Dillarni, ellarni bog‘la, SHE’RIYAT!

0
291
marta ko‘rilgan.

Ko‘ngil da’vati, hayqirig‘i bo‘lgan she’rning hayajoni vujudga titroq soladi. She’r shoirning o‘z ko‘ngliga safaridan bunyod bo‘ladi. Shu bois u millat tanlamaydi, hadlar osha dillardan qo‘nim topaveradi.

O‘qiyveraman, goh harflarga to‘qishib, goh tushunib, goh tushunmay… Axir, qardosh qozoq xalqi bilan tillarimizning negizi bir – turkiymiz. Yusuf Xos Hojib-u Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yassaviy-yu hazrat Navoiy, Abay, Cho‘lpon jilolantirgan turkiy tili…

…Samolyot ko‘tarildi. Tovoning yerdan uzilganda qalbda qutqu ildiz yoyadi. Uchoqda hamma o‘z xayoli bilan band. Safardoshlar yetti nafarmiz – Nodir Jonuzoq, Muhiddin Abdusamad, Nosir Jo‘rayev, Jo‘rabek Jahon, Bashorat Otajonova, Mehrinoz Abbosova va kamina. Zamonaviy uchoq ko‘p kuttirmay Olma-ota osmonidan pastladi. Turfa chiroqlar tunni kunduzdek nurafshon etib turibdi. Go‘yo ular­ning nuri ko‘ksimizga ham tushib turgandek dil ravshan tortadi…

Aeroportdan biroz hayallab chiqdik. Bir sandiq kitob qo‘shni mamlakat bojxona xodimlarida qiziqish uyg‘otdi. Maxsus xonada jomadonni ochib “ko‘z-ko‘zlagan” bo‘ldik. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan Abay Qo‘nanboy o‘g‘lining hayoti va ijodi aks etgan “Abay” kitobi, Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning o‘zbek tiliga tarjima qilingan to‘plami, O‘zbek-qozoq adabiyotiga bag‘ishlangan bir talay kitob va qo‘llanmalarni sovg‘a tariqasida olib borgandik. Sadag‘ang ketay, nazoratchilar ham bu tuhfalarni o‘zlari olgandek quvonib ketishdi.

Olma-ota ostonasida kutib olish marosimi ancha ko‘tarinki bo‘ldi. Muzdek qimiz va bo‘g‘irsoq yo‘l xavotirlarini zumda yoyib yubordi.

Shaharning Yoshlar siyosatini rivojlantirish davlat fondi qoshidagi “Adabiyot olami” markazi va “To‘lg‘a-do‘stlik” jamoat fondi rahbari, “Yuz o‘lan” kitobining tashabbuskori, shoir Muratxan Shoqan boshchiligida bir guruh ko‘ngildoshlar – shoir-u tadbirkorlar peshvoz chiqqani bizni cheksiz quvontirdi. (Olma-ota ko‘chalari, turfa shakl-u shamoyilda tavoze etib turgan daraxtlar, ravon yo‘llar nigohimizni yashnatar, mezbonlar bilan suhbatlar esa ming yillik qadrdondek jonlanib borardi).

 

* * *

Muratxan og‘a bilan qozoq xalqining zabardast shoiri Muqag‘ali Maqatayevning she’rlarini tarjima qilib ijtimoiy tarmoqlarga joylaganimda tanishgan edim. Keyin uning she’rlaridagi ruh qalbimga singib borayotganini his etdim. Isyon tuyg‘ulari, otashin izhorlari, ba’zan hayqiriqli, ba’zan ha­zin, dardchil chorlovi ravon satrlarga aylangani, muhimi, tushunganim, anglaganim – jonajon tilimga o‘girish ishtiyoqini paydo qildi. Turkum she’rla­rini tarjima qilib, “Yoshlik”da chop etdik.

O‘sha kezlardan qozoq adabiyotida yetishib chiqayotgan yangi avlodning o‘ziga xos ovozi bor ekanini ilg‘adim…

O‘tgan 2018-yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida adabiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha Memorandum imzolangan edi. Mazkur hamkorlik doirasida o‘zbek ijodkorlarining asarlarini qozoq tiliga tarjima qilish, Qozog‘istonda targ‘ib qilish, qardosh el adiblarining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu do‘stona aloqalar o‘ylarim, rejalarimga dalda bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yaqindan yordam berdi. Qozoq xalqining azamat yigiti Muratxan Shoqanga “Yuz she’r” loyihasini yo‘lga qo‘yish, yigirma nafar o‘zbek yosh shoirlarining yuzta she’rini qozoq tiliga tarjima qilish va qo‘shni mamlakatda to‘plam shaklida chop etish, taqdimotlarini o‘tkazish, shuningdek, qozoq yosh shoirlarining she’rlarini xuddi shunday kitob holida chop etish taklifini bildirdim. Qalbi yashnab ketdi: “Bovurim, o‘zbegim – o‘z og‘am! Bu ikki xalq do‘stligi uchun ko‘prik bo‘ladi, rizochilik bildiraman”…

Yozuvchilar uyushmasida bu kabi loyihalar ko‘plab amalga oshirilyapti. Xalqaro adabiy aloqalar keng yo‘lga qo‘yilib, ijodiy safarlar uyushtiril­moqda. Ayniqsa, bu borada qo‘shni mamlakatlar, xalqlar bilan uzviy hamkorlik tobora ildiz otayotir. Ushbu loyiha shovullab oqayotgan katta daryoga jilg‘a bo‘lib qo‘shildi.

