Kamtarin umr yodi

0
31
marta ko‘rilgan.

Tanishuv

Baytqo‘rg‘on qishlog‘ida yashaydigan Ibrohim amakim bir gal biznikiga kelganlarida menga: “Hamidullajon, o‘g‘lim, yozuvchi bo‘ladigan harakatingiz bor. O‘ktamjon akangiz bilan bir uchrashtirib qo‘yaman”, deb qoldi. Yozganlarim u-bu nashrda chop etilib turgan yosh ijodkor sifatida, men ana shu kundan boshlab O‘ktam Usmon bilan bo‘ladigan uchrashuvni mushtoqlik bilan kuta boshladim. O‘sha kezlarda O‘ktam akaning asarlari, allaqachon, o‘quvchilar nazariga tushgan, kitoblari esa qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgandi. Ko‘p o‘tmay, O‘ktam aka Yozuvchilar uyushmasiga kotib bo‘lib ishga o‘tdi. Men esa amakimning tavsiyasi bilan uyushmaga bordim. O‘ktam aka bilan Yozuvchilar uyushmasi binosida joylashgan “Kitoblar” do‘koni yonida uchrashib qoldik:

 Hamidullajon, ukam, kelibsiz-da, – deb qo‘l berib ko‘rishdi, hol-ahvol so‘rab xonasiga taklif qildi. Kotibasiga choy buyurib, men bilan Bo‘stonliq (sobiq Xo‘jakent) tumani, qishloqlarimiz, qavmu qarindoshlarimiz haqida anchagacha gaplashib o‘tirdi.

– Hamidullajon, eshitdim, she’r yozar ekansiz, olib keling. Bu yerda Safar, Mirpo‘lat, Hojiakbarlar bor, Quddus buvangiz ham bor, ko‘rib berishadi. Ha, darvoqe, yozganlaringiz tog‘larimiz, tabiatimiz haqida-ya? Boshqalarga sira-sira o‘xshamasin, ularda Bo‘stonlig‘imiz mana men deb ko‘rinib tursin…

Shu uchrashuv sababmi yo yozganlarim ustozlarga chindan ma’qul keldimi, bilmadim, matbuotda chiqishlar qila boshladim. Quddus Muhammadiy bilan tez-tez uchrashib, maslahatlar ola boshladim.

1986 yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan respublika yosh ijodkorlarining IV seminariga qatnashdim. Yozganlarim haqida Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min kabi ustozlardan iliq so‘zlar eshitdim. Ilk she’riy kitobim nashrga tavsiya qilindi. Bu menga ozmi-ko‘pmi ustozlik qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan bolajonlarning sevimli shoiri Quddus Muhammadiyning hamda iqtidorli adibimiz O‘ktam Usmonovning qilgan sa’y-harakatlari natijasi edi.

Yonbuloqda

O‘ktam aka bilan har gal uchrashganimda: “Hamidullajon, bilasiz, men Soyliq qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganman. Shuning uchun tog‘larni yaxshi bilaman. Endi siz maqtagan Tovoqsoy tog‘larini ham bir ko‘rsak, yomon bo‘lmasdi”, derdi.

 O‘ktam aka, siz qachon Tovoqsoyga chiqamiz desangiz, o‘sha kuniyoq chiqaveramiz, toqqa chiqishdan qochish yo‘q, – derdim.

Nihoyat, 1985 yilning 8 may kuni O‘ktam aka bilan o‘zim xush ko‘rib maqtaydigan tog‘ – Yonbuloqqa qarab yo‘l oldik.

Tog‘imizga chiqqanlar juda yaxshi biladi, qishlog‘imiz uylari tugashi bilan baland-baland qir-adirlar orasidan ilon iziga o‘xshash buralib-buralib ketgan so‘qmoq yo‘llar boshlanadi. Bu yo‘llarning boshlanish qismi piyoda yuruvchilar uchun biroz tikroq. Ayniqsa, toqqa chiqib yurmaganlar uchun biroz og‘irlik qiladi. Shundanmi, ozgina yurgach O‘ktam aka menga horg‘in qarab:

 Yo‘lingiz tikroq ekan… – dedi.

Nazarimda, O‘ktam aka mendan sal ranjiganday tuyuldi. Qarashidan: “Agar yo‘lning bunaqaligini avvalroq bilganimdami…” – degan ma’noni uqib oldim.

– Biroz yuqoriroq ko‘tarilaylik, manzarani ko‘rib mendan xursand bo‘lasiz, – dedim shosha-pisha.

 Darhaqiqat, boshi tikroq boshlangan tosh yo‘limiz bir-ikki tepalik aylanib o‘tilgach, keng tekislikka – qir-yaylov o‘tloqlariga olib chiqardi. O‘tloqzor manzarasi juda chiroyli va go‘zal bo‘lib, bag‘rida shashir, siroj yaproqlari quyuq o‘sib yotardi. Ana shu yerda turib butun Chirchiq vohasini, Bo‘stonlig‘imiz bag‘rida joylashgan qishloqlarimizni kuzatsa bo‘lardi. Choratrofdagi betak­ror go‘zallik, yam-yashil manzaralar kishidagi bor charchoqni aritib yuborardi. Dilimdagiday bo‘ldi, qirning ustiga chiqqanimdan keyin O‘ktam aka yo‘l chetidagi toshga borib o‘tirdi-da, atrofni havas bilan kuzata boshladi.

