Zamonlarga yo‘llovchi mayoq

0
66
marta ko‘rilgan.

Ibrohim G‘afurovning mazkur maqolasi birinchi marta “Yoshlik” jurnalining 1982 yil 7-sonida e’lon qilingan. Maqolada mutolaa madaniyati haqida so‘z boradi. Shu bilan birga muallif o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini ham o‘rtaga tashlaydi. Ammo o‘tgan yillar muallifning fikrlarini charxlagan, uning qarashlarini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli biz maqoladagi ayrim o‘rinlarga muallifdan izoh so‘radik.

 

Insondagi eng oliy shodlik – o‘z ruhiy dunyosini boyitishdan, demakki, bashar manfaatlari bilan yashashdan kelib chiqadi. Bunday olijanoblik yoningdagilarning ehtiyoj va manfaatlariga e’tibordan, o‘zgalar taqdirini o‘zingniki deb anglashdan boshlanadi. Madaniy taraqqiyot gultoji hisoblanmish kitob ham aslida ana shunday eng oliy ma’naviy ehtiyoj mahsulidir. Binobarin, har qanday yaxshi kitob insonga e’tibor, ya’ni inson hayotini ma’rifat nuri bilan yoritish ishqidan tug‘iladi.

Men Sobintog‘ xotiragohida o‘q teshib o‘tgan kitoblarni ko‘rganman. Bosqinchi fashistlarning o‘qlari bu yerda odamdan oldin kitobga tekkan. Ular kitoblarni xuddi tirik odamlar kabi otgan va o‘tda yoqqanlar. Insoniyatning barcha dushmanlari, avvalo, kitob dushmani sifatida taniladilar, o‘z yovuzliklarini kitobni toptashdan boshlaydilar. Lekin ma’rifatparvar insoniyat doimo ularni taraqqiyot yo‘llaridan uloqtirib tashlayveradi.

Yigirmanchi asr – kitob asri. Gazeta-jurnal asri. Televideniye, kinematografiya asri. Sport tomoshalari asri. Bularning hammasi uchun vaqt kerak. Vaqt – umr esa cheklangan. Biz kitobni qanchalik sevmaylik, ba’zan unga ajratadigan vaqtimiz yetmayotgandek tuyuladi.

Televideniye o‘z jozibasi bilan tinimsiz chorlab turadi. Oqibatda, Jomiy va Navoiy, Servantes va Shekspir, Tolstoy va Dostoyevs­kiy bizni do‘konlarda, kitob javonlarida kutib qoladilar. Ammo bu to‘g‘ri yo‘lmikan?! Biz kamolot yo‘lini to‘g‘ri tanladikmikan?!

Menimcha, yaxshi kitobning o‘rnini hech qachon hech narsa bosa olmaydi. Kitob, televideniye, kinematografiya, sport… Inson ma’naviy hayotida bularning har biri o‘z o‘rniga ega. Ammo ular inson hayotidan bir-birlarini surib chiqarmaslik­lari, aksincha, muttasil suratda bir-birlarini to‘ldira borishlari zarur. Yaqinda keksa bir ishchidan xat oldim. “Bo‘sh qoldim deguncha, qattiq bezovta bo‘laveraman, – deb yozadi u. – Xuddi meni birov kutib turganday. Meni kutib turgan o‘sha habibim esa kitobdir. Men kitobdan ma’rifat – hayot hikmatlarini izlayman. Ularni topganimda ko‘nglim uyi yorishadi. Men qarib qoldim. Bu hikmatlarning nega kerakligini bilmayman. Ammo ularsiz ham yasholmayman”.

