Teploxod portga keçga yaqin kelişi kerak edi. Sodiq çarçagani uçun şahar aylanişni xuş körmadi. Çamadonini oldi-da, hali vaqt bölişiga qaramay portga yetib keldi. Birpas daryoni tomoşa qilgisi keldi. Portning katta zali odam bilan gavjum, kelib-ketayotgan kemalarning sönggi yöqdek edi. Bir maromdagi ola-ğovurlar, daryo suvining qirğoqqa asta urilişi eşitilardi. Bunaqa paytda safardagi odamni uyqu elitadi. Biroq köçada uxlab örganmagan odam baribir uxlay olmaydi.
Sodiq ham ana şunday joylarda birinçi bor bölişi edi. Port oynasidan daryoning quyoş nurida zar qoğozdek yaltiraşiga mahliyo bölib ötirib, mudradiyu, uxlamadi.Keça keçqurun poyezdda soqol olgani yodiga tuşdi. Çamadonida burab qöysa aylanadigan qayroq toşdek ustarasi bor edi. Özini tartibga keltirib olmasa bölmas.
Sodiq çamadonni oçdiyu, hayron bölib qoldi. Çamadon uniki emasdi. Avval qulupnay surati tuşirilgan şakldagi soçiq, söng qönğir rang daftar çiqdi. Tavba, qayerda almaştirdiykin? Poyezdda-ku almaştirmagan. Oxirgi stansiyada narsalarini çamadonga joylagani aniq yodida. Portga avtobusda kelgandi, şundamikin? Unday desa çamadoni özi bilan yonma-yon turgandi. Harholda yaxşi bölmapti. Kiyim-keçaklari bor edi. U yoqda bu çamadon egasi ham taşvişdadir.
Sodiq çamadonni tizzasiga qöygança şularni öyladi. Katak daftarni oçib öqidi: “Bugun işxonamiz bilan lola sayliga bordik. Avtobusimiz keng sayxonlikka çiqqaç, hammamiz qiçqirib yubordik: lola, qaranglar, lola!”. Atrof qip-qizil edi. Qir tomon çopib ketdik. Öğlimning qölidan tutgança men ham lolalarni quçoğimizga siqqança terdik. Könglim biram kötarilib ketdiki, göyo dunyo gözalligi faqat biz uçun yaratilgandek.
Keyin yer kovlab öçoq qildik. Qozon osdik. Turğun degan jingalak soç yigit fartuk taqib, ovqatga unnab ketdi. Qölida kapgiru, közini mendan uzmaydi. Qizlar oldida biram uyalaman, biram uyalaman… U uylanmagan, men turmuş qurganman. Boşiga uradimi meni, deb öylayman.
Sayldan oqşomda qaytdik. Avtobus uyimiz oldida töxtagaç öğilçam bilan birga Turğun ham joyidan qözğaldi. Qöyarda-qöymay yuklarimni pastga olib tuşib berdi. Jilmayib, ertagaça xayr, dedi. Beixtiyor közim köziga tuşdiyu yuragim öynab ketdi. Uning biroz dörillagan, yoqimli ovozi hozir ham eşitilayotgandek. 24 aprel”.
Sodiq bu yozuvlarni öqib xijolat böldi. Özini xuddi kimningdir öta sirli sözlariga quloq tutib turgandek his etdi. Lekin baribir begona ayol taqdiri bu tuyğudan ustun çiqdi. Daftarni öqigisi kelaverdi.
Insonning yaxşi kunlari tuşdek ötib ketar ekan. Sodiqning xotini bilan keçirgan olti oyi olti kundek ötdiyu ketdi. Yovuz xastalik xotinining yuragiga çang solganida u sevimli odamidan ayrilib qolişini xayoliga ham keltirmagandi. Yostiqdoşining hamma marosimlari ötib, qalbi kimsasiz dunyodek huvillab qoldi. Onasining “Hayotga endi kelayapsan, birorta aqlli-huşli qizga uylantirib qöyay” degan gaplari yuragiga tiğdek botardi. Olamda hali xotinida teng kelar ayol zoti yöq edi.
Mana, bugun Sodiq begona ayolning dardlariga şerik böldi-da, daftardan boş kötarolmay qoldi. Kundalikning keyingi sahifasini oçdi. “Bir faylasuf munosib yaşaş – jasorat” degan ekan… Bu gapning maʼnosini endilikda yolğiz qolganimda tuşunayapman. Yöq, men erimdan ajraşişga qaror qilib yanglişdim, demoqçi emasman. Axir xiyonat qilgan odam bilan qanday birga yaşab böladi. Men öğilçamni öylayman. Yakka-yolğizimning ota mehrisiz ösayotganidan xafa bölib ketaman. Bir könglimda meni tuşunadigan biror kişiga turmuşga çiqay deyman. Şunda közim oldiga Turğun keladi. Jingalak soç, tik qomad, xuşmuomala. Ortimdan soyadek ergaşib yurgani, mehribonçiligini öylayman. Nahotki u meni sevsa? 12-may”.
