Barhayot she’r yo‘li

0
155
marta ko‘rilgan.

O‘qishga kirib, poytaxt havosidan nafas ola boshlaganimda mutolaa va turli adabiy gurunglar “modern”, “avangard” singari tushunchalar epkinini olib keldi. Ular bilan ozmi-ko‘pmi tanishib, adabiyot deganlari butkul boshqacha ekan-ku, degan fikrga bordim. Boisi, shu paytgacha o‘qigan kitoblarimning ko‘pi realizm yo‘nalishida edi.

Turli yangi “izm”lar ketidan quvadiganlarning o‘z haqiqatlari bor edi, albatta. Ular an’anaviy adabiyotni, deylik, nasrda realizmni uncha mensimas edi. Yozganlari she’r yo hikoyaga o‘xshamay qolsa ham javob tayyor: adabiy ekspriment!.. Mabodo odamlar tushunmasa, undan ham a’lo: muallif zamonadan, adabiyotu san’atdan ancha ilgarilab ketganiga yo‘yishardi buni. Bunday mashqlarni ancha-muncha o‘qiganimdan keyin me’damga tegdi va bir narsani tushundim: adabiy tajribani har kim ham do‘ndira olmas ekan, iste’dod bo‘lmasa har qanday “izm”ga yukunishdan naf yo‘q ekan.

Ana shunday kunlarning birida Chori Avazning saylanma she’rlarini o‘qib chiqdim-u, asar yutug‘ini qaysi yo‘nalishda bitilgani emas, avvalo, chinakam yoniq ruh va mahorat ta’minlashini tushundim. Shoirning oson o‘qiladigan, ifodasi aniq she’rlari, o‘tli satrlari haqiqiy adabiyotga daxldorligi, ko‘ngilga yaqinligi bilan suyukli bo‘lib qoldi.

Uning she’rlarida hayotni, insonni mukammal ko‘rish orzusi bo‘y ko‘rsatib turadi. Lirik qahramon odamlarning turfa tashvishlarga berilib maydalashib ketganidan, tirik ekani-yu, lekin yashamayotganidan kuyunadi:

 

Manov odam armonga cho‘kib,

Ovozini chiqarmay o‘lgan.

Anavisi tirikchilikning

Quchog‘ida chirigan, yitgan.

Huv, anavi novcha yigitning

Nozikta’b qiz boshiga yetgan.

 

Holbuki, tirikchilik tashvishlari kimning yelkasida yo‘q? Tirik jon borki, albatta, qorin to‘ydirishni, egni but bo‘lishini o‘ylaydi. Ammo ayrim kishilar uchun umr yo‘li shundangina iborat bo‘lib qolgani yomon. Shoir shuning uchun turkum boshida hayotini to‘g‘rilashga shoshilmagan odam daryo bo‘yida o‘tirib suvning tugashini kutayotgan tentakka o‘xshashi haqidagi hikmatni keltiradi. O‘zligini unutgan, o‘zini taftish, o‘tgan kunini tahlil qilmaydigan, ko‘ziga faqat moddiyat ko‘rinadigan, qorin tashvishida oromu halovat neligini bilmaydigan kishilar xalqni, millatni yuksaltira olmasligini aytadi. Shu bilan birga, faqat moddiyat bilan yashash osonligini, ammo bu osonlik qimmatga tushishini bildiradi.

Inson ideallarsiz yashay olmaydi, degan gap bor. Darhaqiqat, ideallar yo‘qolgan, buyuk ajdodlar unutilgan damda zamin qalqib, langarini yo‘qotib qo‘yishini aytadi shoir.

“Bir dunyo savol” she’ri esa adolat, haq yo‘lidagi inson kurashiga bag‘ishlangan. Bunday yo‘ldagi odamga hech kim, hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi. Heminguey aytganiday, insonni yanchib tashlash mumkin, ammo uni yengib bo‘lmaydi. Agar shoir shu fikrni xuddi ana shu tarzda ifodalasa, ya’ni hayotning past-balandi ko‘p, ammo kurashgan odam baribir niyatiga yetadi, deya talqin qilganida, jo‘n va umri yozilgandayoq tugaydigan she’r paydo bo‘lardi.

Ammo shoir bunday qilmaydi: eng hayotiy haqiqatni… ertak yordamida ifodalaydi. Masalan, devu parilar, yalmog‘izu borsakelmas yo‘l…

She’rni o‘qirkansiz, ko‘z o‘ngingizda inson hayoti gavdalanadi. Taqdir insonni imtihon qilishi xuddi yalmog‘izga duch kelgan Kenja botir misolida aytiladi:

 

Ayniqsa, u Kenjaga

Yo‘l ko‘rsatib turgan dam,

U yalmog‘iz emasdir

Deya o‘ylaydi odam.

Goho undan rahmdil

Topilmaydi biror zot,

Botirlarni qutqazar

Berib oyna, taroq, ot.

Goho undan vahshiy yo‘q,

Bog‘larni etar sahro.

Oyog‘ining ostida

Ingranib yotar dunyo.

 

Shoir hayot hukmi makkor va yovuz, shu bilan birga, saodatli ekaniga ishora qilib, yalmog‘iz savol berib sinab ko‘rishini, agar sal qo‘rqsangiz, buni darrov bilishini, sira qo‘rqmagan bo‘lsangiz ham, ishonmayin turishini aytadi. Hayotda ham shunday: qiyinchiliklarga dosh bergan, egilmagan botirgina bu hayotda o‘z o‘rnini topa oladi, xavfu xatarga to‘la “Borsakelmas”dan ham omon qaytadi.