Keksa kitobxonning mana shu hayajonli so‘zlari davrimizning ulkan shoirasi Zulfiyaning bir suhbatda aytganlarini yodimga tushiradi: “Men o‘zimda doimo ulug‘ shoirlar bilan uchrashib turishga yengib bo‘lmas bir ehtiyoj sezaman, – degan edi u. – Butun ikir-chikirlardan, har qanday mayda tashvishlardan pok-forig‘ bo‘lib, ularning kitoblarini qo‘limga olaman. Yuksak o‘ylar, jo‘shqin ehtiroslar, ajib kechinmalar olamiga faqat pokiza o‘y bilan, tozargan xayol bilan kirish mumkin. Shunda ulug‘ shoirlar ma’naviy dunyosi menga yanada to‘laroq, yanada nozikroq ochiladi”.

Kitob o‘qishda ham o‘qish bor. Shunday kitobxonlar borki, ular qo‘llariga nima tushsa, shuni o‘qiydilar. Birovlar faqat el orasida shov-shuv qo‘zg‘atgan kitoblarnigina o‘qishga intiladilar. Yana birovlar o‘z sohalariga oid kitoblar bilangina tanishib boradilar. Yana bir turli o‘quvchi borki, ular kitob deganda maktab yoxud oliy o‘quv yurti darsliklarini tushunadilar. Darslikni o‘zlashtirib olgach esa bo‘ldi, ish bitdi, deydilar-u, boshqa hech qachon qo‘lga kitob olmaydilar. Ba’zan ayrim rahbar xodimlar ham ana shunday fikrda bo‘ladilar. Afsuski, saviyasiz, tayyorgarliksiz kitobxonlar bizda hali anchagina. Zotan, ular ko‘pchilik bo‘lmaganlarida, jahon klassik hamda zamonaviy adabiyotining eng nodir namunalari hozir kitob do‘konlari tokchalarida chang bosib yotmagan bo‘lur edi.

Yigirmanchi asr – madaniy asr. Madaniylik esa hamma narsada muntazam izchillikni yaxshi ko‘radi. Muntazam izchillik bilangina hayotda ko‘zlangan maqsadlarga erishmoq mumkin. Binobarin, kitob o‘qishda ham muntazam izchillik darkor. Nazarimda, chinakam mutolaani qadimgi dunyo badiiy obidalaridan boshlamoq zarur. Shu bilan birga, zamonaviy hamda ilg‘or jahon adabiyotini muntazam ravishda o‘qish kerak. Mumtoz adabiyotini chuqur o‘zlashtirish, Mixail Sholoxov, Leonid Leonov, Aleksandr Tvardovskiy, Konstantin Paustovskiy, Muxtor Aveov, Berdi Kerboboyev, Ayniy, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Chingiz Aytmatov kabi ulkan san’atkorlar ijodini qayta-qayta o‘qish, bugungi adabiyot namoyandalarining eng yaxshi asarlaridan xabardorlik, yoshlar adabiyoti bilan qiziqish – o‘qishni ma’lum bir izga soladi. Badiiy asardan olinadigan ma’naviy zavqni ongli oqimga kiritadi.

Men uchun har bir ulkan yozuvchi, shoir, san’atkor ijodi, ularning shoh asarlari ko‘p qavatli ulug‘ binoga o‘xshaydi. Yillar, asrlar o‘tgan sayin bu bino qavatlari ajib bir shiddat bilan yuqorilab boradi. Hajman uncha katta bo‘lmagan “Igor polki jangnomasi” haqida yaratilgan asarlarning o‘zi hozir to‘rt qavatli kutubxonaga sig‘maydi. Pushkinning buyuk dostoni “Mis chavandoz” haqida jahon adabiyotida olib borilayotgan ilmiy kuzatishlarning miqyosi ham ana shunga yaqinlab qoldi. Vaholanki, tadqiqotchilar “biz hamon “Mis chavandozining hamma qatlamlariga yetib ulgurganimizcha yo‘q”, deb e’tirof etmoqdalar.

