Bo‘stonliq bag‘ridagi bedorlik

0
53
marta ko‘rilgan.

Men shu paytgacha katta festival yoki anjumanlarga qatnashmaganman. Ayniqsa, qaysidir sabab yoxud tasodif bilanmi yoshlar yig‘iladigan davralarda bo‘lmaganim uchun ko‘p bor afsuslanganman. Lekin yaqinda yuz ellik nafardan ortiq yoshlar ishtirokida (yoshlar bo‘lganda ham, bari ijodkor) go‘zal bir maskanda – “O‘zbekiston Shveysariyasi” deb dong‘i ketgan Bo‘stonliq tumanida o‘tgan Respublika yosh ijodkorlarining birinchi forumi esda qolarli lahzalarni yodga muhrladi…

 

* * *

Ketishimizdan bir kun oldin qayerda va soat nechada yig‘ilishimiz aytilgan edi. Tayinlangan soatda tayinlangan manzilga yetib bordim. Eng oxirgi kelgan odam men ekanman: hamma jamuljam. Yoshlar davrasiga qo‘shildim, bir-ikki tanish chehralarni ko‘rdim. Ko‘rishdik, so‘rashdik… Qarasam, yig‘ilganlarning deyarli barchasi tanish – ularni turli tadbir va adabiy to‘garaklardagi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan ijod namunalari orqali bilar ekanman. Xullas, ustoz shoir aytganiday, o‘rtada begona yo‘q.

Yoshlar bilan to‘lgan beshta avtobus soat o‘n birlarga yaqin kunchiqarga qarab yo‘l oldi. Keta-ketguncha hammani kuzatib bordim: barchaning chehrasida tabassum, ko‘zlarida qandaydir yorug‘lik bor edi. Kimdir sherigi bilan esdalikka rasmga tushar, kimdir yonidagiga she’r o‘qir, yana kimdir esa chop etilgan kitobiga dastxat yozib hamrohiga berar edi. Yurtimizning olis-yaqin hududlaridan kelgan bu yigit-qizlar birpasda tanishib, bir-birlari bilan qadrdon bo‘lib qolishdi…

Bo‘stonliqning ta’rifini unda-bunda eshitganim bor: fakultetimizda biz bilan yonma-yon qozoq tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil oladigan kursdoshlarimizning ko‘pchiligi aynan bo‘stonliqlik edi. O‘sha kursdoshlarimizdan birining to‘yiga ham borganmiz. Uzoqdan yelkasiga oq po‘stin yopinib olgan odamni esga soladigan tog‘larni ko‘rganimda, shu tog‘larga bir kuni chiqish nasib qilarmikan, degan o‘y o‘tgan edi… Shularni eslab ketarkanman, yonimdagi hamrohim, shoir inim Xurshid gapga soldi:

– Husan aka, avvallari bunaqa joylarga, katta yig‘inlarga kelmaganman. Qanaqa bo‘larkan?

– Menam sizdekman, uka. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi.

Kulishdik.

– Yo‘q, aytmoqchi bo‘lganim… ketayotganlarning orasida juda yaxshi yozadiganlari ko‘p. Hech tayyorgarlik ko‘rmasdan chiqaverdik – pichoqqa ilinadigan she’rlarni tanlab chiqmadik ham.

– Yo‘g‘-ye, kim ekan ular?

– Ko‘o‘o‘p, xo‘sh… she’r yozarmanlardan Suhrob degan yigit bor, Baxtiniso Mahmudova, Nurmuhammad Abduzoirov, Muhammad Siddiq… Dilmurod degan nasrchi yigit ham bor. Qisqa hikoyalar yozadi.

