“Chin naqshi ham rashk etar…”

0
87
marta ko‘rilgan.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, butun dunyo mamlakatlari bilan  do‘stona, har tomonlama manfaatli aloqalar o‘rnatildi. Jahonning eng yirik, manaman degan davlatlari bilan ham teng sheriklik, o‘zaro hurmat asosida hamkorlik qilyapmiz. Jumladan, xalqaro maydonda katta nufuzga ega bo‘lgan Xitoy Xalq Respub­likasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalar kun sayin mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilib boryapti. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘ziyoq ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik qay darajada jiddiy, ishonchli ruhda ekaniga dalildir.

 

O‘zbekiston singari Xitoy ham qadim madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib, ikki o‘lka o‘rtasida azaldan turli sohalar bo‘yicha aloqalar rivoj topgan. Xitoy yilnomalarida yurtimiz tarixiga oid nodir ma’lumotlar uchrashi ham buning isbotidir.

O‘zbek mumtoz adabiyotida, jumladan, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy she’riyatida bu mamlakatning qadimgi nomi Chin atamasi keng qo‘llangan. Negaki, “Navoiy O‘rta Osiyo, Eron, Kavkaz, Xitoy, Hindiston va Yunon (Gretsiya) singari qadimgi o‘lkalarning tarixiy, madaniy boyliklari bilan yaqindan tanish edi”1. “Xamsa”ning bosh qahramoni Farhod Chin xoqonining o‘g‘li ekani ham, “Saddi Iskandariy”da Xitoyga qo‘shin tortib borgan Iskandarning Chin xoqoni bilan muloqoti talqini ham buyuk shoirning Xitoyga e’tibori va qiziqishi katta bo‘lganini tasdiqlaydi2. Keling, kuzatuvni aynan “Farhod va Shirin”dan boshlaylik. Ulug‘ mutafakkir Farhod tavallud topgan Chin mulkini ta’riflar ekan, eng go‘zal tashbehlarni qo‘llaydi:

Ki, Chin mulkiki, rashki naqshi Chindur,

Savodi g‘ayrati xuldi barindur3.

Bu o‘rinda “savod” so‘zi “o‘lka”, “hudud” ma’nolarida kelgan bo‘lsa, “g‘ayrat” so‘zi “rashk, qizg‘anish” mazmunida4. Bayt sharhi: “Chin mulkining go‘zalligiga Chin naqshining o‘zi ham rashk qiladi, bu o‘lka hududiga jannat ham havas bilan qaraydi”. Demak, komil inson timsoli bo‘lgan Farhod  ana shunday go‘zal o‘lkada tug‘iladi.

Yoki mana bu bayt mazmuniga diqqat qiling:

Bu gulshanniki rashki naqshi Chindur,

Nasimi ham, guli ham otashindur (FSH, 45).

Chin naqshlari ham rashk qiladigan bu gulshanning nasimi (shamoli) ham, guli ham otashin, ya’ni odamning ko‘ziga issiq ko‘rinadi, benihoya yoqimli, deyilmoqda mazkur baytda.

Ushbu ta’riflarning o‘ziyoq hazrat Navoiy qalbida Chinga qiziqish nechog‘lik baland bo‘lgani dalilidir. Xuddi shunday fikrlarni ulug‘ shoirning “Hayrat ul-abror” asari misolida ham aytish mumkin. Dostonda Chin atamasi qo‘llangan baytlar quyidagicha:

Naqshig‘a teng tutmay o‘zin naqshi Chin,

Olam o‘lub ilgida naqshi nigin5.    

Asarda qay bir o‘rinda go‘zallik to‘g‘risida, naqsh haqida, naqqoshlik hunari xususida so‘z ketsa, qiyosan albatta “naqshi Chin”, “naqqoshi Chin” birikmalari qo‘llanganini kuzatish mumkin. Bu hol, birinchidan, Xitoyda qadimdan naqqoshlik rivoj topganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, hazrat Navoiyning bu xalq san’ati borasidagi e’tirofidan dalolat beradi. Mana bu misralar ham ushbu fikrni quvvatlaydi:

Bor edi Chin mulkida bir nozanin,

Ojiz aning naqshida naqqoshi Chin (HA, 301).

Xuddi shunga yaqin fikrlar boshqa bir baytda ham go‘zal poetik shaklda ifodalangan:

Qasrlari borcha rafiu matin,

Kilk ushotib naqshidan naqqoshi Chin (HA, 312).

Alisher Navoiy lirik kulliyotini “Xazoyin ul-maoniy” deb atagan. Navoiyshunos olimlarimiz to‘g‘ri qayd etganlaridek, bu kulliyot chindan ham ma’nolar xazinasidir. Ana shu xazinadan joy olgan g‘azallarda Chin atamasi go‘zal tashbehlar, betakror metaforalar orqali qo‘llangani kuzatiladi. Shoirning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidan olingan mana bu bayt ushbu fikrni tasdiqlaydi:

Vah, ne yuzdur ulki taqlidin qilib naqqoshi Chin

Cheksa yuz suvrat, birin yuzdin namudor aylamas.