Bugun – yigirmanchn asrning saksoninchi yillarida, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olim­jon, Abdulla Qahhor singari ulkan o‘zbek san’atkorlari yangidan kashf qilinmoqda. Insonni tushunish va anglash, dunyoni tanish fikri kucha­yib, chuqurlashgan sari, bu adiblar ilgari surgan g‘oyalar, ular yaratgan milliy xarakterlar ham ko‘z o‘ngimizda yangidan-yangi qirralarini namoyon qilmoqdalar. Zero, har bir davr ulug‘ adiblarni yangidan ochadi.

Oybekniig “Qutlug‘ qon” romanini o‘smirlik paytlarim, talabalik chog‘larimda ham necha bor o‘qiganman. U har gal menga boshqacha hayajon, bosh­qacha zavq bag‘ishlagan. Lekin romanni bir sabab bilan yaqinda yana qo‘lga oldim. Endi menda butunlay boshqacha taassurot uyg‘otdi. Romanda tasvirlangan milliy xarakter va qahramonlar avval men tasavvur qilgandan ko‘ra, o‘n chandon boy, qirrador ekan. Yo‘lchi ongidagi harakatning nechog‘li kuchli shiddat bilan o‘sayotganligini loaqal bir voqea ichida kuzataylik. Yo‘lchi Abdushukur bilan boylarning zulmi haqida gap talashib, undan qanoatlanarli javob ololmaydi. Aksincha, Abdushukur Yo‘lchini chalg‘itishga, ozodlik kurashi yo‘lidan qaytarishga urinadi: “Olamdan xabardor, ko‘zi ochiq odamlarimiz bor. Yurt qayg‘usiga ular chora ko‘radi. Sanga nima! San o‘z tirikchilingni qil. Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarma! Zavolli Turkis­ton uchun boylar kerak!” Yo‘lchi Abdushukurning kimligini ana shundagina tushunib yetadi, uning qoshidan etak silkib chiqib ketadi. Xuddi shundan so‘ng, ustod Oybek choyxonada bo‘lib o‘tgan bir voqea tasvirini keltiradi.

Abdushukurning aytganlarini o‘ylab, choy­xonadagi taxta karavotda oyog‘ini uzatib o‘tirgan Yo‘lchining yelkasini birov qattiq turtdi. “Yo‘lchi alanglab qaradi: choyxonada hamma tik turadi, qo‘llar qovushtirilgan, ko‘zlar qo‘rquvli, notinch. Yo‘lchi o‘zidan bir necha qadam narida xo‘mrayib, hammaga razm solgan shop mo‘ylov, yumaloq, sarig‘ politsiya boshlig‘ini ko‘rib qoldi… Yo‘lchi ilgari, hamma kabi, noilojdan unga salom berib yurar edi. Hozir uning zaharli nazari ostida, sekingina yerga tushdi, lekin qo‘l qovushtirmadi, qandaydir xomushlik, beparvolik bilan jimgina turdi”. Qo‘ydek yuvvosh “sart”dan bunday muomalani kutmagan politsiya boshlig‘i tutaqib Yo‘lchining yuz-ko‘zi aralash qamchi sola boshlaydi. Bu orada bir chol vaziyatni o‘nglash uchun oraga tushib Yo‘lchi uchun uzr so‘ray boshlaydi.

– Ota, – dedi Yo‘lchi cholga borib, – rahmat sizga, lekin zaharini solgan ilonga yalinish yaramaydi!

– Uzr ayt, bolam. Zolim bilan tenglashma! – dedi chol.

– Nima gunoh qildim! Qamchinga uzr so‘raymanmi!

Ammo Yo‘lchi “o‘zi tufayli bir to‘p odamlarning ayblanishi mumkinligidan qo‘rqdi”, politsiya boshlig‘ining qamchisini qo‘yib yuborishga va o‘rnidan turishga majbur bo‘ladi.

