“Lison ut-tayr”da tush motivi

0
3393
марта кўрилган.

Alisher Navoiy ijodida tush motivi alohida ahamiyatga ega hodisadir. Uning deyarli barcha asarlarida, ayniqsa, “Xamsa”da qahramonlarning ichki kechinmalari, ruhiyat manzaralari tasvirlashda tush motivining muhim o‘rni bor. Xususan, “Lison ut-tayr” dostonining yetakchi g‘oyalarini chuqurroq anglashda Shayx San’on va Tarso malika bilan bog‘liq tush epizodlari ahamiyat kasb etadi. Bu xususida tadqiqotchi olimlardan biri F.Isomiddinov ham o‘zining “Shayx San’on haqidagi qissalarning qiyosiy tahlili” nomli nomzodlik ishida Attor hamda Navoiy ijodida tushlar muhim o‘rin tutganini ta’kidlaydi. “Lison ut-tayr”ning uchta bobidagi hikoyatlarda tushlar syujet halqalarining ma’lum bir qismiga taalluqli hisoblanib, o‘zlari qatnashgan hikoyatlarni shakllantirishga, g‘oyaviy-badiiy quvvatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Dostondagi tushlarning dastlabkilarini LXXIX bobda – Shayx San’on va tarso qiz haqidagi hikoyatning uch o‘rnida tush epizodlari uchraydi. Aytish o‘rinliki, “Lison ut-tayr” dostonini Shayx San’on va Tarso malika haqidagi hikoyasiz, hiko­yani esa Shayx San’on va Tarso malikaning tushlarisiz tasavvur qilish, tushunish mushkul. Shayx San’on qissasidagi tushlarning badiiy-g‘oyaviy ahamiyatini belgilash uchun dostondagi bosh – qoliplovchi hikoyani hamda Shayx San’on qissasini qiyoslab o‘rganish lozim bo‘ladi. Chunki ikki hikoyadan ham chiqadigan xulosa bir: olam – borliq Allohning zuhuridan iboratdir.

Shu ma’noda, dostonda dunyo qushlari­ning Semurg‘ni izlab yo‘lga tushishi haqidagi qoliplovchi hikoya Shayx San’on qissasining ramzlashtirilgan variantidir. Shu bilan birga Shayx San’on qissasi ramziy shakldagi qoliplov­chi hikoyani reallikka yaqinlashtiruvchi muhim vositadir. Bu esa asar mohiyatini yanada ravshanlashtiradi. Ikki hikoyaning ham syujet tizimini sinchiklab qiyoslaganda, ularning bir xilligini, insonning ming-minglab yaxshi-yu yomon xislatlari, hislarining timsoli bo‘lgan qushlar – Shayx San’on ekanligini anglash mumkin. Hudhud Se­murg‘dan afsona aytgach, qushlar tabiatida shavq o‘ti alangalanib, yo‘lga chiqadilar… Shayx San’on Tarso qiz haqidagi tushni takror-takror ko‘rgach, unga oshiq bo‘ladi va u ham safarga otlanadi…

Aslida qushlar ham, shayx ham Olloh visolini istab yo‘lga tushgan edilar. Ular bu yo‘lda juda ko‘p mashaqqatlar, zahmatlar chekadilar. Asl muddaoga yetgunga qadar qushlar minglab hamrohlaridan, shayx esa salla-yu dastori, dinidan ayriladi va tuproq bilan baravar bo‘ladi. Ushbu o‘rinda siyrat uchun suratdan voz kechilganligini ko‘rish mumkin. Hikoyalarning so‘ngiga kelib qushlar ham va shayx ham visolga yetdik deganlarida, ularning yo‘llarida yana bir to‘siq paydo bo‘ladi. Bu umidsizlik to‘sig‘i bo‘lib, u qushlar kelib qolgan manzillarida o‘zlarini ojiz his qilib, “Bu dargoh shunday azim va qo‘rqinchli ekanki, bu yerda bizga na son bor ekan, na salmoq!”, deya “vo hasrato” ayta boshlaganlarida hamda Shayx Tarso qiz visoliga yetmay turib, egniga yana xirqa kiyib, Ka’ba sari otlanganida ko‘rinadi.

O‘rni kelganda ta’kidlash kerakki, shayxning o‘z yo‘lidan qaytishga urinishida eng yaqin muridining iltijolari sababdir. Chunki Olloh har bir suyukli bandasining yaxshi niyat bilan qilgan duolarini ijobat etadi. Murid ham cheksiz toat-u ibodatlari natijasi o‘laroq bir kecha tush ko‘radi. Uning tushiga Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallam kirib deydi:

 

Sidq ila tuz niyyatingg‘a ofarin!

Sa’yu oliy himmatingg‘a ofarin!

Oncha zohir aylading ajzu niyoz,

Kim tarahhum birla hayyi korsoz –

Ayladi ajzu niyozingni qabul,

Nolau so‘zu gudozingni qabul.

 

Qushlar fanoga erishishdan umidsizlikka tushib turganlarida, Hudhudning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani tufayli ularda quvvat hosil bo‘ladi. Shayx San’on esa xuddi shunday holatga tushib ortga qaytayotganda, endi tarso qiz ham tush ko‘radi:

 

Noz uyqusida erdi ul pari,

Ko‘rdi tushkim indi mehri xovari.

 

Qizning tushida Iso payg‘ambar uni vafo bobida tanqid qilib, endi shayxning ortidan borishini buyurib aytadi: “Bot etib, bo‘lg‘il musharraf dinig‘a, Uzrung aytib, kir aning oini­g‘a”, deya ta’kidlaydi.

