Misr ehromlari devorlariga «bugungi yoşlar özgarib ketgan» degan taşvişli gaplar yozib qoldirilgan ekan. Darhaqiqat, har bir davr yoşlarining tarbiyasiga öşa davrning muhim muammosi sifatida qaralgan. Bugungi kun yoşlarining qölga kiritayotgan yutuqlari va tarbiya borasidagi muammolari haqida köp gapirilmoqda. Tarbiya va taʼlimning mavsumiy vazifa emasligi ham barçamizga ayon haqiqat.
Yoşlarimizning keyingi paytlarda kitob öqimasligi, badiiy adabiyotdan uzoqlaşayotganligi kişi dilini ranjitadi. Kasbim taqozosiga köra adabiyot fanidan talabalarga dars beraman. Filolog talabalarga qaratilgan «Kim qanday kitoblarni öqigan?», «Yaqinda qanday kitoblar öqimoqdasiz?»degan sörovlarim köpda javobsiz qoladi. Keling, buni yaşirişning hojati yöq, yoşlarning aksari maktab darsliklarida berilgan Abdulla Qodiriyning «Ötgan kunlar», Çölponning «Keça va kunduz», Oybekning «Navoiy» kabi asarlarining parçalari bilan taniş xolos. Ular darslikda berilgan parçani öqib, «men falon asarni öqiganman» deyişdan uyalmaydilar. Bu esa Navoiyning «Lison ut tayr» dostonidagi «Körlar va fil hikoyatini» eslatadi. Bilamiz, unda körlar filning qaysi aʼzosini uşlasa, fil degani şu ekan degan tasavvurga borişgadi.
Bugun xalqimizning maʼnaviy xazinasi – badiiy kitoblarni tarğibot va taşviqot qiliş yaxşi yölga qöyilgan. Birgina uluğ şoir hazrat Alişer Navoiyning yigirma jildlik asarlarining internet sahifalarida joylaştirilişi va ularni xalqimizga bepul tarqatilişining özi ham maʼnaviyatga eʼtiborning nişonasi emasmi?
Yoşi katta avlod vakillari öz yoşliklarini eslab, Dostoyevskiy, Tolstoy, Şekspir, Gyote singari daho sanʼatkorlarning asarlarini öqib, ulardan olam-olam zavq tuyişgani bilan faxrlanişadi. Hanuzgaça bu ijodkorlarni qöldan qöymay öqiydigan kişilarga havas qilasan kişi.
Inson öz maqsadiga erişişmoq uçun har doim oson yölni qidiradi va niyatga erişişni osonlatmoq istaydi. Men kitob mutolaasini ham şunga öxşatgim keladi. Kitobxon tuşunişi qiyin asarlarni emas, köproq oldi-qoçdi yengil-yelpi bitiklarga öç bölib boryapti. Bunday asarlarning tili badiiylikdan ança yiroq, jön. Ular öquvçiga faqatgina birlamçi, yaʼni taşqi voqelik haqida maʼlumot beradi, xolos.
Maşhur faylasuf Zegmund Freyd inson ongini anglangan va anglanmagan (ong osti yoxud ong usti) voqelik turlariga böladi. Bizga taşqi voqelik faqat ong usti körinişi bölsa, uni, yaʼni voqelikni muşohada qiliş, fikrlaş orqali faoliyatning ikkinçi körinişi – ong osti harakati yuzaga keladi. Bu orqali biz endi, doim «ardoqlab» yuradigan, insoniyligimizni boşqa yaratilganlardan yuqori qöyuvçi ongimizni, miya faoliyatimizni işga solgan bölamiz. Bu oddiygina tajribaga siz krossvord yeçayotganinggizda köp bor duç kelgansiz. Javobi topilmagan savol sizga tinçlik bermaydi, uni topiş uçun ong osti faoliyatingiz yordamga keladi. Şunda xotirangizning qaysidir puçmoqlarida «yaşirinib» qolgan javob topiladiyu, birdan «uh, topdim!» deb yuborasiz. Keling, endi yuqorida boşlangan mavzuga – kitob öqiş, inson xotirasining imkoniyati hamda yoşlarning nega kitob öqimaslik muammolariga qaytsak. Aslida bularning barçasi, katta-katta maqola, bahs-munozaralarga sabab böladigan mavzular.
Köpçilik kitob öqişni bilmaydi va köp kişilar nima uçun öqiyotganini tuzukroq tuşunmaydilar. Baʼzilar buni öqimişli bölişning qiyin, biroq yagona yöli deb biladi. Ular uçun har qanday kitob kişini «öqimişli» qiladi. Boşqa birovlar uçun esa öqiş – bu dam oliş, şunçaki vaqtni ötkaziş va ularga nimani (maqola, roman, şeʼr, xabar va hokazo) öqiş baribir, zerikarli bölmasa, bas. Har birimiz, qaysi kasb egasi bölmaylik, imkon va şaroitimizdan kelib çiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda bölamiz. Ölçovli hayotimizning maʼlum bir qismini şunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob öqiş, uning taʼsir va oqibatlari, umuman, nega kitob öqiymiz, şu haqda barçamiz ham çuqurroq öylab körmaymiz.
