Adabiyot – kuchga aylansa…

0
87
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlari­ning madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishi­ning oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuv­ning jilovi bizning emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifodalash muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izla­nishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy maho­rat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztirob­lari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

  1. Globallashuv degani bir necha ming yillar mobaynida insoniyat tarixida davom etayotgan hodisa. Aslida bundan unchalik ham qo‘rqish yoki hadiksirash kerakmas. Lekin salbiy oqibatlarini his etish, payqash va paytida qarshi immunitet hosil qilish ta’sirini yengadi. Buni so‘nggi ikki yuz yillikdagi rus adabiyoti isbotlab bergan. Deylik, A. Pushkin, L. Tolstoy, M. Lermontov, F. Dostoyevskiy, I. Turgenevlar qalam ko‘tarib maydonga kirib kelganidan o‘rislar tamomila g‘arb ta’siriga tushgan, aniqrog‘i, fransuzlashayotgan edi. Natijada nima bo‘ldi?! Nomlari sanab o‘tilgan adiblar o‘risni o‘zligiga qaytarishdi. Shu bilan birga, jahonni hayratga solgan o‘lmas bitiklari orqali o‘zga millatlarning badiiy didini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi. Keyin ham ularda qalamkashlar kurashi to‘xtamadi. M. Sholoxov, A. Soljenitsin, M. Bulgakov, A. Blok, V. Shukshin kabi yozarmanlar yuz yil ichida adabiyot ikki bor ulkan evrilishni boshidan o‘tkazishi mumkinligini isbotlashdi. Turgan gapki, ushbu evrilishlar globallashuvning har qanday ta’siriga nisbatan bebaho immun tizimi hosil qildi. Dunyo adabiyotiga doxil mazkur jarayonlar silsilasiga serolsak, bugun biz qanday va qanaqa asarlar orqali ommalashuvga qarshi adabiy kuch topa olishimiz ayon bo‘ladi. Bunda avvalo, yozarmanlar ertak, afsona va mifologiyamizga murojaat qilishi, ularni sayqallab bugunning o‘quvchisiga yoqadigan tarzda qayta badiiy ifoda etishi, teran tomirla­rimizda miltillab turgan ko‘hna an’analarimizni uyg‘otishi kerak. Ikkinchidan, har qanday estetik omilni o‘zimizdan olishi, ekzotika manbasi sifatida o‘zimizni o‘zimizga ko‘rsatishi lozim. Uchinchidan, adabiy-badiiy tilimiz bugungi formal shaklidan original shakl­ga o‘tishi shart! Deylik, xorazmlik yozarmanning bitigida hozirgi formal adabiy til nuqsi emas, xorazmliklarga xos bo‘lgan originallik jilvalanib turishi lozim. Nazarimda, ushbu voqeliklar adabiyotimizga ko‘chsa, bitiklarimizda milliy ruh, milliy xarakter to‘laqonli bo‘y ko‘rsatadi: zamonaviy “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li”lar dunyoga keladi.

 

  1. Menimcha, yozuvchi nedir yozishga shaylanganida yashab turgan davridan uzoqqa keta olmaydi. Hatto ertak bitganida ham zamonasini qog‘ozga tushiradi. Shundayin, adabiyotimizda ijtimoiy reallikni bor bo‘y-basti bilan aks ettirgan bitiklar bisyor. Bularning sirasida “O‘tgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Og‘ir tosh ko‘chsa”, “Lolazor”, “Dunyoning ishlari”, “Otam­dan qolgan dalalar” kabi nodir asarlar bor. Keyingi paytlarda ham zamon ruhi aks etgan yangi kitoblar yozilayotir.

Masalan, atoqli yozuvchi Sobir O‘narning “Bibisora” qissasini olaylik. Bir qarashda u o‘ta maishiy, salmog‘i yo‘q kitobdek tuyuladi. Aslida esa, bir el fojiasini ustamonlik bilan ochganligi, beparvo, lo­qayd, tuban xarakterini ko‘rsatganligi bilan ahamiyatli. Bitik avvaliga yosh bolaning, so‘ngroq o‘spirin yigitning tilidan hikoya qilinadi. Yozuvchi­ning mahorati shunda ko‘rinadiki, asarda nobakor bir odamning el nomusini bulg‘ashi, o‘g‘li ham otasi­ning nopok ishlarini davom ettirishi va bu jarayonda hamqishloqlar beparvoligi, havasga arzimas soddaligi, qo‘yingki, lodon qiyofasi ochib beriladi. Adib biror o‘rinda oshkora bayonga yoki voqealar tafsilotiga berilmaydi. O‘rni bilan keltirilgan ishoralar orqali kitob­xonda parchada butunni his etgani kabi taassurot qoladi.

Bunda qanday fojia bo‘lishi mumkin?! Bunaqa voqealar dunyo­ning barcha kunjagida tiqilib yotibdi-ku?! – degan tabiiy savol tug‘iladi.

Endi biroz mulohaza qilsak. Bir zamonlar otala­rimiz avlodlarni ma’nan toblash uchun uzun qish kechalari “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li”ni aytib berishgan. Nomusni himoya qilishga o‘rgatishgan. Shu­ning uchunmikin yaqin yillargacha “buzuqi”, “yo‘li buzuq”, “suyuqoyoq” degan so‘zlar qulog‘imizga “pes”, “moxov” kabi eshitilgich edi. Afsuski, ke­yinchalik orsiz so‘zlarga ko‘nikdik. Kunda-kunora eshitilgani uchunmi quloqlarimiz o‘rgandi. Sababi, biz bobomeros ijtimoiy institut – el-ulus, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ degan halqani toraytirib, faqatgina oila bilan cheklandik. Bu voqea hamma joyda birdek kechdi. Alhosil, u oilaning bolasi bu oilaga begonalashdi. Begonalashuv bora-bora loqaydlik, beparvolik, hatto tajovuz va dushmanlikni keltirib chiqardi. “Bibisora”ning tagzamirida shu narsa yotibdi.

Ijtimoiy-ma’naviy inqirozning badiiy ifodasi deganda shuni tushunaman.

 

  1. Zamonamiz qahramonini badiiy tasvirlash bir qarashda oddiydek tuyuladi. Lekin xiyla murakkab. Olaylik, bugun kimni qahramon sifatida ko‘rsatmoq­chimiz: hunarmand, dallol, temirchi yoki ishsiznimi?.. Menimcha, qahramonni butunicha tasvirlash uchun, boshqalarni bilmadim, o‘zimni tayyormasman deb hisoblayman. Gap bu yerda yirik romanlar xususida ketmoqda. Kichik hikoyalarni aytmadim. Hikoyada obrazning qaysidir jihati to‘laqonli ko‘rsatilsa yoxud aytiladigan gap tushuniladigan tarzda yetkazilsa bo‘ldi.

Binobarin, men tasavvur qiladigan qahramon haqida quyidagilarni aytishim mumkin.

Avvalo, u – odam! Kam­chilig-u nuqsoni, yutuq-u yutqiziqlari bor. U chekishi, ichishi, boringki, unda-bunda qing‘ir-qiyshiq yurib turishi ham mumkin. U dindor emas, dinsiz ham emas, u – xudojo‘y! Bola-chaqam deb o‘zini o‘qqa ham-cho‘qqa ham uradi. Bilimli emas, ammo bilimsiz ham deb bo‘lmaydi…

U haqda, ya’ni uni qalamga olish xususida shuni aytishim mumkin, u – bugun men bilan birga yashayotgan zamondoshim!

Boshqa gapga hojat yo‘q.

 

Anvar SUYUN

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.