Muzaffar tug‘ ko‘targanlar

0
176
марта кўрилган.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlari­ning madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishi­ning oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuv­ning jilovi bizning emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifodalash muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izla­nishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy maho­rat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztirob­lari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

 

  1. Bir jihatni aytib o‘tish kerak: dunyo xalqlarining madaniyati, san’ati va falsafasi globallashuv degan kuchli to‘fon bostirib kelmay turib ham bir-biriga muayyan darajada ta’sir o‘tkazgan. Xususan, XIV–XVI asrlarda Sharq va G‘arbning, bu ikki qutb xalqlarining asl milliy madaniyatiga putur yetkazmagan holda o‘zaro ta’sirlanishi natijasida Uyg‘onish davrining olamshumul kashfiyotlari (adabiyotda ham, san’atda ham) yuzaga keldi. Ammo siz nazarda tu­tayotgan globallashuv niqobini taqib olgan “ommaviy madaniyat”, “olomon madaniyati” singari tushunchalar, g‘oyalar ostida dunyo xalqlarining “birlashuv”i, tobora yaxlit qiyofa kasb etib borayotgani, “faqat bitta qoida bor – u ham bo‘lsa hech qanday qoidaga bo‘ysunmaslik” tamoyili asosida turli millatlarning, xalqlar­ning ildiziga bolta urayotgani, dunyo sahnasida asl adabiyot, asl san’at o‘z o‘rnini turli shoular-u shov-shuv­larga bo‘shatib berayotgani har qanday ijodkorni tashvishlantirishi turgan gap. Millatning, xalqning MЕNini uyg‘otuvchi asarlarni yaratish uchun nima qilmoq kerak? Nafaqat alohida bir millat, balki butun insoniyatning asrlar osha suyanib kelayotgan qadriyatlari, tutumlari yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun nima qilish kerak? Ijodkorni, ayniqsa, yozuvchini shu savollar qiynasa, yozuvchi o‘z millati, o‘z xalqining orzulari, o‘y-xa­yollari, turmush tarzi-yu fazilatlarini ko‘rsatish orqali bashariyatning oldiga ko‘zgu qo‘ysa, uni o‘ylantirayotgan muammolarni ko‘tarib chiqsa qanday soz bo‘lardi-ya!

Ulug‘ adib G‘afur G‘ulom­ning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasini ko‘p o‘qiganmiz. Tong yorishib kelayotgan mahaldagi momo bilan o‘g‘ri­ning suhbatini bir eslang. Momo o‘g‘ridan o‘tin yorib berishini so‘rab, “choy ichamiz” deydi.

“Yo‘g‘-e, buvi, – dedi o‘g‘ri, – to‘nka yorib-ku berarman, ammo choy icholmayman, chunki kun yorishib qolsa, meni tanib qolasiz. Juda ham yuzimni sidirib tashlaganim yo‘q, andisham bor, uyalaman”.

Bu voqea to‘qimami yo bo‘lganmi – bizga qorong‘i. Lekin o‘sha og‘ir, urushning sovuq sharpasi kezib yurgan, qahatchilik, ocharchilik zamonlarda ham shunday odamlar bo‘lgan. Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.                              Shiroq afsonasini oling yoki “Alpomish”ni, Shukur Xolmirzayev, To‘lepbergen Qayipbergenov, O‘rozboy Abdurahmonov, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam asarlarini oling…

Xo‘sh, bugun-chi? Milliy ruhni qay darajada aks ettira olayapmiz? O‘zi millat sifatidagi qiyofamiz o‘sha siz aytgan globallashuv tig‘i ostida sidirilib bormayaptimikin? Nega milliylik desa faqat qishloq joylarni, qishloq odamlarini tasvirlashni tushunamiz? Nega biz milliy ruhni tasvirlashda qoliplardan foydalanamiz? Erinchoqmizmi? Behafsalamiz­mi? Beparvomizmi?

Zamona zayli yozuvchi qavmini ham biroz maqsadidan chalg‘itib qo‘ydi, chamamda. Axborot olish tarsaki yeyishdan-da tez bo‘lib qolgan shu kunlarda tengqur ijodkorlar, hatto ayrim bizdan katta avlod vakillari ham hali siyohi qurib ulgurmagan asarini ijtimoiy tarmoq degan beminnat “tahririyat” sahifalariga joylashga shoshyapti.

Milliy ruhni ifoda etish – bu millatini, xalqini tasvirlash degani emas, balki ana shu millatiga, xalqiga kerak bo‘lsa yo‘l ko‘rsatish, ularga da’vat qila bilish, bir o‘zanda suzib borayotgan o‘y-fikrlarini butunlay boshqa o‘zanga burib yubora olish degani. Buning uchun shijoat kerak, jur’at kerak. Boshini yelkasining orasida qisib yuradiganlarning da’vatiga hech kim quloq solmaydi.

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa bo‘lsa bordir, lekin u ko‘ngil ishi, ruhiyat ishi. Ming chiranmang, ijtimoiylikning ma’lum bir hodisalari aynan ruhiyatingizda ulkan burilish yasamasa yozgan asaringizning bir tiyinlik qiymati bo‘lmaydi. Ustozlar ta’biri bilan aytganda, yurakdan chiqqan so‘z yurakka yetib boradi.

