Soyabon ostida

0
73
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Qishning yomg‘irli kunida issiq uyda o‘tirish qanchalar rohat! Bunday farahbaxsh kunda eng yaxshi ermak – yo kitob o‘qish – aytaylik, u turli sarguzashtlar to‘g‘risidagi biron-bir qiziq asar bo‘la qolsin;  yoki shundoqqina derazang yoniga chordona qurgancha tashqarini tomosha qilib o‘tirish. Men buni necha martalab o‘zimda sinab ko‘rganman, go‘yoki yozuv­chi bir parcha oq qog‘ozini oldiga yoyadi-yu, qahrabodek so‘zlarning billur tomchilari kabi sahifa betiga sehrlangandek birma-bir tomib tushishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hadsiz huzurlanadi. Sizga qadrdon xonaning tanish devorlari bo‘ylab g‘alati sharpalar izg‘iy boshlaydi, ular negadir issiqqina pechning peshonasiga urilgudek bo‘lib tentiydilar, bu biram g‘alatiki! Xos­xonamning sahni tor bo‘lsa-da, lekin bag‘ri judayam keng, hatto butun boshli ummonni, butun bir Arab sahrosini o‘ziga jo etib yuborgudek, ana, sahroning uzun karvonlaridan qolgan, chuqur-chuqur iz tushgan shamolli qumlari, holdan toygan safarchi tuyalarning oftob tig‘ida abjirona lo‘killashlari kino tasmalaridek ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi. Qolaversa, bo‘linmam­ning shifti ham unchalik baland emas, biroq u Markaziy Osiyo tog‘larining cho‘qqilari bilan bo‘ylashgudek doim mag‘rurona ko‘krak kerib turadi. Qisqasi, turar jo­yimdan noligulik yerim yo‘q. Bozor ham bir qadam. Hadesa, qo‘limni oyog‘imga olib, u avtobusdan bunisiga yuguravermayman, bu tomondan xotirim jam. Ammo Yangi Angliya shaharchasining shunday osoyish ko‘chalaridan birida ham hamisha transport ot-ulovlari­ning ovozi aks-sado berib turadi, har yoqdan ularning guvillagan va chinqirgan tovushlari quloqni qomatga keltiradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bu lavhalar birin-ketin g‘oyib bo‘ladi, shaharchaga tun cho‘kadi. Keyin mening ham botinimda xuddi tun singari tushkun, qorong‘i, o‘ksik bir kechinma qanotlana boshlaydi, u uchib-uchib bor ruhiyatimni o‘z domiga tortadi, shunda men ko‘ksimda potirlagan qushcham – qalbimni xotirjam qilish uchun, soat millari yotar mahalga zang chalishidan avval kun bo‘yi xayolimni parmalagan ko‘lankali tasavvurlarimni yoritib olish umidida ko‘cha tomon yo‘rg‘alab ketaman. Xayolparast o‘z xayollari ichida juda uzoq yashashi mumkindir, biroq butun qismatni sarobga boy berib qo‘yish ham adolatdan bo‘lmaydi.

Ketish oldidan, hurpaygan yomg‘irpo‘shim tugmalarini mahkam qilib  qadarkanman, gumbazdek keng yoyiluvchi soyabonimni ham unutmadim, uni ko‘tarishim hamon yomg‘ir tomchilarining og‘ir xo‘rsiniqlarini eshitgandek bo‘ldim. Nochorgina bo‘sag‘am ustida bir nafasga to‘xta­dim, o‘sha yerdan xonam ichidagi eng qadrli joyim – otashnafas pech va uning biqinidagi oromijon kursimga mehr bilan nazar tashladim, bu kursi qanchadan-qancha shodlik va dardlarimni men bilan birgalikda baham ko‘rgandi. Hozir negadir son-sanoqsiz tomchilar qurshoviga tushishim bilan qo‘rqinchli tasvirlar hadiksiragan tasavvurimni zumda o‘z qa’riga tortib ketdi. Yo‘q, men erkak kishiman, bunaqa ikir-chikirlar ta’sirida si­rayam o‘zimni yo‘qotib qo‘ymayman, hoziroq yana ortimga qaytib, sevikli kursichamga tirsakla­rimni tiragancha, yaxshi ko‘rgan kitoblarimdan birini varaqla­gancha kunni kech qi­lish menga cho‘t emas. Ammo kurrayi zaminni bearmon kezib chiqqan jahongashtaning ham o‘zi hali to‘kis ishonmagan, hamon unga sirli-sehrli bo‘lib ko‘rinadigan nimalaridir, albatta, mavjud bo‘ladi. Hatto kulbasi tomon eltuvchi so‘qmoqchada qolgan so‘nggi izlaridayam qandaydir qonmagan ishtiyoq, ajib olamga tashnalik hislari ufurib yotadi.

