘lmadi. Hech kim xafa bo‘lmadi, g‘oliblar bisyor bo‘ldi, mukofotlar ham.

 

6

Ho‘, alqissa, festival-ku soz bo‘ldi, lekin ko‘nglimda paydo bo‘ldi xavotirlar. Baxshilar ko‘p, lekin doston bilishmaydi, baxshilar ko‘p, badiha qilishga iqtidori kam. Qadim baxshichilik­ning formasi qolgani hech kimga sir emas, ko‘za bor – may yo‘q, nay bor – nafas yo‘q.

Arra deb atalmish zikri baxshilarning may tomon yo‘lak ochadigan texnosi, ehtimol. Gohida kimlardir ruhiy iztirob chekkanda, beixtiyor tomog‘idan arralaganini sezish mumkin, qonda bor, lekin odamning o‘zi sezmaydi.

Vaqt o‘tdi, baxshilar ham tuzumlarni alqagan bo‘lishdi, formasi tubanlashdi. Qadim dostonlarni yoddan, shunchaki, dasturlanganday aytib boshlashdi, zotan, baxshi­chilik avvalgi nufuzidan ancha uzoqlashgan, hozirgi baxshilar qadim baxshilarning so­yalari, xolos degan o‘y odam xayolida kuchli o‘rnashib qolgan.

Lekin festival an’anaga aylanadi, shunda tarqab ketadi bu xavotirlar.

Aytarlarim ko‘p edi, taassurotlarim mo‘l edi – nima qilay eng zo‘r baxshi og‘zimga tuf­lasa bo‘larkan, so‘zga chechan bo‘larmidim. Xalqda ixlos bor-ku shunday.

Abdunabi akaning gaplari bilan so‘zimni tugal qilsam, “Hay, yoray-y-y, sayragan tilla­ringdan aylaniblar ketay, do‘mbira! Voy, yo­­­ray-y-y, mo‘jizakor barmoqlaringdan o‘rgilib­lar ketay, baxshi!..”

Xurshid Abdurashid,

Oliy adabiyot kursi magistranti

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.