Muzaffar tug‘ ko‘targanlar

0
124
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlari­ning madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishi­ning oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuv­ning jilovi bizning emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifodalash muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izla­nishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy maho­rat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztirob­lari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

  1. Bu savolingizga falsafiy so‘lish olib, dovulning dang‘ir-dung‘iriga ishqiboz bo‘lib, besh kecha kunduz va’z o‘qish mumkin. Ammo osmon-u falaklarda qancha baland parvoz qilmaylik MILLAT ruhini ifodalashga kelganda jo‘yali gapning o‘zi topilmay qolar ekan. Keling, milliy ruh haqidagi mulohazalarimiz bayoniga o‘tish oldidan, savolingizning birinchi qismiga qaytsak.

Globallashuvga dod solib, monelik qilib bo‘lmaydi. Buning o‘rniga bobolar aytganiday: “Dam shu damdir o‘zga damni dam dema”, deb ayni paytda nima qilmoq kerakligi haqida ko‘proq o‘ylash kerak. To‘g‘ri, zamon shiddati bugun har qanday madaniyatni o‘z bag‘riga olib singdirib, sayqallash o‘rniga siyqalashtirib boryapti. Taskin shundaki, bugun dunyoda yashayotgan yetti yarim milliarddan ziyod kishi bir-birini takrorlamaganidek, har qancha yaxlitlashishi, chambarchas bog‘lanishi ichida ham aslida o‘ziga xoslik bor. Bundan ko‘rinadiki, ko‘p badgumon bo‘lmasligimiz kerak. Yaratgan bandasini takror yaratmagandek, bir ulusning, millatning tiynatini, tafakkur va tasavvur tarzini ham takrorsiz qilib qo‘ygandir.

Ana endi bir gapni aytsam, balki eshitgan chiqarsiz. Qadim o‘tgan zamonda muzofoti keng, el-u xalq tinch-totuv yashaydigan mamlakatda podsho yurt kezib, manzil-makonlarning tanobini tortib uzoq safar qilibdi. Har ishdan dimog‘i chog‘, ko‘ngli xotirjam bo‘lib saroyga qaytibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinga istiqboliga peshvoz chiqqan o‘spirin shahzodaning tiynatida bir mo‘rtlikni, ojizlikni sezibdi. Podshoning jonqushi azob tortib, yurak-bag‘ri qon bo‘libdi. Pushtidan bunyod bo‘lgan valadning ojizligidan darg‘azab shoh a’yonlariga maslahat solsa, saroy ahli shahzodada nuqson emas, balki fazilatlar ko‘rganini bayon etibdi. Shunda shoh farzandini sara navkaridan qirq nafariga bosh qilib, yurtning eng olis sarhadiga badarg‘a etibdi. Maqsad-muddaosi oddiy: shoyi liboslarga burkanib yotmasdan, er yi­gitlar bilan cho‘l-u biyobonlarni kezsa, shikor qilsa, osmon-u tuproq orasidagi katta madrasada hayot atalmish mudarrisdan saboq olsa, savod chiqazsa…

Alqissa, nima bo‘libdi, deysizmi? Nima bo‘lar edi. Yillar o‘tib xabarlashishsa, arslon ovlaydigan sherday-sherday yigitlar ham mo‘rtlikni, qo‘rqoqlik­ni, mulozamatni o‘zlashtirib olganligini ko‘rishibdi.

Qissadan hissa shuki, “to‘rtta lik, ikkita shik”ni mezon qilib, avlodlarni tarbiyalab bo‘lmaydi. El-ulus doimo hurmatga loyiq SHAXSlarini tanishi shart. Qisqasini aytganda, jamiyat botirini, fozilini, ulamo­sini, hotamitoyini tanishi, hatto hurmat va ehtirom ko‘rsatib, bu ishidan mamnun bo‘lishi kerak. Boisi jamiyatni gapga yetar, so‘zi kesar fozil kishilargina har qanday “balolarga” qarshi emlab turadi. Bu borada biz ham ulug‘ adib Abdulla Qodiriydan saboq olsak, zamonamizning Yusufbek hojisini, Qutidorini, usta Alimini ko‘rsatsak qani?!

Ilk savolingizni: “Milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur”, deya yakunla­yapsiz. Bir gap bor-ku, tarix g‘oliblar tomonidan yoziladi, dermidi. Bizga ayni shu kerak, negaki, o‘zbek xalq ertaklariga, dostonlariga bir e’tibor bering-a. Bu millat qadim-qadimdan yiqilganni suyaganni, ojizni himoyalaganni, haqni nohaqdan odil ajrim qilganni, bolasini muzaffar ko‘rganini aytib keladi. Bu shunchaki gap-so‘z emas, menimcha, istak – istak bo‘lganda ham millatning istagi!