O‘z-o‘zimning o‘ylashimcha, chorasiz inson tabiatida goho xavotirlar to‘lqini-da mavjla­nib turadi. Boshimni ko‘tarib, ko‘kka qaradim, ko‘zim hech qanday osmonni ilg‘amadi, uning o‘rnida bo‘g‘ilgan, yorib bo‘lsayam ich-ichiga kirib bo‘lmaydigan zim-ziyolik dengizini payqadim. U shunday zimistonlik ediki, bamisoli jumlai jahon cheksiz motam qo‘ynida azador, to‘p-to‘p bulutlar o‘sha qazoga jafo chekib yum-yum yosh to‘kayotgan qiyofadek edilar. Ularning ko‘z yoshlari mening yonog‘imga ham tomdi, nigohimni yerga qadadim, biroq tuproqda ham dardimga taskin berguvchi hech nimani topolmadim. Uzoqroq muyulishda xira chiroq miltillab turibdi, ammo uning ojiz shu’lasi ko‘cha yuzini yoritishga yetib boryapti, xolos, hartugul oldimdagi yo‘lakda qadamlarimni qanday xavf-xatar kutayotganidan ogoh etib tu­rishga qurbi yetyapti bechora­ning. Yo‘lim chetida loy aralash, isqirtlangan qor uyumi do‘ppa­yib yotibdi, lekin ular martning so‘nggi kunlarigacha yashashga qodir, chog‘i. Uning ortida dilxastalik so‘ziga o‘xshab ketadigan, balchiq aralash qalin chang-to‘zon qoplagan yana nimadir yoyilib ketgan. Aftidan, u rosayam chuqur, avvaliga to‘pig‘ing, keyin oyoqlaring, asta-sekin bo‘yning botib boraveradi bu balchiq ichiga, o‘shanda bu halokatni muyulishdagi ojiz chiroq ham namoyish etolmaydi, ammo ko‘zlarim bilan uning bor dahshatini xayolan kuzatyapman. Bordi-yu, shunday ofat yuz berib qolsa, jonni o‘pqon og‘ziga shartta qurbon qilish yoki Yer tomon qo‘l cho‘zib, kurashish kerakmikin? Oh, Xudoyim! Tobora xira­lashayotgan muyu­lish chirog‘i kabi bu qadar aljirab ketma­sam! Mana, qarshimdan yomg‘ir ko‘lob qilgan halqob chiqib qoldi. Sel shunchalik shiddat bilan quyganmikan, shunchalik ham ulkan ko‘lmak bo‘ladimi?! Shu payt xuddi bolalik chog‘la­rimdagidek oyog‘im ostidagi ko‘lmak ustidan shartta bosib o‘tgim, botinkamni shalabbo qilib, shimimning pochasini shilta ho‘l qilgim keldi.

