Qish kunlaridan biri

0
308
marta ko‘rilgan.

Avvaliga kun sal sovib, yana iliqlashdi. Qor havosi ufurardi. Hademay birinchi qor ham tushdi. Osmon kun bo‘yi elagini elab, kalish ko‘milguday qor yog‘di. Ovoz ham allanechuk g‘alati eshitiladi. Maktabga borayotgan bolalar uyimiz pastidagi soy ko‘chadan o‘tishayotib ukamni chaqirdilar. Ularning ovozlari xuddi ko‘rpa tagidan eshitilayotganday bo‘ldi. Qor unchalik qalin yog‘magan bo‘lsa ham aks-sadolarni yutib yuborgandek… Bolalar maktabga bormadilar. Bu tashabbus ukamdan chiqdi. «Borganimiz bilan o‘qitmaydi baribir, Bolta mallim zulmonotaliklar kun sovuqda kelmasa ham mayli degan», deb uqtirdi u.

— Aldamagin yana, — deydi bolalardan biri.

— O‘lay agar, shunday degan. Ishonmasang, Boltaning o‘zidan so‘ra! — Ukam so‘zini o‘tkazish uchun qasam ham ichadi, yana gapiga ishonmagani uchun achchiq qilib «Bolta» deydi.         

Bu gapning yolg‘onligini bilishsa ham bolalarga ko‘ngildagiday bahona topildi. Endi uylaridagi xo‘jayinlarga ham, muallimlariga ham gap topib berishadi. Ukam hovlidagi betonga etigini ishqalay boshlaydi.

— Bir etikdi bir oyga yetkazmaysan, yer bosmagur!

Onamning qichqirig‘idan so‘ng ura qochib qoladi u. Onam urmaydi, lekin jahl bilan qarg‘aydi. Ukam shunisidan qo‘rqadi, eshitgisi kelmaydi. Otam ursa ham undan qo‘rqmaydi.

Onam picha yolg‘on aralashtirdi. Ukam agar bir oyda bitta etik kiyganida bormi, onam uni o‘tdan olib suvga solgan bo‘lardi. Ukam etikni bir yil, hatto undan ham ko‘p vaqt kiyadi. Oyog‘idagi esa meniki, eski etigim — men ancha odobli bo‘lganim uchun etigimning bironta «tishi» katilmagan. Ukam esa uni betonga ishqalab «tish»larini tushirdi. Ammo etigi juda uchqur bo‘lada. O‘rtoqlarining havasini keltirib ertalabdan kechgacha yaxmalak otdi. Ularning etiklari sirpanavermagach, parovoz bo‘lib tirgakka oldi. Kechqurun kiyimlarini ho‘l qilib qaytdi. Kechki ayoz shimiga yopishgan qorlarni qotgan xamirday muzlatibdi. Orqasining xiyla joyi yirtilgan.

— Nima balo, o‘tirib toydingmi? Shuytib yana bir-ikki marta toysang, dumg‘azangniyam ishdan chiqarsang kerak, sen bola! Shimam, ishtonam tutmaydi senga…

Onamning aytishicha, agar ukam shu zaylda ketsa, undan odam chiqmasmish, akalariga tortmayotganmish. Necha martalab ustim jiqqa ho‘l bo‘lib kelib otamdan tayoq yeganim, onamdan qarg‘ish eshitganim esimga tushib, sezdirmay kulib qo‘yaman. Lekin onamning gaplariga qarshi chiqolmayman.

Ukam sovqotib ko‘karib ketgan qo‘llari bilan etigini yecholmaydi. Ataylab onam ham, men ham yordam bermaymiz. O‘zi ham so‘ramaydi, singlimni chaqiradi. «Kuniminan toyganingdan keyin haqingda» deydi u bidirlab. Ukamga alam qiladi. Singlimni so‘kishga tushadi. Shunda ham indamayman. Ko‘rib turib yordamlashmaganimiz uchun battar jahli chiqadi. Eshikni qarsillatib tepadi, etikni so‘kadi. «Bu etikni boshqa kiymayman» deydi. Ana kichik bolaning katta jahli. Bu ham ish bermagach, ojizlikning eng baland cho‘qqisidagi qorlar yosh bo‘lib oqa boshlaydi.

