Ukajonim, Jahongir…

0
373
marta ko‘rilgan.

Yashash – bu ertangi kunga umid bilan qarashmi? Qo‘yilgan maqsad-u orzular sari intilishmi? Umr yo‘llarimizni, o‘tgan yillarimizni, quvonchli va baxtli damlarimizni yodga olib, shukronalik qilishmi? Har bir o‘tayotgan kunimizdan ma’no-yu yupanch izlashmi? Ushalmagan orzularimiz, kimgadir aytilmay qolgan, mehrli so‘zlarimizning armonimi? Kutilmagan qiyinchiliklar-u hayotning turli zarbala­riga chidab, yengib o‘tishmi? Hayotning har bir kuni tuhfa, g‘animat ekanligini qadrlashmi?

Ukajonim, Jahongir, sen oilamizda farzandlardan kenjasi eding, hammamiz seni bolaligingdan erkalatardik, ra’yingga qarardik, yaxshi ko‘rardik. Seni, kipriklari uzun, ko‘zlari katta-katta chiroyli bolachani, qo‘ldan qo‘ymay ko‘tarib yurardik.

Barchamizni g‘aflatda qoldirib, nega buvijonim va adajonimning yonlariga borishga bunchalar shoshilding, ukajon! Hali o‘ylagan ishlaring, ertangi kundan bizga aytgan, aytmagan umidlaring, ishonch­laring bor edi-ku!

Qaysi damlarni eslay, ukajonim. Bundan 43 yil avval, 1974-yilning 7-avgust kuni (kuchli shamol turgandi o‘shanda) tug‘ilganingnimi, buvim, adam, men, Jamshid sen bilan opamni tug‘uruqxonadan chiqi­shinglarda kutib olganimiz, keyin Tinchlikdagi hovlimizga (o‘sha paytlar yozda hovlida yashar edik) borganimiznimi, seni bolalar bog‘chasidan olib kelishlarimnimi yoki ilk hikoyang chop etilgandagi quvonchlaringnimi?

Bolaligingda yakshanba kunlari hayvonot bog‘iga olib borishimizni so‘rarding. Galma-gal, ba’zan adam, ba’zan opam, ba’zan men bo‘sh vaq­timizga qarab seni u yerga yetaklardik (u paytlar hayvonot bog‘i uyimizga yaqin joyda edi). Sen bolaligingdan sayohatlarga chiqib, yurt kezishni yaxshi ko‘rib voyaga yetding. Ikki-uch yoshingdan boshlab opam bilan yozgi ta’tilda Kavkaz, Qrim, Sochi, Issiqko‘l kabi dam olish maskanlariga borarding. Men ham, akang Jamshid ham talaba edik. Adam esa har yili sizlar bilan dam olishga birga borishga va’da berardilar-u, lekin yaqinlashganda doimgidek ishlarini (yozayotgan asarlarini to‘xtatishga) ko‘zlari qiymasdi. Buvim, adam, men va Jamshid sizlarning qaytishinglarni intiqlik bilan kutardik. Kelgach esa, sen opamga ham gap bermay, ko‘rgan joylaring, narsalaring, bo‘lgan voqealar haqidagi taassu­rotlaringni aytib charchamasding. Hammamizga sovg‘alar, o‘sha yurtning biror belgisini bildiruvchi yodgorliklar olib kelardinglar. O‘sha yillardan odat bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak, ulg‘ayganingda ham turli sovg‘alarni yaqinlaringga, do‘stlaringga hadya etishni kanda qilmasding. Senga ham yodgorliklar, sovg‘alar berishganda xursand bo‘larding. O‘z xonangda turli yurtlardan keltirilgan yodgorliklar, buyumlar xuddi o‘sha mamlakat tarixi haqida so‘zlayotgandek qatorlashib turardi. Rus tilli bog‘chaga borganliging va rus maktabida ta’lim olganliging sababli ba’zan ruscha so‘zlarni ham aralashtirib gapirarding. Keyinchalik o‘zbek tilida sof, chiroyli so‘zlaydigan bo‘lding.

Ukajonim, sening qo‘lyozmalaring, turli yillardagi gazeta, jurnal va adabiy to‘plamlarda chop etilgan asarlaring nusxalari, hujjatlaring, kerakli qog‘ozla­ring qo‘limda, o‘zing hammasini yillar davomida yig‘majildga to‘plab yurgan ekansan. Voy, Jahongirim-ey, bular sen uchun qanchalar muhim, qadrli bo‘lganligini va senga quvonchli, baxtli onlarni in’om qilganlarini bilaman.

