Bitta-bitta so‘zdan yaralar doston

0
470
марта кўрилган.

Jahon adabiyoti durdona asarlarini o‘qib hayratga tushganimda, ularni yurtdoshlarim ham o‘qishini va hayratlanishini juda-juda istayman. Dunyo kitobxonlari sevib o‘qiyotgan shunday asarlar tarjimasiga kirishganda, avvalo, ona tilimizda ularning asliyatday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylayman. Tarjima qilmoqchi bo‘lganim asarni qayta-qayta o‘qir ekanman, uni o‘girish hayotiy ehtiyojimga aylanadi, asar ona tilimizda oddiy va samimiy bo‘lishi uchun harakat qilaman.

Dog‘iston xalq shoiri Rasul Hamzatovning  “Onalarni asrang” dostonini 1979-yilda ilk bor o‘qigan kezlarim asarning teran mazmuni va badiiyligi meni hayratga solgandi. Shu dostonni, albatta, tarjima qilishim kerak degan ezgu niyatni dilimga tugdim. Lekin o‘sha vaqtda bunday ulug‘vor ishni amalga oshirish uchun menda na bilim, na malaka bor edi. Muhimi, Dog‘iston haqida hali to‘la tasavvurga ega emasdim. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun Dog‘iston, avar onalari, yana-da aniqroq aytsam, shoirning onasi Xandulay momo hayoti haqidagi ma’lumotlarni o‘rgana boshladim. Tabiiyki, bu boradagi bilimimni oshirishga shoirning mashhur “Mening Dog‘istonim” asari eng yaqin ko‘makdosh bo‘ldi.

“Mening Dog‘istonim” asarini qayta-qayta o‘qir ekanman, Xandulay momoga, umuman, onalarga bag‘ishlangan lavhalarga alohida e’tibor qaratdim va shoirning dostonni yozishdan maqsadi tobora ayonlasha boshladi: “Men o‘z onam haqida emas, jahondagi mehribonlik timsoli bo‘lgan barcha onalar haqida fikr yuritmoqchiman, har biri va hammasi to‘g‘risida, toki hech kim onasi tirikligida befarq yoki e’tiborsiz bo‘lib, keyin vijdon azobida qiynalib, onasining qabriga mung‘ayib boqmasin”. Darhaqiqat, ko‘z oldimda Xandulay momo qiyofasida ertadan-kechgacha tinim bilmaydigan o‘zbek onalari ham gavdalandi. Demak, doston tarjimasi onalarimizga, kitobxonlarimizga manzur bo‘lishi uchun allalarimizday sodda va ravon bo‘lishi kerak.

O‘qigandan ko‘ra yozganda ko‘proq yodda qoladi. Shuning uchun “Mening Dog‘istonim” tarjimasini boshlab yubordim. Bildimki, Dog‘istonning mashhur shoiri Hamzat Sadasaga umr yo‘ldosh bo‘lgan, o‘ziday mehnatkash qizni va to‘rtta zabardast o‘g‘ilni voyaga yetkazgan Xandulay momo shoirning quyidagi tavsifiga mos ona ekan: “Onam oddiy ayol edi, o‘sha g‘alati zamonda va insonlar taqdiri g‘alati hal qilingan tuzumda tog‘liklarga xos fe’l-atvorini, ayollik sha’nini saqlab qoldi va onalar zimmasiga tushgan vazifani sadoqat bilan bajardi”. Lekin unutmasligimiz kerak, har qanday ona bizni dunyoga keltirgani, oyoqqa turg‘izgani va el qatoriga qo‘shgani uchun hurmat-izzatga sazovor.