“S’yomka paytida” she’rida esa qiziq bir manzara – kino olish jarayoni aks etadi. Bir kadrda ko‘rinish berishi kerak bo‘lgan aktyor o‘sha kuni kelmaydi. Zumda rolga mos bir yigitni topib, u qiladigan ishni tushuntirishadi. Yigit fashist rolini o‘ynashi kerak, ona murdasidan hatlab o‘tib, murg‘ak bolani chohga irg‘itishi lozim.

Ijro boshlanadi-yu, yigit qotib qoladi. Qo‘lida go‘dakni tutgancha qaltirab turadi. Rejissyor esa xunob: tushunsang-chi, uka, bu kino, kino!

Insonlar bundan ham battar xor edi,

Buni ko‘rish kerak butun bir dunyo.

 

Ammo yigit bu rolni uddalay olmaydi. Haqiqiy fashist bo‘lish qo‘lidan kelmaydi.

 

Yigit bosh ko‘tardi arang va ma’yus,

Avtobus tomonga qadam tashladi.

Hech kimga qaramay, demay biror so‘z,

Fashist mundirini yecha boshladi…

 

She’rni o‘qiy turib, inson har qanday holatda ham yovuzlikdan yuz o‘girishi kerak, degan xulosa keladi ko‘ngilga. Qachonlardir odam qiyofasidagi hayvonlar shunday manfur ishga qo‘l urgandir, ammo qalbida iymoni bo‘lgan odam, agar u aktyorlik sir-sinoatidan bexabar bo‘lsa, bu ishni kinoda ham qila olmaydi. Boshqa bir tomondan esa, o‘sha jirkanch ish hatto kinoda ham sodir bo‘lmadi, bo‘lmasin ham, boshqa bundayin qabohat yuz bermasin, degan istak jo‘sh uradi.

“Zeboga” she’ri olis qishloqning bolalik o‘tgan yillariga, yo‘llariga yetaklaydi. Shoir mitti jussasiyu kuchsiz yelkasida o‘n olti kilo paxtani ortib ketayotgan qizni eslaydi. Bir qaraganda oddiy hol: kimdir o‘n olti kilo nima bo‘pti, de­­yishi ham mumkin. Ammo she’rda keltirilayotgan voqea paxtazor yomg‘iru qordan ko‘pchigan kunlarda yuz beryapti. Bunday kunlarda kun uzog‘i biror yarim kilo paxta olib chiqishning o‘zi dushvor.

 

Sen-chi, ketayapsan kuchsiz yelkangda

O‘n olti kiloyu etik dahsar loy.

 

Qiz xirmonga paxta bilan birga zilday hislarini ham to‘kadi-yu, shoir ham deraza yonidan chekinadi:

Paxtazor bag‘rida sen bilan kechgan

O‘zga damlarni ham eslamoq qiyin.

 

She’rni o‘qib bo‘lgach, ko‘ngilda bir xijillik paydo bo‘ladi. Xuddi she’r yakuniga yetmaganday, hali davomi borday. Ammo shoir aniq bir voqea sharhini emas, qish-qirovli kunlarda shahar derazasidan tashqariga qarab turib, o‘sha onda xotirida jonlangan bir holatni, kayfiyatni ifoda etadi. Kayfiyatdagi xijillik o‘quvchiga ham yuqadi: u sho‘ro davrida hukm surgan paxta yakkhokimligi asoratlarini, mitti jussasiga turmushning zilday tashvishlarini ortib olgan yaqinlarini, onasini, opasi yo singlisini ko‘z oldiga keltiradi. She’rning tugamagan qismi hayotda davom etadi: qachonlardir yordam berish qo‘limizdan kelmagan onamizga, opamizga, sing­limizga ko‘makka oshiqamiz, yelkasidagi yukni yengillatishga urinamiz…

Chori Avaz ijodida xalqona, o‘ynoqi satrlar ham talaygina. Quyma va ravon satrlar samimiyati va ohangi bilan o‘quvchiga tez singadi:

Oqshom payti yo tunda

aylanib ko‘chalarni,

tongga eltib qo‘ysang-ey,

yulduzli kechalarni

 

yoki:

Ular shunday yashashar inoq,

Bir-birlarin qilishmas xafa.

Gohida tong, onajonim goh

Erta turar har gal, har daf’a.

Chori Avaz bir essesida shunday yozgan edi: “Inson yo‘li uzun emas. Har bir inson yo‘lining so‘ngida bir uyum tuproq bilan belgi qo‘yishadi. Ammo hech kim o‘sha bir uyum tuproqni o‘z qo‘llari bilan uya olmaydi. Buni boshqalar o‘zlarining behad parishonxotirliklaridan saqlanish uchun ado etadilar. Inson o‘z yo‘li so‘ngida qo‘­­yilgan bu belgidan boshqa hamma to‘siqlardan o‘ta oladi”. Demak, inson hayotda doim olg‘a intilib yashashi, to‘siqlarni yengib o‘tishi kerak. Toki uning ezgu ishlari oxirgi to‘siq ortida qolsin, uni yaxshi nom bilan eslashlariga sabab bo‘lsin.

Chori Avaz she’rlari bir yo‘ldir. Garchi bu yo‘l qisqa bo‘lsa-da, uning barhayot ohanglari hali ko‘p zamon she’riyat muxlislari qalbini larzaga soladi, to‘lqinlantiradi, ezgulik manzillari sari yetaklaydi.

 

Bekzod O‘KTAM

1988 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining tarix fakultetini tamomlagan. Adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari bilan respublika nashrlarida qatnashib keladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.