8 daqiqada öqiladi

907 marta körilgan

Ibtido

Ibtido

Suv turli şaroitda qanday özgarişga uçrarkin? Suvga eʼtiborsizlik qilinganda, iqtidorli, oddiy, yomon odamlar unga tikilib turganda, qanday javob berarkin, bilmoqçiman.

Masaru EMOTO

“Zuloli zavqu şavqin taşnayi diydor ölandan sör”. Şunday. Fuzuliy aytganidek, toki taşna bölmagunimizça suvning qadriga yetmaymiz, uni eslamaymiz ham. Taşnalik! Bundan ortiq azob yöq. Bir yutum havo inson uçun qançalik zarur bölsa, suv ham şunçalik zarur. Biz nega suvsaymiz? Buning sababi şundaki, inson vujudi asosan suvdan iborat. Masalan, közimiz 99 foiz suv. Bu unsurning modda almaşinuvi natijasida çiqib ketişi, buğlanişi, harakat va harorat tufayli terga aylanişi oqibatida kişi organizmining suvga talabi oşadi. Asosan suvdan iborat bölgan hujayralarimiz “Suv! Suv!” deya çinqira boşlaydi. Organizmda yöqotilgan unsurning örnini töldiriş zarurati bizni suv içişga majbur qiladi. Şunday qilinmasa, hujayralar halok böladi, inson öladi.

Suv ana şunday bebaho neʼmat. “Suv zar, suvçi zargar", deymiz. Tejamkorlik jihatidan bu töğri. Ammo zarni, yaʼni tilloni toğ-toğ qilib uyub taşlaş bilan taşnalikni qondirib bölmaydi. Bir qultum suv uçun taşnalik azobini çekayotgan odam bor boyligini berib yuborişi tabiiy hol. Hayvonot olamidagi birorta jonivor, nabotot dunyosidagi birorta giyoh suvsiz yaşay olmaydi.

Özga sayyoralarda hayot bor-yöqligini kuzatayotgan olimlar, avvalo, havo va suvga eʼtibor qiladilar. Marsda yoki Oyda ana şu unsurlar bormi? Yoki ularning mazkur sayyorada qaçonlardir bölganligini anglatuvçi izlar, belgilar, qandaydir şakllar mavjudmi? Tadqiqotlar şunga tayanadi. Bu borada natijalar bor. Oyda havodan ham, suvdan ham nişona körinmaydi. Ammo Marsda suv izlariga xos belgilar mavjud.

Muzlagan deraza manzaralari

Ayoz qisib qattiq sovuq bölgan tunda derazalar muzlaydi. Unda qirrador toğ çöqqilari, qamiş va palma yaproqlari, boşqa turdagi daraxt şoxlari, turli körinişdagi tropik ösimliklar, butalarni körasiz. Bu manzaralar şu qadar jozibaliki, dunyoda hali heç bir musavvir bunday rasmni çizolmagan bölsa kerak.

Derazadagi manzaralarga sehrlanib qaraysiz. Undan köz uzgingiz kelmaydi. Şu suvratlar derazamda bir umr tursin deysiz. Ayozli tundan keyin, albatta, quyoş çiqadi. Olam yoritgiçining yuz körsatişi, muz qotgan yerni isitişi afsuslanarli emas. Deraza naqşlarining asta-sekin erib ketişi, suvga aylanişi afsusli. Har holda, men bundan har doim afsus çekardim.