Keyinroq Rasul og‘aning dostoni haqidagi “Buyuk tuyg‘u” maqolasini o‘qidim. Unda dostonini o‘zining tarjimonlari emas, qalmoq shoiri David Qug‘ultinov asarlari tarjimoni sifatida tanilgan Yuliya Neyman rus tiliga o‘girgani to‘g‘risida ham yozilgandi. Bu meni Neyman tarjimalarini o‘qib chiqishga undadi va 70 yoshlar atrofidagi mohir tarjimon o‘zining boy tajribasiga onalik mehrini qo‘shib dostonni rus tiliga o‘girganiga amin bo‘ldim. Olamga mashhur dostonni ona tilimizga shunday yuksak saviyada tarjima qilish naqadar mas’uliyatli ijod ekanini yanada teranroq tushundim. Axir, doston 1600 misradan ortiq bo‘lib, muqaddima, har biri besh bo‘limdan bo‘lgan uchta qism va onalar haqidagi 13 ta qo‘shiqdan iborat edi.

Deydilar            ki, tarjimaga qancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rilsa, shuncha oson bo‘ladi. Mana, “Mening Dog‘istonim” tarjimasi ham tugadi, tajribam ham oshdi, go‘yo doston tarjimasiga tayyorman. “Onalarni asrang” dostonini takror-takror o‘qiyapman, qani tarjimani boshlay olsam. Balki, bu tabiiy holdir. Rasul og‘aning o‘zi ham dostonni uzoq va qiyinchilik bilan yozgan: “Doston olam yuzini ko‘rish uchun oson yo‘lni bosib o‘tmadi. O‘zim ham dostonni osongina yozgan emasman”. Chunki shoir ta’kidlaganday, o‘zingni dunyoga keltirgan onangni mavzu deb atash yaxshi emas. Ona – mehr-muhabbat ko‘rsatish kerak bo‘lgan ulug‘ zot!

Doston 1951-yilda shoirning otasi vafot etgan og‘ir lahzalarni tasvirlashdan boshlanadi. Onasi vafot etgan 1965-yil tafsilotlarini qalamga olganda dod-faryod chekadi. Agar dostonning avar tilidagi qo‘lyozmasiga 1976-yilda nuqta qo‘yilganini inobatga olsak, Rasul Hamzatovday beqiyos iste’dod sohibi dostonni chorak asrdan ko‘proq vaqtda yozgan. Shunday ekan, menday oddiy qalamkash “Onalarni asrang” dostonini ko‘k choy ichib, sharillatib tarjima qilib tashlay olmasdi. Umuman olganda, tarjima qilish rohatlanadigan jarayon emas. Tarjima ham boshqa ijod turlari kabi mashaqqat chekishni talab qiladi. Rohatlanish esa tarjima ko‘ngildagiday chiqqandan keyin bo‘ladi.

She’r-dostonlarni birinchi yil tarjima qilayotganim yo‘q, Rasul Hamzatovning “Bitta-bitta ipdan to‘qilar gilam, bitta-bitta so‘zdan yaralar doston”, degan hikmati to‘g‘riligini ijodiy tajribamdan juda yaxshi bilaman. Gilam aniq ketma-ketlikda to‘qiladi, she’rda, ayniqsa, doston tarjimasida ketma-ketlikka rioya qilib bo‘lmaydi. Shuuringizga quyilib kelgan tarjima misralarni ular dostonning qaysi qismida bo‘lishidan qat’i nazar yozib qo‘ygan ma’qul. Chunki daryodan bir marta oqib o‘tgan suv qayta oqib o‘tmaganday o‘sha misralar xayolingizga qayta kelmasligi mumkin.

Tarjimani boshlay olmay qiynalib yurgan kezlarimda, hamkasb rus ayolining o‘ttiz yillar ilgari aytgan hikoyasi esimga tushdi. Uni tug‘uruqxonaga olib borishadi. Tug‘ruq qiyin kechayotgani uchun doya unga uqtiradi: “Dod-voy sol, baqir, oson bo‘ladi”. U uyalganidanmi, bardoshli bo‘lgani uchunmi miq etmay farzandini dunyoga keltiradi. “Tabriklayman, qiz ko‘rdingiz”, – deydi doya. Bu xabarni eshitgach, u tug‘uruqxonani boshiga ko‘tarib dod-voy soladi. “Tug‘masdan oldin shunday baqirishing kerak edi, endi nega yig‘layapsan?” – deb so‘raydi doya. “Qachondir qizim ham shu joyga keladi, shuni o‘ylab azob chekayapman”, – degan ekan u. Qarang, yosh ona endigina dunyoga kelgan qizining kelajagini o‘ylab qanday azob chekyapti?! Darhol, doston oxiridagi onalar haqida qo‘shiqlar qismini ochib, birinchi qo‘shiqning to‘rtinchi to‘rtligini o‘qidim va tarjima qildim.

