Ilhom ayvoni

0
36
marta ko‘rilgan.

Ijodkor biz – oddiy odamlar ko‘rmaydigan, oddiy nazar ilg‘amaydigan nozik va sirli go‘zalliklarni kashf qiladi. Bu kashflar ta’birini so‘rasangiz, o‘q ildizlarining bir uchi iste’dodga, bir uchi ilhomga borib taqaladi. Biroq o‘zak o‘sha-o‘sha – mehnat va bedorlikdan suv ichadi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ijodi she’riyat shaydolari uchun favqulodda yangilik xazinasi bo‘lib yaraldi. Adabiyotshunos Omonulla Madayev suhbatlaridan birida bu “xazina” haqida so‘z yuritar ekan, shunday deydi: “Barg ostidan iboli g‘unchaning muloyim boqishi, gullar oshiq bulbulning she’r daftari ekani, quyosh etagiga oq bulut bog‘lab o‘rik shoxlarida bodroq qovurishi, yana shu quyoshning o‘zi majnuntolning yuvilgan sochlarini tarashi, qo‘yingki, “inson o‘lmas, asta va asta boqiylikka o‘tadi, xolos”ligi faqat tug‘ma dilbar shoir kashfiyoti bo‘lishi mumkin. Axir, bor-yo‘g‘i o‘n olti yoshga kirib-kirmagan Erkin inson kamtarligi uchun piyolaning peshonasidan o‘pishini topgan-ku!”

O‘n olti yoshga kirib-kirmagan Erkin (maktab o‘quvchi­si!)ning kamtarlik haqida bitgan kamtarin ijodi. Bugun yosh ijodkorlarda deyarli kuzatilmayotgan, kashfi ilhaq kutilayotgan haqiqat shu: she’riyat xazinasiga chinakamiga ulush bo‘lib qo‘shiladigan sof “tillo”lar jarangi! Vatan haqida bejirim tashbehlarni ustma-ust qalashtirib tashlashni do‘ndiramiz, qofiyalarni ham qoyillatamiz. Biroq hali ular ichida “O‘zbegim”chalik asil jarangni eshitganimizcha yo‘q. Holbuki, bu qasida O‘zbekistonni Vatanim deyish, Amir Temurni ajdod deyish taqiqlangan bir zamonda yaralgan. O‘sha davr mezoni bilan o‘lchanganda, uquvli kitobxon qalbida tasavvurga sig‘mas darajada to‘fon hosil qilgan. Mana shunday ijod qilish uchun katta  yurak kerak, mardlik, jasorat kerak.

Shunday tanti, jo‘mard insonlarni tarbiyalash vazifasi hamishagidek ta’lim va ijod gardanidagi mas’uliyat bo‘lib turibdi. Fikrlarimizni ayni jarayon bilan bog‘lagan holda, yangi o‘quv yilidan yeng shimarib ish boshlashga shay turgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi, bu joyda yaratilgan shart-sharoitlar misolida davom ettiramiz.

 

Erkin Vohidov nomidagi

ijod maktabi

 

  • Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 maydagi qarori asosida tashkil etilgan.
  • Marg‘ilon shahrida joylashgan.
  • Ona tili va adabiyot fanini chuqur o‘qitish hamda xorijiy tillarga ixtisoslashgan.
  • 2018–2019 o‘quv yilida maktab-internatning 5-8 sinflariga 30 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi.
  • Sinfxonalar, mahorat darslari xonasi, Erkin Vohidov galereyasi, ko‘p o‘rinli faollar zali, 80 o‘rinli yotoqxona, ilhom ayvoni – barchasi zamon talablariga mos.

 

Azal-azaldan adabiyot va san’at o‘chog‘i bo‘lmish Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘ining tashkil etilishi tom ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi. O‘n olti gektarlik maydonga tashrif buyurgan mehmonlarni ustoz Erkin Vohidovning azim haykali kutib oladi. Mehmonlar – yoshu qari, katta-kichik – bu yerga intiqib kelib-ketayotir. Xayolda esa ustoz ularga hamon baralla she’r o‘qiyotgandek:

 

Men she’r yozsam,

O‘qisam uni,

Tinglaganlar qarsak chalmasa.

Biror kimsa biror so‘zini

Yodida ham saqlab qolmasa.

Faqat bittagina bo‘z o‘g‘lon

Uyga qaytgach, yig‘lasa to‘lib.

Yig‘lab-yig‘lab tong bo‘zargan on

Uyg‘onsa u Alpomish bo‘lib.

 

Ijodkorlar bog‘ining so‘l tomonida Milliy ayvon. Unda joylashgan so‘rilarda bir piyola choy ustida gurung qizigandan qiziydi. Nuroniy otaxonlar, kayvoni onaxonlar suhbati yozsa yozgulik asarga evriladi. Bu joy ana shunday ijod ayvoni bo‘ladi. Zumrad osmonga qarab bo‘y cho‘zayotgan oq qayin, lolalar, kashtan nihollari, alvon chechaklar bizni Erkin Vohidov nomidagi Memorial muzeyga, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi, ochiq osmon ostidagi Xalq kutubxonasi tomon chorlaydi. Quvonarlisi, shoir nomi bilan atalgan maktab-internat ana shunday ma’naviyat o‘chog‘lariga tutash qad rostlab turibdi. Bunday shoirona muhitda o‘qib-o‘rganayotgan o‘g‘il-qizlarning ilhomi jo‘shmay, kimniki jo‘shsin.