Quyoş ufqqa yonboşlay boşlaganda izğirin turdi. Daryoning baliq hidi aralaş şabadasi etni battar junjitardi. Taşqariga çiqqan Sodiq çamadoni adaşganidan endi rostakam taşvişga tuşib qoldi. Içida kostyumi ham bor edi. Demak, issiq kiyim sotib olişi kerak. Hozir ulgurmaydi. Teploxodga çiqsa biron portda magazinga kiradi.
U içkariga qaytib, taqir stulga çikdi. Yengi kalta köylak kiygani uçun bilak tuklari tikka bölib ketgandi. Qöllarini köksida qovuştirgança yana daftarga muk tuşdi.
“Bugun yarim keçada eşik qönğiroğining ketma-ket jiringlaşidan uyğonib ketdim. Öğilçam ham qörqib, baqirib yubordi. Asta oçsam yangi qöşnimning eri. “Sizda insof bormi-yöqmi” deydi ödağaylab. “Nima gap? – dedim yuragim tez-tez urgança. – Nima böldi?” “Uyni suvga töldirib yubordingiz-ku, axir. Yotayotganingizda bundoq u yoq, bu yoqqa qaramaysizmi?” deydi.
Kvartiramiz oşxonasi jömragi ançadan beri buzuq edi, suv tomardi. Ölsin, keçalari ham çakillab odamning ğaşiga tegardi. Törtinçi qavatga zörğa çiqadigan suv kuçayib, polga, keyin qöşninikiga oqib tuşibdi.
Qöşnimning dağdağasi öğlimga ham, menga ham yomon taʼsir qildi. Ona-bola töyib-töyib yiğladik. Ehtimol uyimizda erkak kişi bölganida şu qurib ketgur jömrakni tuzatib qöyardi. Birovga xafa qildirmasdi. 24-may”.
Port diktorining ovozi Sodiqni huşyor torttirdi. U kutgan teploxod kelardi. Qirğoqdan yoğoç yölakka tuşdi-da turistlarga qöşilib, kema içkarisiga kirdi. Kayutasi birinçi qavatda ekan. Zina bilan pastga tuşdi. Kayutaning kosa oğzidek dumaloq teşigi daryo suvidan xiyol yuqori bölib, undan yaqin atrofdagi kemalarning quyi qismi közga taşlanardi.
Sodiq “Obbo, bizning joyimiz suvning ostida ekan-ku”, – deb öylab turgandi, radiokarnaydan ovoz eşitilib qoldi:
– Qaytaraman. Kimda-kim vokzalda çemodanini almaştirgan bölsa, markaziy foyega çiqsin.
Sodiqning közi dastlab öz çamadoniga tuşdi. Söngra uning yonida turgan 23-25 yoşlar çamasidagi ayolga. Uning soçlari orqasiga ixçam turmaklangan, dumaloq, qoraça çehrasida öyçanlik alomatlari bor edi.
– Salom, – dedi Sodiq ayolning oldiga asta borib. – Mening çamadonimni siz olganmidingiz?
Ayol bilinar-bilinmas jilmaydi:
– Yöq, men emas, siz.
Ular kulib yuborişdi. Sodiq esladiki, poyezdning ikki vagonida şu teploxodda sayr qilişga kelayotgan turistlar bor edi. Poyezd manziliga yetganida u bir neça çamadonni yerga tuşirişga yordamlaşgandi. Şunda öziniki qolib öxşaşini kötarib ketaveribdi-da.
– Folbin ekansiz, – dedi Sodiq kulişdan töxtagaç. – Qoyil-yey.
Ayolning çehrasi darrov jiddiy tus oldi:
– Narsalaringiz joyidamikan, qarab olsangiz.
Begona yigitning öziga tikilib turganini körib ayol gapni qisqa qildi.
– Çamadon uçun rahmat. Xayr.
– Sizga ham.
Ayol ortiga bir qaradi-da, indamadi.
Sodiq teploxodning yölagi eşigini oçib, taşqariga çiqdi. Yuziga izğirin şabada urildi. Endi u negadir sovqotmas, boyagi ayol nimasi bilandir xotinini eslatganidan parişon edi. Buning ustiga begona ayolning daftarini öqib, uni öz köngliga yaqin bilib qolganini payqadi.
Kema ortidan gala-gala çağalaylar ergaşib uçar, sayyohlarning otgan yemişlarini havodayoq tutib olardi.