– Ha, durust. Ko‘rsam tanirman…

– Hali borganimizdan keyin yaqindan tanishib olasiz…

Ertaklardagi kabi yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik. Deyarli barcha manzil tomon oshiqar, qachon borarkanmiz degancha toqatsizlanardi. Yurilgan sari yuqoriga ko‘tarilib borardik. Ko‘tarilganimiz sari manzaralar yanada go‘zallashar, men esa odatimga ko‘ra atrofni tomosha qilib ketish bilan ovora edim: qirlar, adirlar, tog‘lar…

Darvoqe, tog‘larni juda sevaman. Orzuga ayb yo‘q: ko‘pdan beri tog‘ bag‘rida yashashni orzu qilaman. Yarimcho‘l hududda ug‘aygan menday sahroyi toqqa chiqqanimda doim uning zalvori va ulug‘vorligidan anglab bo‘lmas hayratni tuyardim. Bu ulug‘vorlikning ortida yana Bir Qudrat borligini-da ich-ichimdan sezarimni yashirmayman… Tog‘lar – sakinat manzili, oromlar makoni. Uning qo‘ynida qalbing taskin topadi, vujudingda tinim bilmay bezovta bo‘ladigan ruhing orom oladi. Tog‘lar bag‘rida odamlar gavjum yashaydigan shaharu qishloqlardagi diqqinafaslikdan uzoq bo‘lasan, o‘zingni erkin his qilasan.

 

* * *

Ikki soatdan oshiq vaqt o‘tib manzilga – yoshlar oromgohiga yetib bordik. Borganimizda havo ancha sovigan edi. Sovuq shamol bemajol daydirdi. Ko‘pchilik qatori mening ko‘nglimga ham bir ishtiboh indi: endi forum qanday o‘tadi? Shu o‘y bilan yuklarni ko‘targancha o‘z xonamiz tomon yo‘l oldik. Bizni boshlab kelgan yetakchilar xonalarni taqsimlab chiqdi. Hamma kirib bo‘lgach, oxirida to‘rt kishi qolibmiz. Keyin to‘rtovlon tugal bo‘ldik – ikkinchi qavatdagi xonalarning birida qo‘nim topdik. Xurshiddan boshqa xonadoshlar ham begona emas ekan: kelguncha ta’rifini eshitganim – shoir Suhrob va nosir yigit Dilmurod. Og‘ir-bosiq, sermulohaza yigitlar ekan. Xullas, safardagi ijodiy ovimning avvali baroridan keldi: o‘zim istagan hamxonalar bilan qo‘nim topdim…

Oromgohdagi xodimlar bizni iliq kutib olishdi. Ilk tushlikdan so‘ng katta zalda barcha ishtirokchilar yig‘ildi, tartib-qoidalar bilan tanishtirildi. Keyin Yoshlar ittiqofining faollari, xususan, Yosh ijodkorlar kengashi raisi, samimiy shoira Mehrinoz Abbosova ushbu forumining maqsad-muddaosi, qanday tarzda o‘tkazish kerakligini izohlab o‘tdi.

Ochig‘ini aytsam, men shu forumning tashkil etilishi haqida ilk shov-shuvlar tarqalganidayoq eshitgandim. Uch kunlik anjumanni faqat yoshlarning o‘zi, yosh bo‘lganda ham yigirma va yigirma besh yoshning orasidagilar uyushtirayotganiga, rosti, avvalboshda sal ishonqiramadim. Hatto forumning bo‘lib o‘tishiga shubha bilan qaragan edim. Ammo… o‘z ko‘zim bilan ko‘rdimki, barcha ishlarni yosh yigit-qizlar uyushqoqlikda, hamjihatlikda bajarishdi (aynan shu forum yoshlar tomonidan tashkil qilingan ilk katta anjuman sifatida ham tarixda qolishi shubhasiz).