Şişa közlardagi sohir naqşlar erib, suv bölib oqadi, çunki u aslida ham suv edi. Faqat qattiq sovuq taʼsirida kristallanib qolgandi. Qiziği şundaki, deraza közlaridagi naqşlar uning taşqi tomonida emas, balki içki sathida. Buning ustiga, bir kişining derazasidagi çizgilar boşqanikiga öxşamaydi, yaʼni sizning derazangizdagi suvratlar qöşningiznikidan farq qiladi. Nega şunday?! Keling, yapon olimi Masaru Emotoning fikrlariga quloq tutaylik: “Inson qalbi olamga baxt ham, iztirob ham bera oliş kuçiga egaki, suv kristallari aynan şu qalb holatlarini inʼikos ettiradi. Hayotda töğri yölni qanday qilib topiş mumkin? Muhabbat va ehtiromni köngilga joylab! Muhabbatga limmo-lim yurak ehtirom hissini uyğotadi. Muhabbat ehtirom hissini töğri yölga boşlaydi. Ehtirom va muhabbat butun dunyoni töldira olişini suv kristallari bizga namoyiş etadi”, deydi yapon olimi.

Modomiki şunday ekan, siz yotgan xona derazalaridagi suv kristallari nimadan darak? Qöşningizniki-çi?! Ulardagi çizgilar xonadon sohibining içki keçinmalari, niyatlari, muhabbati yoki ğazabi va nafratining inʼikosi emasmikin? Agar Masaru Emoto taʼlimotiga asoslansak, derazadagi kristallarning ham inson hissiyotlariga muştarakligiga amin bölişimiz kerak.

“Suv har birimizni kuzatmoqda”

Bu sarlavha yapon olimi Masaru Emotoning suv haqidagi tadqiqotidan olindi. Suv har birimizni kuzatişi sizga eriş tuyulmayaptimi? “Nahotki” demayapsizmi? Balki “bekorçi gaplar” deyayotgandirsiz. Tabiiy hol. Dunyo qadimiy. Suv  undan-da qadimiy. Biz esa olamga yangi kelgan odamlarmiz. Bilganimiz sari hali heç narsani bilmasligimiz ayon böladi. Suv haqidagi bilimimiz ham köp narsani anglatmaydi. Buni qarangki, hatto ota-bobolarimizdan qolgan ögitlarga ham amal qilmayapmiz. Aslida quloğimizga quyilgan ögitlar bugun dunyo olimlari ötkazayotgan tadqiqotlarning asosi ekan!

“Suv içgandan keyin Xudoga şukur deyiş kerak”, deb örgatişardi keksalarimiz. “Suvga tupurma!” Bu qatʼiy talab edi. Odamlar bugun ariq va daryolarga çelaklab çiqindi tökayapti. Rözğorga keraksiz bor narsa suvga taşlanadi. Suv esa bunga çidayapti.

Masaru Emoto ötkazayotgan tadqiqotlar bugungi kunning işi. Suvning xotirasi borligi, u hamma narsani yozişi va esida saqlaşi, şuning uçun suvga yomon nazar bilan qaramaslik, unga yoqimsiz sözlarni aytmaslik, aks holda, suv ifloslanib ketişi va katta baxtsizliklar röy berişini isbotlaşga va buni ingliz olimi doktor Şeldreykning “morfogen – rezonans” nazariyasi bilan boğlaşga harakat qilayapti.

Doktor Şeldreykning taʼlimotiga köra, odam nimaga nazar solsa, öşa narsaga taʼsir ötkazadi. Bir joyda yuz bergan hodisa boşqa joylarga rezonans beradi. Masaru Emotoning suv töğrisidagi tadqiqotlari ana şu nuqtayi nazardan Şeldreyk taʼlimotiga borib tutaşadi. Buni qanday tuşunmoq kerak? Daryo sohilida turib, unga mehr-muhabbat bilan qarasangiz, bu ehtirom morfogen-rezonans taʼsirida butun dunyoga tarqaladi. Sizdan juda uzoqda bölgan kişi buni his qiladi.