Bir ozdan keyin palubada raqs boşlandi. Baland böyli xipça yigit bir qiz bilan allaqanday raqsga çunonam tuşdiki, bu boşqalarda ham zavq uyğotib, juft-juft aylanib ketişdi. Sodiq yigitlarning biri boyagi ayolni raqsga taklif etayotganini oyna ortidan körib turardi. Ayol aftidan rad etib nari ketdi.
Ertasiga tuşga yaqin teploxod örmon yonida töxtadi. Hamma qirğoqqa tuşgaç, yaşil daraxtlar oralab ketdi. Sodiqning közlari keçagi ayolni axtarib topdi. “Ismi nimaydi, – öyladi. – Xosiyat. Kundaligida közi tuşgandi”.
Şuni esladiyu, birdan xijolat çekdi. Ruxsatsiz birovning daftarini öqib ötiribdi-ya. Qançalik farosatsizlik.
Yigit bir dasta gul kötarib, taşqariga çiqar ekan, Xosiyatning paluba çetida engak tirab xayol surayotganini kördi.
– Bu sizga, – dedi u guldastani uzatayotib. Keyin uning yöq olmayman, deyişidan qörqib darrov qöşib qöydi. – Çamadonimni topib berganingiz uçun.
– Rahmat, – dedi Xosiyat yigitga boqmay guldastani olarkan.
– Tuşmadingiz. Biz tabiat möjizasini kördik. Agar rassom bölganimda uni çizardim.
– Kimsiz bölmasa? – Xosiyat yigitga yarim ögirildi.
– Agronom. Sizçi?
– Ana xolos. – Xosiyat suhbatdoşi tomon butunlay ögirildi, çehrasi yorişdi. – Tanişişning xöp noyob yölini topdingiz-ku.
Agar Sodiqdan boşqa odam bölganida ayolning bu gapidan ranjib nari ketardi. Sodiq uning ahvolini tuşungani uçun köngliga olmadi:
– Nima qipti. Men masalan, odamning bir-biri bilan tanişişidan heç qanday yomon narsani körmayman.
Xosiyat qoşlarini çimirib indamay qoldi.
– Mayli, – dedi bir ozdan söng şikasta ovozda. – Ayta qolay. Ismim – Xosiyat. Vraçman. Böldimi? Yoki tarjimayi holimni töla gapirib beraymi?
– Kerak emas, aslida biz vokzaldayoq tanişib olgan ekanmiz.
Kulişdi. Örtadagi noqulaylik kötarilgandek edi.
Sayohat tugay deb qolganida Sodiq Xosiyatni sayrga taklif qildi.
– Mayli,– dedi ayol, – faqat yarim soatça.
Ular qarağayzorning xuşböy hididan mast bölib örmon aylanişdi. Örmonga oftob nuri tuşmas, atrof salqin edi. Ular sayxonlikka çiqişganda kiçik anhorga duç kelişdi.
– Sakrang, – dedi Sodiq quloçini kerib. – Qörqmang, sakrang.
Xosiyat boşini sarak-sarak qildi.
– Kerak emas, ketamiz.
– Sakrang, keyin sizga ajoyib manzarani körsataman.
– Nima ekan u?
– Avval sakrang-da, keyin körasiz.
Xosiyat orqasiga bir-ikki qadam taşladi. Söngra yugurib kelib sakradi. Sakradiyu, özini yigitning quçoğida kördi. Sodiq ayolning yoqimli atir hididan özini sarxuş sezar, yuragi tez-tez urardi. Xosiyat kiprik qoqqunça lahza jimgina turdiyu, keyin yigit bağridan yulqinib çiqib, nari ketdi.
– Bu yoqqa qarang, – dedi Sodiq örtadagi noqulaylikni buzib. – Biz suzgan daryo oppoq desak köm-kök ekan-ku.
Ular örmonda aylanib yurib, yana daryo körinadigan sayxonlikdan çiqib qolişgan edi.
Xosiyatning közlari yonib ketdi.
– Olisdan juda çiroyli ekan-a?
Şunday deb yigitga qaragandi, Sodiqning öziga tikilib turganini körib, qizarib ketdi.
Ular ança baland örmonzorlar oşa ufqqa botayotgan quyoşga boqişardi. Quyoş olov yonayotgan tandir misol qizarib botardi.
– Ertaga havo oçiq böladi, – dedi Sodiq ufqdan köz uzmay.
– Sayohatimiz oftobli kunlarda ötdi. – Xosiyatning gap ohangida ilgari Sodiq sezmagan hayotdan mamnunlik alomatlari bor edi. U suhbatdoşiga oçiq çehralik bilan nazar taşladi.
