“O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil…”

0
178
marta ko‘rilgan.

Mustaqillik yillarida eng ko‘p ishlatilgan iboralardan biri  o‘ z l i k n i   a n g l a sh  bo‘lsa ajab emas. Matbuotda, televideniyeda, turli ma’ruzalaru risolalarda bu ibora qayta-qayta tilga, qalamga olinadi. Bu tabiiy, albatta. Chunki Istiqlol tufayli ko‘z va onglardagi alvon pardalar ko‘tarilib, xalq o‘z o‘tmishi, buguni va ertasiga haqqoniy nigoh tashlay boshladi. Qisqacha aytganda, o‘zining asl ma’naviy-ruhiy qiyofasini tanidi.
Savol tug‘iladi: o‘zlikni anglash nimadan boshlanadi?
Javoblar turlicha va ularning hammasida jon bor. Ana shu xulosalar ichida bir mulohazaga alohida to‘xtalgimiz keldi. Ya’ni: o‘zining qanday iste’dod, qobiliyat bilan dunyoga kelganini ichdan idrok etgan va bor kuchini shu yo‘lda sarf qilgan insongina  chin ma’noda o‘zini anglay olishi mumkin. Ha, bu dunyoda iste’dodsiz kishining o‘zi yo‘q. Yaratgan har bir insonni muayyan bir ustunlik, qobiliyat bilan qurollantirgan. Barcha kasbu hunarlar insonlardagi ana shu o‘ziga xoslik – betakror qobiliyatdan kuch, rivoj oladi. Va kimda-kim o‘z qobiliyatini, salohiyatini vaqtida anglab, shu yo‘lda qunt bilan tahsil olsa, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yib, shu yo‘lda jiddu jahd qilsa, albatta, murodiga yetadi – el ichida o‘z ishining ustasi deb tan olinib, hurmatu e’zozga sazovor bo‘ladi, o‘zini ham, boshqalarni ham saodatmand qiladi.
Vatanimiz tarixidagi buyuk shaxslarni xayolan bir-bir ko‘z oldimizdan o‘tkazaylik. Zimmasiga tarix qanday ulug‘vor vazifa yuklayotganini va o‘z qurbu salohiyatini teran anglab yetgani, bu yo‘lda hech ikkilanmagani uchun Amir Temur bobomiz misli ko‘rilmagan zafarlarga erishdi. Tangri tomonidan nihoyatda noyob iste’dod bilan mukofotlanganini his qilgan Alisher Navoiy bir umr So‘zga, e’tiqodiga sodiq qoldi va shu bois Malikul kalom degan rutbaga sohib bo‘ldi. Keltiraman desak, misollar ko‘p.
Shubhasiz, bugun tug‘ilayotgan, voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarning tiynatida ham ulug‘ ajdodlarimizga xos quvvat, qobiliyatlarning urug‘i, ildizi yashirin. Hamma gap – o‘sha iste’dod kurtaklarini vaqtida ilg‘ashda va uni namoyon qila olishda. Yaxshi murabbiy bo‘ladigan inson – no‘noq savdogar,  qo‘li shirin oshpaz – chala xonanda, mohir shifokor – qalami to‘mtoq jurnalist, yaxshi tikuvchi yo haydovchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishi o‘rtamiyona aktyorga aylansa, bundan kimga foydayu kimga ziyon? Albatta, hech kimga foyda emas. O‘sha shaxsning o‘ziga, yaqinlariga va unga ishongan, katta mablag‘u imkoniyatlarni safarbar qilgan jamiyatga koni ziyon, xolos. Eng yomoni, ko‘plab ijtimoiy, ma’naviy, maishiy muammolarning  ildizi ham ana shu omilga – inson o‘z qobiliyati, salohiyatini to‘g‘ri baholamagani va oxir-oqibat jamiyatda o‘z o‘rnini topmaganiga borib taqaladi.
Xalqimizda “Ko‘ngling buyurgan ishni qil” degan gap bor. Ko‘nglimiz o‘zimiz, iste’dodimiz haqida to‘g‘ri ma’lumot, xabar beradi, ammo chalg‘ituvchi hoyu havaslar shovqini ostida ularni ko‘p hollarda eshitmay qolamiz. Ba’zan eshitsak ham, atrofimizdagilarning beruh, sovuqqon munosabati tufayli ulardan osongina voz kechamiz. Natija esa – ma’lum….   
Bugun  ilm-fan, sport, san’at, tadbirkorlik va boshqa sohalarda muvaffaqiyat qozonayotgan, yurtimiz sha’nini xalqaro miqyosda yuksaltirayotgan yoshlarni ko‘rib xursand bo‘lamiz. “Shunday iste’dodi, qobiliyati bor, qanday omadli-ya!” deb ularga havasimiz keladi. Aslida, sal avval ta’kidlaganimizdek, iste’dodsiz kishining o‘zi yo‘q. Faqat, o‘z salohiyatiga to‘g‘ri “tashxis” qo‘yib, to‘g‘ri qaror qabul qilgan va o‘z ustida tinimsiz ishlagan kishigina muvaffaqiyat quchadi.
Bugun mamlakatimiz yoshlari istalgan sohada o‘zlarini namoyon qilish­lari mumkin, buning uchun yetarli shart-sharoitlar mavjud. Faqat ko‘ngil “kompas”iga qarab yo‘nalish to‘g‘ri belgilab olinsa va bu yo‘lda azmu shijoat ko‘rsatilsa, bas. Zero, hazrat Navoiy aytganidek:
O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zingdin istagil.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.