Yog‘du tasviri

0
42
marta ko‘rilgan.

U zulmat bag‘riga sochilgan. Uni hosil qilgan xilqat fanda hozirgacha to‘liq o‘rganilgan emas. Uning sirti yorug‘, ichi esa cheksiz qorong‘u olam. Tafakkur haligacha ichkarisiga kira olmagan. Hajmi million-million mikro millimetrlardan ham kichik. Hatto eng zamonaviy kompyuter zarrabini ham uning faqat harakatini sezadi, xolos. Qancha zamonlardan beri odamzot fikrlari unda tarqalib, adashib yuribdi. Tezligiga bizga ma’lum tabiatda hali hech narsa yeta olmagan. U yorug‘lik…

Yog‘du tushgan qalbdan g‘aflat zulmati chekinadi. Inson ko‘ksida momaqaldiroqlar gumburlaydi, chaqinlar chaqnaydi, yam-yashil maysalar unib chiqmagan joy qolmaydi, buloq suvlari jilg‘alarni to‘ldiradi, tafakkur tegirmoni kecha-kunduz to‘xtovsiz ishlay boshlaydi.

Inson qalbi, jamiyat hamisha yog‘duga muhtoj. Holbuki, atrof ularga to‘lib-toshib yotibdi…

 

Matoli’ ul-foxira va matolib uz-zohira

 

Muallif: Abdurahmon Buxoriy, “Tamkin” taxallusi bilan ijod qilgan. Sho‘rolar inqilobidan oldin Dor ush-shifo madrasasida mudarris bo‘lgan. Bo‘lajak shifokorlarga tibbiyot fanidan ta’lim berardi. Abdullaxoja Abdiy: “Ajoyib ta’bi bor edi, gohida hajvga ham kirishib ketardi”, deb yozadi va uning g‘azallaridan namunalar keltiradi[1]. O‘zR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida Abdurahmon Tamkin Buxoriyning bir nechta asari saqlanadi.

“Ruboiyati Tamkin”, №136, 111 varaq, 23,5x17,5 sm. Muallif dastxati, hijriy 1320 yili (1902 – 1903) tugallangan.

“Jaraid” (Sahifalar), №2877 raqami bilan qayd etilgan, 85 varaq, 25x17 sm. Shoirning kundalik daftari, nasriy matnlar va she’r­lari o‘rin olgan. Hijriy 1323 yili (1905) yozilgan.

Bayoz, №12354, bu to‘plamda “noe’tibor qilma mani” radifli muxammasi berilgan (177b – 178a).

 

* * *

Abdurahmon Tamkin tarjimai holiga oid ma’lumot ko‘p emas. Tibbiyot madrasasi bilan bog‘liq faoliyati uning hayot manzarasi bilan tanishishga imkon beradi. “Dor ush-shifo” madrasasi Buxoroda tabobat sohasi mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan maxsus oliy o‘quv yurti edi. Unda uchinchi darajali oliy toifaga mansub banoras to‘nli mudarris dars o‘tgan[2]. Vaqfli edi, hujjati saqlanib qolgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha: “Hazrat Abul Muzaffar sayyid Subhonquli Muhammad Bahodurxon ibn hazrat Abul Fath sayyid Nadr Muhammadxon hijriy 1108 yili zulqa’da oyida (milodiy 1697 yil may – iyun) “Dor ush-shifo” madrasasini qurib bitkazadi”[3].

U pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Oliy gumbazlari va ravoqlari, ichki va tashqi hovlisi, tib ilmi o‘qitiladigan darsxonasi, yozgi masjidi va o‘n sakkizta hujrasi bor edi[4] .

Vaqf hujjati shartiga ko‘ra, madrasaga Turonning ikki nafar eng bilimdon ilg‘or tabibi mudarris bo‘lishi kerak edi. Qozi ulardan birini mutavalli vazifasiga tayinlagan. Mutavalli vaqf mulki tushumidan ushr (o‘ndan bir) va mudarrisligi uchun alohida ulush olgan. XX asr boshlarida “Dor ush-shifo” madrasasi mudarrisining yillik maoshi 55 tilla edi. Mazkur axborotlar Abdurahmon Tamkinning jamiyatda egallagan o‘rni, moddiy ahvoli anchagina yaxshi bo‘lganidan darak berayotir.

Hijriy 1329 yil rabi’ us-soniy oyida (1911 yil aprel) Mirzo Nasrulloh qushbegi nomiga yozilgan arznomada madrasa ahli o‘quv binosi holati yomon ahvolda ekanidan shikoyat qiladi[5]. Bu paytlarda “Dor ush-shifo” madrasasida boshqa mudarrislar dars berardi.

 

* * *

Buxoro arki qarshisidagi Boloyi hovuzga borganimda, qachonlardir undan uncha uzoqda bo‘lmagan “Dor ush-shifo” madrasasi o‘rnini ham qidirgandim. U XX asr o‘rtalarida qarovsizlikdan xarob ahvolga tushib qolgani uchun “mablag‘ yetishmasligi” bahonasi bilan buzib yuborilgan.