Teploxod manziliga qaytgaç, ularning yöli ayro tuşdi. Sodiq agronom sifatida xorijiy körgazmada uç-tört kun bölişi, özi yetiştirgan sabzavot uruğliklarini namoyiş etişi kerak edi.
– Mayli desangiz, xat yozişib tursak, – dedi Sodiq.
Xosiyat biroz öylangaç, yerga qarab javob qaytardi:
– Men xatni keça yozib qöyganman, faqat bitta şartim bor. Hozir öqimaysiz. – U yigitga kök konvert tutqazdi. – Endi xayr, samolyotdan keçikaman.
Sodiq Xosiyatni kuzatib qöydiyu, sabri çidamay aeroportdagi örindiqqa çökib konvertni oçdi. Katak daftarning örtasidan olingan ikki varaq qoğozda dona-dona quyidagi yozuvlar bitilgandi:
“Hurmatli Sodiq aka!
Ehtimol siz safar davomida bölgan suhbatimizdan sezgandirsiz. Men birinçi muhabbati toptalgan odamman. Erim xiyonat qilgan.
Bir marta oğzing kuyganidan keyin qatiqni ham puflab içarkansan. Lekin taqdir meni ikkinçi marta aldagandan keyin odamlarga işonçim yöqolayozdi. Birga işlaydigan T.ismli yigit könglimni ovlamoqçi böldi. Rostini aytay, u menga ham yoqardi. Kelişgan, xuşmuomila. Nihoyat öğlim ota mehrisiz ösmaydigan böldi, deb öylardim. Bekorlarni öylagan ekanman.
Bir kuni yozuv-çizuvlarim köpayib, işxonamda keç qolib ketdim. “Mumkinmi?” deb xonaga Turğun kirib keldi. “Keling” – dedim hurmati uçun örnimdan turib. Uning oğzidan aroq hidi anqirdi. Bir-ikki poyma-poy gaplar aytgaç, menga xiralik qildi. Qurib ketgurning (ha, endi şunday deyman) menga qilayotgan hamma mehribonçiliklari, xuşmuomilaliklari qabih niyatini amalga oşiriş uçun ekan.
Yuziga tarsaki tortib yubordim. Çiqib ketgaç, ötirvolib yum-yum yiğladim.
Tavba, baʼzi erkaklarga xayronsan: beva ayollarning izzat-hurmati yöq deb öylaşadi. Qarmoq taşlab, ilintirgilari keladi. Bundaylarga na iljayib böladi, na köproq gaplaşib. Nahotki biz bevalarni poklik bilan xiyonatning, rostgöylik bilan aldamçilikning farqiga bormaydilar, deb öylaşadi. Nahotki biz ham yoruğ dunyoga halol yaşaş uçun kelganimizni bilişmasa? Göyoki beva – barglar orasiga yaşiringan yolğiz olma. Hamma unga kesak otib tuşirib, yegisi keladi.
Sodiq aka!
Siz bir kun menga hazillaşib, folbin ekansiz, degandingiz. Yöq, folbin emasligim uçun ham men sodda ikki marta yanglişdim.
Gaplarimni könglingizga qattiq olmang. Balki siz öşanday erkaklardan emasdirsiz. Balki siz ham haqiqatan xotiningizdan ayrilgan, meni sevgan bölişingiz mumkin. Men bilan ham yaxşi niyatda tanişgandirsiz. Bunga şuning uçun ham işongim keladiki, siz men bilan bölgan olis safarda ham özingizni çin erkakdek tutdingiz (Aslida har kim safarda bölganida sinaladi). Lekin men baribir öşanda aytgan taklifingizga qöşilolmayman. Qörqaman. Bevalar ikkinçi marta yanglişişi mumkin emas. Men esa şunça yanglişdim. Endi yolğiz ötaman.
Siz menga hadya qilgan baxtli, oftobli kunlar uçun rahmat, olgan tuproğingiz oltin bölsin. Sizga birdan-bir istagim şu: özingizga munosib jufti halolingizni toping. Bunga işonaman. Xosiyat”.
Sodiq öyga toldi. Keyin xatni konvertga solaturib, uy manzilgohi yozilmaganini payqadi.
Şamol hamon örindiqda xayol surib ötirgan Sodiqning oyoğiga qayerdandir bir parça gazeta bölagini olib kelib urdi. Beixtiyor razm soldi. Unda katta-katta harflar bilan ayol va erkaklarning özlariga yostiqdoş qidirayotganliklari, ular neça yoşda, qanday xarakterda bölişlari kerakligi maʼlum qilingandi. Sodiq bu eʼlondan kulişini ham, aççiqlanişini ham bilmay örnidan turdi.
Şuvillab yomğir yoğa boşladi.
Abdusattor HOTAMOV
“Yoşlik”2012/5
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


