Sariqchaqa

1
375
марта кўрилган.

(Hikoya)

 

 

olalar judayam sho‘x, qaqajon, mitti mavjudotlardir. Dikkidek aqlli, ziyrak, mehribon, sodda, yoshiga nisbatan anchayin teran fikrlovchi bolakay dab-durustdan, singillari­ning ta’biriga ko‘ra, o‘zini qaysar eshakdek tutsa-yu, nahot uning sho‘xliklariga chora topish shunchalar imkonsiz?

– Dikki bolajonim, kelaqol! Darhol oldimga kel-chi! Onang seni chaqirayotganini eshitma­yapsanmi? Dikki!

Ammo Dikki kelmadi. Ha, u onasining ovozini yaxshigina eshitdi. Jarangdor, qo‘ng‘i­roqdek kulgi uning javobi bo‘ldi. Shu yo‘sin u qochib ketdi. O‘rilmagan pichanlar ustidan kichik o‘rmoncha tomon yugurib berkinarkan, olma shoxlari orasidan, ortda qolib, g‘ira-shira ko‘rinayotgan onasiga qarab qo‘yardi. Ayyorlik bilan qocharkan, xuddi yovvoyi hindudek shoxdan shoxga sakrardi.

Aslida, hammasi dasturxon atrofida boshlangandi. Dikkining onasi va tushni birga o‘tkazish uchun chiqqan Spirz xonim birgalikda mehmonxonada xotirjam tikish-bichish bilan band edilar, shunda oqsoch qiz kelib bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdi. Bolalar zo‘r ishtaha bilan nonga sariyog‘ surib yeyishni endigina boshlashgan, oqsoch qiz esa shirchoy quyayotganda, Dikki to‘satdan non likopcha­sini olib, boshi uzra qo‘yib, kamiga nonpichoqni ham boshida aylantirardi.

– Menga qaranglar, – qichqirdi u.

Singillari sarosima bilan tikilishdi, oqsoch qiz kelib likopchani olib ulgurmasdan, idish polga tushib, chilparchin sinib, mayda bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Buni kutmagan qizaloqlar bor ovoz bilan qichqirishdi.

– Oyijon, kelib u nima qilganini bir ko‘ring!

– Dikki katta chiroyli idishni sindirdi!

– Oyi, kelib uning ta’zirini bering!

Onaning qanot chiqarib uchib kelishini tasavvur qilayotgandirsiz. Biroq u kech qolgandi. Dikki kursidan irg‘ib turib, lang ochiq derazadan ayvonga sakrab tushdi, ona esa qo‘lidagi angishvonani barmog‘ida o‘ynatgancha tosh qotib turardi. Nima qilsin ona sho‘rlik? Bolasining orqasidan quvib yetolmasa. Dikkini tikanzor-u olmazorlar orasidan qidirsinmi? Bu befoyda edi. Bu holat g‘azablanishdan ham ko‘ra ko‘proq andisha­li edi. Ayniqsa, bolalari o‘zining xulqi bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Spirz xonimning oldida, so‘ng uni yolg‘iz qoldirib kelgani yodiga tushdi.

– Juda soz, Dikki, – baqirdi u. – Seni jazolashning biror yo‘lini o‘ylab topaman, albatta.

– Menga farqi yo‘q, – jarangladi mitti ovoz, va yana o‘sha qo‘ng‘iroqdek kulgi eshitildi uzoqdan.

– Spirz xonim, sizni yolg‘iz qoldirib ketganimdan juda xijolatdaman – dedi ona.

– Hammasi joyida, Bendal xonim, – dedi Spirz xonim mulo­yim shirali ovozda, odatiga ko‘ra qoshlarini biroz chimirib. Latta-puttalarni yig‘arkan istehzoli jilmaydi. – Ba’zan bu kabi holatlar bo‘lib turadi. Hech qanday jiddiy hodisa ro‘y bermadi – deb o‘ylayman, – dedi u.

– Dikkining qilig‘i – dedi Bendal xonim, qo‘lidagi yagona eng chiroyli ignaga tikilib. U bo‘lgan hodisani Spirz xonimga so‘zlab berdi. – Eng achinarlisi shuki, men uni qanday qilib to‘g‘ri yo‘lga solishni bilmayapman. Dikkining bunaqa sho‘xligi tutganda hech narsa kor qilmaydi unga.

Spirz xonim uyqusiragan ko‘zlarini katta ochib, “Kaltaklash hammi”, deb so‘radi.

Bendal xonim, ignadan ipni o‘tkazarkan, lablarini tishladi.