Uyushma tavsiyasi bilan bugun faol ijod qilayotgan iqtidorli yigirma nafar yosh o‘zbek shoirlarining she’rlari Qozog‘istonga yuborildi. Muratxan og‘a bilan deyarli har kuni bog‘la­nib turdik. Kuz avvalida boshlangan tashabbus ko‘klamda hosil berdi. Qozoq xalqi bilan yomg‘irimiz, qorimiz, bahorimiz ham bir. Ijodiy safarimiz maysalar barq urgan, daraxtlarda ham yashillik ufurgan kunlarda kechayotgani she’r zavqiga to‘la qalblarni yana-da to‘lqinlantirdi…

* * *

Mehmonxonadan Qozog‘iston Milliy kutubxonasigacha bir hatlab o‘tgulik yo‘l ekan. Tong nafasi bilan ozoda ko‘chani yayov bosib o‘tdik.

Ulkan kutubxona kitobsevarlar bilan gavjum. Ruhiyatni tozartirish maskani katta muzeyni yodga soladi. Uchrashuv avvalida o‘zbek adiblarining Qozog‘istonda necha yillar avval chop etilgan asarlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdik. So‘ngra o‘zbek shoirlarining “Juz ulen” kitobining taqdimoti – tushov kestisi boshlandi. Samimiy ruhda kechgan anjumanda o‘zbek va qozoq adabiyotining tarixiy ildizlaridan bugungi kunga qadar bosib o‘tgan yo‘li, umuman, do‘stona munosabatlarda adabiyotning tutgan o‘rni, ikki mamlakatdagi adabiy jarayonlar, yangidan quloch yozayotgan adabiy hamkorlik borasida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi Bosh konsuli Abror Fathullayev, O‘zbekiston Yozuv­chilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Baurjan Jaqin, Abay davlat pedagogika universitetining professori Temurxon Tebegenov, atoqli qozoq shoiri Isroil Saparboy va boshqa bir qator adabiyotshunos olimlar, shoir-yozuvchilar hamdo‘stlik munosabatlari borasida fikr-mulohazalarini bayon etdi. O‘zbek shoirlarining she’rlari qozoq tilida jarang sochdi. Milliy kutubxona fondi uchun kitoblar hadya qilindi.

Tushdan keyin pedagogika universitetida nazm va navo kechasi chinakam bayramga aylandi. O‘zbek va qozoq tillarida she’r o‘qilib, do‘mbira va qo‘biz sozi yangradi. Soz bilan so‘z qalbning tub-tubiga singib, taassurotlarni ulkanlashtirdi. Ilmga tashna, qalbida kelajakka ishonch jo‘sh urib turgan qozoq yoshlari chehrasida zamonaviy Qozog‘istonning qiyofasini ko‘rasiz…

Kechgi gurunglar aytishuvga, she’r bazmiga aylanib ketdi. Amina Adayxan, Qurbangul Ag‘abek, Aqgul, Ulen Is’haq boshlab bergan qozoqcha she’rlarga hamrohlarimiz o‘zbekcha she’rlar bilan javob qaytardi. Baurjan Aytkarimovning do‘mbiradagi qozoqcha termalari kipriklarimizga yosh qalqitdi…

 

* * *

Keyingi kuni tongdanoq “To‘lg‘a-do‘stlik” jamoat fondi kengashi a’zolari Olma-otani o‘rab turgan Tyan-Shan tog‘lari sayohatiga taklif qildi. Aytgancha, aeroportda bizni qarshilagan tadbirkorlar ushbu jamoat fondi kengashining a’zolari ekan. Juda quvondim, turli soha va yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan 20 nafar ishbilarmon ezgu maqsadda birlashib, o‘z mablag‘laridan ulush ajratib, “To‘lg‘a-do‘stlik” jamoat fondini tashkil etibdi. To‘lg‘a – qozoq tilida buyuk degan ma’noni anglatar ekan. Demak, qozoq xalqining fidoyi va azamat yigitlari buyuk do‘stlikka bosh qo‘shibdi. Ular ijodda tetapoya etayogan yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish, to‘plamlari chop etilishiga, ijodini targ‘ib qilishiga ko‘maklashishdek ezgu ishga bosh qo‘shibdi.

