Zamonaviylik she’riyatga zo‘rlab singdirilmaydi

0
92
marta ko‘rilgan.
  1. XX asr o‘zbek sheriyatidagi mavzularning turfaligi, tashbehlarning ohorli ekannida ustoz shoirlarning chuqur bilim va saviyasi ko‘rinib turadi. Bu she’riyat tarixiy voqealarga, ulug‘ shaxslarga murojaat etdi, shuning barobarida, turfa kechinmalarni ifodaladi. Qisqasi, baland intellektual she’riyat bo‘y-bastini ko‘rsatdi, boyidi. Bugungi yoshlar she’riyatini bu jihat ila maqtab bo‘lmaydi. Ular bir nechta doimiy mavzu va ko‘proq, ko‘ngil izhori bilan cheklanib qolishayotganday. Yoki o‘quvchi bunday serqirra, serma’no she’rlarni o‘qimay qo‘ydimi? Umuman, zamondoshlarimiz qanday she’rlarni ko‘proq o‘qiyapti?
  2. Yaqinda bir qadrdonimiz aytib qoldi, bizning adabiyotda hali telefon haqida tuzuk-quruq asar yozilmagan ekan. O‘ylanib qoldim, chindan ham she’riyat har vaqt davr ruhi, kayfiyatini o‘zida jo etib kelgan. Ammo hozirgi she’riyatda ana shu ruh sezilmaydi, ellik yil oldin yasalgan qolip-tashbehlar hali ham “trend”da. Aytmoqchimizki, texnologik asrning unsurlari sezilmaydi. Bizningcha, metroga tushib manziliga yetib borguncha simlari chuvalashib qolgan quloqchinini epaqaga keltirolmay xunobi chiqib yotgan yo‘lovchi haqida ham go‘zal she’r yozish mumkin. Bu bir misol, ammo bunday vositalar hayotimizda ko‘p-ku. Kundaligimizdan muhim o‘rin olgan mobil telefon haqida she’r yozsa, kishi modernist bo‘lib qoladimi? Bu borada qanday fikrdasiz?
  3. Internet va ijtimoiy tarmoqlar turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanmagan, biror kun yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu omil ijodkorga, o‘z-o‘zidan adabiy jarayonga ham ta’sir etmay qo‘ymadi. Hozir “internet adabiyoti” degan tushuncha ham mavjudki, bundan asosan yoshlar “unumli” foydalanib, hali siyohi qurimagan asari uchun “like” yig‘ib olishmoqda. Xo‘sh, sizningcha, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jarayonga, xususan, ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
  4. Xalqimiz ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar degan maqol ko‘p ishlatadi. Albatta, bu maqol she’riyatga, shoirga-da taalluqli. Bugungi she’riyatimizdagi ustoz-shogird an’analari, adabiy maktablar haqida fikringiz qanday?

 

 

  1. Har bir davrning o‘z adibi bo‘lgani kabi o‘z o‘quvchisi ham bo‘ladi. XX asr she’riyatida badiiy didning yuksalgani bor gap. U davr kishilari informatsion oqimlar ta’siridan bir qadar xoli bo‘lishgan. Bundan tashqari, ijod ahlining ma’lum, tanlangan vakillaridagina ommaga ko‘rinish imkoniyati bo‘lgan va tabiiy ravishda oz narsa qadrliroq ham bo‘lgandir, balki. Ammo ishonamanki, ijodkorlar hamisha xalq orasida ko‘p bo‘lgan. XXI asrning shiddatkorligi, turli informatsion texnologiyalarning ixtiro qilinishi va rivojlanishi inson ta’sir qildi, uning ruhiyatini o‘zgardi. Endi XX asrdagi ruhiy sokinlik o‘rnini biroz shoshqaloqlik, vaqtdan unumliroq foydalanishga harakat qilish va, umuman, sabrsizlik egalladi. Qalin romanlarni avvallari oddiy ishchi ham o‘qiy olgan bo‘lsa, hozirda bunday mutolaani faqat adabiy elita vakillari va ilmiy ish yozadigan bir-ikkita ilmiy xodimgina qila oladi. She’r o‘qish masalasiga kelsak, avvalo she’rdagi avvalgi aytilgan gaplar asta-sekin odamlarni toliqtira boshladi. Yangi shakl, yangi tashbeh­lar ehtiyoji yuzaga keldi. Hozirgi zamondoshlarimizning muayyan bir qismi, faqat ma’lum yosh chegarasidagina she’riyatga murojaat qilmoqda. Sababi, she’riyatning estetik kuchini media olami bir qadar susaytirishga erishdi. Xilma-xil stikkerlar, rasmlar, giflar, qo‘shiqlar inson ko‘nglidagi she’rga bo‘lgan badiiy-estetik ehtiyoji o‘rnini, oz bo‘lsa-da to‘ldira boshladi. Shu tufayli hozirgi zamondoshimiz ko‘p ham she’r o‘qimayapti, ammo kam va tanlab o‘qiyapti deb ayta olaman.
  2. Kantning materialistik falsafasida buyumlarning asta-sekin inson ruhiyatiga ta’sir etishi va akslanishi haqida ta’kidlangan. Aslida, telefon haqida she’r yozish biror kishini modernist qilib qo‘ymaydi. Lekin agar tuyg‘ular telefon buyumi orqali yorqin ifodalansa mo­dernizm boshlanadi. Misol sifatida quyidagi misralarni keltirishim mumkin:

Telefon zaryadi singari –

Tugab borar mendagi sabr.