Odamni ancha o‘ylatadi bu parcha. Yo‘lchining yuragidagi olijanoblik, darhol vaziyatni baholagani holda, bir fikrga kelishi odamni hayratga soladi. U o‘zini emas, bir zumda xalqni o‘ylaydi. Hozir politsiya boshlig‘ini ko‘tarib yerga ursa, ancha odamlar gunohkor topilib, qamalishini anglaydi, o‘zini tiyadi. Shu bir voqea­da milliy xarakter ifodasi naqadar teran yoritilmoqda. Shu bilan birga xalqda, uniig ilg‘or, ziyrak vakili Yo‘lchida yangicha qarashlarning shakllanishi hayotning tarixiy haqiqatidan kelib chiqib, ustalik bilan kuzatiladi. Bu parchada keltirilgan qahramonlar holatini bir zum diqqat bilan, sinchkov nazardan o‘tkazaylik. Ularning holat va vaziyatlari bizga yetilib kelayotgan g‘oyat ulug‘vor hodisalardan darak beradi. Yo‘lchiga nazar tash­lang… U ilgarilari politsiya boshlig‘iga salom berib yurardi. Lekin nega birdan shu tobda, kun zavolga kirgan chog‘da, osuda choyxonada u odat tusiga kirib qolgan salomdan bosh tortdi. Nega bu safar avvalgidek qo‘l qovushtirmadi! “Beparvolik bilan jimgina turdi!” Oybek uning ruhiyatidagi bu o‘zgarishlarni muallif tilidan izohlamaydi, sabablarini zarracha bo‘lsin tushuntirmaydi. Holatni uzundan-uzoq ta’riflab bayon ham qilmaydi. Unda, xayolan Abdushukurning hozirgina aytib ketgan so‘zlari, achimsiq, kaltabin falsafasi bilan qizg‘in bahslashib o‘tirgan Yo‘lchida, nechun, kutilmaganda, bunchalar zo‘r, qudratli o‘zgarish sodir bo‘ldi!

Bu qahramonimizda paydo bo‘layotgan yangi xis­lat – fikrlash natijasi emasmikan!

Bu milliy ongning uyg‘onib kelishi, yangi sifat darajasiga ko‘tarilishdagi keskin tarixiy bosqichi emasmikan!

Bu isyon emasmi!

Shunday bo‘lsa, Oybek O‘rta Osiyoning zabun, mehnatkash yigiti qalbida kurtaklagan yangi ijtimoiy hissiyotlarni naqadar teran aks ettira olgan!

Abdushukurning kambag‘allarni yerga urishi, ularga bamisoli qul deb qarashi Yo‘lchiga shu qadar qattiq ta’sir qiladiki, u endi mana shu “mayda burjuz falsafasi” bilan olisha turib, bu falsafaning xalqni kamsitish va haqoratlashga qaratilgan mag‘zini chaqa turib, o‘zida uyg‘ongan qarshilik tuyg‘usini sezmay qoladi. Shu tuyg‘u politsiya boshlig‘ining oddiy xalqqa qilayotgan dag‘dag‘asini ko‘rganda, isyonga aylanadi.

Abdushukur oddiy xalqni o‘z falsafasi bilan tahqirlagan bo‘lsa, politsiya boshlig‘i xalqni o‘z xatti-harakati bilan toptamoqda. Yo‘lchi bu yerda zulmning ikki dahshatli ko‘rinishiga duch kelib turibdi. Millatchilarning xalqni oyoqos­ti qiluvchi zulmi, uning yovuz jihati – xalqqa, xalqning ijodiy kuchlari, ijtimoiy qudratiga ishonmaslikda, unga benihoya past nazar bilan qarashida namoyon bo‘ladi. Politsiya – terror apparatining zulmi: u xalqqa zug‘um, zo‘ravonlik ko‘rsatish, uni, butkul zabun etish, mutelar podasiga aylantirish istagida namoyondir.

Yo‘lchi bu zulmlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z boshidan kechirmoqda. Zulmning bir ravishini ko‘rib, uni anglashga urinayotgan chog‘ida, ikkinchisi bilan omonsiz to‘qnashmoqda.

