9 daqiqada öqiladi

193 marta körilgan

Oq olmalar

Sirojiddin Sayyid

Bu söz menga tinçlik bermaydi.

Yillarki oromimni olgan, osoyişi jonimdin mahrum etgan bu söz, bu sözki – firoqinda asl fasllarim kuymişlar! Avvaliga falakning intizor közidan tomgan qatra şabnam bölib tuyilgan bu söz bora-bora yollari olov uçqur tulporga aylandi, tulporga aylandi-yu olib ketdi meni. Olib ketdi! Avvaliga zor etdi bu söz, keyin xor etdi bu söz, keyin esa – bor etdi. Bu söz meni hayotning qaytmas navozişlaridan ayirdi, dunyo rohatini jonimga ğanim etdi bu söz, ötlarni menga emas, meni ötlarga tutaştirdi, hamdam-u hamdard kişilarimdan uzoq-uzoq­larga uloqtirdi – parçalanib ketganday böldim, ğamgusorlarim, qaydasiz, qayerdasiz?! Biroq men özimni sözma-söz, satrma-satr yana qayta boşdan tikladim, barbod böldim, bunyod böldim!

Şeʼriyat.

Bu söz menga uyqu bermaydi.

Keçalari közlaridan olov purkab, tuşlarimga bostirib kiradi: “Uyğon, – deydi, – uyğongilki, bedorlik senga qismat ölmiş”. Asrning barça fojialari, şikasta köngillarning bor alam-u armonlariga göyo men sababçiday – bu söz meni söroqqa tutadi, javob istaydi. Javob.

* * *

Qoronğilikda timirskilanib magnitofon tugmaçasini bosaman. Ötluğ ovoz:

Onaginam!

Dorilomon kunlar keldi şafaqlari ol.

… Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor…

Yetganlarni ham, yetmaganlarni ham birdek yiğlatgan qöşiq. Qöşiq emas, köngil boğlaridan esgan sabo bu. Tiriklik sabosi. Bu sabo qoronğilikda nurlanib esadi. Taqdirlar zulmatiga ham xuddi şunday ziyo soçib, şuʼlalanib kiradi. Halima opa, elning dardli, suyumli şoirasi Halima Xudoyberdiyeva haqida nima deyiş mumkin? Uning kitoblari şeʼrlardan emas, aslida ana şunday sabolardan tuzilgan. Muqovani oçdingiz, tamom – sahifalar hilpiray boşlaydi, satrlar epkini yuzga uriladi, undan köngilga ötadi va yurak ham bir yaproq singari titroqqa tuşadi.

… Men bu kitobni juda uzoq izladim.

Olis talabalikda saraton hayotimga tasodif şamolday birrov esib kirgan bu kitobni şamol­day bir qiz, mendan söramay soçlarining şamollari aro yaşirib olib ketganidan buyon izlayman. U qiz esimda yöq, biroq kitob…

Satrlarning nozik novdalari, sözlar – yaproq­larning şiviri, yaproqlar pinjida yaşiringan oq olmalar – fikrlar… Oradan ön yillar ötib bu “yellar-şamollar töplamini” qanday tasodif bilan yöqotgan bölsam, xuddi şunday tasodif yana qölimga qaytaradi: “Oq olmalar!”

Muqovasini oçişga botinolmayman: qança yillar, qança taqdirlar… Qança oy-u qu­­yoşlarimdan ayro tuşdim, qança şamollarim bebahra ketdi, şabada deb kutganlarim çang-tözon bölib çiqdi, bu yoği – qayrağoçday qovjirab yuribman, qaçonlardir yöqotganim bu epkinlar endi taskin bera olarmikin?

* * *

Menga hozirça bittagina şeʼr kerak.

U şeʼr garçi qöşiq bölib magnit lentasiga yozilgan bölsa-da, garçi uni yoddan bilsam-da, baribir, şu kitobdan topib közlarim bilan körib öqişim kerak.

Sahifalarning oq epkinlari… va mana, qiyğos gullagan olçaday “toşqinib” öşa şeʼr çiqadi:

Onaginam!

Dorilomon kunlar keldi, şafaqlari ol,

Qayon boqsang, şaylanişar va sozlaşar tor.