– Biz hech qachon bolalarni urmaganmiz, dedi u. – Qizlar juda tarbiyali, ularga buning keragi yo‘q. Dikki shunday bolaki… ham bitta-yu bitta o‘g‘limiz…

 – O, azizim, – tikishni to‘xtatdi Spirz xonim. – Endi men ajablanmayman Dikkining bunaqa o‘yinqaroq­ligiga. Mendan xafa bo‘lmang-u, bolalarni urmasdan katta qilaman, deb juda katta xatoga yo‘l qo‘yyapsiz. Kaltaklab tu­rishning o‘rnini hech nima bosolmaydi. O‘zimning tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, qo‘shnijon, men ko‘pincha yengilroq jazolarni qo‘llardim, – dedi biroz shivirlab: – Bolalarning tiliga sovun surtish, masalan, kir yuvish sovuni yoki har shanba kuni bo‘yi stol ko‘tarib turishga majburlardim. Lekin ishona­vering menga, ularni otasiga jazolatishning o‘rnini hech nima bosolmaydi.

Bendal xonimning kir yuvish sovuni haqidagi jazoni eshitib eti jimirlab ketdi. Spirz xonimning ishonch bilan gapirganidan, bu usulni bir necha marotaba qo‘llagani sezilib turardi.

– Ularning otasi, – so‘radi Bendal xonim.– Unda siz o‘zingiz urmagansiz bolalarni?

– Hech qachon, – dedi biroz o‘ng‘aysizlanib. – Bolalarni urish onaning vazifasi deb o‘y­lamayman. Bu otaning bo‘ynida bo‘lishi ke­rak. Chunki otalar ko‘proq ta’sir qila olishadi-da.

– Ha, buni ko‘z oldimga keltiryapman,– dedi Bendal xonim holsizlanib.

– Hozir mening o‘g‘illarim, – dedi to‘lqinlanib Spirz xonim qo‘shnisiga qarata, – xuddi Dikkidek tutishardi o‘zlarini agarda jazolanishdan qo‘rqishmaganda…

– Sizning o‘g‘illaringiz namunali xulq-atvorga ega bolalar,– pichirladi Bendal xonim.

Ba’zan shunday edi. Kattalarning oldida biram yuvosh, odobli bolalar edi. Ko‘pincha, Spirz xonimning mehmonlari aytishiga qaraganda, uyda bola borligi hecham sezilmas ekan. Ha, ko‘pincha shunday edi.

Zalda semiz, kayfi chog‘ rohiblarning dengiz bo‘yida baliq tutayotgan holati tasvirlangan katta rasmning tagida janob Spirzning otasiga tegishli qalin, qora rangli ot qamchi turardi. Odatda, yigitlar buning oldiga yaqin kelishmasdi, aksincha, itning kulbasi yoki omborxona, hattoki axlatxona yaqinida o‘ynashni afzal ko‘rishardi.

– Bu katta xato, – xo‘rsindi Spirz xonim, yengil nafas olib, tikishini davom ettirarkan, – kichikligida bolalarni erkalatish. Bolani o‘z izmimizga solmaslik juda katta aybimiz. Buni unutmaslik lozim. Dikkining boyagi qilig‘i esa xuddi u buni ataylab qilgandek tuyulyapti menga. Bunday holatda bolani kaltaklash kerak.

– Siz chindan shunday deb o‘ylaysizmi? – so‘radi Bendal xonim, tabiatan u juda ko‘ngilchan edi va bu holat unga yanada ta’sir qilgandi.

– Albatta, bunga imonim komil. Faqat shu gapim doim qulog‘ingizda bo‘lsin, – davom etdi Spirz xonim. Otasi bolalarga qattiqqo‘llik qilsa, kelajakda ancha ko‘nglingiz osoyish bo‘ladi. Menga ishonavering, dugonajon.

U quruq, dag‘al qo‘li bilan Bendal xonimning qo‘lini siqib qo‘ydi.

– Edvard kelishi bilanoq bu haqida gaplashaman, – dedi Dikkining onasi qat’iy.

Bolalar otasi kelmasidan oldin uyquga yotishdi, Dikkining otasi velosipedini sudrab kelarkan, beton to‘siqqa qoqilib ketdi. Ishxonasida juda og‘ir kun bo‘lgandi. U terlab ketgan, charchab, biroz holdan toygandi.

Bungacha Bendal xonim o‘zining yangi rejasidan mamnun bo‘lib o‘tirgandi va eriga eshikni ochdi.

– Edvard, azizim, va nihoyat keldingiz! – dedi u.