Onam uning o‘ng oyog‘idagi, men chap oyog‘idagi etigini yechib qo‘yamiz… Ha, u onamdan ko‘p qarg‘ish eshitadi, ammo hali-beri esi kirmaydi, bolaligining keti ko‘rinmaydi. Bir marta otam menga yoshligida qumda sirpanaverib mo‘kisini yirtib qo‘ygani, jazosiga bobom unga yangi mo‘ki tikib bermagani, qishni kalish bilan o‘tkazganini aytib bergan edi. Agar buni ukamga aytsam, ularni rosa mot qilgan bo‘lardi, lekin aytmayman. Xullas, qish bayramini bolalar boshlab berishdi. Ehtimol, birinchi izni ham ular solishgandir.

Bir kunlik qorning ayozi faqat kechalarigina o‘z kuchini ko‘rsatardi. Kunduzi quyosh tikka bo‘lavergach, soydagi muzlar erib, suvlar shovqin bilan oqa boshladi. Kechqurun ular yana jimib qoladi. Go‘yo kun bo‘yi qo‘shiq aytaverib charchagandek. Quyosh isitaversa, qalin muzlar erib-nurab suvga tushadi. Shunda soy bu «ko‘prik»lardan bo‘shab qoladi. Odamlarga esa bari- bir. Ularning o‘z ko‘prigi bor. Ikkita uzun terakdan mustahkam ko‘prik qurib qo‘yishibdi. Kechalari bir-birinikida bemalol to‘planishib, gurunglashib o‘tiraverishadi. Yarim tungacha qartabozlik qiladilar. O‘rol qiyshiq bugun yana yutqazadi. Jo‘ralarining masxaralashidan cho‘chib ertalab ulardan oldinroq ishga ketadi.

O‘n kundan beri kasal yotgan Roziya momoning qichqirig‘idan hamma sergak tortadi. Kecha echkisi kelmay qolibdi. Shuning uchun chakana cho‘pon Turdiqulni qarg‘ayapti. «Kechagina o‘laman deb to‘shakda yotuvdi, deya xotinlar yoqa ushlashadi, yomon odam o‘lmaydi!»

Roziya momo tengquri Buvixol momoga ko‘nglini ochadi.

— Bu uying kuygur, qaysi yiliyam bir echkini gumdon qilgandi, teshib chiqqur iloyo!

— Hiyya, Roziya opa. Ko‘zidan qo‘rqaman uning! Sariq ilonnikiday yiltillaydi, — deya hamdardlik bildiradi kampir.

Roziya momo qarg‘anib Turdiqul akaning uyiga o‘tadi. Uning gapiga ishonmay qozonni ochib ko‘radi. Molxonaga o‘tadi. U yerdan ham topolmagach, kampir jim bo‘ladi, iziga qaytadi. Shunda ham cho‘ponning bo‘yniga uch kunlik muhlat qo‘yadi. Bo‘lmasa tovon to‘lataman, deydi.

«Topilib qolar», deydi Turdiqul gunohkorona tongda. Bundan Roziya momo tag‘in gerdayadi. Xotinlardan hol so‘rab, achingan bo‘ladilaru Turdiqulning qulog‘ini qichitadilar. Buvixol momo esa «to‘latib oling» deb maslahat beradi.

Echki uchinchi kuni emas, to‘rtinchi kuni kunchiqardan o‘zi ma’rab qaytadi. Fermaning moliga qo‘shilgan ekan, haydab yuborishibdi. Turdiqul tuhmatdan qutuldi. Ammo Roziya momo boshini xam qilmadi. Turdiqulni chaqirib, ayyorona, biroq kelishtirib kechirim so‘radi. Turdiqul tilining uchidagi so‘kishni yana ichiga yutdi. Egilgan boshni bolta qirqmas. Uzrdan so‘ng tilini tishladi. «Shunday adashish bo‘lib qolarkan-da, Turdiqul uka, men anovi yildagiga o‘xshatib…»

«Anovi yilda» ham Turdiqul bo‘sh-bayovligi tufayli begunoh sharmanda bo‘lganini eslaydi. Indamaydi. Buning o‘rniga bosh qashib yosh boladay turaveradi.