Rasmiy tushuntirish va kirish so‘zlaridan keyin yoshlarning o‘zlaridan ham fikr so‘raldi. Ishonsangiz, zaldagi deyarli barcha ishtirokchi uy vazifasini tayyorlab kelib, ustoz meni ko‘rmayapti, deb tashvishlangan maktab o‘quvchisidek qo‘llarini ko‘tarib silkitar, so‘zga chiqishga navbat so‘rardi. To‘satdan old qatorda o‘tirgan norg‘ul bir yigit sahnaga otilib chiqdi. O‘zining tanishtirishi bo‘yicha ismi Davlatbek, asli samarqandlik ekan. To‘g‘risi, avvalida menga uning bu ishi yoqmadi; o‘zini maqtashni, ko‘z-ko‘z qilishni sevadigan oddiy bir talaba bo‘lsa kerak, dedim. Lekin… keyinchalik u bilan yaqindan tanishganimdan so‘ng ilk tasavvurlar yolg‘onligi, aksincha, u forumdagi eng samimiy va faol yoshlardan biri ekanini bildim.

Davlatbekni ilk ko‘rganimda sal qoramag‘izligi hamda sochlarining uzun va silliq qilib taralgani uchunmi, negadir hind aktyorlariga o‘xshatdim. Keyinchalik besh-olti yigit jam bo‘lib suhbatlashayotganimizda, unga hazil aralash: “Sizni hindlarga o‘xshatib, hatto Raj sohib deb ism ham qo‘ydim”, desam, kulib yubordi-da, hindcha nimalardir dedi. Biz hazilga hazil sifatida javob bo‘ldi, deb kuldik. Ammo keyin bilsak, u hind tilini chindan ham o‘rganayotgan ekan.

– Yo‘g‘-ye, nima qilasiz hind tilini? Hamma ingliz tilini o‘rganyapti, hatto hindlarning o‘zi ham ona tilidan ko‘ra inglizcha gapirishga ishqiboz, – dedim Davlatbekka qarab. Uning javob berishini ham kutib o‘tirmay xonadoshim Xurshid gapira ketdi:

– Raj sohib shundayiga besh tilni bilar ekan.

– Yo‘g‘-ye!..

Rostdan ham, Davlatbek rus, ingliz, tojik, turk va nemis tillarini yaxshi bilar ekan. Iltimosimizga javoban har bir tilda uncha-muncha gapirdi ham. Aytishicha, hozirda nemis va ingliz tilidan tarjimalar ham qilayotgan ekan. Shuncha tilni bilishiga qaraganda chet tili bo‘yicha magistraturada o‘qisa kerak deb, yana qiziqsinib savol bersam, u O‘zbekiston jahon tillari universitetining hali birinchi bosqich talabasi ekan…

 Ha… forum uch kun davomida ana shunday iste’dod va iqtidor egalarini kashf etdi.

 

* * *

Ishtirokchilar birinchi kunning o‘zidayoq nazm, nasr, publitsistika, tarjima va dramaturgiya yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, beshta joyda o‘zaro fikr almashdilar, ijodlari borasida turli bahs-munozaralar qilishdi. Men har bir sho‘bani aylanib chiqarkanman, bu forumga kelgan yoshlar shunchaki tasodif yoki tanish-bilishchilik orqasidan emas, balki rosmana tanlov natijasida, kelajagiga umid beradigan ijodiy ishlari sabab kelishganiga amin bo‘ldim.

Yig‘inlar bo‘ladigan katta zalda she’riyat yo‘nalishining yigirma chog‘li a’zolari o‘tirishgan edi. Boshqa yo‘nalishlarni aylanib, qaytib kelsam, ularning safi ellikdan oshibdi. Qarasam, she’rxonlik bo‘lyapti. Sekin borib qo‘shildim.

Ishonsangiz, bir-biridan go‘zal she’rlar aytildi. Buxorolik bir qiz she’r o‘qiganda olis o‘tmishning sadolari qulog‘imga chalinganday bo‘ldi, jizzaxlik bir yigit she’r o‘qiganda Hamid Olimjonning nafasini tuyganday bo‘ldim, surxondaryolik bir shoir ukamiz baxshilardek mungli ohangda she’r o‘qiganida Usmon Azimning “Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak” degan hayqirig‘i naqadar rost ekanligini his qildim… Yoshlarning hech birida oliftalik yoki manmansirash yo‘q, ko‘zlarida, so‘zlarida she’r kabi poklik hamda beg‘uborlik bor edi. Ehtimol, bedorruh shoirimiz Shavkat Rahmon “Hozirgi yoshlarda pokizalik bor”, deganida ayni shunday yoshlarni nazarda tutgandir…