Bo‘rondek betizgin o‘ylarim domida qancha ko‘p qolsam, o‘shancha ko‘p ular bilan yoqalashyapman go‘yo.  Qani, endi hayot manzaralari tomon olg‘a bosamiz! Buning yorqin isboti sifatida yomg‘ir tomchisini kaftingda tut, ko‘lmak suv sachratgan loyni shiming etagida asrab qol, chap botin­kangga ilashgan muz parchasini esa yulib tashlamay tur, aynan shu alpozda ko‘chaning oxirigacha yurib boraver! Chorasiz chiroq bor kuchini to‘plab, atrofiga nurli doira hosil qildi hamda u burchakdan bu burchakka ko‘z qisgancha g‘alati yarqiray boshladi, men uni xuddi yo‘limni yoritguvchi ajib mayoq­qa o‘xshatdim, biroq bu savobgo‘y baribir bulutli qish oqshomida mayus tortgan ko‘nglimni yoritolmasdi. Hatto ko‘zlaringizni qattiq yumib, izg‘irin shiddatiga qarshi boraman desangiz ham, qahraton ayozi vujud-vujudingizni ayamay tilkalay boshlaydi. To‘xtovsiz yomg‘ir tomchilari naq sizning boshingiz ustidan qamchilab savalayotganga o‘xshaydi. Shamolning siy­rak tutuni ko‘cha­ning har tarafidan menga tomon hamla qilishga shay bo‘lib turgandek, nazarimda. Shuni payqadimki, ko‘cha burchaklari bunday daydi shamollar uchun baayni mos, ular shunday yerlarni o‘zlari uchun ermak qilib oladi. Ular bunda o‘zlarining bor to‘polon-u sho‘xliklarini qilishga tayyor. Qarang, u yo‘l yoqasidan qunishib o‘tib borayotgan faqirgina bir ayolga qanday hamla qildi, bir changali bilan ayolning soyabonini tortib olishga chiransa, boshqasi bilan boyoqishning namiqqan paltosini yulib olishga jahd qilganday! Bir daqiqayam ko‘z ochirgani qo‘ymaydi-ya. Yaxshiyamki, xonimning sabr kosasi kattaroq ekan, har qancha jafolarini ko‘tardi sho‘rlik, shamol zo‘ravonlari uni naq uchirib yuborgudek rosa jahl qilishdi-da.

Bu yerdan to‘g‘ri shaharcha markazi tomon boshlovchi yo‘lak ustiga o‘tdim. Endi mutlaqo o‘zga manzara istiqbolimga chiqardi. Butun yo‘l bo‘ylab oynasi naq yerga tekkudek qilib qurilgan qator do‘konlar rastasi qad rost­lab borar, ular yonma-yon qo‘l ushlashib turgan aka-ukalardek mamnun kulib sizni oldinga kuzatib qo‘yardi. Oqshomgi yog‘dular shu’lasida silliq asfalt yo‘lak yanayam yarqiroq jilo sochar, yomg‘ir yoqqanidan so‘ng u yanayam silliqla­shib, tozarib ketgan kabi ko‘rinar edi. Go‘yokim osmondan butun zaminga faqat nur yog‘ilardi. Shunday manzaralar oqimida yana xayollarim pardek uchib-to‘zg‘irkan, o‘z-o‘zidan miyamga odamzod – o‘lajak foniy, bir kunmas bir kun, albatta, dorilbaqoga rihlat etadi, ammo mana bu lahzalar – qor, nur, tomchilar, izg‘irin, ho‘l yomg‘irpo‘sh-u ivigan oyoq kiyim – bular ham oniy ehsonlar emasmikin, degan hush­yorlik keldi. Hammadan ham bu lazzatni faqatina darbadarlar his eta olsalar kerak, deb o‘yla­dim, ular o‘zlari bilan tanho yashovchi jonlar, g‘amgin qish kechalarida yanayam o‘z siyratlariga mahv bo‘ladilar…

Ro‘paramdan chehrasi va ovoziyam nihoyatda tanish bir kishi chiqib qoladi, bir-birimizni aniq eslay olmasak ham, do‘stona salomlashdik:

– Qalaysan, og‘ayni? Bekorchilikmi, deyman?

E-haa, bu anavi iste’fodagi dengiz kapitani edi-ku, sal bo‘lmasa, xayolimdan faromush bo‘lay debdi. Bir paytlar dengizning qaysar shiddatiga qarshi bor quvvatini ishga solib bo‘lsayam o‘z maqsadlariga erishgan matonatli zobit edi u. O‘ziga o‘xshagan jasur dengiz itlari ekipaji har safar unga hamroh bo‘lardi. Navbatdagi ta­nishim yomg‘irpo‘shini shoshilgancha yelkalari osha o‘rab-chirmab olgan, goh shamol ta’qibidan qochib, goh yana jala ostida yugurgilab borayotgan o‘rta yoshlardagi bir janob bo‘ldi. U bilan gaplasholmadik. Boyoqish xuddi isitma ichida alahlagancha shafqatli birorta doktorni qidirib, yelib ketayotgan holi tang bemorga o‘xshardi. Ba’zan yomg‘ir zabtidan qochib, do‘kon derazasi pinjiga kelib tiqilar, aftidan uni­ng tabiatida bunaqa romantik ob-havoga sirayam hafsalasi yo‘qdek edi.