Bu chinakam bedodlik edi. Tengsizlik, hu­quqsizlik, g‘ariblikdan tug‘ilgan bedodlik. Yo‘l­chi shu bedodlik qarshisida birdan barvasta qoyaday yuksaladi. Unda hali o‘zi ham to‘la anglab yetmagan bir kuch – qarshilik kuchi uyg‘onadi. U birinchi marta politsiya boshlig‘i qarshisida egilmaydi. Tobelikni bajo keltirmaydi. Qamchilar zarbidan ham esankiramaydi. Qamchi tushgandan, bukilib qo‘ya qolmaydi. “Qamchin uning badanini emas, ko‘nglini tilib o‘tganday bo‘ldi”… Yo‘lchidagi o‘zgarish qat’iy tus oladi. Ko‘ngli tilingan odam isyonga shaylanadi. Nihoyat, isyon uning tiliga ham ko‘chadi: “Zaharini solgan ilonga yalinish yaramaydi!”, “Nima gunoh qildim! Qamchinga uzr so‘raymanmi!” Yo‘lchidagi isyon hissi juda izchil, lekin juda ham vazminlik bilan yetiladi. Avvalo qo‘l qovushtirmaslikda, so‘ng qamchinga parvo qilmaslikda, so‘ng aytilgan achchiq so‘zlarda, so‘ng qulluq qilmay, yana sekingina o‘z joyiga o‘tirishida – turish-turmushida tobora olovlanib borayotgan isyon namoyon bo‘ladi.

Politsiya boshlig‘i bunday bo‘lishini sira ham kutmaganligi ko‘rinib turibdi. U yigit boshiga ust-ustiga qamchi tushira boshlaganida, Yo‘lchi o‘z isyonida yana bir qadam tashlaydi. U qamchini ushlab qoladi. Politsiyachi siltab tortishiga qaramay, qo‘yib yubormaydi. Bu haligacha ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan botirlik edi. Shundagina politsiya boshlig‘i Yo‘lchining ongli suratda qarshilik ko‘rsatayotganligini anglaganday bo‘ladi. U atrofdagi odamlarga, bular ham sherik emasmikan, degandek ko‘zlarini olaytiradi.

Ayni o‘rinda Oybek o‘zbek xalqining milliy psixologiyasi, ongiga shu’la tashlab, o‘tkir nur bilan yoritadi. Xalqda zulm, xo‘rlikka nafrat yetilib kelayotgan edi. Lekin hamon nafratdan ko‘ra, qo‘rqinch, hadiksirash hissi kuchliroq, jaholat, bilmaslik – ongdagi qorong‘ilik qo‘rqinch hissiga stixiyali tus bergan edi.

Buning ustiga sharqona andisha!

Yo‘lchining andishasi… “U o‘zi tufayligidan bir to‘p odamlarning ayblanishi mumkinligidan qo‘rqdi”. Bu qo‘rqinch hissi ayni paytda xalq psixologiyasi bilan hamohang, u xalq qo‘rqinchidir. U andishadan tug‘ilgan. Andisha bu yerda isyon o‘tini o‘chiradi. Milliy xarakterning tarixiy sharoit taqozosiga ko‘ra, namoyon bo‘lishi bu: Yo‘lchi qamchinni asta qo‘yib yubordi. O‘rnidan ham turdi. Lekin baribir “qo‘l qovushtirmadik Milliy kurashchi xarakterida ana shu tariqa qat’iyat, iroda, zulmga toqat qilish, ammo unga endi sira ham bo‘ysunmaslik ishonchi tug‘iladi. Bu – ko‘z yoshi va xo‘rliklar, har tomonlama zulm ichidan qad rostlab kelayotgan xalqning ilk irodasi, qasosi edi.

