Esimni tanibmanki, könglimda ajib tuyğularning şirin ğalayonini his etaman. Murğak paytlarim tomda onam yonida öltirib, oyga, yulduzlarga termulganlarim yodimda. Öşa paytlarda qişloğimizdagi köpçilik oilalar yozning dimiqqan keçalarida özlarining tuproq tomlariga çiqib yotişardi. Hovlimiz qirğoğida rayhonlar va turfa gullar gurkirab-yaşnardi. Ularning gözalligini körib bexos könglim qalqib ketardi. Mahallamizdagi ayollarning quduqqa suvga çiqişganida bir-biri bilan gurunglaşişlari ham esimda. Ularning gaplarini men hali yozilmagan asar personajlari dialoglariga mengzardim. Men bu “personajlar” sözi oldiga xayolan “tire” qöyar, uning gapi tugagaç, “vergul”, “tire” qöyib, xayolan özimning izohimni qayd etardim.
Bularning hammasi kelgusida mening adabiyot odami bölişimning alomatlari edi. Lekin men buni u paytlar şuuran anglardim, xolos. Ayni çoğda men hali biron misra şeʼrni ijod qilmagan esam-da, yuragimda har qanday şeʼrni uddalay olaman degan işonç yaşardi. Şeʼr yozişga qöl urmaganimga sabab, şu çoqqaça biror-bir “tirik” şoirni, hatto havaskor şoirni ham körmagan edim. Çunki men tuğilgan Janubiy Qozoğistondagi Sayram qişloğiga Özbekistondan ijodkorlar kamdan-kam borardi. Men öqiyotgan maktabga esa, na şoir, na yozuvçi qadam bosgandi. Xullas, meni “maydonga” – şeʼr yozişga daʼvat qiladigan, çorlaydigan heç kim yöq edi.
4- yo 5- sinfda öqirdim. Mendan ikki sinf yuqori öqiydigan amakimning öğli Havazmat akam bir payt şeʼr yoza boşladi. U juda köp kitob öqirdi. Şundan keyin men u bilan “bahslaşib” 5-10 ta şeʼrni “qotirib” taşlaganman. Bu şeʼrlar nima haqda edi, mutlaqo esimda yöq. Havazmat akam yozişdan töxtadi. Men ham boşqa urinmadim. Lekin meni öşa paytda maktablarda urf bölgan “Devoriy gazeta”ga masʼul qilib tayinlaşdi.
Men örta maktabni aʼlo baholar bilan tugatdim. Biz öqişni bitirgan yili 11- va 10-sinflar maktabni tamomlaşdi. Öqişga kiriş çoğida bir öringa 24 tadan abituriyent töğri kelsa-da, men talaba bölişga muvaffaq böldim. Universitetni tamomlayotgan paytimizda hammamizga kiriş imtihoni çoğida yozgan “Inşo”mizni körsatişgan. Men öşanda yozgan 5-6 varağimga biron-bir qizil siyoh tegmaganligini körib, hayratlanganman. Bundan hozir ham hayratlanaman. Uşbu saʼy-harakatlarimning barçasi adabiyotga bölgan havasim va ixlosimdan edi, albatta.
Universitetga ilk qadam qöygan yilimni eslasam, bir qiziq gap yodimga tuşadi: hamma matbuotda eʼlon qilingan ijod bisotini qoğoz papkaga joylab olgandi. Hamkurslarimning bisoti ança salmoqli ekan. Men şörlikning esa, 2 ta “törtligim” va bir neça xabar yösinidagi maqolalarim bor edi, xolos. Tojikistonlik kursdoş döstim mening ijodimni özinikiga taqqoslab, özinikining salmoğini dalillaş uçun: “Bilasanmi, men mana şu yozganlarimga davlatning qança pulini yeb yuborganman!”, degandi. Bu bilan u tuman va viloyat gazetalarida çop etilgan şeʼr, maqola, oçerklariga köp miqdorda olgan qalam haqini taʼkidlamoqçi bölgandi. “Yeb yuborganman” degani esa özining oddiy, jön odam emasligiga işora edi. Çunki davlatning pulini oddiy odamlar yeya olmasdi. Uni öşa paytlar sovxoz direktorlari, tuman mutasaddilari, turfa xil rahbarlar ömarar edi. Men senga öxşagan lalaygan emasman, zamonning olğir, abjirlaridanman, demoqçi bölgandi şoir-kursdoşim.