Mana bu yerda esa endi juda ajoyib, ko‘zni quvontiradigan go‘zal manzara yuzaga chiqadi. Yosh yigit chiroyli qiz bilan birga, issiq paltolariga o‘rangancha, ixcham soyabon bag‘riga berkinib, yengil qadam tashlab bo­rishadi. Qiz jajjigina, rezina etik kiyib olgan, yigitchaning oyog‘ida bo‘lsa rosmana kirza etik, ko‘rib hava­sing ketadi. Shashtlaridan ayonki, ular aniq biron-bir ziyofat yoki tantanadan qaytishmoq­da, yengil taom bilan salqin ichimlik hidlari havoda anqib yuribdi. Birgina shu ikki yoshga izg‘irin nafasi kor qilmay turibdi, ular hali-hamon bayram shukuhi ichida, yuz­lari baxtdan gul-gul ochilgancha, shodon ketib borishmoqda.

Ammo…Eh! Shu payt kutilmagan ko‘ngilsizlik sodir bo‘ldi. Ko‘zlarini quvonch-u masrurlik pardasi qoplagan yoshlarning yo‘lidan naq ko‘ldek keladigan halqob ulkan to‘g‘ondek bo‘lib chiqib qoldi. Bu shundoqqina ikki ko‘cha orasidagi chorrahada – yo‘l­ning ayni qoq o‘rtasida hosil bo‘lgan suvli jarlik edi. Sho‘rlik sevishganlar! Shugina xavfdan ogoh bo‘lganimda edi, darhol sizni boshqa ko‘chaga jo‘natib yuborgan bo‘lardim-a! Hikoyamning yurakni eng ezadigan lavhasi shu bo‘ldimi, deyman. Lekin yoshlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi, dadil harakat qilib ketishdi, ular bir-birlarining qo‘llaridan mahkam tutdilar-da, tobora kattayib borayotgan ko‘lmak ustidan bir zarbada sakrab o‘tdilar. Muhabbatdek isyonkor olov ko‘ngilni yondirib turgan bunday chog‘da, ishq­Wdan o‘t bo‘lib turgan bu ikki qalbga qahratonning keskir ayozi nima degan gap axir? Izg‘irin endi ularning yuz va quloqlarini ko‘kishtob qilib yuborgan, qizartirib, sovuqdan achishtirgan-u biroq ular xuddi kuchli g‘animni yenggan qahramonlardek behad xursand va yanada baxtiyor edilar, ikkovlon o‘z uylari tomon misoli qushdek yengil uchib borishar edi.

Men ham yo‘limda asta davom etarkanman, nur tushib turgan derazalar yonidan qalbim sururga, umidga to‘lib o‘tsa, nogoh darpardalari zich yopilib, qoraygan darichalar oldida g‘amga botgancha turib qoldim. Shunday turfa ruhiyat va kayfiyat ichida darbadarona kezib bora­yapman. Endi qarshimdan eng og‘ir ko‘chalardan – boylar va g‘ariblar istiqomat qiladigan go‘shalar chiqib keladi. Bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi, ziddiyatli, yurakni bo‘laklab-bo‘laklab tashlaydigan achinarli lavhalar jonlanadi. Boylik va qash­shoqlik aralashgan bu makonda fikrla­rim avj bilan g‘ujg‘on o‘ynay boshlaydi. Mana, ko‘rimsiz deraza ortidan oddiy bir oila davrasi­ning kechki dasturxoni namoyon bo‘ladi, hammasi juda oddiy, odamlari oddiy, so‘zlari, qarashlari oddiy. Ota-ona, bolalar, shamdondagi shamning omonatgina pirillab yonishi, pechdagi o‘tinning qarsillagan tovushi, hatto bo‘g‘otga asta urilayotgan yomg‘ir tomchilarigacha hammasi judayam oddiy. Axir bunday qishki yomg‘irda issiqqina uyda o‘tirish qanchalar rohat!