“Köz öngingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suvlar bilan boğlangan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barça nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi va muhabbatingiz nomasi barça insonlar qalbiga yetib boradi”, deydi Masaru Emoto. Demak, suvga qarab, suv içib, “Xudoga şukur”, deyiş Allohga yetib boradi. Hayratlanarli tomoni şundaki, bizning ota-bobolarimiz buni qadim-qadimdan bilgan, bugun dunyo olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar ularga maʼlum ekan. Faqat biz bunga eʼtiborsizlik bilan qaraganmiz. Buni biz qilişimiz, yaʼni bobolarimiz, momolarimiz ögitini qayta işlaşimiz kerak edi, xolos. Afsus!..

Global masala

Kufrlikdan belgi suv toşqini ham,

Yonğinu zilzila ofatga hamdam.

Tabiat jilovin tortaman dema,

U bandaga emas, Xudoga mahram.

Bugun şoirlarimiz inson tomonidan tabiatga ötkazilayotgan zöravonlik töğrisida ana şunday şeʼrlar bitmoqdalar. Xususan, suvga bölgan munosabat hammani taşvişlantirmoqda. Tiriklikning asosiy unsuri bölgan bu bebaho neʼmatga munosabat keyingi yillarda juda yomonlaşdi. Ariqlar, anhoru daryolar, kanallar özani tom maʼnoda çiqindixonaga aylandi. Endilikda rözğorimizda nimaiki ortiqça bölsa, uni ariq va boşqa suv havzalariga olib borib taşlayapmiz. Bugun suv özanlarida toşdan köra, oyoq kiyimi köp. Qöşnimiz harom ölgan buzoğini sudrab borib, daryoga taşlayotganini köramiz, ammo unga tanbeh bermaymiz. Özimiz guvoh bölgan şu va şunga öxşaş voqeaga xayrixohlik bildirgan yoki “menga nima” qabilida betaraf qolganimiz holda xuddi şunday holatni gazetadan öqisak, “qattiq taʼsirlanamiz”. Buni qanday tuşuniş kerak? Radio, televideniye va boşqa ommaviy axborot vositalarida öz ifodasini topayotgan hayot özimiz yaşab turgan hayotga nisbatan taʼsirçanroqmi?

Tabiat muhofazasi global masala. U hayotning qadriga yetuvçi kişilarni barça zamonlarda ham befarq qoldirmagan. Inson zurriyodining bardavomligi uçun qayğurgan köpgina allomalar, mutafakkirlar tabiatning gullab-yaşnaşi, suv va havoning musaffoligi uçun kuraşganlar.

Suv kimyoviy til bilan aytganda, N2O ekanligini bilamiz. Unga hidsiz, rangsiz va taʼmsiz suyuqlik deb taʼrif beriladi. Ammo buni qarangki, taşna bölib va yutoqib suv içayotganimizda göyoki uning dunyoda tengi yöq, taʼrifi topilmas muattarligini tuyganday bölamiz. Daryolarga yoki boşqa çuqurroq suv havzalariga qarab, suvning közlarimizga va şuurimizga orom berayotgan zilol rangdaligini, tiniq osmonga monand bu köklik dunyodagi eng huzurbaxş rang ekanligini his etamiz. Suv şu qadar lazzatliki, uni bu yoruğ olamdagi biror narsa bilan qiyoslab bölmaydi. Bu – paradoks. Biz suvning maʼlum bir hidga, rangga va taʼmga ega bölişini xohlamagan bölardik.

Çömilayotgan suv

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytadilar:

Suvki turğun ersa bas, ul aynigay,

Böyla suvni içsa köngil aynigay.

Haq savob bahriga irğitgay yana,

Lutfi birlan suvni suv etgay yana.

Bir yil ötgaç ul yana maʼvosida,

Qayda erding? Ezgulik daryosida.

Ezgulik daryosi nima? Suv nega u yerga boradi? Çömiliş, poklaniş va yana toza suvga aylaniş uçun. Suvning ezgulik daryosiga borib çömilayotganini tasavvur qila olasizmi? Umuman, bu haqda öylab körganmisiz?

Bu savolga suvning özi şunday javob qiladi:

Bulğanib erdim, yetişdim pok bölib,

Yangi tön kiydim, makonim xok bölib.