Bu kabi ifoda XX asr she’riyatida uchramasligi va faqat bizning asr nigohi bilan qaralsagina yangilik, ya’ni modern ifoda ekanligini qayd etish lozim. Deyarli har kuni hayotimizga kirib kelayotgan yangi texnologik qurilmalar jonli tabiat va hatto odamlarning o‘rnini ham egallamoq­da. Bu hol zamonaviy ijodkor ruhiyatida evrilishlar sodir bo‘lishiga, yangi badiiy tafakkurning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Buni kibermodern deb atash mumkin. Lekin ijodkorning qarashlari o‘tgan asr­dagi stereotiplari bilan sug‘orilgan bo‘lsa, u chinakamiga krizis holatini boshidan o‘tkazmoqda. Shu evrilishlar davrida shakllanayotgan yosh ijodkor esa kibermodernni ayni voqelik va hayotning ajralmas qismi deya idrok etmoqda. Mana shu tushunchalar o‘rtasidagi farqlar Krilovning “Oqqush, cho‘rtan va qisqichbaqa” masalidagi arava kabi o‘zbek she’riyatini bir joyda harakatlana olmay to‘xtab qolishiga sababchi bo‘lmoqda. Ammo bu arava harakatlanishi zarur va unga qarshilik qilayotgan o‘tgan asr kuchlari asta-sekin tabiiy ravishda susayib bormoqda.

  1. Internet adabiyoti degan tushunchaning kirib kelgani bor gap. Ammo bu jarayon bizdagi ijodiy ruh bunga tayyormi-yo‘qmi demay ayovsiz informatsiyalar hujumi yuzaga chiqmoqda. Albatta, buning ijobiy taraflarini ham qayd qilish kerak. Internet bu har qanday ijodkorga minbar berdi. Tortinchoq, o‘zini doimo ommadan olib qochadigan ijod ahli uchun yaxshigina imkon deb qarash ham mumkin. Bundan tashqari, na biror o‘tkir muharrir yoki taqrizchi nigohidan cho‘chiysan. Yana ijtimoiy tarmoq ijodkorga o‘zi istasa anonimlik, ya’ni noma’lumlik yoki niqoblanish imkoniyatini ham taqdim etadi. Endi mazkur holatlarning ham ijobiy, ham salbiy taraflarini qabul qilishga, ko‘nikishga majburmiz. Internet adabiyotida ijodkor namunasini e’lon qilarkan, uning ta’sirini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchi kuzatishi, rag‘bat yoki tanqidni o‘sha zahotiyoq olish imkoniyatiga ega. Aslida, mazkur “like” vozliklar ijodkor ruhiyatida o‘quvchi didi bilan hisoblashishga, nafaqat hisoblash, balki o‘quvchiga ko‘proq yoqadigan narsalarni yozishga undashi – ada­biy didning o‘tmaslashishiga olib kelmoqda. Manaman degan mashhur yozuvchi-shoirlarimiz ham aynan shu omilning qurboni bo‘layotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu esa internet adabiyotining shakllanish kriteriyalarini tezroq anglash, unga moslashish va salbiy ta’sirlariga qarshi yetarli immunitet hosil qilishga chorlaydi. Kim shu ishni yaxshi uddalay olsa, chin ijodkorlik salohiyatini ham o‘zida saqlab qoladi.
  2. Ustoz-shogird ananasi bo‘lishi kerak va agar bo‘lsa bunga ijobiy qarayman. Ammo 2-savolga javob berganimda ta’kidlaganimdek, ikki davr orasidagi tushunchaviy tafovutlar bu an’analarga keskin zarba berdi. Endi ustoz shogirdni, shogird esa ustozni tan olmay qo‘ydi. Bu, albatta, salbiy hodisa. Ijod olamida birovga ijod qilishni o‘rgatib bo‘lmaydi, ammo adabiyotga nisbatan hurmatni shakllantirishda, so‘zga munosabatni to‘g‘rilash va avval yaratilgan asarlar­ning mohiyatini tushunishda, istaymizmi-yo‘qmi, ustoz kerak. Mazkur an’anani davom ettirishda ko‘proq katta avlod vakillaridan tashabbus chiqishini xohlar edim. To‘g‘ri, ustoz shogirdni izlab topmaydi, ammo hozir shundayki, shogird ustozni nafaqat taniydi balki uni qanday izlashni ham bilmaydi. Shu tufayli, bu an’anani yo‘qotib qo‘ymaslik uchun adabiyot darg‘alari xilma-xil to‘garaklar, ijodiy davralar, she’riyat kechalarida faolroq bo‘lishini istab qolar edim.

 

Abdulaziz Akramov

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.