Zamonaviylik she’riyatga zo‘rlab singdirilmaydi

0
314
marta ko‘rilgan.
  1. XX asr o‘zbek sheriyatidagi mavzularning turfaligi, tashbehlarning ohorli ekannida ustoz shoirlarning chuqur bilim va saviyasi ko‘rinib turadi. Bu she’riyat tarixiy voqealarga, ulug‘ shaxslarga murojaat etdi, shuning barobarida, turfa kechinmalarni ifodaladi. Qisqasi, baland intellektual she’riyat bo‘y-bastini ko‘rsatdi, boyidi. Bugungi yoshlar she’riyatini bu jihat ila maqtab bo‘lmaydi. Ular bir nechta doimiy mavzu va ko‘proq, ko‘ngil izhori bilan cheklanib qolishayotganday. Yoki o‘quvchi bunday serqirra, serma’no she’rlarni o‘qimay qo‘ydimi? Umuman, zamondoshlarimiz qanday she’rlarni ko‘proq o‘qiyapti?
  2. Yaqinda bir qadrdonimiz aytib qoldi, bizning adabiyotda hali telefon haqida tuzuk-quruq asar yozilmagan ekan. O‘ylanib qoldim, chindan ham she’riyat har vaqt davr ruhi, kayfiyatini o‘zida jo etib kelgan. Ammo hozirgi she’riyatda ana shu ruh sezilmaydi, ellik yil oldin yasalgan qolip-tashbehlar hali ham “trend”da. Aytmoqchimizki, texnologik asrning unsurlari sezilmaydi. Bizningcha, metroga tushib manziliga yetib borguncha simlari chuvalashib qolgan quloqchinini epaqaga keltirolmay xunobi chiqib yotgan yo‘lovchi haqida ham go‘zal she’r yozish mumkin. Bu bir misol, ammo bunday vositalar hayotimizda ko‘p-ku. Kundaligimizdan muhim o‘rin olgan mobil telefon haqida she’r yozsa, kishi modernist bo‘lib qoladimi? Bu borada qanday fikrdasiz?
  3. Internet va ijtimoiy tarmoqlar turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanmagan, biror kun yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu omil ijodkorga, o‘z-o‘zidan adabiy jarayonga ham ta’sir etmay qo‘ymadi. Hozir “internet adabiyoti” degan tushuncha ham mavjudki, bundan asosan yoshlar “unumli” foydalanib, hali siyohi qurimagan asari uchun “like” yig‘ib olishmoqda. Xo‘sh, sizningcha, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jarayonga, xususan, ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
  4. Xalqimiz ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar degan maqol ko‘p ishlatadi. Albatta, bu maqol she’riyatga, shoirga-da taalluqli. Bugungi she’riyatimizdagi ustoz-shogird an’analari, adabiy maktablar haqida fikringiz qanday?

 

 

  1. XX asrda ustozlar­ning ijodi yangi dovon bo‘lgan. Birin-ketin saf tortib, o‘ktam ovozlarda kirib kelishgan. Ko‘pdan ko‘p chiqadi, deganlaridek, ularning soni ko‘p bo‘lgani uchun ham yanada salmoqli tuyuladi. Yangi avlod vakillarining uchqunlab, yakkam-dukkam holatdagi “tashrif”lari sababli ovozlari ham unchalik sezilmagandir balki… Balki shuning uchun ularning ijodi haqida biron hukm aytish qiyinroqdir. Negaki, har qanday bahoga loyiq bo‘lish ham qancha elaklardan o‘tishlarini talab etadi. Biroq “elakdan o‘tish uchun” bilim kerak, degan fikrga ishonmayman. Umuman, she’riyat va bilim butunlay boshqa-boshqa olamlar ekanligini aytish uchun o‘rtamiyona she’rxon bo‘lish kifoya. Nega deysizmi? Ilm-u fanning ko‘chasidan ham o‘tmagan, bizning ko‘zimizga g‘irt besavod bo‘lib ko‘ringan keksa ota­xonlarning hikmatlar-u falsafalariga, tashbeh-u qiyoslariga quloq solsangiz, lol bo‘lib qolasiz. Qalami qayralgan adib shapaloqday matn bilan bergan tasvirni “qishloqi” chechanlar ikki og‘iz gap bilan aytib qo‘ya qoladi. Misol shart emas, deb o‘ylayman.

