Taniqli şoir Salim Aşurning bir şeʼriga şarh
Unga şeʼr tabiiy quyilib keladi. Satrlarida soxtagarçilik, çiraniş, zöraki töqimalar, şuhrat tamaidagi tomoq yirtişlar yöq. Könglida nima bölsa, şuni yozadi. Boşqa bir joylardan tuyğu va fikrni “eksport-import” qilib yurmaydi. Bu narsalar uning özida möl.
Kölmakdek eskirdi qonimning rangi,
Faqat siz qoldingiz bahordek toza.
Menga ham es kirdi, ikki yil gangib
Va bir kun çorladi sizning deraza.
U özini taftiş etadi, özini yaxşi ifodalaydi, har şeʼrida qalbi bilan qizğin gurungga kirişadi. Önqir-çönqirda ham, tekislikda ham yuragining izidan yuradi. “Birovning sözini öziniki qilib körsatişdan or qiladi”.
Sen deding: Ayt, sening sevganing bormi,
– Sevib ardoqlayman gözal ozorni.
Sen deding: Aytgil, eng suygan kitobing,
– Eng suygan kitobim – suygan azobim.
U söz va til tabiatini yaxşi his etadi. Şu sabab satrlarida sözlar yayrab gullaydi, erkin nafas oladi. Şoir, avvalo, öz Ona Tili tabiatini öz Vatani tabiati kabi yaxşi bilişi zarur. Qölidan kelsa, Til tabiatiga ijobiy taʼsir körsata olişi kerak.
Manim onam tuproq edi,
Lekin mehri köproq edi.
Zar zarrasi – yor-yorasi
Söngakimga qayroq edi.
Uning şeʼrlarida dil kabi dirillab kuylayotgan çanqovuzlarni, toğ etagida har toşning ustida bittadan pir ötirganini, navolarning közlarda porlaşini, söz yöliga kirayotgan bolakayning ilk bora armonni tanişini, odamning qanday qilib oy nuriga lim-lim tölişini, qalb siniqlarini taʼmirlab ötirgan ğamgin oşiqni, ip bilan sirlaşayotgan ignani, ilhaq qari ona kabi horib eşikka suyangan yölni, kipriklari bilan quduq qazayotgan abdolni, soyasini quvib borayotgan kapalakni.. xullas sizga noayon manzaralarni körasiz.
Ayting-çi, sizga bu manzaralar tabiiylikdagi ğayritabiiylik, ğayritabiiylikdagi tabiiylik bölib körinmaydimi? Ular bu dunyoning manzaralari emas, ruhiyat olamining manzaralari, şoirning botinidagi ğaroyib holatlar.
Uluğ roviylarning xulosasi bir: Qalb sevgi uçundir. Sevgi qalb uçundir. Muhabbat yaşaydigan qalb, Xodi Toqtoş aytganiday, har kuni özini yangilaydi.
Men sizni har kuni yonib sevaman,
Men sizni har kuni sevaman boşqa.
* * *
Uning “Sizda bir gapim bor” degan şeʼrida şom payti qişloq köprigining yonidagi bekatda Qiz va Yigit bilan birga avtobusdan tuşgan Fevralni kördim. Şom yoruğida dölvor Fevralning tabassumini ham ilğadim. Qişloq yölida Fanlar bellaşuvidan mamnun qaytayotgan Qiz bilan Yigit örtasida Fevral ham mamnun borardi.
Örtada söz demay kelar, yelkamga
Fevralning yelkasi tegib turardi.
Söng qiz töxtadi. Yigit sari bir qadam taşlab xuddi şeʼr aytganday ovozi titrab: “Sizda bir gapim bor…” dedi. Şu gapni aytdi-yu, qiz jimgina ketdi. Şu tört sözdan boşqa bir söz demadi. Şu tört sözni Fevral ham eşitdi va olovdagi muzday eridi. Yigitning qalb daftari, xotiralar kitobi şu tört söz bilan tölib böldi. Dunyodagi hamma tillardagi millionlab sözlar şu tört sözning ruhiga singib ketib, ğoyib böldi.
Söngra fevral ketdi, bahorlar ketdi,
Ketdi maktab, ketdi dorilfununlar.