Bugun olimlarimizning suv ustida olib borayotgan izlanişlari, jumladan, uning ifloslanişi va özini özi tozalaşi töğrisidagi tadqiqotlar zamirida Jaloliddin Rumiy xulosalari bor. Faqat bu xulosalar uzundan uzoq risolalardan ixçamligi, aniqligi, fikrning lönda va taʼsirçanligi bilan farq qiladi.

Suv har xil taʼsirlar tufayli ifloslanadi. Ammo u özini tozalab, vaqti-vaqti bilan poklanib, “ezgulik daryosi”da çömilib, yana oldimizga qaytib keladi. U beğaraz va beminnat xilqat:

Har balodin poklaguvçi der meni,

Ifrit ersang gar, malak etgum seni.

Bulğanar bölsam magar ketgum yana

Tozalik daryosiga yetgum yana.

Eski kir xirqamni yeçgayman daği,

Yangi toza tönni biçgayman daği.

Uning beğaraz va beminnatligi şundaki, daryoga – ezgulik yoki tozalik daryosiga – borib, poklanib, yangi tön kiyib, öz makoni xokka (tuproqqa) qaytgandan keyin, kel endi, ifrit bölsang tozalayman, ifloslansam yana çömilişga ketaman, deydi.

Ezgulik daryosi nima?

Zamonaviy şaharlardagi millionlab köpqavatli uylarning hojatxonalari suv bilan tozalanadi. Bu iflos oqova qayerga boradi? Biz içayotgan suvga kelib qöşilmaydimi? “Köz oldingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suv bilan boğlangan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barça nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi…” deydi Masaru Emoto.

Bu fikrlardan körinadiki, suvning vujudi bitta. Yoki bölmasa doktor Şeldreyk nazariyasiga köra xulosa çiqaradigan bölsak, hovlimizdan oqib ötayotgan kiçkina ariqçaning ohu nolasini Tinç okeani ham, Şimoliy muz okeani ham eşitib turadi. Demak, bizning oqovalarimiz ham ifloslanganidan nola qiladi. Bu holatni Jaloliddin Rumiy şunday ifodalaydilar:

Nola aylar ul yurakdin ey Xudo,

Berganing berdim, özimdirman gado.

Şunda ifloslangan suv poklaniş va yana musaffo böliş uçun ezgulik daryosiga daʼvat etiladi. U buğlanadi, bulut hosil böladi, natijada suv yuksakliklarga parvoz etadi. Sönggi yöq dengizlarga quyiladi va yana köklarga kötariladi. Pirovard natijada qor-yomğir bölib, poklanib, yerga tuşadi. Ana şu jarayon ezgulik daryosidir. Suvning daryoda çömiliş va poklaniş jarayoni ana şunday keçadi.

Bundan suvni har qança ifloslantirsak ham, u tozalanib qaytaverarkan, şunday bölgaç, suv ifloslanib ketayapti, deb bong uriş şartmi, degan xulosa çiqariş mutlaqo notöğri. Şunday xulosa çiqargan kişi bu yildan yanagi yilgaça, fasllar almaşinib, yana qor-yomğir yoğmagunça suv isteʼmol qilmasligi kerak. Vaholanki, biz har kuni, har lahzada suvga ehtiyoj sezamiz.

Ana şunday gaplar pirovardida “Suvni tejang!”, “Suvni ifloslantirmang!” degan hayqiriqlarga örin qolmaydi.

Faqat şuni taʼkidlaymizki, qadimgi yunon faylasufi Fales aytganidek, “Hamma narsaning ibtidosi suvdir”.

Neʼmat ARSLON

1941-yili tuğilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

“Ayol suvratiga çizgilar”, “Oldinda yana tun bor” hikoyalar töplamlari hamda “Adam vodiysi”, “Mavhumot” kabi romanlar muallifi.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (147)