Adabiy jarayonni tushuna boshlaganimda, bir necha yil ilgari menda aynan shu o‘y bo‘lgan. Hozir ham shu fikrda sobitman. Tashbeh-u qiyoslar istisnosiz kayfiyat va holatning kashfidir. Ayni vaqtda ijodkorning lug‘ati va bilimdonligi ikkinchi darajali omil. Yaxlit misralar chaqmoqday “yilt” etib tug‘iladi.

Endi, “ko‘ngil izhori bilan cheklanyapti” xu­susida – menda ham shunday e’tirozlar bo‘lgan: nega hamma o‘zining ichida turib yozadi? Tashqariga chiqib, uchinchi odam bo‘lib munosabat bildirib yozadiganlar kam?.. Ijodga kirib kelayotgan hozirgi yoshlar haqida bir nima deyolmayman, u qadar tanish emasman. O‘shanda Bobur Elmurodning she’rlari bu e’tirozimga e’tiroz bo‘lib ko‘ringan edi.

Bugungi yoshlar she’riyatini faqat ko‘ngil izhorlari deb tashxislasak xato bo‘ladi. Shoirning har bir she’ri uning ko‘rgan, izlagan, qiynagan, his qilgan hududlariga ongi va qalbining “reaksiya”si bo‘lib dunyoga keladi. Bu reaksiyani munosabat deymizmi yoki izhor – bu o‘zimizning tanlovimiz.

“O‘quvchilar”ning saviyasiga kelsak, boshida o‘zimdan kelib chiqib bir xil darajadagi o‘quvchilar bor deb o‘ylardim. Keyin jonini koyitadigan va koyitmaydigan o‘quvchilarga bo‘ldim. Hozir quyi, o‘rta va yuqori qatlamdagi o‘quvchilarga bo‘laman. Tafakkurining kuchiga qarab o‘quvchilik qilishadi. Aksar zamondoshlarimiz esa, o‘zlarini unchalik qiynamay she’rxonlik qilishayotganday. Mutolaa ham mas’uliyatli, katta ish.

Adabiyotshunos Rahimjon Rahmatning shunday gapi bor: “Badiiy asar ichi bo‘sh idishga qiyos qilinadi. Uni o‘quvchi o‘z ko‘nglidagi ma’no bilan to‘ldiradi. Agar o‘quvchi ko‘nglida ma’no bo‘lmasa “idish” bo‘shligicha qolaveradi. Shunisi borki, chinakam badiiy asar hech qachon to‘lmaydigan bir idishdir”. Zamondoshla­rimizning jiddiyroq she’rxonlik qilishlariga xalaqit beradigan vositalar ko‘payib ketdi. Bozor iqtisodiyotida talab va taklif degan tushunchalar bor. Yoshlar she’riyati ham ehtiyojga qaragan takliflar.

  1. Bu texnika asrida shundoq ham tuyg‘ular yemirilayapti. San’at bilan sanoatni aralashti­rish yaxshimikin?!

Kichkinaligimizda uyda onamni topolmay qolsak, izlagan joylarimizda yo‘q bo‘lsalar, qidirib borolmaydigan manzillarimizni aytib, “chamamda, o‘sha yoqdalar” deb qo‘yardik.

Boshida ma’no kashf etolmagan, tushunishga qiynalgan she’rlarimni modern yo‘nalishi shunday bo‘lsa kerak, deb xulosalardim. Telefon haqida she’r yozsa, modernist bo‘lib qolish o‘sha bosqichdagi tushunchamga to‘g‘ri keladi. Hozir esa telefon haqida she’r yozish modernistlik emas, zo‘raki zamonaviylikka o‘xshab tuyuladi. Fikrimcha, mavzu yoki detal emas, yondashuv zamonaviy bo‘lishi kerak. Misol uchun, ikki ming yillar oldin oshiq-ma’shuqani gul-u bulbulga qiyoslash qay bir omadli shoir­ning xayoliga kelgan. Ana shu muvaffaqiyatli o‘xshatish hech qanaqa zamon va zamonaviylik­ni tan olmay, haligacha yashab kelmoqda. Keyin, modern yo‘nalishida yozilgan she’rlar, albatta, tushunarsiz bo‘ladi, degan da’vo ham unchalik to‘g‘ri emas. Modern yo‘nalishini hamma bir xil alomatlar bilan tushunmasa kerak. Ma­salan, ustoz Usmon Azimning bir she’ridan (o‘sha payt kundalik hayotining kichik manzaralari tabiiy tasvirlangan) misralar keltiray:

“Telefonlar jiringlar faqat

Ruxsat berar ko‘chalar sayrga.