She’rlarning barchasini eshitdim. Ochig‘i, yosh shoir va shoiralarning ko‘pchiligi durust she’r qanday bo‘lmog‘i kerakligini yaxshigina anglagan va shu yo‘lda ijodiy izlanish olib borayotgan yigit-qizlar edi. Anchagina “zuvalasi qotgan” she’rlar o‘qildi. Bir shoira singlimiz chaqmoq chaqishini osmon yerni suratga olardi, deb tashbeh qilibdi, yana biri o‘n yettiga to‘lganiga ishora etib, “Mening koinotim o‘n yetti yoshda”, debdi, men bilan otdosh yigit sog‘inch haqida shunday yozibdi: “Har tun orqalayman sog‘inch yukini”…

To‘g‘ri, o‘qilgan she’rlar orasida badiiy sayoz, tahrirtalab bo‘lganlari ham yo‘q emasdi. Ammo har bir she’r zamirida yosh – hali endi yigirmaga yetgan yoki yigirmadan o‘tgan toza va samimiy qalbning aksi bor edi, yolg‘onlardan yiroq rost yurakning uchqunlari bor edi.

…Darvoqe, yurak deganimda o‘sha kecha yangragan bir she’r esimga tushdi. Qattiq qo‘rqish yoxud shunga o‘xshash holatlarda “yuragi tushdi”, “yuragini ko‘tarish kerak” degan gaplarni, “yurak ko‘tarish” degan davolash usuli haqida eshitgan chiqarsiz. O‘sha holatni Nozima Habibullayeva degan shoira o‘ziga xos poetik rakursda chiroyli ifodalabdi. U bir o‘rinda shunday deydi:

 

Qachon va qanday qilib

Qayda tushgan chala jon.

Ko‘tarmoqlikdan avval

Topish kerak, xolajon.

 

Yurak ko‘targich xoladan najot topolmagan bemor oxiri o‘z so‘zini shunday tugatadi:

Hay, odamlar, odamlar,

Bosib yurmadingizmi?!

Ichi to‘kilib ketgan

Yurak ko‘rmadingizmi?!

 

Alqissa, she’rxonlik yarim tungacha davom etdi. Birovning she’r o‘qishi birovga malol kelmadi, hamma bir-birini intiqlik bilan eshitdi. Meni quvontirgani, yosh qalamkashlarda ijodkorga xos yuksak fazilat – bir-birini hurmat qilish va tengdoshidagi badiiy topildiqlarni yaxshi ilg‘ab, e’tirof eta bilishning ham guvohi bo‘ldim.

 

* * *

Birinchi kuni e’lon qilinganidek, ertasiga barcha ishtirokchilar forumning ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rishdi. Buni qarangki, tong bilan ob-havo  o‘zgardi: bir kun oldingi she’r­xonlikdan keyin osmonning ham ko‘ngli yorishdimi, bulutlar tarqab, atrof-javonib suv tomchisidek tiniq ko‘rina boshladi. Soat o‘nlarga yaqin yosh ijodkorlarga mahorat dars­larini o‘tish, ijod sirlarini o‘rgatish maqsadida taniqli shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, publitsistlar hamda dramaturglar jam bo‘lishdi. Oromgoh to‘y bo‘ladigan hovlidek yugur-yugurga to‘lib ketdi: qaysidir bir yosh nosir o‘zi sevgan adibning oldiga chopar, boshqa bir yosh shoir esa o‘zi sevgan shoirni ko‘rib, uning she’rini yodaki aytgancha oldiga peshvoz chiqar, xullas, har kim “o‘ziniki”ni katta mamnuniyat bilan kutib oldi.