 O, naqadar go‘zal manzara! Bir yonda Chirchiq shahri, bir yonda Bo‘stonliq qishloqlari, hatto Chorbog‘ suv ombori ham kaftimizda turganday ko‘rinib turibdi-ya. Tovoqsoy qish­log‘ingiz manzarasi esa juda go‘zal! Ko‘ryapsizmi, qanday ajoyib-a!..

Tog‘ning baland-past, ilon­izi yo‘llaridan yurib borar ekanmiz, O‘ktam aka ona tabiatimiz, tog‘larimiz haqida maroq va hayajon bilan gapirishdan tinmasdi. Gap bilan bo‘lib, Yonbuloq tog‘i yon bag‘irlarini to‘ldirib o‘sgan archazorga ham yetib kelibmiz.

– Mana, bu ko‘rinib turgan daraxtlari quyuq manzil, go‘zal manzarali go‘sha – Yonbuloq! – deyman men.

– Yonbuloq! Yonbuloq! – manzilimiz nomini takrorlaydi O‘ktam aka. – Ajoyib! Qarang! Bunday go‘zal manzarali joy men ko‘rgan tog‘lar ichida yo‘q. Ha, aytganday, buloq qani?

Biz yolg‘iz oyoq so‘qmoq yo‘ldan pastga, buloqqa qarab enlaymiz. Yuz-yuz ellik odim yurib suvlari juda toza, tiniq, sharqirab oqishi jarangdor buloq oldidan chiqamiz.

– Joy tanlashda yanglishmabsiz, didingiz zo‘r, Hamidullajon! Men boya aytganimday, bunday go‘zal manzil biror joyda yo‘q. Yashil libosli ko‘rkam daraxtlarga qarang… lolalarga qarang…

O‘ktam aka Yonbuloq suvidan hovuchlab-hovuchlab icharkan, atrof manzaralarining tavsifidan sira tinmasdi. O‘zi kabi pok orzular qilardi:

– Qani, mana shunday go‘zal manzara bag‘rida ijod ahli uchun dam olish maskani qurilsa, ijodkorlarga mavzuni tabiatning o‘zi bergan bo‘larmidi…

 

So‘nggi uchrashuv…

 O‘ktam aka katta qalb egasi, mehr-oqibatni o‘ylaydigan, kattayu kichikni birday hurmat qiladigan inson edi. Ijod ahlini juda qadrlar, qo‘lidan kelgan yordamini ayamas, birini aka, birini uka, deb ardoqlardi. U qanday lavozimda ishlamasin, o‘z kasbi va hamkasblari uchun doim xayrli ishlar qilardi.

– Harakat qiling, Hamidullajon. So‘lim bog‘, solih farzand, yaxshi kitob – dunyoda insondan qoladigan eng katta boylik, – degan edi O‘ktam aka o‘shanda.

Yozuvchilar uyushmasida ham, Kinematografiyachilar uyushmasida ham, markaziy gazetada ishlaganida ham tez-tez oldiga hol so‘rab kirib turardim. Hol so‘rash uzoq suhbatga aylanib ketardi. Adabiyot, adiblar haqida, ayniqsa, Bo‘stonliqda yashagan shoirlar ijodidan suhbatlashardik. Mavzu aylanib-aylanib Bo‘stonliq tabiatiga ko‘chardi. Sayohatga chiqqan yerimiz – Yonbuloq tog‘i manzaralari suhbatimizning asosini tashkil qilardi. Asriy, devqomat yashil archalar, nomli, nomsiz qorli cho‘qqilar, tinim bilmas bulog‘u jilg‘alar bir-bir so‘zga ko‘chardi. Bahor kelsa, albatta, o‘sha yerlarga chiqamiz, deb niyat qilardi. Afsuski, bu shirin niyatlar niyatligicha qoldi. Nachora, inson kutilmagan dardlar oldida ojiz ekan.

So‘nggi bor O‘ktam aka chet el safaridan qayt­ganida, hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida uchrashdik. O‘ktam aka sayohati chog‘ida ko‘rgan-kechirganlarini maroq bilan uzoq hikoya qilib berdi. Odati bo‘yicha choy damlab uzatdi. Qaytar chog‘imda “Hamidullajon, kelib turing, odam odamga g‘animat” deb eshikkacha kuzatib chiqib xayrlashdi.

O‘ktam akamning o‘sha paytdagi quvnoq qiyofasi, charaqlagan tim qora ko‘zlari xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan. Buni sira-sira unutolmayman, unutib bo‘lmaydi ham. Bu du­n­yo­­­ni tark etganiga yigirma yetti yil bo‘libdi, ishongisi kelmaydi odamning. Men hamon ulkan adib ishlagan joylariga borib turaman. Ammo u kishini topa olmayman. Shunday kezlarda O‘ktam aka yozgan kitoblarga qo‘l cho‘zaman. “Girdob”ni, “Qismat”ni, “Kishan”ni takror o‘qiyman. Hikoya­lar to‘plamlarini varaqlayman. Shunda biroz tasalli topaman. O‘ktam aka bilan g‘oyibona sirlashgandek, uni ko‘rgandek bo‘laman. Bu asarlarni adib hayotiga qo‘yilgan muqaddas haykal deb bilaman. Bu haykal bugun mustaqil yurt, ozod Vatan tuprog‘i bag‘rida turibdi.

Shu el, shu tabarruk zamin bor ekan, O‘ktam Usmonov ham yuraklarda mangu barhayotdir.

 

Hamidullo MURODOV

1946 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat pedagogika nnistituti (hozirgi pedagogika universiteti)ni tamomlagan. “G‘alati bo‘taloq”, “Tovoqsoyda tong”, “Kiyik buloq”, “Qaldirg‘ochlar qo‘shig‘i” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.