Dorilfununda tahsil olgan yillarim tinmay ijod bilan maşğul böldim. Lekin yozganlarimni heç qayerda eʼlon qildirmadim. Birinçi şeʼrim “Sovet Özbekistoni” (hozirgi “Özbekiston ovozi”)da universitetni tugallayotgan yilim bosildi. Keyin “Guliston” jurnalida eʼlon qilindi. Ustoz Abdulla Oripov “Oq yöl”i bilan eʼlon qilingan öşa turkum şeʼrlarim köplar eʼtiboriga tuşdi. Öqiganlar hozirga qadar eslaşadi.
1975-yili ilk töplamim “Tong jilvasi” çiqdi. Birinçi kitobning naşidasi bölakça edi! Kitob çop etilgaç 2-3 oy ötib, Qöqonga yölim tuşdi. U yerda ajoyib kitob dökoni bölardi. Şu dökonga kirib, rastaga terib qöyilgan kitoblarga köz yugurtirdim. Mening kitobim körinmadi. Holbuki, 10 ming nusxada çop etilgan kitobçam allaqaçon respublikaning jami tumanlariga, şaharlariga tarqatilgan edi. Sotuvçiga kitobçamning nomini aytib, söradim. U xijolat çekib, önğaysiz holatda uni peştaxta tagidan olib, qölimga tutqazdi: “Keçirasiz, taniş-bilişlar uçun olib qöyuvdik…”
Şoir uçun bundan ortiq baxt, bundan ortiq mukofot bormi!..
Ijod faqat naşida, nashʼu-namo emas ekanligini keyinroq angladim.
Turmuşning maşaqqatli söqmoqlari boşlandi. Uy-joy qilişim kerak edi, odamga öxşab yaşaşni xohlardim. Bu taşvişlarni, “ola xurjun”ni şeʼriyat böyniga taşlab bölmasdi. Şu boisdan, “buyurtma” tarjimalarga qöl urdim. Har kuni işdan keyin naşriyotda qolib 50 satr, uyga borib uyqu hisobidan 50 satrdan şeʼr tarjima qilgan davrlarim böldi. Lekin har qanday şaroitda ham könglimdagi şeʼr sururini, ilhom safosini saqlab qolişga, turli epkinlardan ehtiyotlaşga urindim.
“Ustoz körmagan şogird har maqomga yörğalar” degan söz – çin haqiqat. Men Abdulla akadan satrlar ustida, umuman şeʼr ustida qanday işlaşni örgandim. Uning bu tarzdagi ijod jarayoniga köp marta şohid böldim. Bir safar “Yaxmalak” şeʼriga men “kotiblik” qilib, 15-20 marta qayta işlaganmiz. Men holdan toyar darajaga yetib, nuqta qöyaylik, şeʼr bundan ortiq bölmaydi, deganman. Ustoz, yöq, mana bu misradagi taşbihni özgartirmasak bölmaydi, uni Ğafur Ğulom işlatgan, deb turib olgan. Hassos şoir Erkin Vohidovdagi tuyğu va fikr nazokatiga to hanuz mahliyoman. Öljas Sulaymonovning öz millati oldidagi burçini naqadar teran anglaşi meni hayratga soladi. Yevgeniy Yevtuşenkodagi umumbaşariy kölamga havas qilaman. Ayniqsa, Rasul Hamzatovdagi şarqona tafakkurni, betakror samimiyatni özimga oliy ibrat deb bilaman. Va yana köplab ustozlarim borki, ularni sanab ötirişga vaqt kamlik qiladi. Men ulardan şeʼrni hamma narsadan yuksak qöyişni, hasad-xusumat degan tuyğuga yaqin yölamaslikni, nomardlik, ğirromlik, fisq-fujur köçasidan ötmaslikni örgandim.
Şu paytgaça naşr etilgan kitoblarim yigirmaga yaqinlaşdi. Adadi haqida gapirişning esa endilikda qiziği yöq. Çunki keyingi paytlarda kitoblarim 300-500 adadda ham çop etildi. Topgan homiylarimning himmati bundan ortiğini kötarmadi. Kitoblarimning köpçiligidan, balki hammasidan könglim tölmagan. Men uçun kitobni naşrga tayyorlaş va uning ilk nusxalarini qölimga olişim nihoyatda masʼuliyatli va hayajonli. Ular öquvçiga borib yetgaç, men uçun qimmatini yöqotadi. Ular bamisoli öqi otilgan böş gilzalarga öxşab qoladi.