Madrasa bo‘lganida Buxoro qal’asi devorlari qulatilmasdi, mang‘it hukmdorlari xilxonasi, So‘fi Olloyorning ustozi Hoji Habibulloh va uning atrofidagi ulug‘lar mozori buldozerlarda tekislanib, o‘rniga futbol maydoni qurilmasdi…

Abdurahmon Tamkin hayotiga ulangan satrlar bo‘ylab borayotganimizda, birdan oldimizda faxrli Buxoro “yog‘dulari” paydo bo‘ldi. Tamkin ularni “Matoli’ ul-foxira va matolib uz-zohira” deb atagan ekan.

Asarning ahamiyati: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasi asosiy jamg‘armasida №8245 raqami bilan belgilangan yagona nusxasi saqlanadi.

Muqovasi qizil rangli qattiq qog‘oz, tili forsiy, xati nasta’liq, 455 varaq, 31x23 sm, hij­riy 1334 yili (1916) Buxoroda yozilgan. Matn tuzilishi, tuzatishlar va qo‘shimcha izohlar, xatning Tamkin kundaligidagi bilan mos kelishi asar muallif dastxati bilan yozilganidan darak beradi.

Muallif 19a sahifada asar nomini keltiradi va u 44 bobdan iborat ekanini yozadi. Boblar “matla’” so‘zi bilan ifodalangan. Asarning oxirgi qismi tushib qolgan. Matn o‘ttiz sakkizinchi “matla’”da tugaydi. Har bir matla’ tarkibi namoye (topish), tajalli (ko‘rinish) va sha’sha’e (yarq) kabi alohida qismlardan tashkil topgan. Matnlar mazmuniga ko‘ra, asar nomini o‘zbek tiliga “Faxr yog‘dulari va istaklar jilvalari” deb o‘girsa ham bo‘ladi. Shu tariqa bitta “matla’” bitta “yog‘du”ga aylandi.

Asar tarixiy-jo‘g‘rofiy kitoblar turkumiga kiradi. Ayrim mutaxassislar muallif uni yozishda biror qat’iy qoidaga amal qilmagan, deb hisoblashadi. Ma’lumotlar – “yog‘du”lar (matla’) munchog‘iga tizilgan. Shu tariqa muallif yirik hajmdagi axborotlarni o‘ziga xos yo‘l bilan tartibga solishga urinadi.

Abdurahmon Tamkin “Matoli’ ul-foxira” asari hijriy 1334 yili (1915 – 1916) Amir Olimxon ibn Amir Abdulahadxon davrida yozilganini ta’kidlaydi (19a). Birinchi “matla’” kutilmagan tarzda tallol, teba, tubalar tarixi bayoni bilan boshlanadi. Teba, tubalarda qabrlarning paydo bo‘lishiga oid qiziqarli ma’lumotlar beradi (28b). Bu turkumdagi an’anaviy kitoblarni o‘qib, tadqiq etishga o‘rganib qolgan tadqiqotchi uchun mazkur holat ajablanarli tuyuladi. Aslida bu yerda taajjublanadigan hech narsa yo‘q. 1870 yillardan mamlakatda matbuot sohasi shakllanishi munosabati bilan ommaga axborot yetkazishning yangi vositalari va usullari paydo bo‘lgandi. XX asr boshlarida jadidlarning ma’rifiy harakati, dunyoni anglashga intilishi natijasida Turkiston o‘quvchisi uchun dunyo ancha kengaygandi. Tarix yozish, axborot yetkazish yo‘nalishidagi an’naviy qarashlar yangi ijtimoiy munosabatlar asosida qayta shakllanadi. Shu holat Abdurahmon Tamkin asarida ham seziladi. Asarda kutilmaganda tepaliklar tarixining paydo bo‘lib qolishi shularning ta’siridan edi.

Muallif o‘n oltinchi “matla’”da (116b) Ovrupodagi Islandiya, Italiya, Serbiya, Turkiya kabi davlatlar va bir qancha shaharlar, Yaponiyada sodir bo‘lgan to‘fon haqida axborot beradi. Milodiy 1783 sanada sodir bo‘lgan dunyo voqealaridan so‘zlaydi, jahonda ro‘y bergan muhim voqealar va sanalar jadvalini keltiradi (121b-122a). U yilni ifodalashda biz o‘rganib qolgan “milodiy” atamasi o‘rnida “masihiy”, “isaviy” so‘zlarini qo‘llaydi.

Asarda Buxoro shahri va tumanlari, mashhur tarixiy maskanlarga oid berilgan tarixiy ma’lumotlar qimmatlidir. Muallif Buxoro shahrida qadimda 360 guzar bo‘lgan, deydi. 1334 yili (1915 – 1916) ularning soni 200 atrofida ekanini kichik guzarlar qo‘shilib, kattarishi va bitta nom bilan atalashi orqali izohlaydi. Masjidlar, xonaqohlar, madrasalar to‘g‘risidagi xabarlari bu yo‘nalishga tegishli tarixiy hujjatlarni tadqiq va talqin etishda tadqiqotchiga katta ko‘mak bo‘ladi.