Kitob o‘qiganda, ulkan adiblar bizdan har bir so‘zga tiyrak ko‘z bilan qarashni talab qiladilar. Shundagina kitob bizning bebaho do‘stimizga aylanadi, o‘zining nozik sirlari, mo‘jizalarini saxovat ila tortiq qiladi.

Xassos va ustoz shoira Zulfiyaning yuqorida keltirganimiz so‘zlari kitob mutolaasiga qadar ham o‘quvchida juda katta ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik bo‘lishi zarurligini ko‘rsatadi. O‘smirlik yillarimda ana shunday tayyorgarligim bo‘lmagani uchun ham, men ko‘p narsalarni tushunmay qolganman… Gulnorning Yo‘lchiboyga yozdirgan maktubi yodingizda bo‘lsa kerak. Maktubni savodsiz Gulnorga o‘rtog‘i Zaynab yozib beradi. Keling, avval ana shu maktubga bir quloq tutaylik:

“Ko‘z qorachig‘im, dardli yorim Yo‘lchiboyga.

Jonim, man muncha baxti qora yaratilgan ekanmanki, Xudo sho‘rlik boshimga shuncha kulfatlarni soldi. Koshki tug‘ilmasam, koshki sizni ko‘rmasam edi. O‘shal kuni Shoqosim akaning hujrasida sizni poylab qishloqqa uchishga qanotlanib o‘tirganimda, dadam bilan mahalla ellikboshisi ofatday bostirib kelishdi. Dod-faryodimga quloq solmay, dadam qo‘limdan sudrab uyga olib ketdi. Qaysi bir rahmsiz, noinsof mal’un biz turgan joyni ularga yetkazganligini bilmayman; bundan keyin ko‘rgan azobimni Xudo hech bandasining boshiga solmasin. Buni bayon qilishga qalam ham ojiz, til ham ojiz. Bir oy o‘n kundan buyon firoq o‘tida qovrilaman. Qanotim yo‘qki, boyning zindonidan uchib chiqib yoningizga borsam, bu yerda bir mehribonim yo‘qki, manga ko‘maklashsa. Dunyoda yagona mehribonim, oftobim siz edingiz, baxti qoralik oramizni kesdi. Bundan bir qancha ilgari Unsinoydan ayrildim. Uning ketishini eshitib, ko‘nglim yana buzildi, yalinib-yolvorib olib qolmoqchi bo‘ldim, ammo qizning ham sizning ra’yingizga to‘siq bo‘lishni munosib ko‘rmadim, ham bu uydagi xotinlar Unsinni og‘ir yumushlarga sola boshladilar, buni ko‘rish manga juda og‘ir edi. Mayli, Unsinoy siz bilan birga bo‘lsin. Yolg‘izman, g‘arib-benavoman, lekin ko‘nglim sizda, fikrim, xayolim sizda. Kecha-kunduz yodingiz bilan yashayman. Botir yorim, bilaman, siz qayg‘u daryosiga mandan chuqurroq botgandirsiz. Endi yolg‘iz murodim – sizni bir ko‘rmoq, siz bilan ikki og‘iz so‘zlashmoqdir. Agarda bu baxtsiz do‘stingizni unutmagan bo‘lsangiz, xatni o‘qitdirgandan so‘ngra Unsinoyni yuborib, bu to‘g‘rida o‘z fikringizni bildirasiz. Dardli ko‘nglimni xushnud qilgaysiz. Gulnoringizdan salom. Ushbu nomani yozib berguvchi ko‘zi yoshli, ko‘ngli nolon bir qizdan ham Yo‘lchiboy akaga salom, qitmir-qitmir…”