Ötgan asrning maşhur adiblaridan biri Herman Hesse kitob mutolaasi haqida şunday yozadi: «Şunçaki dam oliş, vaqt ötkazişni istagan va «öqimişli» böliş haqidagina qayğurgan kitobxon kitobdagi dilni poklovçi, kişini ruhlantiruvçi qandaydir nomaʼlum bir kuçni sezadi. Biroq, bu kuçni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bemorga öxşaydi, yaʼni aynan qaysi dori kerakligini tuşunmasdan, har bir qutiçadagidan tatib köra boşlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kişi özi uçun zarur bölgan, yangi kuç hamda ruhiy taʼsir baxş etadigan kitoblarni topa bilişi kerak emasmi?».
Bugungi yoşlar özlarining kitob öqimaslik sababini yaxşi asarlar yaratilmayapti, degan bahona bilan xaspöşlamoqçi bölişadi. Xaqiqatan ham şundaymi? Yoxud, nega biz «kel, yaqinda qaysi asarni öqidingu, u senga yoqmadi» degan savolni özimizga berib körsak yomon bölmaydi. Maşhur ingliz adibi J.Joys “mening asarlarimni yuz yildan keyin insoniyat tuşunadi” deganda nimani nazarda tutgan. Insoniyatning aqlu tafakkuri yuz yildan keyin ösadi, şunda meni tuşunadi debmi? Çindan ham öşa aql egalari öz davridan yuz yillar ilgarilab ketganmidi? Yohud Navoiy asrlar oşa ilgarilab, Vaqt va Kelajakni yengganmidi?
Adabiyotimiz doimgiday harakatda, «millat yaşaydigan» (Çölpon) adabiyot heç qaçon ölmaydi. Bir faylasuf buyuk kitobxonlar paydo bölsagina buyuk adabiyot paydo böladi degan haq gapni aytgan. Hozirgi adabiy jarayon haqida ozmi-köpmi xabari bor kişi, jahon adabiyotining eng zör namunalari bilan tenglaşadigan asarlar, badiiyat namunalari yaratilayotganligiga şohid böladi. Bizning bir aybimiz ularni öqimaslik, töğrisi, TUŞUNMASLIK. Buni esa, böynimizga olmasligimiz yomon.
Yozuvçi Nazar Eşonqul bugungi kun badiiy jarayoni haqida, yanada aniqroği, Faxriyor şeʼrlariga munosabat bildirib: «Sanʼat tilsimlangan qörğonga öxşaydi. Uning eşigi «sim-sim» degan kalitni topmagunça oçilmaydi. Harqalay, tilsimlangan qörğonning eşigini topgunça qança qosimlar bu qörğon oldidan ötib ketişgan. Ötib ketadi ham… Agar bu tilsimni hamma ham topolganida edi, unda ertakning heç qanday mohiyati qolmasdi. Ertak esa mohiyatni tugun içidagi tugunga yaşirib qöyadi. Hamma ham tugunni yeçişga hafsala qilavermaydi», deydi. Insoniyat hamma zamonlar bunday körinişni takror-takror boşidan keçiraveradi. Nega biz bugungi kunda Faxriyor, Nazar Eşonqul, Uluğbek Hamdam, Salim Aşur, Xurşid Döstmuhammad, Erkin Aʼzam, Normurod Norqobil, Sobir Önar, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Rözimuhammad va yana köplab ijodkorlarni bilmaymiz va ularning asarlaridan bexabarmiz?
Bugun bozor iqtisodiyoti şaroiti taqozosiga köra adabiyotimizda ham yangi atamalar – «köça adabiyoti», «sariq adabiyot» kabi tuşunçalar paydo böldi. Köpgina xususiy gazetalarda çop etilayotgan sayoz asarlarni öqib, yaxşigina bezak berilgan, yaltiroq kitoblarni varaqlab, ular nimasi bilan kişilarni öziga tortmoqda, degan savol tuğiladi. Öquvçiga estetik zavq bermaydigan, fikrlaşga, muşohada qilişga undamaydigan, aksinça, ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan yengil-yelpi asarlar köpayib ketayotgani haqiqatan ham, açinarli hol. Ularni öqib, bugungi özbek adabiyotida yaratilayotgan hikoya, qissa, romanlar şu, degan tasavvurga boradigan insonlar safi esa ortayotganligi açinarli. Xöş, ularni «hikoya» yoxud «qissa» nomi ostida berilişini qanday tuşuniş mumkin? Ular faqatgina öquvçi didini ötmaslaştirişdan, asl badiiyatdan yiroqlaştirişdan ortiq naf keltirmaydi.
Kitob, badiiy adabiyot sakkizinçi möjizaga qiyos etiladi. Mözijaning möjizaligi şundaki, undan inson hayratlanadi, lol qoladi. Kitobni öqigan, undan zavqu şavqqqa tölgan köngillar möjizaga duç keladi. Bugungi yoş avlod neçoğlik mana şu möjizaga beeʼtiborligi kişi taassufini oşiradi.
Bizning ajdodlarimiz adabiyotni, sanʼatni juda nozik tuşungan, qadrlagan, sanʼatning asl namunalarini yaratgan hamda undan zavqlana biliş könikmasiga ham ega bölgan. Adabiyotni «millat oynasi» (Avloniy) deb bilgan. Biz endi özimiz öqimagan kitobni bolamizdan «nega öqimading», deb söraşdan uyalaylik. Eng avvalo maʼnaviy barkamollik yölida özimiz örnak bölaylik.
Zarif QUVONOV,
Navoiy davlat pedagogika
institutining katta öqituvçisi
“Yoşlik” jurnali, 2011-yil 7-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

