Xalq qalbiga yo‘l

0
10
marta ko‘rilgan.

Rahbarlar xalqqa yaqin bo‘lishlari, odamlarning dardiga darmon bo‘lishlari shart!
Bu – bugun jamiyatimizda ustuvor bo‘lgan, kundalik teleko‘rsatuvlaru maqolalarning tub mohiyatini tashkil etayotgan hayotiy chaqiriq, talab. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev deyarli har bir chiqishida bu haqda alohida to‘xtalib, biz – xalqning xizmatkorimiz, degan haqiqatni katta-kichik mansabdorlarga bot-bot eslatyapti.
Xo‘sh, amaldorlar chinakam xalq xizmatkoriga aylanishi uchun ularda eng avvalo qanday fazilatlar tajassum topmog‘i lozim? Fidoyilik, deysizmi? To‘g‘ri. Zamon ruhini teran his qilishmi? Bu ham kerak, albatta. Lekin ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, hatto kimlardir qo‘l silkiydigan yana bir fazilat bor – u rahbarning xalqqa yaqinligini, tomirdoshligini ta’minlaydi. Bu – kamtarlik.
“Yo‘g‘-ye! Kamtar rahbarni kim ham pisand qilardi…” – qay bir o‘quvchining ko‘nglidan shunday o‘y-xayol o‘tayotgan bo‘lsa, ajab emas. Lekin biz, kamtarlik, dedik, bo‘shangligu qat’iyatsizlik, deyayotganimiz yo‘q. Zero, rahbar kamtar bo‘lishi uchun ham, eng avvalo, unda qat’iyat, kuchli e’tiqod, iroda bo‘lishi lozim.
Yuksak ichki madaniyati, fidoyiligi va o‘ta kamtarligi bilan el mehrini qozongan, uzoq yillar davomida yurtimizni boshqarib, ulkan bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘lgan atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning ibratli hayoti, faoliyati ushbu mulohazalarimiz uchun rad etib bo‘lmas dalildir.
“Biz odamlar bilan ishlaymiz. Kabinetlarimiz eshiklariga “Keluvchilar falon vaqtdan falon vaqtgacha qabul qilinadi” deb yozib qo‘yamiz. Ba’zan esa faqat biz qabul qilib qolmay, bizlarni ham qabul qilishlari yoki qabul qilmasliklari to‘g‘risida kam o‘ylaymiz. Oddiylik, kamtarlik – sening ichkari kirishingga ijozat beradigan tilsiz iboradir, deb aytgan bo‘lardim. Agar sen o‘zingni baland tutib, kalondimog‘liq qilsang, kim ham senga qalbini ochadi, kim ham senga ishonch bildiradi, maslahat so‘rab keladi?!”
Aziz zamondosh! Sharof Rashidov tomonidan salkam qirq yil oldin aytilgan bu mulohazalar ayni bugunning gapiday yangramayaptimi? Bu ezgu maslakka amal qilgan rahbar bugun ham baraka topib, el duosini olishi chinmasmi? Xuddi shunday. El-yurt manfaatini o‘z nafsi, shaxsiy mayllaridan ustun qo‘ygan KAMTAR RAHBARning o‘zi ham, so‘zi ham o‘lmaydi.
Bugun Prezidentimiz farmoniga ko‘ra mamlakatimizda Sharof Rashidovning 100 yilligi keng nishonlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, bu mo‘tabar shaxsga xos bo‘lgan jamiki ko‘rkam fazilatlar, jumladan, kamtarlik hissi ham barchamizga birday esh bo‘lsin, deymiz.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.