“Zarya Surxana” gazetasida (1995-yil, iyul) “Abo­rigen” nomli ilk hikoyang chop etilganida endigina 20 yoshda eding. Mana, bir necha nusxada olib qo‘ygan ekansan. Keyinchalik, 2013-yilda betob holingda bu hikoyaning yaratilishi, umuman adabiyot olamiga kirib keli­shing, adam bilan ijod haqida qi­lingan suhbatlar haqida “Ilk qadam” nomli essengni yozding. Hozir shu esseni qayta varaqlar ekanman, unda men uchun eng yaqin insonlarim – adam va sening siymong gav­dalanadi. “Tong yulduzi” gazetasining  bir nechta sonlarida (1996-yil, iyul-avgust) “Faqat hayot abadiy” nomli ilk qissang “Chaqnayotgan yulduz” rukni ostida so‘zboshi bilan chop etilgach, adabiyotshunoslar, ijodkorlar, kitob­xonlarning e’tiborini tortib, og‘izga tushgan eding. Birin-ketin “Oltinchi hukm”, “O‘tgan kunlardan”, “Ovchi”, “O‘lmagan jondan umid” kabi hikoyalaring gazeta va jurnallarda chop etilgandi. Hali asarlaring kitob holida jamlanmay turib, 1997-yildayoq O. Yoqubov, Shukrullo kabi ijodkorlarning, A. Musaqulov, B. Sarimsoqov kabi olimlarning seni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishga bergan tavsiyanomalari saqlanib qolgan. Sen esa Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lishga shoshilma­ding. “Hali ulguraman. Asosiysi, yozganlarim ma’qul bo‘lyapti-ku,” deganding kulib. Asarlaring ham rus tilida, ham o‘zbek tilida bosilardi. Rus tilida yozga­ning uchun ularni o‘zbek tiliga adam bilan birga o‘tirib tarjima qilardinglar.

1998-yilda Zominda o‘tkazilgan Yosh ijodkorlar tanlov-seminarida qatnashib, nasr bo‘yicha 1-o‘rinni egallaganingda adam bilan opamning qan­chalar quvonganla­rini, sen bilan faxrlanishganini hamon eslayman. Sen u yerda yangi do‘stlar orttirding, o‘zingni yana bir sinovdan o‘tkazding. O‘zingga, kelaja­gingga ishonching yanada ortdi.

O‘zbekiston Yozuv­chilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Oliy Adabiyot kursiga 2001-yilda qabul qilinib, 2003-yilda a’lo baholarga tamomlading. Mana, qo‘limda diploming, unga berilgan ilova. Tabriklar… Kursdoshlaring Ne’mat Hayrat, Davron Rajablar bilan bir umrlik yaqin do‘stlarga aylandinglar. “Orzu daraxti”, “Sovg‘a”, “Umid”, “To‘yga to‘yona” kabi hikoyalaring, “Xush, qol…” nomli yangi qissang hamda “Yigirma yildan so‘ng”, “So‘nggi romantik” kabi esselaring ham kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olindi.

Hayotingdagi hamma voqealar bir oqimda kutilganidan ko‘ra yaxshiroq, o‘zing xohlagandek ketayotgan edi, hatto bir-ikkita nashriyotlar o‘zlari kitobingni chop ettirish istagini bildirgandilar.

Shunda biz mutlaqo o‘ylamagan, yetti uxlab tushimizga kirmagan, xayolga ham kelmagan voqealar bo‘lib ketdi-ya! Sen, ha, sen ko‘zingdan shikoyat qila boshla­ding, atrof butunlay xiralashib ketayotganini aytding. Bizlar avvaliga ajablandik, sababini tushunmadik, chunki bolaligingdan hech qachon ko‘zingda muammo bo‘lmagan edi. Ko‘zingning xiralashishi kuchayotganligi hammamizni tashvishga solgandi. Adam bilan opam seni eng kuchli doktorlarga ko‘rsatdilar, bir necha bor operatsiya ham qildirishdi. Lekin tashxis o‘zgarmadi, ko‘zning asab tolala­rida qurish, ya’ni jarohatlanish yuz bergan, tiklanmaydi, deyishgandi. Ko‘zning bu ahvolga kelishiga kuchli toliqish, miningit yoki miya chayqalishining asorati sabab qilib ko‘rsatilgandi. Vrach­lardan iborat komissiya seni mehnatga layoqatsiz deb topishib, umrbodga 2-guruh nogironligini belgilashgandi. Ko‘zingning qolgan besh foizini saqlab qolish uchun ham muntazam davolanishing kerakligini ta’kidlashgan edi. Bu o‘rtada 2005-yilning 29-sentabr kuni oilamizning suyangan tog‘i, mehribon adajonimiz Shukur Xolmirzayev vafot etdilar. Hamma narsa tamom bo‘ldi, deb o‘yladim, hatto men ham qanday yashashni, qayerdan kuch olishni bilmay qoldim. O‘shanda opamga qanday dalda bo‘lishni, bu og‘riqlarni, qayg‘ularni yengib o‘tishlariga qanday yordam bera olishimni ham bilolmay qolgandim. A. Navoiy bo­bomiz aytganlaridek, “sabr etagini tutish, barcha qiyinchiliklarni sabr-chidam bilan yengish”dan boshqa ilojimiz yo‘q edi.