 

  1. Rost aytasiz, adabi­yot – ijtimoiy adabiy hodisa. Keyingi paytlarda ha deganda “adabiyot ko‘ngil ishi” deb aytishni odat qilib oldik. Kishini hayron-u lol qilgani shundaki, adabiyotga faqatgina ko‘ngil ishi deb qarasak, uni g‘ariblashtirib, zimmasidagi qator masalalardan mosuvo qilib qo‘ymaymizmi?! Xo‘sh, ko‘ngil ishi deylik ham, unda “Jinoyat va jazo”ni, “Jarayon”ni, “Qumdagi xotin”ni va sanasak jahon-u o‘zbek adabiyotida adog‘i bo‘lmas asarlarni qaysi mezon, qanday tosh-u tarozida o‘lchaymiz?! Siz aytayotgan qissalar-u romanlarga keladigan bo‘lsak, shubhasiz, shu asarlar zamonni boricha va holicha ko‘rsatdi. Buni inkor etib bo‘lmaydi, ammo mening kichik kuzatishlarimcha (agarda kuzatish deb aytishga arzisa), bugungi zamon ruhini ifodalagan asarlar katta va keng janrlarda emas, balki erka va murakkab janr – hikoyada bo‘y ko‘rsatyapti. Dastavval “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi”, “Bulut to‘sgan oy” kabi hikoyalar paydo bo‘lgan bo‘lsa, izidan birin-ketin “Pul sanayotgan odam”, “Aralashqo‘rg‘on”, “Oddiy haqiqatlar”, “Sibizg‘a volasi”, “Puankare”, “Mastirjamiyat”, “Bayroq”, “Davlatning qaytishi”,“Qiyomat”,“Erta bahor”, “O‘tirik”, “Auditoriya”ni o‘qidik. To‘g‘ri, bu adabiy asarlarda millatning dardi keng miqyosda ochilmagandir, ammo shaxs va jamiyat ziddiyatlari, zamondoshlarimizning tashvishlari, o‘y-kechinmalari, ruhi bor. Aytgancha, bu gapimiz bilan romanlar yozilmadi deb iddao qilolmaymiz. Negaki, “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar”, “Mashaqqatlar girdobi”dek romanlar yozildi. Ammo bu asarlarga bir-ikki adabiyotshunosdan boshqalar e’tibor bermadi.

 

  1. Nazarimda, qahramon o‘zgarmaydi. Chunki u – QAHRAMON! Kechagi va bugungi odam­ning qarashlarida farq bo‘lishi mumkin, ammo xalq dono va jo‘mard farzan­dining gardaniga bir xil vazifa yuklayveradi. Gohida o‘ylab qolaman, balki barcha zamonlar­ning qahramoni – Horun ar-Rashiddir?! Xalqini ich-ichidan bilgisi keladi, g‘aribning ko‘nglini shod etishni istaydi, beva-bechoraning boshini silaydi. Ayni zamonda avomning o‘zi haqidagi, tutumlari haqidagi fikrini rostmanasiga bilishni istaydi va bu orqali yanada teranlikka intiladi. Ko‘ryapsizmi, qahramon o‘zgarmayapti. Ammo harakatning o‘zi vaziyatni, munosabat shakllarini yangi mazmun topishga majbur qiladi.

Biz so‘z yuritayotgan qahramon zimmasiga, jo‘ngina aytganda, katta maqsadlarni yuklamoqchimiz. Uning badiiy ifodasi o‘laroq tarixda bir necha bor muzaffar tug‘ni ko‘targan (bunday millatlar kam) o‘zbekni qaddini g‘oz tutib yashashini qadr-qimmatini bilishini istayapmiz va hamiyatini, g‘ururini uyg‘otmoqchimiz… Ochig‘ini aytsak, bu hislarni shu tuproq odamiga yuqtirish uchun na mening ketmonchi otam, na Sizning muallima onangiz qahramonlikka arziydi. Demak, har yurtdoshimizning ko‘ngil torlarini chertmak uchun misli Qultoy bo‘lgan Hakim kerak. Yozilajak asarga muzqoyaday singgan ulug‘vor g‘oya zarur. Ammo shuni bilaylikki, barchamizning ko‘ngilimiz istasa-da, orzular olam-jahon bo‘lsa-da! Bu vazifa qo‘liga qalam tutgan har bandaga nasib etmaydi. Ba’zida ayni shu mavzuda deb aytilgan kitoblarni o‘qib hayron bo‘laman: qattiq qalamni qancha qayramasin mo‘rt surma bilan maqsadga erishib bo‘larmikan?! Yaxshi niyat qilaylik, nasib etsa oramizda maqsadga yetadigan ham chiqar. Bunga esa ich-ichimdan ishonaman.

Horun ruhini, ko‘nglini, tafakkurini ifodalash uchun qancha Bahlul va Baqbaqlar kerak bo‘lar ekan-a!

 

Nurilla Chori

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.