Olça gulin közlaringga surtasan behol:

Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

… Yuzing ardoqli quyoşday issiq va mahvaş.

Közlaringda umid yonar tikilgan oni.

Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi ğaş,

Qizğiş, lola rang qoplaydir bu kun dunyoni.

Şu oqlik, alvonlik içra, beixtiyor Şayxzoda muallimning armonli satri yodga keladi: “Neçun ranglar aro köpdir qaro rang?..”

Halima Xudoyberdiyeva şeʼrlarini öqib “rang­lar aro” oq rangning tantanasidan, “dunyo­ning yuzlari yorişib borayotganidan” köngil ham yorişadi. Axir “Oppoq ranglar kerak odamizod­­ga”.

“Baxtsiz dunyo baxtsiz kimsalarni yomon köradi”, degan ekan bir baxtsiz şoir. Dunyoga ham, odamlarga ham muşfiq sözlar kerak. Ham­maning boşida bir körgulik bor, hammaning ğam­-taş­vişi öziga yetarli, odamlarga şeʼriy alamlar-u qofiyaga solib aytilgan hasratlar emas, mana bunday jonbaxş-hayotbaxş giyoh-satrlar kerak:

Boğlardagi yetilgusi har mevali şox

Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjlikdir.

Öğlonlaring kelar ana, oçişib quçoq,

Farzandlar ham meva qadar bir şirinlikdir.

Onaginam!

Özing tortma davralardan el çorlaganda,

“Tiriklikning bayrami” deb sozlaganda tor.

Özing sölğin lablar bilan piçirlaganday:

“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.

Şeʼriyat noz-karaşmani suymaydi.

Bu dargohda pardoz-andozlar befoyda.

Bunga qalb közgusi ila keladilar, siyohni esa dil qonidan oladilar. “Ğaflat bandalari”gina buni tuşunmaydi, ular şoirga, “şoir” söziga qandaydir kamçilik deb qaraydilar. U şoirmi, demak, tökis emas, biror gap bölsa, masxara­omuz “şoir-da” deb qöya qoladilar. Biroq badbin kimsalar qança tirişmasinlar, ulardagi hasad mikroblari qançalik xuruj qilmasin, baribir, şoirning ovozi, sozini tortib ololmaslar. Eng muhimi, ular heç qaçon “Nega falonçi yaxşi şeʼr yozadi-yu, biz yozolmaymiz?” deya yumaloq xat bitolmaydilar.

Biz olmamiz, şoxlardagi, uzmasinlar, aytingiz.

Daryo bölar közyoşimiz, çökmasinlar, aytingiz.

Ğörmiz hali, aytingizki, ğör mevani uzmaylar,

Gödakning ham tonggi şirin uyqusini buzmaylar.

Aytingizki yana, bizlar endi qöşiq boşladik.

Eşitsinlar axir uni quloq berib odamdek.

… Çalğingizni çarxlab qöying,

                 bizning qöşiq çarxloğlik.

Bundan sönggi hayotimiz öşa qöşiqqa boğliq.

 

* * *

Sevgi.

“Soyda yangi qiliçday oy porlayotibdi”.

“Siyoh rang rayhonning muattar hidi…”

“Hayot uzundan uzun… taşvişi köp”…

“Qara, daryoda bir oq gul yonib turibdi”.

Qaysning qissasi hali poyoniga yetmagan. Layli­ning lolasi hali ham öşa-öşa – bağri doğ. “Işq” sözi “qöşiq” ila qofiyadoş, biroq “qiş” ham qofiyaga talabgor. “Bu hayotning qadahini kim töldiribdi”. Kim?

Tarix va taqdir taqirlarida lolalarday qaqragan şoiralar: Zebuniso, Uvaysiy, Nodirabegim… Şarqning qiliçzorlarda ungan qizil gullari. Ular qoldirgan ğazallar – köngil qonidan yaralgan yoqut marjonlar.

Qaysning qissasi hali poyoniga yetmagan. “Köz­yoşimdan siyoh qilar edim quyuq, kiprik bilan yozib bitkazar edim”. Buni moziydan Nodirabegim emas, XX asr şomida şoiralar şodasida asl yoqutligi yaqqolroq bilinayotgan şoiramiz aytyapti. Kim aytadi doğ yöq deb? Köngil but, deb kim fatvo beradi?