Dard kelsa, qo‘shaloq keladi, deb shuni aytsalar kerak-da. 2007-yilning yozida g‘ira-shira qorong‘ida mashina yo‘lidan o‘tayotganingda mashina yaqinlashganini sezmay qolib, avtohalokatga uchraganing oilamiz uchun yana bitta og‘ir musibat bo‘ldi. Ukajonim, omon qolganingga shukur qildik. Bir necha oy kasalxonada yotganingdan so‘ng (umurtqangni ope­ratsiya ham qilishgandi) uyga ruxsat berishdi. Doi­miy massajlardan, jismoniy harakatlardan so‘ng, bir qo‘lda devorni ushlab, ikkinchi qo‘lda hassa bilan turishni mashq qila boshlading. Ketma-ket kelgan kasalliklar, turli mayda gaplar, oilaviy notinchlik seni tushkunlikka tushirib yubordi, hamma narsaga qo‘l siltading. Hayot­ning kutilmagan evrilishlari yonida o‘zingni butunlay ojiz sezding. Hayot tugagandek tuyildi – yozmay qo‘yding. Hatto yaqin do‘stlaring seni bunday bemor holda ko‘rishlarini, achinib qarashlarini istamasding. Uyga ham eng yaqinlargina keladigan bo‘ldi. Opam va senga qarovchi hamshiragina asl holatingdan xabardor edilar. Vaqti kelsa, menga ham og‘riqlaringni bildir­ging kelmasdi, sezdirmaslikka, o‘zingni tetik, bardam tutishga harakat qilarding.

Birin-ketin kunlar, oylar, hatto yillar ham o‘ta boshladi. Sen asta-sekin shunday holatda yashashga o‘zingni ko‘niktira boshlading, moslashishga urinding.

Ukajonim, senga yashashga kuch beradigan yagona narsa – bu qalam tebratish, yozish ehtiyoji ekanligini aytganingda, seni ruhlantiradigan gaplar aytgandim-u, o‘zim esa boshqa xonaga chiqib ko‘zyoshlarimni artgandim. Shunda, esingdami, Jahongir, opamga nimalar deganing, kechagidek yodimda turibdi-ya. Sen: “Opa, ko‘chaga chiqqaningizda ikkita qalin daftar, ikkita ruchka olib keling. Yozishni boshlayman. Qatori tekis bo‘lmasligi mumkin, mayli, sekin-sekin mashq qilaman. Keyin o‘zingiz chiroyli qilib ko‘chirib, menga o‘qib bera­siz”, deding. Endi sening yostig‘ing yonida qalin daftar (ichida ruchkasi bilan) paydo bo‘ldi. Kunlar­ning birida “I eto proydyot” (“Bu kunlar ham o‘tib ketar”) nomli essengni tugatganingni, hozir opam uni daftardan oq qog‘ozga ko‘chirayotganlarini aytganingda, ovozingdagi qat’iylik, dalillik meni quvontirgandi, o‘zingdan qoniqish hissi paydo bo‘lgani shunday sezilib turardi.

Ukajonim-a, bir boshingga shuncha narsa-ya. Esseni opam yana bir necha marta o‘zingga o‘qib berganlaridan keyin so‘nggi nuqtani qo‘yding. Endi esseni rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girish masalasi turardi. Bu masalani hal qilishni men o‘z bo‘ynimga olgandim. U yoq-bu yoqdan surishtirib, shoir Muhiddin Omon badiiy asarlarning tarjimasi bilan shug‘ullanishini bilgach, unga berib kelgan edim. Bir necha oydan keyin esse “A’lo kayfiyat” (2011) jurnalida chop etilgandi. Keyingi yillarda “Tumor” (2012), “Ilk qadam” (2013), “Yettinchi hayot” (2014) nomli avtobiografik esselarni yozding. Asarlaring chop etilgan gazeta va jurnallarni paypaslab ushlab, xursand bo‘lding.