— Yotgan joying kafan bo‘lsin o‘zingga, bunday tuhmat qilguningcha! — deya qarg‘anadi Buvixol momo go‘yo dugonasining fe’lini bugun anglab yetgandek. — Shu bechoraga ayb to‘nkaganiga o‘laymi? Bir-ikki kun sabr qilsa o‘zi kelarkan-ku! YOMON odam o‘lmaydi, shuytib…

Xotinlarga tuganmas hangoma topildi. Bundan keyin necha to‘y-aza bo‘lib o‘tdi. Bu voqealar ham siyqalashib ketdi. Turdiqul o‘g‘li armiyadan kelgan kuni o‘z molini so‘ydi…

Qo‘lbola skameykada kunshuvoqning taftiga erib o‘tirgan Qo‘ldosh bobo ko‘ziga dovur tushgan o‘siq qoshlarini sal-pal ko‘tarib atrofga nazar soladi. O‘tirganda bo‘yi baravar uzun hassasini yerga urib qo‘yadi. Quyuq qoshlari orasidan tiyrak boquvchi ko‘zlari to‘qsondan o‘tib ham bu dunyoni hali-beri tark etmaslik nidosini anglatadi. Erkaklar uning «Xotin zoti o‘zi azaldan shunaqa yaratilgan, ularga aql kiradigan zamon bo‘lmasa kerak» degan gapini ko‘p eshitishgan. Chol umr bo‘yi xotinga yolchimagani uchun bu «zot» to‘g‘risida biror marta ham yaxshi gap aytmagan. «Bu yil qish yaxshi keldi. Har gal to‘qson yarimlab qor tushadi. Yer to‘yadi bu yil», deb qo‘yadi u yana.

Kunduzlari ko‘p joylarning qori erib, qirlar ola rangga kirdi. Avval kunbetkay tomonlar eridi. Quyosh qirlarning yelkasidagi qorlarni soygacha kurab qo‘ydi. Yer tun bo‘yi tin olib, endi nafas chiqarayotganga o‘xshardi, uning namxush bug‘idan tuproqning to‘yimli hidini sezasan. Tandirdan yangi uzilgan nonning hidi bundan ziyoda. Onang hozirgina uzib kelgan, qizarib pishgan nonni sindirsang-da, barmog‘ing bilan bir necha joyidan teshib sariyog‘ surkasang, so‘ng qo‘lingni kuydirayotgan nonni ishtaha bilan yesang… Birdan uning ko‘proq pishib qatirloq bo‘lgan joyiga yetib qolasan. Shunda dastlab onangga va undan boshqa yana bir noma’lum kimsagami, narsagami shukronalar aytging, quchging, hayqirging keladi. Bunday hol qish paytlari yoz va kuzning xushta’m ne’matlarini zo‘r ishtaha bilan yeb o‘tirganingda ko‘p takrorlanadi.

Mag‘rib ufqi qizarib odamlar ko‘ngillarida sezilarli ko‘tarinkilik tuydilar. Tovuqlarning axlat titayotgan panjalari sovqotib qo‘noqlari tomon yo‘l olishdi. Mollar og‘ilxonalar oldiga to‘planib, xo‘jayinlaridan issiq joy va yemish kuta boshladilar. Qilig‘i sovuq kal echki to‘ppa-to‘g‘ri g‘allaxonaning eshigini to‘mtoq shoxlari bilan turta boshlaydi. U qo‘riqchi itdan qo‘rqmaydi. Chunki it hali juda yoshda, kuchuk. U bahaybat echkiga tashlanishga botinolmaydi. Ishqilib, shu kuchuk halitdan esli chiqib egasiga sodiq ekanligini namoyish qila boshladi.