– Nima bo‘ldi? – so‘radi Edvard velosipedini qo‘yarkan, shlyapasini yechdi. Peshonasidagi qator ajinli chiziqlar uning g‘azabini namoyon etardi. – Nima gap?

– Keling, mehmonxonaga kiring, – dedi Bendal xonim shoshib-pishib gapirarkan, – Dikkining mahmadonaligini so‘z bilan ta’riflab berolmayman sizga. Siz buni tasavvur ham qilolmaysiz. Kun bo‘yi ofisdasiz. Bu yoshdagi bolaning o‘zini tutishi haqida bilmaysiz. U judayam yovvoyi bo‘lib ketyapti. Men uni umuman nazorat qilolmayapman. Uni tarbiyalashga intildim, ammo urinishlarim behuda ketdi. Oxirgi choramiz qoldi, – dedi chuqur xo‘rsinib, – uni kaltaklash kerak. Siz uni urishingiz kerak, Edvard.

Mehmonxonaning burchagida katta javon turardi, javonning eng yuqorisida chinnidan yasalgan tili bo‘yalgan qo‘ng‘ir ayiq bor edi. U Dikkining otasiga xuddi masxara qilgandek, ajab bo‘pti, mana shuning uchun uyga kelgan­ding, deyotgandek tuyulardi.

– Ammo nega biz uni urishni boshlashimiz kerak? – so‘radi Edvard ayiqqa tikilgancha. – Ilgari hatto uni chertmagan bo‘lsak.

– Chunki, – javob berdi xotini, – ko‘rmayapsizmi uning xulqini, men uni nazorat qilolma­yapman. Bundan boshqa choramiz yo‘q… – Ayol yana allanimalar dedi. Erining charchagan boshi esa battar og‘rirdi. – Enaga yollashga qurbimiz yetmaydi hozir. Oqsoch qizning yumushi yetarli. Dikkining qiliqlari esa chegarasiz. Siz kun bo‘yi ofisdasiz, Edvard, buni qandayligini sizga tushuntirib berolmayman.

Ayiq tilini chiqarib masxara qilib ustidan kulayotgandek, kamida o‘sha haqoratli ovoz yana eshitilgandek bo‘ldi. Edvard stulga cho‘kdi.

– Mayli-yu, lekin nima bilan uraman? – so‘radi ojizlik bilan.

– Albatta, kamaringiz bilan – dedi xotini. So‘ng erining chang bo‘lgan oyoq kiyimini artish uchun cho‘kkaladi.

– Edvard, azizim, – yalingannamo dedi u, – botinkangiz bilan mehmonxonagacha kirib kelibsiz. Rostanam…

– Bo‘ldi, yetar, bas. – Sal qoldi xotinini itarib yuborishiga. – Qani, ber-chi o‘sha kamarni menga. U tepa qavatga ko‘tarildi. Ayni dam uning hushi o‘zida emasdi. U Dikkini urishni xohlardi, u nimadandir alamini olishni istardi. Bu qanday hayot. Ko‘zlarini g‘azab egallab olgandi, qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ygandi.

U shoshilib Dikkining xonasi eshigini ochdi. Dikki tungi kiyimida xona o‘rtasida bedor turgandi. Uning bu holati Edvardning g‘azabini sal bosgandek bo‘ldi.

– Dikki, nima uchun xonangga chiqqanimni bilasan-a? – so‘radi Edvard.

Dikki javob bermadi.

– Men seni urish uchun keldim.

Sukunat.

 – Pijamangni yech.

Ana endi Dikki boshini ko‘tardi. U qizarib ketdi. – Shartmikan? – pichirladi u.

– Qani, oldimga kel, tezroq bo‘laqol, – dedi Edvard. So‘ng kamari bilan Dikkiga uch marta kuchli zarba berdi.

– Endi onangga munosib farzand bo‘lishni o‘rganasan.

Dikki boshini mahkam ushlagancha, haliyam joyida qotib turardi.

– O‘zingni tuzatvol, tez o‘rningga yot, – buyurdi otasi.

U haliyam qo‘zg‘almasdi. Titroq ovoz bilan, – men hali tishimni yuvmadim, dadajon, – dedi.

– Bu nimasi?

Dikki otasiga qaradi. Uning lablari qaltirardi, biroq ko‘zlarida yosh ko‘rinmasdi. U ko‘z yoshi qilmadi, yig‘lamadi. Sekin yutinib, men tishimni yuvganim yo‘q, deyoldi, xolos.

