«Adabiyot – fidokor insonlar qalbining yolqinidir»

0
342
marta ko‘rilgan.

…«Bolaning biror-bir narsaga qiziqishi qoni­da bo‘ladi. Esimni bilibmanki, kitob atrofida o‘ralashganman. Uyimizda kechalari (ayniqsa, uzun qish tunlari) ertak aytib berish, jamoa bo‘lib kitob o‘qish rasm bo‘lgan. Bu narsa menga shu qadar yoqib qolganki, ertak aytib berishlarini ortiqcha injiqlik bilan talab qilganlarim esimda . Maktabga ham erta borganman. Savodim juda tez chiqqan. Yozishni o‘zlashtirib ulgurmasdanoq, bosma harflarni o‘rganib olib, kitob o‘qishga tushib ketganman. O‘sha payt chop etila boshlagan xalq dostonlarini, kattalarga taqlid qilib, qiroat bilan o‘qishga tutinganman. Bobom menga deyarli har kun doston o‘qitar edi. U kishi kitobni ochib, kecha kelib to‘xtagan joyimizni albatta barmoqlari bilan ko‘rsatar, men esa o‘sha joydan o‘qishni davom ettirar edim.

O‘sha paytlarda bolalarning kitobga yaqinlashuvi ancha mushkul edi. Odamlarning yashash sharoiti juda og‘ir: turmush tashvishlarining bir qismi bolalarning hali qotib ulgurmagan yelkasida – kunduzi ko‘pincha kitobga vaqt yetmas, kechasi esa birgina chiroq dars tayyorlayman deganlarning o‘rtasida talash… 

Bolalagimda yozuvchiyu shoirlarni allaqanday sirli, o‘zgacha olamdagi odamlarday tasavvur etganman. Shu sababdanmi, ilk bor o‘z ismimni gazetada ko‘rganimda allatovur hayajonga ko‘milib yurganlarim esimda…

…Ijodkor o‘z yo‘lida bilimdon va xayrixoh odamlarni uchratishi bu Ollohning ishoratidir. Iste’dodli odam bilan suhbatdosh bo‘lmoq yosh ijodkorni beqiyos o‘stiradigan ulug‘ manba. Iste’dodlarning bir-biri bilan topishuvi, bahsu tortushuvlar, do‘stlik va hatto ochiq-yashirin raqobat – ma’lum bir davrda ijodni mukammallik sari yetaklaydigan yo‘ldir. Shuning uchun adabiyotda tez-tez ijodiy davralar paydo bo‘lib turadi va bu davralarning saviyasi ajib bir tarzda turfa ko‘rinish oladi. Ya’ni iste’dodlarining darajasi bir-biriga yaqin odamlar hayotda ham qandaydir bir tarzda saralanib, ijodiy davralar tashkil etadilar. Ijodkor uchun bu ham bir bosqich. Men ijodkorga o‘qimishli va iste’dodli davra ham ulkan ustozlik rolini bajaradi demoqchiman…

 …Yigirmatacha kitobim chop etilgan. “Yurak” va “Fonus” degan she’riy kitoblarim shu kunlarda nashr etildi. Bilasiz, she’riy kitoblarning adadi katta bo‘lmaydi. Kitoblarimning jami adadi ikki yuz ming atrofida bo‘lsa kerag-ov…

Ijodkorning ko‘ngli yozganlaridan hech qachon to‘l­may­di. Ammo yolg‘on kamtarlikni yig‘ishtirib aytsam, ijodda nimagadir erishganimni ham anglayman…

…Yangangiz Ra’noxon, xabardorsiz, badiiy tarjima bilan shug‘ullanadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining “Zolotoye pero” mukofoti bilan taqdirlangan. Juda mehnatkash ayol.

 Bolalarim adabiyotga yaqin – chin ma’noda o‘qimishli odamlar. Kattam Ulug‘bekning qo‘lidan yozuv-chizuv keladi. Ammo bu ishga jiddiy qaragani yo‘q. Kichkinam Shodiya ham uquvligina, lekin hozirgacha allaqanday xom rejalar girdobida – nasib bo‘lsa, biror qarorga kelar. Bolalarimdan yozishga jur’at etgani Nazokat – Nazokat Azim taxallusi bilan endigina adabiyot ahliga tanilib kelyapti. “­Qahvaxo‘r qizlar” degan kitob ham nashr ettirdi. Aytganday, uning ilk hikoyasi “Yoshlik”da – sizlarning jurnallaringizda chop etilgan. Hozir bir ijodiy tashkilot bilan hamkorlikda katta bir loyiha ustida ishlayapti. 