E’tiborlisi shundaki, qalbga ishq o‘tini solishda va umidsizlik holatida visoldan darak berishda Hudhud bajargan vazifani Shayx San’on qissasida tush motivi bajaradi. Aytish mumkinki, “Lison ut-tayr”ning qoliplovchi hikoyasida Hudhud qanchalik ahamiyatga molik bo‘lsa, Shayx San’on qissasida tush shunchalik muhimdir. Hudhud va tush obrazlari zamirida inson qalbida, ruhiyatida mudom charx urib turuv­chi oliy tuyg‘u – Ollohga bo‘lgan intilish tuyg‘usi borligini ko‘rish mumkin. Chunki inson hislarining ramzi bo‘lgan qushlarni Hudhud timsolida, shayxni esa inson ruhiyatining ko‘zgusi bo‘lgan tush timso­lida safarga chorlagan kuch ana shu oliy tuyg‘udir.

“Lison ut-tayr”ning 134-bobida keltirilgan tushning o‘rnini belgilashdan avval ushbu hikoyatning qanday g‘oyani isbotlashga xizmat qilayotganini aniqlab olish kerak. Dostonning 132-bobida bir qush Hudhudga “Ey yo‘l kezuvchi! Men tangri xayoli bilan doimo o‘zimni xush tutaman. Men undan shu tariqa bir nafas ham ayriliqda bo‘lmaganim holda, u tomonga safar qilishimning nima hojati bor”, deya savol qiladi. U qushning Hudhudga bergan savolidan “Men Ollohning zuhuriman, shuning uchun safar qilsam ham, qilmasam ham, baribir, bir kuni unga qaytaman-ku”, degan mazmun kelib chiqadi. Hudhud esa savol beruvchi qushga bunday javob qiladi: “Sen tangri mening qalbimda, deb qanchalik lof urganing bilan u sening so‘zingni qabul qilmasa, bekordir”. So‘ng Hudhud o‘z fikrlarining isboti sifatida Shayx Bistomiy o‘limidan keyin bir muridining tushiga kirganligi haqidagi hikoyatni keltiradi. Murid tushida shayxdan “Bizga holingdin ayon etgil xabar, Kim sanga ne qildi hayyi dodgar?” deya ahvol so‘raydi. Shayx shunday javob qiladi: “Lahad qa’riga kirganimdan so‘ng, savol beruvchi maloiklar mendan: sening yaratuvching va abadiy murabbiying kim, deb so‘radilar”.

 

Men dedim: “Bu so‘zni mendin so‘rmangiz,

Gar javobi demasam yozg‘urmangiz.

Aylangiz borib savol andinki: ul –

Bandalig‘ sori manga berurmu yo‘l?

Qullug‘umg‘a gar qabul o‘lsa xitob,

Ul xitob – o‘q sizga kofiydur javob.

 

Farishtalar shayxdan shu javobni olib turganlarida, yuqoridan oliy xitob keladi:

 

“K-ey savol ahli, bukim mas’uldur

Bandai mustahsanu maqbuldur.

Bo‘lmayin ravshan oning nurig‘a ko‘z,

O‘z demoqlik birla kelmas rost so‘z”.

 

Mazkur hikoyat Hudhud fikrini dalillashda qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, ushbu hikoyat strukturasida tush shunchalik ahamiyatli va muhimdir. Sababi, tasavvufda “tush biror bir g‘oyani, e’tiqodni tasdiqlash, o‘z yo‘lining to‘g‘riligiga ishora etish va buning uchun ulug‘ salaflardan madad va shafoat tilash istagiga xizmat qilgan”1 .

Dostondagi uchinchi, ya’ni CLX bobdagi tush Hayrat vodiysiga berilgan ta’rifni isbotlashga xizmat qiladi. Unda jahonni zabt etgan bir podshohning go‘zal qizi bir yigitga oshiqu beqaror bo‘ladi. Sababi quyidagicha:

 

Ittifoqo, bir kecha tush ko‘rdi ul,

Paykarekim toqatig‘a urdi yo‘l.

Ruhdin bo‘lg‘on mujassam paykari,

Husn avji uzra mehri xovari.

 

Mazkur tushda hikoyaning kelgusi voqealari haqida ham bashorat qilinadi:

 

Bu – charog‘i mehru, ul – badri munir,

Ikkisi bir taxt uza oromgir.

Dam-badam no‘sh aylabon jomi visol,

Bir-birisidin olib komi visol.

 

Malika yuqoridagi tushni ko‘rgach, uyqudan beqaror bo‘lib uyg‘onadi va ko‘ngil mulkidan qarori yo‘qoladi.

Hayrat vodiysiga qadam qo‘ygan kishining ko‘nglida ishq o‘ti bo‘lishi kerak. Chunki ishq o‘tida kuygan kishigina barcha hodisotdan hayratga tushadi. Demak, ishq Hayrat vodiysiga qadam qo‘yish uchun zarur. Bu vodiyga qadam qo‘yib undan eson-omon o‘ta olgan kishigina Fano vodiysiga borishi, undan so‘ng esa asl muddaoga – Olloh visoliga yetishi mumkin ekan. Navoiy esa hikoya qahramonlarining qalbida ana shu ishqni paydo qilish yo‘lida tushlardan foydalanadi. Zero, karomatli tushlar uyquda g‘aybni tajalli etdi. G‘ayb esa oynadek pok va shaffof ko‘ngillardagina jilva qiladi.

 

Оdiljon AVAZNAZAROV

1991-yili tug‘ilgan. 2014-yilda Qarshi davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Hozirda mazkur universitetning adabiyotshunoslik kafedrasida o‘qituvchi.

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.