Qizim tug‘ilgan kun yodimda hamon,

Qanchalar quvongan edingiz, ona.

Bugun qizim qizli bo‘ldi, onajon,

Nabirangiz ko‘rmay ketdingiz, ona.

Gapni boshladingmi, oxirigacha ayt! Endi tarjima qanday davom etgani to‘g‘risida yozay. Muqaddimaning birinchi to‘rtligini tarjima qildim, ikki kundan keyin beshinchi to‘rtligini, so‘ng yettinchi to‘rtlikni. Besh kun deganda o‘ttiz olti misradan iborat muqaddima tarjimasini tugatdim. Bu menga ijodiy quvvat bag‘ishladi. Doston oxiridagi onalar haqida qo‘shiqlarga o‘tdim. Bunda ham qo‘shiqlar tartib raqamiga qaramadim. Oldin beshinchi, keyin o‘n ikkinchi, so‘ng oxirgi – o‘n uchinchi qo‘shiqni tarjima qildim. Va birinchi qo‘shiq tarjimasini nihoyasiga yetkazdim. Qolgan qo‘shiqlarning tarjimalari ham birin-ketin qog‘ozga tushdi.

Birinchi qismni o‘qib, oxirrog‘idan bitta to‘rtlikni tarjima qildim.

Akam olgan kuni birinchi maosh

Sovg‘a qilgan edi onamga ro‘mol.

Onam ko‘zlarida ko‘rdim sevinch yosh,

Axir, bitta o‘g‘li topgandi kamol.

Bu qismdan bir necha to‘rtlikni tarjima qilgach, uchinchi qism tarjimasiga kirishdim. Baribir tartibga rioya qila olmadim. Tarjimani ikkinchi bo‘limidan boshladim. To‘rtinchi, uchinchi va beshinchi bo‘limlar tarjimasini tugatgandan keyingina birinchi bo‘limga qaytdim.

Birinchi qism tarjimasini birinchi bo‘lim yettinchi to‘rtligini tarjima qilishdan boshladim. Keyin o‘ninchi va o‘n birinchi to‘rtliklarni. So‘ngra ketma-ketlikka qaramasdan boshqalarini. Oxirida beshinchi to‘rtlikni. Muhimi, bu bo‘limni bir kunda tarjima qildim. Boshqacha aytganda, bugungi ishni ertaga qoldirib bo‘lmasdi. Quyidagi to‘rtliklarni o‘qib, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lishingiz mumkin.

– Senmi, o‘g‘lim? – uning ko‘zlarida nur,

Yalt etib chaqnadi va yana so‘ldi.

Bu tun xotiramdan o‘chmas bir umr.

– Mana, vidolashuv vaqti ham keldi.

O‘lim soati ham keldi birpasda,

Mening paymonam ham to‘ldi birpasda.

O‘g‘lim, uyning fayzi – onangni asra…

O‘g‘lim, uyning fayzi – onangni asra.

Jimlik cho‘kdi. Nahot ko‘z yumdi otam…

Nahotki vasiyat edi bu misra?!

Shu payt birdaniga chor atrof, olam

Shu so‘zni takrorlar:

– Onangni asra!

Men bilan qo‘shilib yig‘ladi osmon,

Yomg‘irdan namiqdi tog‘, daraxt, maysa…

Tomdan oqayotgan tomchilar nolon,

Shu so‘zni takrorlar:

– Onangni asra!