Sizni sevgaç, men çamanlar, lolalarga uçragum,

Omad kelgay, aʼlolardan aʼlolarga uçragum.

Bilmadim bu işq olami baxtmidur yo musibat,

Qörqamenkim, tağin qança balolarga uçragum.

Tusday qora soçlarimni qilib tol-tol, ördim men,

Zanjir-zanjir tölqinidan özim ham lol, ördim men.

Bolalig-u baloğatim töqigan bu zanjirni

Boğlab qolsa nogoh uzib qilmang uvol, ördim men.

 

…Oh, qörqaman, işqim mening raşk-u orga aylanur,

Tölqin urgan zanjir-zanjir soçim dorga aylanur,

Va qalbim ham, lolalarga uçragan şu baxtli qalb,

Öz qoniga böyalar-u lolazorga aylanur…

Tuğyon tuyğu, armon-u hijron, umid va alam, raşk-u riyozat köçatlari­dan barpo qilingan boğga öxşaydi bu şeʼr. Bu boğga bir kirdingiz, tamom – qaytib çiqolmaysiz. Siz ham bir daraxtday parvariş topasiz.

Talanti göşangagaça zörğa yetgan şoiralar, quvvayi hofizasi çimildiqqa çalkaşib, asal oyidayoq uzilgan şoirlar… Zaifona yangrayotgan mardona ovozlar. Ğurur köçasidan ötmagan, lekin “ğurur” deya pök köksiga muştlayotganlar… ozmunçami?

“Begim” sözini olaylik. Bu örusçaga ögirganda “Moy bek” degan söz emas. Bu – bir paytlar milliy taomil, ayolning öz zavji haloliga nisbatan oliy ehtiromi, ayni paytda oilaviy nazokatni bildirgan. Eskilik sarqiti emas. Bu bilan biz barça ayollar erlarini “begim” deb çorlasinlar demoqçi emasmiz. Muddao şulki, Halima Xudoyberdiyevada biri şu söz bilan boşlanguvçi va yana biri şu söz bilan yakunlanuvçi ikki ajoyib şeʼr bor. Va bu söz uşbu şeʼrlarda öşa şarqona nazokat ila qoyilmaqom qilib aytilgan. Demoqçimizki, yuz “azizim-u”, ming “sevgilim”dan köra bitta şunaqa söz afzalroq. Tabiiyroq. Yana demoqçimizki, farangi atirlardan sarmast malikalarimiz bu şevaga ham bir nazar taşlab ötsalar…

* * *

Dunyoning obodligi, avvalo, köngildan boşlanadi. Inson ruhiga gullar östirmay turib, dillar sahrosini özlaştirmay turib umumiy obodonçilikka erişmoq muşkul. Va yana dil daryolari toşmas ekan, vijdon dolğalari tuğyon solmas ekan – dar­yomiz ham, ummonimiz ham qurib boraveradi. Yer, tuproq haqida sönggi marta qaçon öylagan edik? Kasalmand dalalar, rangi zahil tuproğ-u bevaqt sarğaygan daraxtzorlardan hol söradikmi? Juvonmarg bölgan boğlar uçun kim yiğlaydi? Qurbon bölgan jilğalarning xuni kimning böynida? Dehqonning xotini dökonma-dökon yurib kaliş qidiradi. Kökka raketalar uçiryapmiz, peştaxtada esa kaliş yöq. Oddiy paxtakor odam “kurort”, “sanatoriy” degan sözlarga uçar tarelkaga qaragandek qaraydi. Sababi, unga “işlaş kerak” deb aytişlari mumkin, biroq “kurortga borişing kerak, mana yöllanma” deb heç kim heç qaçon “zuğum” qilmaydi. Özi esa ikki dunyoda ham söramaydi, iymanadi. “Ekinzor qiyosin olgan peşona” bölib yuraveradi. Holbuki,

Yelkamizda turgan tayanç toğiday

Şu dağal qöllarga qöyaylik ixlos, –

deydi şoira.