Forumga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, shoirlardan Mahmud Toir, Zebo Mirzayeva, Xosiyat Rustamova, Nodir Jonuzoq, Behzod Fazliddin; nosirlardan Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton, Qo‘chqor Norqobil, shuningdek, Begoyim Xolbekova, Nazira Toshpo‘latova, Beruniy Alimov, Iqbol Qo‘shshayeva, A’zam Obidov va Shuhrat Sattorov kabi publitsist hamda tarjimonlar tashrif buyurishdi. Forumning rasmiy ochilishida so‘z olganlarning barchasi yoshlarga havas ila boqib, ularning bugungi kundagi imkoniyatlari, tinchlik va farovonlik zamonida to‘lib-toshib ijod qilayotganlaridan quvonib, bir payt­lar shoir Hamid G‘ulom aytgan shirin bir orziqishni eslashdi (nainki eslashdi, o‘zlari ham ich-ichdan istashdi): “Eh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi…”

Keyin bir guruh san’atkorlarga navbat berildi, ishtirokchilar qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, raqsga tushishdi. Forumning ochilishi juda zavqli kechdi. Yanada fayzli o‘tishiga tag‘in bir nima sabab bo‘ldi.

Toshkent shahrida joylashgan Turin politexnika universiteti talabasi o‘zi yasagan robotni namoyish qildi. Bo‘yi taxminan ikki qarich keladigan ushbu robot buyruqqa bo‘ysunib qadam ham tashladi, raqsga ham tushdi. Ammo shu jonsiz ashyo hammaning qalbini titratgani rost! Nima qildi deysizmi? Eshiting: robot shu yerda o‘tirgan barcha-barchaning ona allasidan keyin eshitgan eng aziz she’rlaridan biri, sobiq tuzum davrida o‘zbek degan millatni dunyoga tanitgan “O‘zbegim” qasidasini aytib berdi. Temir boshiga kichkinagina marg‘ilon do‘ppisini kiyib olgan Robotbek: “Qayga borsam, boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib” deganida hamma bor kuchi-la  olqishladi, qiyqirib yuborganlar ham bo‘ldi, hatto qo‘shiqlardan unchalik huzur topmagan ayrim yigit-qizlarning ko‘zida yosh ham ko‘rdim. Ular chinakamiga buyuk davlatning, buyuk ajdodlarning farzandi va davomchilari ekanliklaridan faxrlanib, ko‘zga yosh olgan bo‘lishsa, ne tong…

Ochilish marosimidan keyin kun davomida ustoz ijodkorlar yoshlarga mahorat darslarini o‘tishdi, har bir yo‘nalishda o‘zi xos iste’dodlar e’tirof etildi. Yoshlarning ayrimlari unutilmas lahzalarning g‘animatligini anglab, ushbu suhbatlarni video va foto ko‘rinishda saqlab qolishga harakat qilishardi. Eng asosiysi, ijodning yozilmagan, ammo oltin qoidalarini ustozlar o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda yoshlarga yetkazishga harakat qilishdi.

Mahorat darslarida nafaqat ijod sirlari, balki ijodkorning shaxs sifatida shakllanishi, uning millat oldidagi burchi, vatan taqdiriga daxldorligi kabi haqiqatlar ham bot-bot uqtirildi. Mahorat darslari tugagandan so‘ng ham yoshlar davra suhbatlarini, ijodiy bahs-munozaralarni davom ettirishdi. Ustozlar tomonidan o‘rtaga tashlangan “Inson nima uchun yozadi?” degan savolning muhokamasi kechki yig‘inda yanada avj oldi. Darhaqiqat, inson nega yozadi? Kimdir ko‘ngli to‘lgani uchun, dedi, yana kimdir o‘z dardini aytish uchun, dedi…

– Ha, bu gaplar ham to‘g‘ri. Ammo hammaning ham nimalardandir ko‘ngli to‘ladi, hamma ham o‘z dardini aytgisi, uni birovlarga oshkor qilgisi keladi. Ammo nega hamma yozuvchi bo‘lmaydi? – dedim ularning bahslariga qiziqib.