Ertasi kuni ijodiy kayfiyatda birinchi qismning beshinchi – “Men onamni asray olmadim” bo‘limining tarjimasini boshladim. Avvalroq bu bo‘limning bitta to‘rtligini tarjima qilganim uchun ruhiga kirishim oson bo‘ldi va o‘n ikki soat ichida o‘n sakkizta to‘rtlikni tarjima qildim. Aslida, bu bo‘limni shiddat bilan tarjima qilmaslikning o‘zi mumkin emasdi.

Ona ketsa, qalbda bitmas jarohat,

Ona ketsa, qalbni ezadi kadar.

Onalarni asrang – bu mangu da’vat!

Onangni asragin farzandsan magar!..

Odamlar! Qalbingiz qoplamasin zang,

Qadrlang g‘animat har bir pallani.

Munis onalarni asrang-avaylang,

Eslab turing, ular aytgan allani.

Ikkinchi bo‘lim tarjimasi nisbatan oson kechdi. Uchinchi bo‘lim qirq sakkizta to‘rtlikdan iborat bo‘lgani uchun biroz qiynab qo‘yganligi rost.To‘rtinchi bo‘lim tarjimasi chinakamiga qiynadi. Qancha urinmayin birinchi to‘rtligini oxirida tarjima qildim. Unda urush tugagani to‘g‘risidagi xushxabar ajoyib misralarga ko‘chgandi.

Yoqimli xabardan uyg‘ondi dunyo,

Odamlar ko‘z ochdi misoli ohu.

Yana Quyosh tog‘lar, cho‘qqilar aro,

Kamalak ranglarda taratdi yog‘du.

Har bir asarning qalbi bo‘ladi. “Onalarni asrang” dostonining ikkinchi qismi – “Onajonlar aytgan allalar” uning qalbi, urib turgan yuragidir. Rasul Hamzatov ta’biri bilan aytganda: “Onalar allasi – insoniyat yaratgan qo‘shiqlarning ibtidosi”. Shoir allaning hayotimizdagi, o‘z hayotidagi o‘rni haqida shunday yozgandi: “Onam beshigimni tebratib aytgan alla qulog‘im tagida jaranglamagan biror kun, biror daqiqa bo‘lmagan, desam mubolag‘a emas. Bu alla mening barcha qo‘shiqlarimni allalab ulg‘aytirdi”.

Ikkinchi qismning birinchi bo‘limini ketma-ketlik bo‘yicha tarjima qildim va bundan o‘zim ham hayron qoldim. Ikkinchi bo‘limga o‘tishim bilan qiyinchilikka duch keldim. Bosh qismini tarjima qilib bo‘ldim, ammo harchand urinmayin “Onam gilam to‘qiyotganda shunday qo‘shiq aytardi” she’riga tishim o‘tmadi. Xuddi shunday uchinchi bo‘limning bosh qismlarini tashlab o‘tdim va oxirgi she’rini tarjima qildim. Bu tarjimaga yana-da jiddiyroq yondoshishimni talab etardi. To‘rtinchi va beshinchi bo‘limlar tarjimasini aniq ketma-ketlikda yakunladim. Katta qiyinchilik bilan ikkinchi bo‘limda tashlab ketgan she’r tarjimasini nihoyasiga yetkazdim.

Nafas rostlash uchun ikkinchi qismda tarjima qilgan she’rlarimni oqqa ko‘chirdim. Dam oldim, tongda turib uchinchi bo‘lim o‘rtasidagi “Onam munchoq toshlar terganda shunday qo‘shiq aytgandi” she’ri tarjimasiga kirishdim. Aniq ketma-ketlikda tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldim. Ayniqsa, oxirgi ikkita to‘rtlikni tarjima qilganda yayrab ketdim.

Onam ko‘kka qarab qildi iltijo:

Baland bo‘lsin burgut o‘g‘lim parvozi.