Jahongir, o‘zingga hech qachon aytmagan ekanman, endi aytaman – sen kuchli inson eding. Bir necha yillar davomida ko‘rpa-to‘shakka mixla­nib, uydan tashqariga chiqolmay qolganingda ham yashashdan ma’no-mazmun izlading, hayotning bergan quvonchli damlariga shukronalik qilding, ertangi kunga rejalar tuzib, umid bilan qarading, yaqinlaringga hamdard bo‘lding, jiyanlaring kelajagiga ishonch bilan qarading va ularning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatding. Hayotni boricha qabul qilishni o‘rganding.

Jahongirim, bolalarni, yosh bolachalarni qanchalar yaxshi ko‘rarding. Tanishlarimizning, qo‘shnilarimizning farzandlarini uyga to‘plab, ular bilan gaplashib, hazillashib-kulishib o‘tirarding. Ular ham senga intilishardi. Lekin o‘z farzanding sendan yiroq­da edi, diydoriga to‘ya olmading. Unga ham butun umrlik armon bo‘lib qolganingni yillar o‘tgan sari yanada his qiladi. Mening ikki o‘g‘lim uchun esa sen ham tog‘a, ham do‘st, ham sirdosh eding. Ularga kichkintoyligidanoq bo‘lakcha mehr bilan qararding, umring davomida ularning o‘qishi, qizi­qishi, inti­lishi, tarbiyasi sen uchun muhim edi, ular ham buni qadrlardilar. Sen qanchalik yaxshi ko‘rgan bo‘lsang, ular ham sendan kam yaxshi ko‘rishmas edi.

Ukajonim, qalbing keng edi, kundalik hayotdagi ba’zi arzimas narsalardan xafa bo‘lganimni eshitib, menga suyanch bo‘larding, ko‘nglimni ko‘tarar­ding. Men har gal borganimda, ovozimni eshitishing bilan yotgan joyingdan so‘rashishni boshlarding. Men esa shosha-shosha yangiliklarni gapirib ketardim. Sen ham shuni poylab turgandek, jiddiy tinglarding. Opam xontaxtani turli yeguliklar bilan to‘ldirib tashlardilar, keyin o‘tirib choy ichardik. Ba’zan hazilla­shib, “Zerikkan paytla­rimda meni hamma gapimni so‘zsiz tinglaydigan, e’tiroz bildirmaydigan, fikrimga doim qo‘shiladigan ayiqcham bor”, – deb qo‘yar­ding. Darhaqiqat, kulrang ayiqcha karavotingning bo‘sh joyini egallab, senga qarab o‘tirardi.

Uyning to‘rida sening eng baxtli damlaringdan xotira bo‘lib do‘sting, rassom Abdujabbor Erme­minovning “Jahongir” nomli portreti osig‘liq turardi, endi shu portretdan hammamizga qarab, kuzatib turibsan-a…

Asarlaring matbuotda chiqa boshlagach, tanish-bilishlar, do‘stlaring, adam­ning shogird­lari qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘raydigan, esselaring haqida fikr bildiradigan bo‘lishdi. Ular­ning uyga ham kelib turishlaridan, ada­biyot, san’at haqida, umuman, turli mavzularda suhbatlashib o‘tirishlaridan quvonar­ding, nafaqat quvonar­ding, balki bir necha kun ko‘tarinki kayfiyatda bo‘larding.

Klassik kinolar (ovozini eshi­tarding), qo‘shiq-u musiqalar­ning, badiiy asarlarning disklarini sotib oldirar edi­ng. Umuman, musiqalarni, qo‘shiqlarni tinglashni yaxshi ko‘rish hammamizga xos, shekilli, bilasan-ku, adam ham qo‘shiq tinglashni yoqtirardilar, ba’zan qo‘shilishib xirgoyi ham qilardilar. Men ham yaxshi qo‘shiqlarni tinglab, rohatlanaman, qaysidir ma’noda ulardan malham izlayman. Sen ham o‘rinda yotgancha, yod bo‘lib ketgan qo‘shiqlarni qayta-qayta tinglab o‘yga tolarding. Nimalar haqida o‘ylarding, ukajonim, qo‘shiqlar qay kunlaringni yo­dingga solardi-a?