“Oq olmalar”dagi “Qömsaş” bobida berilgan şeʼrlarni öqib şular haqida öyladim. Kitobning çiqqaniga salkam ön beş yil bölibdi. Lekin dehqonning mehnati, turmuşi hali ham öşa-öşa. Radio-televizorda beriladigan reportajlarda, gazeta maqolalarida “kolxozçilarning uyida radio, televizor, maşina bor, xonadonlar telefonlaştirilgan” degan gaplar faxr bilan aytiladi. Yolğon ham evi bilan-da! Oddiy kolxozçining uyida maşina nima qiladi? Telefonni unga kim örnatib beradi? Bitta radiopri­yomnigi borki, öşani ham xirillayverganidan öçirib qöygan. Qolaversa, radio-televizorning borligi dehqon rözğorining tökisligini bildirmaydi-ku! Televizor şörva qaynatib berolmaydi. Sariosiyodagi “Pravda” kolxoziga borib köring-çi, birorta kolxozçining uyida telefon uçratasizmi yo yöqmi? Bir şoiramiz Surxondaryoga borib mehnatkaşlarning turmuş şaroitlari haqida maqola yozibdi. Gapni qarang: “Taxmon töla şohi, atlas, duxoba körpalar… lekin radio, televizori yöq”. Xulosa şuki radio, televizori yöq xonadonda madaniy saviya ham bölmas ekan. Nodirabegim televizor körib şoira bölmagan-ku? Yoki Uvaysiyning uyida radiosi bormidi? Qadim madaniya­timizga nima deymiz? “Televizor körmagan” deb çiqarib taşlaymizmi? Samarqand, Xorazmlarni televizori borlar bino etganmi? Taxmondagi körpalarga kelsak, öşa kolxozçining bola-çaqasi bordir, orzu-havasi, niyati, töyi bordir? Yaxşi kunimga yarab qolar deb xotini qavib qöygandir öşa körpalarni. Özining halol puliga kelgan, nima qilsa özi biladi, haloli bölsin!

Garçand umr söngigaça insonga sermehnat yöl.

Bilmadingiz Siz dunyoda bormi uning adoği.

Köz oldimdan ötayotir u çapdast, sertomir qöl

Va kaftlarning öçmas muhr, tanga-tanga qadoği.

 

Qoraygan saxiy tuproqning rangi aks etar unda,

Ming kişilik davralarda bölsangiz ham topardim.

Öşa qölingizdan tanib topar edim, oh şunda

Gödaklikning soğinçi-yu zori bilan öpardim…

* * *

Gap faqat “Oq olmalar”dagina emas.

Şoiraning “Çaman”, “Issiq qor”, “Suyanç toğlarim” singari şamol töplamlari ruhlar, köngillarning muştoq boğlariga allaqaçonlar esib kirgan. Töğri, bu töplamlarda baʼzan garmsel satrlar ham uçrab turadi – buni keçirsa böladi, ular şoiraning otaş nafasiga bir tola şamol, bir tomçi şabnam yetmagan paytlarda tuğilgan bölişi mumkin, biroq eng muhimi –

Şabada şeʼrlar.

Bu şabadalar bora-bora yellarga, yellardan şamollarga aylandi.

Qarang, şamollar aro olmalar oqarib boryapti, oppoq olmalar.

Tafakkurning, köngilning, omol-u niyatlarning oq olmalari.

Butun mamlakatning köksiga jonbaxş şamollar esayotgan bir paytda şu şamollarga bir nasim bölib qöşilmoq, yoyilib-yoyilib, yastanib-yastanib esmoq…

“Men oppoq qöşiqlar aytyapman bugun”.

“Alvon-alvon qöşiqlardan ayt”, deydi şoira.

Uning alvon ovozi – şeʼriyatimizning qizil atirguli.

Uning oq şeʼrlari – mehriyatning oq olmalari.

Halima Xudoyberdiyeva “tulpor” sözini yaxşi köradi. Bu tulporning ham rangi oq. Oppoq. Uning yollaridan oq şamollar va yulduzlar saçraydi.

Sirojiddin Sayyid,

Özbekiston xalq şoiri

2022/5

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (147)