Adabiyotning jamiyatda tutgan örni juda-juda muhimdir. U har bir inson qalbiga kirib bormoği kerak. Adabiyotdan yiroq odam menga bamisoli dinsiz, eʼtiqodsiz, kufrga yuz tutgan odamdek tuyuladi. Yaqinda ehtiyoj taqozosi bilan bir idoraga kirişimga töğri keldi.
Boşliqning hurmati haqi, bir salmoqli hajmdagi kitobimni olib, unga iltifot yuzasidan dastxat ham yozdim. Boşliqning huzuriga kirib, özimni taniştirdim va unga kitobimni taqdim qildim.U gaplarimni haykalga öxşab eşitdi, biron-bir murti qilt etmadi. U özining bu holatida balki menga rahmi ham kelgandir… Suhbat tugagaç, u kitobimni nomiga oçib kördi-da, söng “yordamçimga taşlab ötarsiz”, deb uni qölimga tutqazdi. Bunday şaxsdan jamiyatga qanday naf tegişi mumkin? Bu toifadagi odamlar uçun pul va boylikdan muqaddasroq narsa bormikin?
Yaqinda maşinada ketayotsam, bir DAN xodimi töxtatdi. Qoidaga amal qilmaganligimni aytdi. Men eʼtiroz qildim. U: “Sizni amalingizni ham, yozuvçiligingizni ham emas, soçingizning oqini hurmat qilganligim uçun qöyib yuboraman”, dedi. Bu gapi bilan u, johil odam emasman, tarbiya körgan insonman, bilib qöying, demoqçi böldi. Biroq menga uning gapi nashʼa qildi. Axir öğrining, kazzobning ham soçi oqarişi mumkin-ku!
Adabiyot odamdagi nomaqbul tiynatni – nokomillikni keltirib çiqaruvçi “virus”lardan himoya qiladi. Uning yuragiga ezgulik uruğini ekadi.
Adabiyotimiz dunyoga çiqişi uçun, albatta, bağrikeng adabiyot bölişi kerak. Holbuki, bugungi kunda adabiyotimizda bahslar, munozaralar kamayib ketdi. Bu holat yuzaki ijodni, sayoz adabiyotni vujudga keltiradi. Bunday muhitda talantsiz yozilgan asarlar urçigandan-urçiydi. Har bir davrning öz piri komili – obröli siymosi bölişi kerak. Masalan, Abdulla Qahhordek. Bunday buyuk, betakror, qörqmas siymolarning dadil gaplari isteʼdodsiz, qallob, firibgar yozuvçilarning tizzasini qaltiratardi. Ayni paytda ular hamişa umidli yoşlarni panohiga olgan, har xil xurujlardan himoya qilgan. Prezidentimiz, hukumatimiz bizga ijod uçun ajoyib şaroitlar yaratib berdi. Lekin adabiyotimizni turli xil illatlardan, qusurlardan tozalaş amalini özimiz qilişimiz kerak. Beğaraz, xolis, samimiy bahs-munozaralarni özimiz taşkil etişimiz lozim.
Men adabiyotimizning soxta ovoza, soxta siymolardan saqlanişini istardim.
Adabiyotimiz ravnaqining eng maqbul va sinalgan omili, meningça, naşr işlarini yaxşi yölga qöyişdir. Sodda qilib aytadigan bölsak, naşriyotlar yaxşi asarning gadosi bölişi kerak. Lekin bugungi kunda qaysi naşriyot qaysi adibning yangi yozajak asari bilan qiziqmoqda? (Oldi-qoçdinavis va amrimaʼrufga moyil asarlar bundan istisno, albatta.) Holbuki, köpgina adiblar yozib qöygan asarlarini naşr ettirolmay halak. Çunki homiy topişi kerak. Keyin uni sotişni zimmasiga olişi kerak… Baʼzan qaysidir sohada zamonamiz olğirlari, tovlamaçilari, firibgarlari tomonidan falon miqdordagi pul ömarilganligi haqida quloğimizga çalinadi. Şunda mening könglimdan, bu mablağga qançadan-qança kitoblarni çop etsa bölardi-ya, degan öy keçadi…
Bunday holatlar, albatta, adabiyotimiz rivojining maʼlum bir jihatlariga daxldor. Haqiqatda esa bu muammoning qirralari turfa va bisyor. Umuman olganda, adabiy jarayonlar ilmiy yondaşişni, har taraflama tadqiq etişni taqozo qiladi. Masalan, dunyo adabiyotining yuksaliş pallalarini olib köraylik: daholar qanday muhitda şakllanadi; jamiyat ular oldida qaysi jihatdan masʼul bölmoği kerak; bunday jarayonlar öz-özidan vujudga keladimi yoki unga qandaydir taʼsir lozimmi… Bunday omillarni örganiş, falsafiy tahlil qiliş, bu boradagi fikr-mulohazalarni adabiy naşrlarda muntazam yoritib boriş aslo foydadan holi bölmaydi.