Yot poshnalar ostida ezilgan chashmadan tinimsiz oqqan ko‘z yoshlarni Oybek ana shunday qog‘ozga tushirgan. Lekin mening xayolimda bu “qitmir-qitmir” o‘rnashib qolganiga ko‘p zamonlar bo‘ldi. Xat so‘nggidagi bu “qitmir-qitmir” har gal menga juda sirli bo‘lib tuyular, ammo uning ma’nosini bilmasdim. Ancha-muncha odamlardan so‘rab ham javob ololmadim. Lug‘atlardan axtarib ham lug‘aviy ma’nosini topolmadim. Lekin har gal shu so‘z esimga tushsa, xuddi qilinmay qolib ketgan zarur bir ishdek armon uyg‘otardi menda. Nima ekan-a, bu “qitmir-qitmir” degani! O‘zimcha, ko‘p ma’nolar berib chamalab ko‘rar, lekin hech biridan qoniqmasdim. Buni qarangki, yaqinda Moskvada ikki jildlik “Dunyo xalqlarining afsonalari” deb atalmish noyob bir qomus nashr etildi. Mazkur qomusning birinchi jildini varaqlab o‘tirib, As’hobul Kahf degan maqolaga ko‘zim tushdi. Unda, ta’qibchilardan qochib, mag‘oraga kirib ketgan yetti yigit va ularning qo‘riqchi iti haqidagi juda qadimiy rivoyat ma’lumotlari keltirilgan. Bu itning oti Qitmir ekan. “Ba’zi bir musulmon mamlakatlarida, – deb guvohlik beriladi kitobda, – maktub yo‘qolib ketmasligi uchun uning tagiga yaxshi niyat bilan, “Qitmir” deb yozib qo‘yar ekanlar”. Mana shu ma’lumotni o‘qiganimdan keyingina, Gulnorning maktubi so‘nggidagi so‘z ma’nosini tushunib yetdim. Ammo shu bir so‘zni tushunib yetgunimcha, oradan necha o‘n yillar o‘tib ketdi… Chindan ham, ustodi komil G‘afur G‘ulom aytganidek:

 

Besh yillab shogirdlik umrin yashaydi

Sozga qo‘shilguncha nay bo‘lib g‘arov.

 

Bildim deb, xotirjam bo‘lmaslik va bilmadim deb, butunlay tashlab qo‘ymaslik – ma’rifat ham kamolotning uzun, tuganmas nurli yo‘li nazarimda mana shu. Yosh Do‘stlarim buni doimo yodlarida tutsalar ekan…

Zotan, zamonlar qa’ridan bizgacha yetib kelgan birdan-bir ma’naviy meros ham, zamonlarga bizdan yetib borguvchi birdan-bir ma’naviy meros ham – kitob!

U zamonlarga yo‘llovchi mayoqdir.

 

Bu savolning qo‘yilishi o‘sha zamonlar nuqtai nazaridan ham kishini o‘ylantiradi. Kitob o‘qish haqida fikrlayotgan maqola ichiga bu kutilmagan savol xuddi g‘o‘laga pona urilganday yorib kiradi. Gap shundaki, o‘sha saksoninchi yillar arafasida va bosh­larida Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev kabi yaqin, dildosh adiblar davrasida “taraqqiyot yo‘li” – milliy, ijtimoiy, siyosiy, erkin-demokratik taraqqiyot yo‘li haqida ko‘p bahslashardik. Barcha gaplarimiz, suhbatlarimiz har safar, albatta, shu bizni qattiq qiziqtiradigan, jonimizni og‘ritib, vujudimizni larzaga solib turadigan masalaga kelib taqalardi. Boshi berk ko‘chada boshimiz metin devorga urilganday bo‘lardi. Ijtimoiy nido jonimizda-qonimizda bezovta yashardi. U nidoni qandaydir tarzda o‘quvchiga yetkazishga intilardik. Natijani adabiyotdan, san’atdan, mumtozlardan, tarjimalardan qidirardik. Zarbulmasal Ezopga savol o‘sha paytlardagi kayfiyatimizning bir shingili bo‘lib bu maqola ichida bo‘zlab turibdi…