– Ochig‘i, shu savol ertalabdan beri xayolimdan ketmayapti, – dedi bir yigit. – Bu savolga birpasda javob berib bo‘lmas ekan. Aslida, shu savolga javob topilgandan so‘nggina ijod qilish yoki qilmaslik masalasi hal bo‘ladi, menimcha…

Haqrost! Aslida mazkur forumning tashkil etilishi ham yosh ijodkorlarning ijoddan maqsadlari nima ekanligi, bu mashaqqatli yo‘lda ular nimalarga tayyor bo‘lishlari kerakligini yaxshiroq anglab olishlari uchun ahamiyatlidir.

…Uchinchi kuni yanada qiziqarli bo‘ldi. Ertalabki nonushtadan so‘ng “Forumda yozilgan eng go‘zal maktub” tanlovi boshlandi. Ko‘pchilik oromgoh hovlisiga chiqib, dil izhorlarini so‘lim ma’voda qog‘ozga tushirishni ma’qul ko‘rdi. Tanlov jarayonida maktub- lar bilan tanishib chiqish imkoni bo‘ldi. Nomalarning deyarli barchasida ishtirokchilarning xursandligi, ularning ko‘nglini va ruhini ko‘targan ushbu anjumanning tashkil etilganidan mamnunlik yozilgan edi. Mana, o‘sha maktublardan biri:

“Shubhasiz, bu forum hammamizning xotiramizda quvonch bilan esga olinadigan damlarga boy bo‘ldi. Bilaman, ayni paytda har birimiz dunyo-dunyo taassurotlarni qalbimizda o‘stirmoqdamiz. Uch kun davomida birgamiz-u, biroq go‘yoki bir necha yillardan buyon qadrdonlardekmiz.

Samo rangidek ko‘m-ko‘k suv bo‘ylari, uning yonida mag‘rurlanib boqqan tog‘lar, daraxtlardan to‘kilayotgan barglarni supurgan kuz shamoli, dengizda suzayotgan kemalardek osmonda parvoz aylayotgan qushchalar…

Forumning dastlabki kunining o‘zidayoq bir oilaga aylandik. Havo sovuqligiga qaramay, birgalikda kuylaganimiz, milliy qo‘shiqlarga raqsga tushganimiz, dillarimizdagi Vatan tuyg‘usi tillarimizda kuy bo‘lib jaranglagani ko‘zlarimizda faxrni chizdi…”

Darhaqiqat, yoshlarning oromgoh hovlilarida vatan, yoshlik va muhabbat haqidagi qo‘shiqlarni jo‘r bo‘lib kuylaganlariga, bahru bayt uyushtirganlariga bir necha bor guvoh bo‘ldim. Qo‘shni hovlidagi bolalarning o‘yinini tom osha tomosha qilayotgan jajji bolakayday tog‘ ustida quyosh ham ularni jim kuzatar, shamol  yoshlarning ovozini uzoq-uzoqlarga olib ketayotgandek edi go‘yo…

Kun peshinga og‘gan paytda ishtirokchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha jamlanib, Yosh ijodkorlar kengashining keyingi faoliyati va kelgusidagi ijodiy forumlarning qanday bo‘lishi lozimligi haqida o‘z taklif-g‘oyalarini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rishdi. Taklif-g‘oyalar muhokamasi paytida hech kim chetda qolgani yo‘q. Hamma o‘z fikr-mulohazalarini bildirardi. Quvonarlisi, har bir ishtirokchi qanday tashabbus ko‘tarmasin, bari yurt kelajagiga daxldor edi. Yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglarkanmiz, ularning intilishlari bir ezgu tilakka jam bo‘lganini tuydik: O‘zbekistonni dunyoga tanitish yo‘lida chin yurakdan ijod qilish lozim…

Forumning yopilish marosimi. Deyarli barchaning ko‘zida xomushlik sezilib turardi. Negaki, ertaga hamma tarqalib ketadi. Uch kunlik do‘stlar diydori, ustozlarning o‘gitlari, fayz­­li o‘tgan kechki ijodiy gurunglar… go‘yo takrorlanmaydiganday… Ammo ularning qalbiga taskin beradigan holatlar ham kam emas: do‘stlar orttirishdi, ustozlarning e’tirofi, qalbdagi ilhom sururi…