Siz misol keltirilayotgan asarlar qatorida o‘sha zamon ruhini aks ettirgan asarlar kam bo‘lgan deysizmi? Eh-he… Faqat vaqt sinovidan o‘ta olmagan. Qog‘oz-u mehnat uvol, o‘qiganning ko‘z nuri-yu ketkazgan fursati uvol…

Bugun ham nasrda zamon ruhini, bugungi odamlarning hayotini, tobora o‘zgarib borayotgan davrda INSONning o‘y-u kechinmalarini aks ettirayotgan asarlar bor. Ammo chinakam badiiy asar barmoq bilan sanarli. Ovullarimizda to‘y yo ma’raka bo‘lsa, to‘rt-besh odam o‘choq boshiga yig‘ilib oladi-da, qaynab turgan qozondan ozroq go‘sht, sho‘rva suzib olib, ichiga non to‘g‘rab, eldan burun qorin to‘qlab oladi. Bugun nasrda ko‘pchiligimiz ana shu o‘choq boshidagi odamlarga o‘xshaymiz. Yozayotganimizda qozondagi bor masalliqni ko‘rsatishga yo kuchimiz yetmaydi, yo qo‘rqamiz, yo andisha qilamiz, yo “menga nima?” qabilida ish tutamiz. Shundan keyin yozganimizning bahosi ham o‘ziga yarasha bo‘ladi.

Bugunning odamlari hech narsadan hayratlanmay qo‘ydi, deymiz. Bu bor gap. Nafaqat hayratlanmay qo‘ydi, balki tobora o‘zining qobig‘iga o‘ralib borayotganday. Uni qurshab turgan globallashuv atmosferasi, turli zamonaviy texnologiyalar-u o‘yin-kulgi, vaqti­xushlikni targ‘ib qiluvchi axborotlar bilan o‘ralgan tevarak-atrofi uni tobora SHAXS sifatidagi qiyofasini tortib olib, evaziga zombilikni singdirayotganday. Bu katta fojia, bilsangiz. Bu agar mohiyatiga kirib borilsa, urushdan-da dahshatli manzara kasb etadi.

 

  1. Qahramon yaratish, qahramon qidirish har qaysi davrda ham katta ehtiyoj, zarurat bo‘lib kelgan. Bu, ayniqsa, ijodkorlarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklagani sir emas. Yunonlarning barcha afsonaviy qahramonlari, inglizlarning Robin Gudi-yu Sherlok Xolm­si, shotlandlarning Uilyam Uollsi, o‘zimizning Xo‘ja Nasriddin-u Umrbek laqqilar ana shunday ehtiyoj tufayli “dunyoga kelgan” bo‘lsa ne ajab. Ota-bobolarimiz Alpomishni, Hazrat Navoiy Farhodni yaratdi. Odamlar shu qahramonlar orqali o‘zlarida ishonch, umid hissini tuydi. Fazilatlarini o‘zida ko‘rgisi keldi, ulardan o‘rnak oldi, ularga ergashdi.

Bugun dunyo zamonaviy adabiyotida, san’atida ham qahramon topishga bo‘lgan ehtiyoj kuchaysa kuchaydiki, aslo susaymadi. Yo‘qsa, Garri Potter haqidagi kitoblar, “Marvel” degan katta kompaniyaning milliard-milliard mablag‘ sarflab, turli o‘rgimchak odam-u supermenlar, temir odam-u chumoli odam kabi yasalgan “qahramon”lari trendda bo‘lmas, ular ishtirokidagi kinofilmlar-u multfilmlar dunyo kinoteatrlarida yana milliard-milliard mablag‘ to‘plamas edi. Uning badiiy, ma’naviy, estetik jihatlari esa boshqa masala…

Hozir adabiyotimizda zamon qahramonini yaratish, kechirasiz-u, xuddi fermerning hosil rejasini baja­rishiday tuyuladi menga. Bu ijodkorlarimizning katta xatosi. Fermer “planni bajarsa”, iqtisodiyotimizga foyda keltirishi turgan gap, lekin adib “plan bajarsa” bu adabiyotimizga ziyon. Yaqinda bir ustoz adibimizning qissasini o‘qib, shunday xulosaga kelgandirman. Axir, adabiyotga miqti-miqti asarlari bilan kirib kelgan akamizdan unday narsani kutmaysiz-da.

Zamon qahramonlari haqidagi ba’zi asarlarimizda (nasriy, dramatik, kino) qahramonlar xuddi nog‘oraga o‘xshaydi. Pafos bilan, balandparvoz gapiradi-yu, lekin ichi po‘k. Hammasi xato-yu kamchiliklardan xoli, ular uchrayotgan konflikt holatlar ham, ziddiyatga keladigan boshqa obrazlar ham shishirilgan pufakday. Bunday “qahramonlar”ga hech kim ishonmaydi, hech kim ergashmaydi.

Balkim yoshlik tajribasi zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilishga, ularni yaratishda nimalarga e’tibor berish kerakligini bilishga kamlik qilar. Chunki qahramon yaratishning matematika yo fizikada misol yechishday aniq bir formulasi yo‘q. Ammo bu borada ayrim fikrlarim bor. Masalan, u qaysi sohaning odami bo‘lmasin (buning juda katta bir ahamiyati ham yo‘q menimcha), avvalo, uning INSON ekanini unutmasligimiz kerak. INSONki, fazilati-yu kamchiligi bilan bo‘y ko‘rsatishi, oldidan chiqqan har qanday kurash-u qiyinchiliklarda toblanib, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, o‘zini, o‘zligini yo‘qotmagan, ildizidan uzilmagan bo‘lishi kerak. Qolganini yozish, syujetni boyitish, unga badiiy jilo berish ijodkorning mahoratiga bog‘liq. Bizning adabiyotimiz oldidagi, xalqimiz oldidagi vazifamiz ham asli shu.

 

Bayram Aytmurod

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.