Kitoblarning o‘sha yillarda do‘konlarda “chang bosib yotishi” bizni qiynar, xuddi yozuvchilik meh­natiga berilayotgan og‘ir bahoday dilimizni og‘ritardi. Ammo shu bilan birga nom qozongan adiblarimizning kitoblari 60 ming, hatto 90 ming nusxalarda tarqaladigan quvonchli holatlar ham yo‘q emasdi. Xeminguey, Mopassan, Dostoyevskiy, Yesenin asarlarining tarjimalari do‘konlarda yotmas, tez tarqalardi. Kitob madaniyati asri boshlanayotgani sezilib turardi. Yaqinda tengdosh, safdosh qalamkashlarning oltmishinchi yillarda chiqqan birinchi kitoblarini qiziqib qayta o‘qib chiqdim. Nimadan qanday boshlaganimizni yana qayta boshdan kuzatgim keldi. Juda beg‘ubor va sodda ekan u zamonlar, u kayfiyatlar va javob topish qiyin. Hatto mumkin bo‘lmagan savollarga to‘la ekan… Sotsialistik taraqqiyot ichida savollarimiz hamisha javobsiz qolar edi, o‘rtar edi, o‘rtar edi. U savollarga javobni va najotni yana erkin kitoblardan izlardik…

“Qutlug‘ qon” romanidagi Abdushukur, “Sarob”­dagi Saidiylarning avtor talqinidan ichim og‘­rirdi. Xalqimiz, millatimiz uchun jonlarini fido qilgan jadidlarning karikatura qilib tasvirlanishini hech ongimga sig‘dirolmasdim. Bu sho‘rolarning mash’um siyosati ziyolilarni ikki qarama-qarshi qutbga ajratishi oqibatidan edi. Ammo nohaqliklarga to‘la dunyoda haqiqat juda-juda uzoq aylana yo‘llarni bosib o‘tarkan. Lekin baribir yuzaga chiqarkan.

“Qitmir” so‘zining ma’nosini qidirganman. Uni ilk bora bolaligimda ammamdan eshitganman. Ammam savodxon ayol – ayollar davrasida Allohning muborak ismlarini qiroat bilan o‘qir, ma’nolarini tushuntirar, Qur’on rivoyatlarini aytar edilar. Diniy e’tiqodi uchun ta’qib qilingan yigitlar qissasini ham yig‘lab-yig‘lab o‘qir, tafsir qilardilar. Bu yigitlarni g‘orda qo‘riqlagan itning laqabi Qitmir derdilar. Qitmirda ilohiy bir mujda borday so‘ylardilar. Qitmir ilohiyatning siriga burkangan edi. U axir imon-e’tiqodni qo‘riqlardi. O‘sha vaqtlarda bu so‘z o‘zining noyobligi bilan, jarangdorligi bilan yodimga qolgan esa-da, men uning ma’nosini tushunib yetmaganman.

Muallifdan

 

“Yoshlik” 1982/7-son

 

Ibrohim G‘AFUROV,

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi.

 

1937 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetiti (avvalgi ToshDU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Go‘zal­likning olmos qirralari”, “Unutilmas bog‘”, “Joziba”, “Ona yurt kuychisi”, “Yonar so‘z”, “Yam-yashil daraxt”, “O‘rtoq shoir”, “Yurak – alanga”, “Prozaning shoiri”, “Lirikaning yuragi”, “She’riyat – izlanish demak”, “Iltijo”, “O‘ttiz yil izhori”, “Dil erkinligi”, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Tarjima nazariyasi”, “Parivashlar majlisi” singari adabiy-tanqidiy maqola, esse, mansura va hikoyalardan iborat kitoblari chop etilgan. Ch. Aytmatov, F.Doctoyevskiy, J.Joys, Konfutsiy, G.G.Markes, G. de Mopassan, F.Nitshe, V.Rasputin, J.P.Sartr, A.Soljenitsin, E.Heminguey singari adib va mutafakkirlar asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.