Ammo murg‘ak nigoh Edvardni tinch qo‘ymadi, u xonadan bu xonaga, zaldan boqqa chiqarkan halovat topolmadi. Ey Xudoyim, u nima qilib qo‘ydi? Nok daraxtining soyasi tushib turgan devor oldiga bordi. Dikkini urdi, qo‘lidagi kamar bilan kichkintoy Dikkisini urdi, nima qilib qo‘ydi? Yugurgancha o‘g‘lining xonasiga chiqdi. Edvard alam bilan o‘kirdi, devorga suyanib qoldi, o‘g‘li yig‘lamadi. Hatto ko‘zida tomchi yosh yo‘q edi. Qaniydi, o‘g‘li hech bo‘lmasa yig‘laganda yoki xafa bo‘lganda. Faqat uning “Dadajon”, degan titroq ovozini eshitdi. Hech so‘zsiz otasini kechirdi. Lekin Edvard o‘zini kechirolmaydi – hech qachon kechirolmaydi. Qo‘rqoq! Ahmoq! Notavon! So‘ng ular birga o‘ynashayotganda tasodifan Dikki tizzasi bilan yiqilib, qo‘li chiqqanini esladi. O‘shandayam u yig‘lamagandi. Edvard hozir o‘sha mitti qahramonni urgan edi.

Edvard nimadir qilishi kerakligini tushundi. U uyga qaytib kirdi, yana Dikkining xonasiga ko‘tarildi. Mittivoy karavotida yotgandi. Xira tushgan yorug‘likdan boshini yostiqqa qo‘yib yotgani, qora sochlari, jingalak kokili ko‘rinib turardi. Uning ovozi eshitilmasdi, hatto hoziram u yig‘lamasdi. Edvard eshikni yopdi, o‘g‘li­ning qarshisiga keldi. U hozir Dikkining oldiga cho‘kkalab, kechirishini so‘rab, yalinib-yolvo­rishni istardi. Ammo aniqki bu uning qo‘lidan kelmasdi. Yuragi tipirchilardi.

– Uxlamadingmi, o‘g‘lim? – so‘radi muloyimlik bilan.

– Yo‘q, dadajon.

U o‘g‘lining karavotiga yaqin kelib o‘tirdi, Dikki unga uzun-uzun kipriklarini qoqib qarab turardi.

– Hech nima sodir bo‘lmadi hozir, to‘g‘rimi, og‘ayni? – shivirlab so‘radi Edvard.

– Yo‘q, dadajon, – javob qildi Dikki.

Edvard ehtiyotkorlik bilan Dikkining barmoqchalarini siladi.

– Sen hozir bo‘lgan voqea haqida hecham o‘ylama, xo‘pmi, og‘ayni, – dedi shoshilib. – Mana, hammasi tugadi. Bu unutildi. Bu holat hecham takrorlanmaydi. Shundaymi?

– Xo‘p, dadajon.

– Endi esa yotib uxla, og‘ayni, – dedi Edvard, – va albatta, jilmayib qo‘y. – Bu tabassumdan u o‘zini avf etilgandek tuyardi. – Hammasini unutamiz… Og‘ayni… kichkintoyim…

Dikki o‘rniga yotdi. Bu juda ayanchli edi. Dikkining otasi deraza oldiga yaqin keldi. Boq­qa ancha qorong‘ulik tushib qolgandi. Oqsoch qiz yugurib chiqdi va butalar ustiga tushgan oq kiyimlarni yig‘ib ola boshladi. Bepoyon osmonda bittagina yulduz yarqirardi, katta yelim daraxti esa nur sochib turgan bo‘lsa-da, qora ko‘ringan barglari shamolda yengil silkinardi. Bularni kuzatib turarkan, shimining cho‘ntagida pul borligini sezdi. Pulni olarkan, yangi olti tiyinni tanlab oldi, so‘ng pulni Dikkiga uzatdi.

– Bu senga, og‘ayni. O‘zingga yoqqan narsani sotib ol, – dedi Edvard, Dikkining yostig‘i ustiga ohista pulni qo‘yarkan.

Ammo nailojki, shu olti tiyin – bo‘lib o‘tgan shuncha dilxiralikning o‘rnini to‘ldira olarmidi?

 

Ketrin MENSFILD

Ingliz adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan mashhur hikoyanavis hamda shoir Ketrin Mensfild 1888-yili tug‘ilgan. Uning “Baxt va boshqa hikoyalar”, “Bog‘ ziyofati va boshqa hikoyalar” to‘plamlari chop etilgan. U 1923-yil 9-yanvarda 34 yoshida Fransiyada vafot etdi.

 

 Ingliz tilidan Xidirova MUXLISA tarjimasi.

 O‘ZDJTU magistranti

1 мулоҳаза

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.