Hamisha taratsin ajoyib navo,

Aziz Vatanining kuylagan sozi.

Yolvorib so‘rayman boshimni egib:

Xudoyim, o‘g‘limga bo‘lgin mehribon.

O‘g‘lim she’rlarini o‘qisin sevib,

Butun Dog‘iston va keng olam-jahon.

Shu o‘rinda Rasul Hamzatovning quyidagi hikmatli so‘zlari esga tushadi: “Ona – biz uchun Yer yuzidagi Xudoning vakolatli insoni. Dindor kishilar bejiz ta’kidlamaydi: faqat onalarning iltijosi Yaratganga to‘la-to‘kis yetib boradi”. Biz bu naqlning ayni haqiqat ekanligini ko‘rib-bilib turibmiz. Xandulay momoning iltijosi Yaratganga to‘la-to‘kis yetib bordi, o‘g‘li Rasul Hamzatov buyuk shoirlar qatoridan o‘rin oldi. Endilikda uning asarlarini Dog‘istongina emas, butun jahon sevib o‘qimoqda va bundan keyin ham sevib o‘qiyveradi.

Doston tarjimasiga qaytsam, hali quvonishimga erta edi. Chunki uchinchi bo‘limning boshidagi she’r tarjima qilishimni kutib turardi. Mana endi chinakamiga g‘ayrat ko‘rsatadigan payt kelgandi. She’rni aniq ketma-ketlikda tarjima qila boshladim. Oxirgi misrasining ko‘ngilday chiqishi qiyin kechdi. U dostondagi 1600 dan ortiq misraning oxirgisi bo‘lgani uchun, albatta, yaxshi chiqishi kerak edi. Xandulay momoning onasi qiziga tilaklari nihoyasida nima deyishi mumkin, umuman, ona-buvilarimiz farzand-nevaralariga nima deyishadi? Bu savolga javobim aniq bo‘ldi: “Ular uzundan-uzoq duo qilishadi”. Ha, onalar farzandlariga tilaklarini uzundan-uzoq duo bilan nihoyasiga yetkazishadi. Buni hassos shoir Rasul Hamzatov ham, tarjimoni Yuliya Neyman ham mendan yaxshiroq bilishardi. Lekin o‘sha zamonda duo qiladi, deb yozib bo‘lmasdi. Men tarjimani nihoyasiga yetkazdim.

Toshlardan so‘rayman baxtingni, bolam,

Yurar yo‘ling bo‘lsin ravon va porloq.

Shunday der edilar menga ham onam

Va duo qilardi uzundan-uzoq.

Tarjima tugagan bo‘lsa ham bu hali xomaki qo‘lyozma edi. Endi oqqa ko‘chirish, kompyuterda yozdirishlar, nashrga tayyorlashlar boshlandi. Bu jarayonlarning har birida to‘ldirishlar bo‘ldi, ayrim misralarni qaytadan yozdim. Qo‘lyozmani kitob holiga keltirish uchun yana ishlashimga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, 2012-yil 10-may kuni “Yangi nashr” nashriyotidan “Onalarni asrang” kitobining nishona nusxalarini oldim. Bu o‘ttiz uch yillik ijodiy izlanishlarim samarasi edi. Albatta, quvondim. Rasul og‘a ta’kidlaganday: “Har qanday kitob avvalo kitobxon uchun yoziladi”. Men ham bu dostonni avvalo o‘zbek onalari, o‘zbek kitobxonlari uchun tarjima qildim. Meni tarjima jarayonida Rasul Hamzatovning quyidagi qanotli so‘zlari ilhomlantirib turdi: “Tarjimon do‘stim, qo‘lingni tashla, yaxshisiga ham, yomoniga ham birga javob beramiz”. O‘zingiz ayting, ustozning shunday ishonchi va ruhiy qo‘llab-quvvatlashlaridan keyin men dostonni tarjima qilmasligim mumkinmidi?!

 

Asror MO‘MIN,

shoir va tarjimon,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.