Uzoq vaqt adashgan qismatim kaftida aldangan yosh boladek giryon aylanaman, har devorga bosh urib o‘zimni topib olgim, so‘qqabosh va darveshona hayotimga tezroq xotima yasagim keladi. Yo Tangrim, noshukrlik qilmay, o‘zing kechir! Shubha yo‘qki, menga o‘xshash daydilar yer yuzida anchagina bo‘lsa kerak, axir odamlar bir-birlariga benihoya o‘xshaydilar-ku! Ana, bema’ni raqobat jar solgan ko‘chaning eng salobatli saroylaridan biri ro‘paramda sollonib turibdi, yuzlab chiroq­lardan koshonaning ko‘zlari qamashadi, xuddi osmondagi jami yulduzlarni shu yerga joylab, bitta-bittalab qadab chiqqandek ko‘rinadi. Eng ajablanarlisi, uning yon qo‘shnisi omadi yurishmagan, qo‘li yupqa bir xonadon sohiblari. Bular mutlaqo bir-biriga nomutanosib bo‘lgan, past-u baland jamiyat bo‘g‘inlari, bular yuqori, ular esa, albatta, quyi tabaqa vakillari, biroq Ajal va Qayg‘u nayzalari bu ikki tafovutni farqiga borib o‘tirarmidi yoki mana bu mahobatli koshona ostonasidan ular uchib o‘tolmaydigan bironta qonun-qoida yaratib qo‘yilganmi? Aslo, qazo va qayg‘u hamma uchun barobar, ular hech kimga bo‘yinsunmaydilar. Qiziq, bunday xayol ayni kezlarda dilimni ham qay­g‘ulantirar, ham qanoatlantirar edi. Boshiga og‘ir ko‘rgulik tushgan boyvachcha baxtdan shodumon va oso­yish kambag‘al hamsoyasiga xolis ko‘yda bor dardini to‘kib sololmaydimi?.. Albatta, to‘kib soladi, chunki Dard insonlarni birlashtiradi!..

Yuzlarimni qor aralash yomg‘ir ivitgan ho‘l devor ustiga indamay bosib turdim-u, yu­ragimdagi dard torlarini tomchilar navosiga hamohang ravishda unsiz chalaverdim.

Bordi-yu, hozir yana yo‘l yursam, ehtimol, tag‘in yo‘limdan adashib ketarman, yoki behalovat tun qo‘ynida yo‘q bo‘lib ketarman. Olis-olisdagi mitti bir yulduz menga tomon sirli-sirli jilmayadi, qo‘limni uzatib uni uzib olgim keladi. Butun tevaragim asror-u antiqa, hayrat-u hasratdan iboratdek bo‘lib tuyuladi, go‘yo har nafasimda hayotning eng go‘zal lahzasini qo‘llarimda ushlab turgandek bo‘laveraman. Har yoqqa odamlar shoshib o‘tadi, yo‘lovchilar sovuqdan diydiragan, joniqqan, ko‘zlari uyquga tashna bo‘lgan vaqt asrovchilari.

Birgina men hanuz shirin boda ichgan sar­hushdek mast tentirayman. Nigohimga tanish kulbamning bo‘sag‘asida aybdordek bo‘yin qisa­man, horib-charchab ichkari kiraman. O‘zimni parqu ko‘rpam ustiga tappa tashlayman-u yana devor uzra izg‘iyotgan soyalar o‘yiniga mubtalo bo‘laman. Ana, bitta soya men tarafga judayam yaqin keladi, yuzini yu­zimga ancha payt bosib turadi-yu, qo‘liga fonus tutgancha darhol qayoqlargadir ketib qoladi. Bilmadim, ehtimol, o‘sha soya mening o‘zimdirman. Lekin u juda g‘alati, xuddi ichini og‘u o‘rtayotgandek jonsarak ahvolda meni tark etib qoladi. Balki u qorong‘ilikda, qahratonda muztar bo‘lib yurganlarga odil charog‘bon bo‘lish niyatida shahd qilib ketib qolgandir…

Ana shunday. Biz – bo‘ronli va mudhish olam oralab, beorom tunda sarkash tentirovchilar, sadoqatimiz ziyosining quvvati yetguniga qadar, qayerda Nurlar makoni bo‘lsa, o‘sha tomon, albatta, yo‘l topib borishdan hech qachon charchamaymiz. Qo‘limizga soyabonimizni olamiz-u qorong‘i tun og‘ushiga qo‘rqmay singib ketamiz. 

 

Nataniel Gotorn,

Amerika yozuvchisi

Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.