Jahongirim, kuni kecha qabringga borib bir dasta oppoq gul qo‘yib keldim. Qaragin-a, qaysi gullarni yaxshi ko‘ri­shingni bilmas ekanman. Chunki shu paytgacha sen menga gullar sovg‘a qilarding, hatto so‘nggi yillarda ham bayram va tug‘ilgan kunlarimda kuryer orqali yuborarding. Men esa senga qo‘ng‘i­roq qilib, gullarni kel­tirishganini aytib minnatdor­lik bildirardim.

Do‘rmondagi dala-hovli­mizdan xabar olgani borar ekanman, Yozuvchilar bog‘ining yonidan o‘tib ketayotib, shu yerda sen ilk bora, 21 yoshingda Gulchehrani uchratganing, baxtiyor damlarni boshdan o‘tkazganingni eslayman. Bor ovozimni to‘ldirib, “Jahongir”, deb baqirgim keladi. Lekin har qancha baqirmay, hech kim ko‘rinmaydi, hech qanday sado chiqmaydi…

Qo‘limda sening daftarga yoza boshlagan ikkita chala hikoyang. Biri “Uzbek”, ikkinchisi “Kogda zasыpayut angelы” deb nomlangan. Ukajonim, yotgan joyingda sekin karavotingga o‘tirib: “Opa, men yozuvchiman-a, hali ko‘p asarlar yozaman-a”, – der eding. Yozuvchilar uyushmasi kitobingni chop etishiga bosh-qosh bo‘layotgani hamda uyushmaga a’zo qilishni ham tezlatish niyatida ekanliklari hammamiz uchun orziqib kutilgan xabar edi.

Shunda, esingdami, ukajonim, kitobingni qanday nomlashni muhokama qilgandik. Sen o‘ylab ko‘rib, adam, buyuk rassom R. Choriyev va o‘zing bilan bog‘liq voqealar tasvirlangan “So‘nggi romantik” nomli asaringning qo‘yishni taklif qilgan eding. Bu gap opamga ham, menga ham ma’qul kelgandi. Keyin bir nechta suratlaringni kitob uchun tanlab olgan edik. Kitobning bi­rinchi korrekturasi o‘qilayotganini nashriyot tahririyatidan qo‘ng‘iroq qilib aytishganda, sen tez kunlarda kitobingni qo‘lingga olishni ko‘z oldingga keltirganding. Tug‘ilgan kuning arafasida kitobing chop etilishi sen uchun eng katta sovg‘a bo‘lardi. Biz tug‘ilgan kuningga kimlarni taklif etishimiz, qanday tashkil qilishimiz haqida birga o‘tirib fikrlashgan edik.

Hech qanday to‘siq yo‘qdek edi… Lekin bir kun kelib kundalik muolajalar ham yordam berishi qiyinligini, sog‘li­ging yomonlashayotganini sezarding. Shuning uchun nimalarnidir tezroq bajarishga, ulgurishga harakat qilarding-a, ukajonim.

Ertaga nima bo‘lishi bandasiga ma’lum emas ekan. 19-iyul kuni doktorni uyga chaqirganimizda, seni tekshirib ko‘rgach, “isitmasini tushirsak bo‘ldi, yosh ekan, tuzalib ketadi, har kuni kelib o‘zim xabar olaman”, dedi.

Biz ham o‘g‘lim Javlonbek bilan kechqurun sen uyquga ketgach, o‘z uyimizga ketishga otlangandik. Ketmasimdan oldin sekin boshing­ni ko‘tarib, senga sovuq choy ichir­dim, chiroyli sochla­ringni, qo‘lla­ringni silab qo‘ydim, “ertaga ertalab vaqtliroq kelamiz”, de­dim. Sen “yaxshi” degandek, bosh irg‘ading va ko‘zingni yumding. Ey ukajonim-a, jonim-a, bu so‘nggi xayrlashuv ekanligini qaydan bilayin?!

Jahongirjon, Olloh menga qancha umr ajratgan, bilmayman – o‘ziga ma’lum. Ammo bir narsani aniq bilaman, sening qo‘lyozmalaring, sen uchun muhim bo‘lgan buyumlar, suratlaring adamning arxivlari qatorida saqlanadi va bir kuni kelib adamning uy-muzeylaridan joy oladi.

 

Sayyora XOLMIRZAYEVA

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.