Buxoro tumanlari markazlari, qishloqlar va ularda istiqomat qilayotgan qavmlar, aholi soni, ziyoratgohlarga taalluqli axborotlari ahamiyati Buxoro shahriga tegishli xabarlardan sira kam emas. Bu fikr Buxoro davlatidagi Kesh, Nasaf, Chag‘oniyon, Hisor kabi viloyatlarga doir ma’lumotlarga ham tegishlidir.

Muallif Samarqand shahri tarixiga ham to‘xtaladi (266a–269a). U: “Samarqand shahrini arab qavmidan Samar ibn Afriqash istilo qilgach, uning devori va imoratlarini yer bilan bitta qilib tekislagan. Shu sababdan “Samarkand” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Arablar arabiylashtirib “Samarqand” deyishgan”, deb yozadi (267a).

Abdurahmon Tamkin “kand”ni forsiydagi “kandan” (kovlamoq, ko‘mmoq, tekislamoq) so‘zidan olingani va shahar nomi “Samar tekisladi” ma’nosini anglatishiga ishora qilayotir. Bu talqin tarixiy jihatdan o‘zini oqlamasa-da, qiziqarlidir. Ayni paytda, u XX asr boshlarida mamlakat ziyolilarining ilmiy darajasini ham ko‘rsatib turadi.

Asarning Turon daryolari bayoni qismida “Jayxun” nomi forsiy “jo‘yi xun” (qonli suv) iborasidan olingani rivoyatlar asosida talqin etiladi. Muallif: “Amuya suvi barcha daryolar orasida eng shirin, huzurbaxsh va shifobaxsh, tanga quvvat beruvchidir”, deya ta’riflaydi. Abullays Samarqandiyning: “Sayxun, Jayxun, Dajla va Nil jannat daryolaridir”, degan so‘zlarini keltiradi (83a). Jayxun va Sayxun, ularni shakllantiradigan daryolar, ular atrofidagi shaharlar haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qiladi (87a-90b).

Asarda temuriy, shayboniy, ashtarxoniy va mang‘it hukmdorlari hayoti, ularning bunyodkorlik ishlari, ular davrida mamlakatda amalga oshirilgan qurilishlar, siyosiy jarayonlarga doir tafsilotlar ko‘p uchraydi.

Kamchiliklariga qaramay, muallifning o‘z davriga oid ma’lumotlari juda qiziqarli va qimmatlidir. Axborot yetkazish uslubi farq qilsa-da, muallif Istaxriy, Ibn Xavqal, Muqaddasiy, Najmiddin Umar an-Nasafiy, Abdukarim as-Sam’oniy, Darvesh Muhammad Balxiy singari mualliflar yo‘lini davom ettirgan.

 

* * *

Yog‘du tavsifiga kirishganimda, bu asar haqida so‘z yuritishni nazarda tutmagandim. Ko‘p vaqtdan beri meni yog‘du, nur tabiati, uni hosil qiladigan xilqat qiziqtirar edi. Unga har safar satrlar orqali yaqinlashishga urinardim. Bu gal satrlar “Matoli’ ul-foxira” – “Faxr yog‘dulari” makoniga tutashdi. U kitob edi. Bir ulug‘ yurtning sharafli o‘tmishini ko‘rish, unutilgan shonli qavmni tanishga ko‘mak beradigan yog‘dulari bor yana bir kitob.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

O‘zRFA Sharqshunoslik

instituti katta ilmiy xodimi

 

[1] Abdullaxoja Abdiy. Tazkirat ush-shuaro. – Dushanbe: Donish, 1983. – B.67-69.

 

[2] O‘zR MDA. I-126. 1-1995-8.

 

[3] O‘zR MDA. I-323. 113-3; 118. “Dor ush-shifo” madrasasi vaqf hujjati.

 

[4] Ayrim manbalarda u 15 hujra deb ko‘rsatilgan (Asomi madoris. – B. 406b; Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo. – B. 12). Ehtimol, XIX asrning ikkinchi yarmidan uning ba’zi hujralari buzilgandir. Biroq N.Xanikov ularni 40 hujra deb yozadi (Opisaniye Buxarskogo xanstva. – SPb., 1843. – S.86). Ushbu madrasa haqida A.Irisov, A.Nosirov, I.Nizomiddinov hamkorligida Subhonqulixonga bag‘ishlab yozilgan maqolada ham qisqa ma’lumot berib o‘tilgan. Unda madrasaning o‘n sakkizta hujradan iboratligi ta’kidlanadi va mazkur o‘quv dargohi “Buq’ai dor ash-shifo” deb ataladi (Subhonqulixon // O‘rta osiyolik qirq olim. – Toshkent: Fan, 1961. – B.93).

 

[5] Katalog Sredneaziatskix jalovannыx gramot iz fonda instituta Vostokovedeniya im. Abu Rayxana Beruni Akademii nauk Respubliki Uzbekis­tan. – Germany, 2007. №57.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.