Mollar og‘ilxonaga kirgach, uy ichidagilar hammasi jam bo‘lishdi. Onam tezak yoqilaverib, kulga to‘lib ketgan pechkani tozalaydi. Unga qo‘y go‘ngidan tayyorlangan qattiq cholma tiqadi. Otamning aytishicha, bu Rossiyadagi torflardan ham durustroq yonarmish. Qozondagi makka go‘ja biqirlaydi. Qish kunlari oq ovqat yeyish rasm. Ko‘pincha qurut qotilgan ovqat ichiladi. Qurtabo ichib olsang, sovuq kunda ham ichingda issiq saqlaydi. Qalin tunukadan yasalgan pechkaning teshiklaridan olov gurillaydi. Pech ustidagi choynak jizillashga tushdi. Bir oz o‘tgach, ikkinchi choynak ham jizillay boshlaydi. Ikkovi qo‘shilib, chaqaloqning yig‘isiga o‘xshash ovoz chiqaradi. Onam olovga tikilib o‘tirib xayolga toladi. Eshikdan otam kirib keladi. Otam bilan molxonaning yoqimsiz hidi qo‘shilib kiradi. Bir oz o‘tgach tarqalib ketadi…

Qishlog‘imiz shaharga juda olis, shunday tog‘lar orasida bo‘lishiga qaramasdan bu yerdagi radiolar ham Amerika, otamning so‘zi bilan aytganda uning «poshshosi», so‘ng urush to‘g‘risida gapirib qoladi. Shunda onam yurak hovuchlab «shu qirilgurlar, bir baloni boshlab yubormasa-ku-ya», deb qoladi. Armiyada bo‘lib «ko‘p narsani tushungan» otam Yaponiyadagi ikki shahar voqeasini eslatib «shundan keyin butun dunyo Amerikaga qarshi bo‘lib qoldi», deya onamni yupatgan bo‘ladi. Men esa ukam xizmat qilayotgan shaharning chegaradan juda olis, mamlakatning qoq o‘rtasida ekanligini aytaman. Shundan so‘ng onamning ko‘ngli sal taskin topganday «ishqilib tinchlik bo‘lsin» deb qo‘yadi. Shunday mahallarda yana shaharga ketish haqida o‘ylagim kelmaydi. Ta’til kunlarining cho‘zilishini istab qolaman.

Ha, bu yerdagilar ham, mana shu tog‘lar orasidagi tinchgina qishloqchada ham odamlar urush to‘g‘risida xayol surib qoladilar. Birovlar esa hech qachon hech qanday xavf-xatar bo‘lmaydigandek o‘z ishlaridan qanoatlanib yuraveradilar. Bundaylar bizning qishloqda ancha. O‘zgalar bilan tortishib, yoqalashib, xursandchilik qilib, yana birovlarning ko‘nglini olib yuraveradilar. Go‘yo shu ko‘hna va keng dunyoning, momo Yerning nonxo‘r va arzanda farzandlariday «egam bo‘lsa bordir, bo‘lmasa yo‘qdir» deya yupanib yuraveradilar. Ularga havasing keladi. Rost, hamma shularday bo‘lishi kerak. Yo‘ling doim yalangday ochiq bo‘lsa oyoq kerib yuraversang, deb o‘ylaysan. Hamma o‘zim barobari, hech kim dunyoning xo‘jayini emas, kattalar — qarindoshlarim, tengqurlar — jonajon do‘stlarim, kichiklarning barchasi — ukalarim, deging keladi.

Biz qishloqi odamlarni ertaga qanday tashvishlar, yangiliklar kutyapti — bu noma’lum. Lekin har doim tilagimiz — yaxshi kun. Yaxshi kunlardan biri o‘tdi. Tun qo‘ynida allakimlar bugungi kundan rozi, yana birovlar, norozi gap otishyapti. Roziya momonikiga mehmonlar kelishgan. Mehmonlarning qoshiga gapdon kampirlarning hammasi yig‘ilishdi. Mening juda bilgim keladi — ular nimalarni so‘zlashyapti ekan?!

Qish yilning boshiga tushgan oq sochday hamma yoqda ufurib turibdi. Yangi yil yaqin. Bahorga esa hali juda erta. Kunlar — betashvishday tuyulgan bu kunlar ko‘ngilga moydek yoqadi. Bir-biridan sokin va bir-biridan totli kunlar…

 

“Yoshlik”1986/8

Sobir O‘nar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.