Sen etmoqchi bo‘lib ibodat

Adashibmi kirding bu dayrga”.

Yoki boshqa bir she’rida lirik qahramon holati tasvirini zamon ruhiga monand shunday ifodalaydi:

“…Do‘stlarim oromin buzar telefon,

Uyqusirab bari g‘uldiraydi: “Kim?”

Birov telefonga qichqirar shodon:

“Tabriklab qo‘yinglar, do‘stlar, tirildim.

Mening kindik qonim to‘kilgan yurtda

Telegrafchi qiz aqldan ozdi.

Manov telba bo‘lib qolgan apparat

“Ona, men tirildim” degan xat yozdi”. – Men modernni shu sarhadlarda tushunaman.

Zamonaviylikni she’riyatga zo‘rlab singdirib bo‘lmaydi. She’riyat ham san’atning boshqa turlari kabi davr manzarala­rini tabiiy ravishda o‘zida aks ettiradi. Shoir ijodining zamonaviy tashbehlar va “texnologik” detallar bilan boyishi maho­rat emas, taassurot masalasi, xolos. Ya’ni, zamon, davr shoirni “hayratga sola olishi” kerak.

“Trend”dagi qolip-tashbehlar haqida esa, muhimi, yangi yo‘l emas, muhimi, she’rlar-ku! Lozim bo‘lsa, o‘quvchini hayratga sola olsa, ulardan ham foydalanish kerak. Qolaversa, keyingi zinaga ko‘tarilish uchun avvalgilari asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qishlog‘imizda bir momo bo‘lgan ekan. Urushdan qaytmagan o‘g‘li uchun har kuni daryoning bo‘yiga borib yig‘larkan – yillar o‘tsa ham. Har kuni bir xil joyda, bir xil yig‘lash joningizga tegmadimi desa, men har kuni boshqacha yig‘layman, sizlarga bir xil tuyuladi, der ekan. Menga ko‘proq telefon haqida emas, “naushnigi”ni epaqaga keltirolmay, xunobi chiqayotgan yo‘lovchining holati haqidagi she’r samimiyroq tuyuladi.

  1. Internet, ijtimoiy tarmoqlar ochil dasturxonga o‘xshaydi. Yaxshi tomoni, istagan narsangizni topasiz. Yomon tomoni, odamlarni dangasa qilib qo‘ymoqda. Borgan sari ixchamlik, soddalik, qisqalikning talab­goriga aylanib boryapti bu magnit maydonidagilar.

Avvalo, men “Internet adabiyoti” degan tushuncha bilan unchalik kelisha olmayman. Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi, degani asar yozildi va o‘quv­chisiga yetkazildi degani emas. Keyin, biz internetni zamonaviy minbar deb qabul qilishimiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda to‘xtovsiz “like” yig‘ayotgan “asar”larga kelsak, ularning hammasini ham “ijod mahsuli” deb bo‘lmaydi. Odamlar “like”ni ba’zan “qarzga beri­shadi”, ba’zan esa shunchaki ehson qilishadi. “Like” yoki “klass” yuzdan bir holatdagina chinakam e’tirofni anglatadi. Yuqorida internetni “ochil dasturxon” dedik, undan “unumli” foydalanish “like” yig‘ish emas, adabiy jarayondan xabardor bo‘lish, “foydalanuvchi” “adabiyot xaritasi”ning qayerida yuribdi, qaysi tomonlariga safar qilishi kerakligini ko‘rsatuvchi kompas ekanligini aksar yoshlar bilishadi.

Ijtimoiy tarmoq o‘quvchilarning tanlash imkoniyatini kengaytirishi rost, ammo badiiy didini o‘tmaslashtirib tashlashi ham bor gap. O‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, faol foydalanuvchi emasman. Kompyuter, telefon orqali internetdan o‘qigan narsalarim quruq bo‘lib tuyuladi, ko‘nglimga ko‘p narsa yuqmaydi.