Baytda yor husnu malohati tajnis san’ati orqali betakror ifodalangan. Yuz so‘zi ikki o‘rinda ikki xil: 1) yor chehrasi; 2) miqdor ma’nolarida qo‘llangan.

Taqvo evi hamvor erur, subham ipi zunnor erur,

Uy kulbayi xammor erur,

               to ko‘rdum ul Chin lu’batin.

Ushbu baytdagi “Chin lu’bati” birikmasi “Navoiy asarlari lug‘ati”da “Chin go‘zali” deya izohlangan6. Baytda Chin go‘zalini ko‘rgan oshiq holati irfoniy mohiyat hamda betakror badiiyat bilan ifodalangan. Mana bu baytda esa tabiat tasviri oshiq ruhiyati bilan uyg‘unlikda ohorli poetik talqin etilgan:

To dasht bahor birla rangin bo‘lg‘ay,

Gulzor nigorxonayi Chin bo‘lg‘ay.

Nigorxona suratlar bilan bezatilgan xona ma’nosini anglatadi. Shoir dasht turli rang bilan bezangan bahorda gulzor Chin nigorxonasiga aylanadi, deya tanosub va tashbeh san’atlari vositasida o‘zi ifodalmoqchi bo‘lgan fikrni ziynatlaydi. “Nigorxonayi Chin” birikmasi bayt mazmunida yetakchi mavqega ega va shoir badiiy niyatini ifodalashda kalit so‘zlar vazifasini o‘tagan, deyish mumkin.

Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonida ham Chin bilan bog‘liq tashbehlar, metaforalar mahorat bilan ifodalangan.

Chin kiyigi desam ko‘zin, vah, nedurur itob anga,

Chunki qarosi ko‘rguzur har sari mushki nob anga.

Bu baytda shoir ma’shuqa ko‘zini Chin ki­­yigiga tashbeh etadi. “Mushki nob” – “sof mushk, toza mushk; o‘ta xushbo‘y”7 ma’nolarini anglatadi. Chin atamasi faqat ushbu baytdagina emas, boshqa o‘rinlarda ham muayyan so‘z bilan birgalikda ana shunday go‘zallik, mukammallik timsoli sifatida qo‘llangani kuzatiladi.

Mana bu bayt jozibasi o‘quvchini hayrat dengiziga cho‘mdiradi. Badiiyatning, she’riyatning qudrati nechog‘lik yuksak ekanini anglash imkonini beradi:

Keldi Chin naqqoshi ul yuz naqshini

                                       qilmoqqa tarh,

Chehra ochib naqshi devor aylading naqqoshni.

Ma’shuqaning go‘zalligi shu darajadaki, uning yuzidagi go‘zallikni tasvirlash niyatida kelgan naqqoshning o‘zi devorga naqshlanib qoladi. Ya’ni uning go‘zalligini tasvirlashga mo‘yqalam ojiz. Bu ham mayli, hatto musavvirning o‘zi ham asl niyatini unutib, devor suyanishdan o‘zga chora topa olmaydi.

Orazing Chin naqshi zulfung

                           mushku haryon xol erur,

Hind elikim Ching‘a kelmish mushk savdo qilg‘ali.

Bu baytdagi fikr chin ma’noda ohorli. Chinakam san’atkor shoirgina bunday misralarni ijod qilishga qodir. Shoir baytda go‘zal tashbeh va teran mazmun mutanosibligiga erishgan. Tasavvur qiling: yorning orazi (yuzi) Chin naqshiga mengzaladi, zulfi esa – mushkka. Uning go‘zal yuziga yarashiqli xollari shu qadar ko‘pki, go‘yo Hind eli (hindistonliklarning qoramag‘izdan kelganiga ishora) Chinga mushk savdo qilgani tashrif buyurgan. 

Chin atamasi bilan bog‘liq bunday poetik talqinlarni shoirning barcha devonlarida mutolaa qilish mumkin. Jumladan, “Badoye’ ul-vasat” devonidagi mana bu misralar ham ushbu fikrni quvvatlaydi:

Asru vahshiydur mening mushkin g‘izolim,

                                                   ey ko‘ngul,

Chin kiyigi go‘yiyo bermish anga tuqqonda sut.

Shoir lirik asarlarida “naqqoshi Chin”, “nigorxonayi Chin”, “nofai Chin”, “mushki Chin”, “Chin lu’bati”, “Chin kiyigi”, “Chini zulf” singari tushunchalar keng qo‘llanadi. Eng muhimi, ular fikrni kutilmagan miqyoslarda go‘zal poetik tasvir orqali ifodalash imkonini beradi. Quyidagi bayt ham buning isbotidir:

Chini zulfung g‘ami muhlik dedim, o‘lturma meni,

Chin dedim, har neki men zori g‘amando‘z dedim.

Xulosa qilib aytganda, hazrat Alisher Navoiy she’riyatida Chin atamasi bir-birini takrorlamaydigan, ohorli talqinlarga asos bo‘lgan. Bu fikr shoirning “Xamsa” dostonlariga ham, lirik she’rlariga ham birday taalluqlidir.

 

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

1993 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti.

Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.