– Muhtasham maktab-internatimizga qadam qo‘ygan kishi borki, hayratda, ko‘ngli yayrab ketyapti, – deydi maktab-internat direktori Nigora Mannopova. – Ayniqsa, katta avlod vakillarining yoshlarga havasi kelayapti. Hamid G‘ulomning dilimizdan chuqur joy olgan “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi” satri bot-bot eslanayotir. Chindan ham, maktab-internatda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun sinf xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Har bir sinfxonasi videoproyektor, kompyuter jamlanmalari bilan yangi o‘quv yiliga shay. Bularning bari Prezidentimiz tomonidan ijod maktablari oldiga qo‘yilgan ezgu maqsad va vazifalarning samarali ado etilishi uchun xizmat qiladi. Jahonda g‘oyaviy tahdidlar avj olgan ayni payt­da, “ommaviy madaniyat” etagi ortiga bekinganlar iskanjasidan xalos bo‘lishning, deylik, ko‘ngilni asrashning birdan-bir yo‘li – SO‘Z sehri. Qalbga yo‘l ochishda bundan samaraliroq, ayni damda bundan mashaqqatliroq safar yo‘q. Azaldan xalqimizda adabiyot maktabi vazifasini o‘tagan navoiyxonlik, bedilxonlik, fuzuliyxonlik va mashrabxonlik an’analarini yo‘lga qo‘yish, xalq og‘zaki ijodidan tortib jahon adabiyotining sara asarlarini chuqur o‘rganish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Bizning niyatimiz shu. Bu borada maktab-internatimiz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Farg‘ona davlat universiteti bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, taniqli ijodkor va tajribali adabiyotshunoslarni dars jarayonlariga jalb etmoqchimiz. Mahorat saboqlarini muntazam tashkil etish orqali o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini o‘stirib borishni rejalashtirganmiz. Misol uchun, yosh iqtidor egalari 5-6 sinfda umumiy adabiyot nazariyasidan saboq olsa, 7-sinf­da ularni qiziqishi, kasb tanlovi va ijodiy salohiyatiga qarab nazm, nasr, badiiy publitsistika, badiiy tarjima hamda dramaturgiya yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitishni ko‘zda tutganmiz. Bu maqsad yo‘lida esa nafaqat iqtidorli o‘quvchilarni, balki mahoratli pedagoglarni tanlab olishni ham bir necha bosqichda shaffof amalga oshirish talab etiladi. Hozir o‘quvchilarni qabul qilishning ilk saralash bosqichi bo‘lib o‘tgan. Bunda jami 495 ta o‘quvchidan 109 nafari navbatdagi bosqichga yo‘llanma olgan. Maktab-internatimizga kelib tushayotgan murojaat va arizalarni inobatga olgan holda qo‘shimcha ijodiy saralash tashkil etiladi.

…Maktabga kelayotib, o‘quvchilar ustoz Erkin Vohidovning haykali qoshidan o‘tadi. Ularda shoir bilan har kuni yuzlashish baxti bor. Ustozning teran nigohi ularni otalarcha mehr bilan so‘roqlab turgandek. Bu nigoh direktor sifatida mening ham zimmamdagi mas­’uliyat sharafli ekanini eslatib turadi. Bugun so‘z va amal uyg‘unligini sarbaland tutib komillikka erishish, millatga xizmat qilishni hayotiy dasturilamalimizga aylantirish oldimizda turgan saodatli vazifamizdir.

O‘quvchilar shoir ijodining o‘zidanoq tengsiz xazina – lug‘at boyligiga ega bo‘ladi. Turkiyalik olim Husayin Baydemir bir maqolasida ustoz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobi haqida shunday deydi: “Turkiy tillar Mahmud Koshg‘ariy, Navoiylardan keyin egasiz qolgan edi, go‘yo… Bu loqaydlik ham Turkistonda, ham Turkiyada yuz yillar davomida qora bulut kabi boshimiz uzra aylanib turdi. Qora bulutni tarqatib yuboradigan Koshg‘ariy yoki Navoiydek kuchli shamolga ehtiyoj sezilardi-yu, lekin hech esmayotgan edi. Ustozning maqolasi (“So‘z – zabarjad, so‘z – gavhar, oltin”) mana shu shabbodaning O‘zbekiston tuproqlarida yangidan jonlanganidan darak bergandek bo‘ldi”.

Biz esa bu damda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida tahsilni boshlash arafasida turgan o‘g‘il-qizlar ilhomi, ijodi kun kelib “kuchli shamol”ga aylanishidan umid qilib qolamiz…

Akmal MUROD

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.