San’atda “shou biznes olami” degan, beshafqatlikni esga soluvchi tushuncha paydo bo‘lgan. Beshafqatlik deyishimga sabab bu olam odamlarida asosiy maqsad “like” yig‘ishdan iborat. O‘zi umuman XXI asrda odamlar robotga aylanib borayotganday. Temir odamlar. Ko‘p tuyg‘ulardan begona. Siz tilga olgan “Internet adabiyoti”da ham ba’zan shu shou-biznesni, beshafqatlikni kuzatganday bo‘lamiz. Yaxshi tomonlari ham bor, albatta. “Like” yig‘ish haqidagi gapingizga aytdim bu gaplarni.

  1. Hali maktabga chiqmagan paytimda qishlog‘imizda bayram, to‘ylar munosabati bilan ko‘p kurashlar uyushtirilardi. Davrada chiroyli “chil” ishlatib, g‘olib bo‘lgan polvonga “falonchining shogirdi-da”, “buning ustozi falonchi-da” degan e’tiroflar aytilardi.

Hunarmandda, sportchida, qo‘shiqchida ustozlik mashaqqati u qadar qiyin emas. Shogirdining ko‘rinib turgan faoliyatini tarbiyalaydi. Inson tafakkuri bilan bog‘langan ustozlik faoliyati havodagi zarralarni tartibga solishday gap. Tuyg‘ularga, ongga dars berish hazil ish emas.

O‘quvchiligimda o‘qituvchilarimni uyida ham yangi kiyinib yurishadi, deb o‘ylaganman. Eski kiyim ham kiyishlarini tasavvur qilolmaganman. Hozir ham ustozlarimning tiynatini shunday baholayman.

Yoshlarning o‘zidan katta barcha ijodkorga “ustoz” deb murojaat etishlaridan og‘rinib ketaman. Bu jarayon “ustoz” so‘zining maqomiga umuman yarashmaydi. Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati” asarida ustoz-shogird munosabatlari xususida shunday yozadi: “Agar shogirdlikning binosi nimaning ustiga quriladi, deb so‘rasalar, irodat ustiga deb javob bergin. Agar irodat nima deb so‘ra­salar, samo va toatdir, deb aytgin. Agar samo (eshitish) va toat nima deb so‘rasalar, nimani ustoz aytsa, uni jon qulog‘i bilan eshitish, chin ko‘ngil bilan qabul qilish va vujud orqali amalga ado etishdir, deb ayt”.

Ustozlikning ham, shogirdlikning ham talablari bor. Bugungi kunda bu talablarni to‘laqonli ado etish mushkul vazifa. Ikki vazifadagi shaxs ham o‘zidan ortishi kerak. Yer avvalgiga nisbatan tez aylanyapti degan gapni tez-tez eshityapmiz. Vaqt qadrini yana-da balandlatyapti. Faqat ijodda emas, shaxs sifatida ham bir-biriga munosib bo‘lishi kerak bu ikki tomon. Bu gaplarim Ustozlarning g‘ashiga tegmasin. Uzr so‘ragan holda tushunchalarimni bayon etyapman.

2-sinfligimizda ustozimiz “ertaga falon joyda to‘y bo‘layotgan ekan, maktabga kelmasdan hamma to‘yga borsin” dedi. Ustozimning gapini uydagilarga aytib, ertasi maktabga bormadim. O‘sha kuni bitta men darsga bormagan ekanman. Ustoz sinash uchun aytganini mendan boshqa hamma bilgan. Shogirdlarini har qanday gapiga ishontira oladigan o‘shanday ustozlarni juda sog‘inaman.

Adabiy maktablar deb ustozlarning adabiy maktablarini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, katta xazinalarimiz bor. San’atda, hunarmandchilikda, umuman, boshqa har qanday sohada ustoz va shogird o‘rtasida jonli muloqot zarur. Faqat adabiyotdagina g‘oyibona ustoz-shogirdlik munosabatlari bo‘ladi. Muborak maktablarning tolibi bo‘lish imkoniyati har bir adabiyotga daxldorlik da’vosida yurgan e’tiqod egasida bor. Qanchalik buyuk siymolarga g‘oyibona shogird bo‘la olishim mumkinligi haqida o‘ylasam, cho‘ntagida ko‘-o‘p pul bilan bozorga otlangan odamday quvonaman.

 

Nargiza Odinayeva

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.