Chimbuloq dam olish maskani quyuq archazorlardan boshlanar ekan. Tog‘ning haybati hayrat solib qalbga ko‘chadi. Favqulodda holatlarning oldini olish uchun ko‘chkilarga qo‘yilgan tirkagichlar ulkan metin zinalarni eslatadi. Serviqor cho‘qqilar yetib bo‘lmas manzildek olis ko‘rinadi. Beixtiyor, “Eh-he”, deb yuborasan!

Dam-badam ipga tirmashib chiqayotgan chumolidek oynaband qutilar qoyalar tomon ko‘tarilib boradi.

Sakkiz kishiga mo‘ljallangan shinam kanatda jonkuyar hamrohlarim, tadbirkorlar Armon Sarinov va Baxit Kidikovlar bilan suhbatlashib ketdik. Dunyoni, umrning mazmunini, xalqning roziligi, Vatanning baxtini anglagan insonlar ekan:

– Kasbkor (tadbirkor) pulni pulga urib daromad ko‘radi. Ehtiyojdan ortsa, xalqimiz uchun, davlatimiz uchun foyda keltiradigan ish qilishni niyat qilgandik, bugun shunga eri­shib turibmiz, – deydi Armon og‘a. – Hamma davlatmandning o‘z qiziqishi bor: kimdir chet elda villa quradi, kimdir sayohatga otlanadi, birov Marsga uchaman, deydi. Birov qimorga tikadi. Biz bo‘lsa, yurt ravnaqiga ravnaq qo‘shadigan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shishni maqsadimiz etib belgilab oldik. She’r tinglasa, odamning qalbi halovat topadi. Axir, hammaga ham she’r yozish qobiliyati in’om etilmagan. Shunday ekan, biz kabi tadbirkorlar adabiyot ahlini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak!

Bu samimiy so‘zlardan vujud titrab ketadi. Tadbirkor faqat daromad vajida yursa, shoir­ning she’rlari dilida, qoralama qog‘ozlarda qolib ketaversa, hech kim bilan hech kimning ishi bo‘lmasa, xalq ma’naviyati, adabiyoti taqdirini kim o‘ylaydi? Bir zum xayollarga chalg‘iyman… Bu sukunatni yosh qozoq shoirasi Aqgul Aydarbekning mayin ovozi parchalaydi. U baland tog‘larga boqib she’r o‘qiydi…

Har qo‘nim topgan manzilimiz zamonaviy infratuzilmaga ega, chet ellik sayyohlar bilan gavjum. Ikki bekatda ulovimizni almashtirib tog‘ning cho‘qqisiga chiqib bordik. Dengiz sathidan besh ming metr balandlik… Oppoq qor quyoshning zarrin nurida tovlanadi. Beixtiyor diling yashnab ketaveradi. Atrofga boqib hayqirging, dilingdagi borini sochib yuborging keladi…

 

* * *

Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasida tushdan so‘ng davra suhbati boshlandi.

Qo‘shni mamlakat Yozuvchilar uyushmasi to‘raog‘asi Ulug‘bek Esdavlat ko‘ngilochiqlik bilan qarshiladi.

Qozog‘istonning ulug‘ darg‘alaridan biri Sobit Muqo­nov va o‘zbek xalqining daho shoiri G‘afur G‘ulom do‘stligi, adabiy hamkorligi bilan boshlangan suhbat uzoq davom etdi. “Yuz o‘lan” kabi kitoblarning yosh ijodkorlar tomonidan to‘ldirilayotgani o‘zaro munosabatlar­ning ijobiy natijalarga erishilayotganiga dalil ekani aytildi. O‘tgan 2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon  qilingani va shu asnoda barcha jabhalarda ikki mamlakat hamkorligi keng quloch yoygani, 2019-yilda esa O‘zbekistonda Qozog‘iston yili Markaziy Osiyodagi yetakchi qo‘shni mamlakatlarning har tomonlama rivojiga hissa qo‘shayotgani borasida so‘z yuritildi. Qozog‘iston xalq shoiri Esonali Raushanov, shoir Muratxan Shoqan ham o‘z mulohazalarini bildirdi. Yosh ijodkorlar tomonidan she’rlar o‘qildi.

…Suluv damlarda vaqtning jilovini tutolmaysan. Bo‘zchining mokisi taraqlab matoga ipni ilganidek, umring lahzalarini o‘tmishga qadab boraveradi. Safari­mizning so‘nggi damlari tezlashib ketdi. Mezbonlar aeroportning so‘nggi yo‘lagigacha bizga hamroh bo‘ldi. So‘z shunday sehrli kuch, u dillarni, ellarni bir biriga bog‘lab qo‘yadi. U adabiyotga aylansa, ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, atomdan kuchli qurol bo‘ladi. Bu qurol faqat ezgulikka xizmat qiladi.

Bir-birimizni bag‘rimizga bosib uzoq xayrlashdik:

– O‘zbekistonda ko‘rishguncha!!!

Faxriddin Hayit,

Toshkent–Olma-ota–Toshkent

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.