Oltita nevaram bor: Shohruhmirzo, Temurmalik, Ismoilbek, Muhammadbobir, Sarvar, Komron…

…O‘zbek xaqining shakllanishida, uning o‘zini ang­lash jarayonida Adabiyot yetakchi rol o‘ynadi. U hamisha xalqning ongini uyg‘otishga, uning zo‘ravonlar o‘chirib yuborishni ma’qul biladigan tarixiy xotirasini mustahkamlashga harakat qildi; Odamlarning taqdirini tasvirlash asnosida, bugunning suratini chizdi; ertaning orzumandaligida yashadi va bu orzularni elning erlariga yuqtirdi. U xalqning ruhi va ongiga aylandi. Go‘zallikning, mutanosib­likning manbasi sifatida odamlarning didini – jamiyatning didini yuksaltirdi. Men chinakam Adabiyot haqida gapiryapman. Adabiyotning qay darajada tirikligi – Xalq tirikligi darajasini o‘lchab beradigan mezondir.

…Adabiyot – adabiy qalloblar o‘ylaganiday, shaxsiy maanfaatlar do‘koni emas, balki xalqi taqdirini o‘ylaydigan fidokor insonlar qalbining yolqinidir.

Illatlarning esa ikkitasini sanab o‘taman. Biri, yuqorida yozganim, adabiy qalloblik – o‘zini buyuk adib qilib ko‘rsata bilish san’ati. Bu – iste’dodsizlikning eng xavfli ko‘rinishidir.

Xushomadgo‘ylik ham adabiy an’ana sifatida shakl– lanib bormoqda. Bu – juda uyat adabiy hodisa. Kommunistik va feodal o‘tmishdan qolgan bunday yaltoqilikdan Adabiyotimiz jirkanmog‘i lozim deb o‘ylayman. Chunki Adabiyotining g‘ururi bo‘lgan xalqqina or-nomusli bo‘ladi.

…Men oqimlarni juda yomon ko‘raman. Ayniqsa, ular sun’iy ravishda tashkil qilinsa. Ammo o‘zini “modernchiman” deb yurganlarni ham tushunaman: tepada yozib o‘tganim nusxalarning safida bo‘lmoqdan ular or-nomus qilgan bo‘lsalar ajabmas. Keyin esa bu tuyg‘uga ozgina oliftachilik aralashtirib, “modernizm” deb atab qo‘ya qolgan bo‘lsalar kerak. Men avval ham aytganman, bunaqa she’riy mashqlar jahon adabiyotining cho‘ntagidan allaqachonlar tushib qolgan. Ular hozir postmodernizmdan ham kechmoqchi bo‘lib turishibdi. Bizdagi juda ham modern qiyofada ko‘ringisi kelib turganlarning yozishi adabiyotning rivoji tufayli tabiiy o‘sib chiqadigan bir holdir. Iste’dod esa hamisha sanoqli bo‘ladi, bir to‘da bo‘lmaydi. Bizning modernchilarlarning safida bir-ikki shoir bor, qolganlari hali she’r yozishni o‘rganishi lozim bo‘lgan havaskorlar. Xullas, “modernizm” so‘zi menda “sotsrealizm” tushunchasiday yoqimsiz taassurot qoldiradi. Menimcha, adabiyotda ikki toifa ijodkorlar bor: iste’dodlilar va iste’dodsizlar. Tamom…

…Yangi yil rejalari…

«Yozaveraylik, qolgani bir gap bo‘lar», degan eski ish rejam bo‘yicha boshlab yubordim».

 

ShOIR HAQIDA

 

Usmon Azim 1950 yilning avgustida Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Gaza qishlog‘ida tug‘ilgan. 1972 yilda hozirgi O‘zMU junalistika fakultetini tugatgan.

1979 yilda ilk she’riy kitobi – “Insonni tushunish” chop etilgan. Shundan so‘ng “Holat” (1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983) “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekanda, yo‘q ekan” (1995), “Saylanma” (1995), “Kuz” (2001), “Sog‘inch” (2007), “Yurak” (2009), “Fonus” she’riy kitoblari va “Jodu” (2003) nasriy to‘plami bosildi.

Tarjimon. Elyuar, Dog‘larja, Voznesenskiy, Vatsiyentis, Marsinkyavichus ijodidan o‘zbek tiliga o‘girgan.

Nosir. Qator hikoyalari, esselari, “Alpomish” kinodostoni, “Alisher Navoiy” kinoqissalari e’lon qilingan.

“Sevgi” (1998), “Alpomish” (2000), “Yo‘qolgan odam” (2008), “Go‘zallik siri” (2006) badiiy filmlari ssenariysiga mualliflik qilgan.

“Bir qadam yo‘l” (2002), “Kunduzsiz kechalar” (1998), “Qadim zamon hangomalari” (2003), “Adibning umri” (2005), “Alpomishning qaytishi” (2000), “Baxt qushi” (2006), “Sinfdosh yoxud kuyovlikka nomzod” (2008), “Bor ekanda, yo‘q ekan” (2008) kabi dramalari sahnalashtirilgan. Shuningdek, “Xalil Sulton”, “Jazava”, “Bozor”, “Abdulla Qahhor”, “Tohir va Zuhra” kabi dramatik asarlari ham bor.

 

“Yoshlik” 2010/2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.