Adabiyot rivojiga samarali taʼsir körsatadigan eng muhim omil, bu tanqidçilikdir. Afsuski, bugungi kunda bu boradagi işlarimiz juda sust. Köproq sipoyigarçilik – sen menga tegma, men senga tegmayman tuyğusi hukmron. Holbuki, adabiyot köpkari çopiladigan maydon yangliğ şukuh va şijoat muhitidir. Köpkari çopilganda otlar tuyoğidan zamin zirillaganidek, adabiyot maydonida ham tortişuvlar, munozaralar, muxlislarning olqiş sadolari jarang berib turişi kerak…
Ijodkor farişta emas, inson, uning oilasi ham bor. Men ijodkor oilasini “front orti” muhitiga öxşataman. Bu muhit qançalik mustahkam, osoyişta bölsa, “frontdagi jang” şunçalik muvaffaqiyatli keçadi. Men oilamdan nolimayman. Ikki öğil, ikki qizim bor. Xonadonim osoyişta, totuv. Bolalarim onasi kuyunçak, oş-ovqat, saranjom-sariştalik borasida tengi yöq, sira tinç ötirmaydi. Men uyda özimni heç qaçon masʼuliyatini unutmaydigan huşyor posbon, deb his qilaman. Oilam muhitida biror-bir nojöya iş sodir bölsa, bunda men avvalo özimni aybdor sanayman. Farzandlarimga, sizlar qança yoşga kirmangiz, men sizlarni tergaşdan, tarbiyalaşdan çarçamayman deb, pisanda qilib qöyaman bot-bot. Oilada eng muhimi – tuganmas mehr va qiyin lahzalarda murosayi madora. Bu hikmatni şior qilib olmagan oila köp bor qoqiladi.
Farzandlarim orasida ijodga rağbat bildirganlari yöq. Bundan afsuslanmayman. Bir paytlar Bernard Şoudan televideniye muxbiri: “Qizingiz ijodkor bölişini xohlarmidingiz?”, deb söraganida, “Aslo! Çunki men bunday maşaqqatli yumuşni farzandimga ravo körmayman. Ijod sohasida faqat birinçi bölişlikkina kişini baxtli qiladi. Aks holda, u xusumatçi yoki hasadgöyga aylanib qolişi heç gap emas. Şu boisdan men hammaga, farzandingiz agar adabiyotga qiziqsa, imkoni boriça uni bu yöldan qaytaring, qaytarolsangiz, u ajoyib muxlisga aylanadi. Agar u sizning barça qarşiliklaringizni yengib öta olsa, xursand bölingki, undan haqiqiy ijodkor çiqişi mumkin”, deb javob bergan ekan.
Men oilamda kayfiyatimni hamişa bir maromda uşlaşga urinaman, xayol dunyoimni begard saqlab, unga ğubor yuqtirmaslikka harakat qilaman. Xuddi billur idişni kötarib olgan odam uni xonadagi turli aşqol-daşqollardan, stol qirralaridan ehtiyotlaganidek men ham tuyğular olamimni bexos “turtki”lardan, noxuşliklardan ehtiyotlayman, ihotalayman, ijod jarayonimni köz-köz qilişni yoqtirmayman. Men ijodkorligim uçun oilamda ham, jamiyatda ham imtiyoz talab qilmayman.
Meni şoir deb emas, tarjimon yoki yozuvçi deb atasalar, özimni kamsitilgan hisoblayman. Lekin men özimni özim boşqalarga “şoirman” deb taniştirişga heç qaçon botinmayman, göyo özimni “yaxşi odamman” deyayotgandek xijolat çekaman…
Mirpölat MIRZO
“Yoşlik”2012/10
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