Barcha yig‘ilgach, yoshlar o‘z g‘oya va takliflarini prezentatsiya ko‘rinishida tengdoshlariga taqdim etishdi. Nosir bo‘lsin, shoir bo‘lsin, dramaturg bo‘lsin, ularning qaysidir chet tilida erkin gaplasha olishi meni quvontirdi. Tag‘in bir gap: til faqat nutqda emas, tafakkurda ham aks etar edi. Ya’ni, ular keng miqyosda fikrlaydigan yoshlar edi.

Taqdim etilgan loyihalar ichida adabiyot markazi haqidagi g‘oya ko‘pchilikka ma’qul keldi. Loyiha bo‘yicha, yurtimizdagi barcha tuman va shahar markazlaridagi qarovsiz binolar ta’mirlanib, katta kutubxona, to‘garak xonalari, ijodiy uchrashuvlar zali, tamaddixonadan iborat ziyo maskanlari barpo etiladi. Yana bir loyiha muallifi ushbu forumni chet el yosh ijodkorlari ishtirokida tashkil etishni taklif qildi. Ikki yoki uch yilda bir marta o‘tkaziladigan xalqaro forum o‘zbek yoshlarining chet ellik tengdoshlari bilan fikr almashishida, ular bilan ijodiy bahs olib borishida samarali bo‘lishi bilan ham e’tiborni tortdi. Tarjima yo‘nalishidagi ishtirokchilar chet ellik zamondosh ijodkorlarni forumga taklif qilish fikrini ilgari surishdi.

Xullas, takliflarning barchasi yoshlar uchun birday manfaatli edi. Loyihalar hakamlar tomonidan baholandi. Hech bir taklif e’tibordan chetda qolmadi. Ma’qul deb topilgan loyihalar Yosh ijodkorlar kengashining dasturiga kiritiladigan bo‘ldi. Bu degani yigit-qizlarning yurt kelajagi va taraqqiyotiga hissa qo‘shish maqsadida bildirgan takliflari amalga oshadi demakdir…

Forumning oxirgi kechasi Nurmuhammad degan surxondaryolik yigit yugurib xonamizga kirib keldi. “Bo‘stonliq haqida, o‘zimiz haqimizda she’r yozdim”, dedi shoshilib. Keyin ta’sirli ohangda o‘qiy ketdi:

 

…Birdan o‘zgaradi, yorishar dunyo,

Shunda go‘zallashib ketar Bo‘stonliq,

Shunda go‘zallashib ketadi Chimyon,

Axir, necha yillab kutgan bizlarni…

 

Tog‘larning tosh qotgan bag‘ri eriydi,

Quvonchdan va baxtdan ko‘zlarida yosh.

Bu yerda tinglay deb eng zo‘r she’ringni,

Ertadan ertaroq chiqadi quyosh…

 

Ammo his qilgancha she’rlarning ta’min,

Endi nur-ziyodan arimas bu yer.

Sen uchun kuzda ham gulladi zamin,

Bunchalar sehrga to‘lug‘san, ey She’r!

 

Atrof-javonibdagi bor narsalar bilan tillashgan, dardlashgan, ularga she’rlar o‘qigan yoshlarning barchasi Nurmuhammaddek samimiy satrlar qoralagani aniq. Chunki har bir ishtirokchining qalbi va ruhi uch kun davomida bedor bo‘ldi. Ularning hammasi ma’nan tozarib, ruhan yuksalib o‘z uylariga qaytishdi. Bu yoshlar yaqin yillarda katta bir adabiy avlod bo‘lib, o‘zbekning ruhini, qalbini baland pardalarda kuylaydi, degan katta ishonch bilan Toshkentga qaytdik.

 

2017 yil 6–10 oktyabr,

Toshkent – Bo‘stonliq – Toshkent.

Husan MAQSUD

1991 yili tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.