Meni keça-kunduz köp taʼqib etdi,
“Sizda bir gapim bor…” degan jununlar.
Şundan söng Yigit Qizni ham, Fevralni ham boşqa körmadi. Har yili yanvardan söng qandaydir notaniş oy kelardi, lekin u Fevral emasdi. Oylar va yillarni zamon kengliklarida yilqi podasiday haydab kelayotgan Milod darveşsifat Fevralini yöqotib qöygan edi. Falakda ming yillar davomida öz manzillaridan adaşmay suzib kelayotgan Oy yanvar va mart orasidagi mavsumda adaşadigan böldi. Fevral endi yöq edi. Fevral Qiz labidan çöğlarday uçgan öşa tört sözning otaşida yonib ketgan edi.
Boşimdan nimalar ötmadi, deysiz,
Hayotim nim kulgan gulga öxşadi.
Fevralni körmadim, bahor ham essiz…
Keyin xabar, xatlar töxtadi.
Endi Yigit öşa tört sözni özi takrorlaydi. Maʼsumagina Qizsiz va köngilçangina Fevralsiz yolğiz takrorlaydi: “Sizda bir gapim bor…” Holbuki, Yigit ham öşa gapning nima ekanini aytolmaydi. Na izoh, na şarh, na tafsilot bor. Söngsiz koinot qadar söngsiz uç nuqta bor, xolos. Lekin şu tört sözda hamma narsa aytilgan edi, hayot ham, muhabbat ham, ölim ham, mohiyat ham… Yigit va Qizning hamma şeʼrlari aytib bölingan, Fevral esa ularni tinglagan edi.
Ul bahorni qömsab ingraydi sozim,
Bağrimni qiymalar keçikkan izhor.
Endi men aytaman titrab ovozim:
Sizda bir gapim bor…
Mening köz oldimda öşa manzara xira tumanlar orasidan lopillab çiqib kelaveradi. Şom payti qişloq köprigining yonidagi odmi bekatda Qiz, Yigit va Fevral avtobusdan tuşib, uçovlon yelkama-yelka yölda boradi. Men maroq bilan uçovlarini kuzatib ötiraman. Horğin közlarimga nur inadi. Könglimda yoruğ bir ğussani tuyaman.
Oradan yillar ötadi. Yigit yoşi oltmişga yetgan öşa tört sözni oydin bir qayğu bilan takrorlaydi: Sizda bir gapim bor… Men bu sözlarni olis bir bekatda qolib ketgan öşa armonvaş Qiz va Fevral eşitayotganiga
işonaman. Va bu sözlarning javobi bitta: Muhabbat ekaniga ham işonaman. Boşi ham, davomi ham muhabbat. Boşqa hislar bu sözlar devorini yorib kirolmaydi. Hayoga, mehrga yöğrilgan muhabbat ekaniga işonaman. Fevral hammasiga guvoh böladi. (Hamma gap şundaki, bu şeʼr meni şunga işontiradi).
Men sizga dunyo adabiyotining yaxşi bir modern hikoyasini hikoya qilmadim. Salim Aşurning özbekona ruhdagi bir şeʼrining syujetini aytib berdim, xolos. Yigit va Qiz öşa lahzalarda azizdan aziz, yagona bir tuyğu edi. Bu tuyğu tuğilgan va yaşagan lahzalar esa Fevral edi.
Insonning tuyğulari özga bir olam. Boşqa olamlarga xabar beradigan va boşqa olamlardan xabarlar olib turadigan olam. Tuyğular bizni noayon sirlar bilan boğlaydi.
Eşqobil Şukur,
Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi.
1962-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)-ning Özbek filologiyasi fakultetini
tamomlagan.
Şoirning nomi “Qadimgi bitiktoşlarga yozuvlar”, “Mengim momoning yöqlovi” singari dastlabki şeʼrlari bilanoq tilga tuşdi. Şundan söng birin-ketin “Yurakni örganiş”, “Soçlari sumbul-sumbul”, “Tungi gullar”, “Yaşil quşlar” kabi şeʼriy töplamlari çop etilgan.
2024/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


