9 daqiqada öqiladi

23 609 marta körilgan

Böri haqida ballada yoxud loboning muhabbati

(E.Seton-Tompsonni öqib)

Sevgining tilsimi köp, siri köp…

Qöşiqdan

…Lobo – kuç-qudratda tengsiz edi teng töşlar aro. Kurrumpo vodiysida sanalardi börilarning sardori sara. Tun mahali uv tortganda tahlikaga tuşar edi butun borliq – çorva ahli, sigir-buzoq, eçki-uloq… hatto, jimib qolar edi har qandayin böribosar it. Ehtiyot şart, şaqildoqlar çalinardi, öqlar uzilardi qoramtir osmonga besamar. Tong yorişgaç, söng maʼlum bölardi, suruvda sodir etilganin dahşatli qirğin-u, ortda qolgan qonli izlar guvohin.

“Böri degan – befarosat, doimo oç, yeb ketaverar duç kelganin, ölimtik, harom qotgan har qanday hayvon söngagin – loşin!” Bu aqida aslo töğri kelmas, Lobo va bosqinçi galasin feʼl-atvoriga. Qöyib berişsa ular mayliga. Hazar qilişardi, çöpon yoki ovçi söygan va qopqon uçun qöyilgan – inson hidi kelib turgan har qandayin molning töşidan. Hatto, taʼblar tortmasdi, jirkanişib qari hökiz yoki kasalga çalingan sigir göştidan.

Xullas, nafslarin tiyişardi, har qandayin “xuşxör” taomdan. Faqatgina yeyişardi, ov mahali özlari tutgan, söng tilka-pora qilingan, soğlom va baquvvat buzoqning hali qaynoq, qoni silqib turgan joyidan…

Uşoq molni-ku ovlaşmasdi oriyat uçun. Ammo, baʼzan böğizlaşardi hurkak va ovsar qöylarning bira töla ellik-yuzin, şunçaki ermakka, tişlarin ötkirlab, qayroqqa işqab turmoq uçun.

* * *

Sara sardor sanalsa-da, köp mahluqni ergaştirib yurmasdi, ortidan Lobo. Tödada bölardi, bor-yöği – beş-olti böri. Biroq, sardor sinovidan ötgan, hammasi hayvonning zöri.

Yöl boşlardi doimo oldinda Lobo. Ortidan ergaşardi qolgan maxluqot. Bunday kezda, tödada bor edi muayyan azaliy odat. Ölja hidin tuyib yoxud şoşqaloqlikda – Lobodan bir qadam oldinga ötsa, biror-bir şerik, yaʼnikim aʼzo. Darhol unga tayin bölar edi, albat, munosib jazo. Jarohat topardi boyaqişning badani, misoli arining naştar nişidan, sardorning olmos yangliğ keskir tişidan.

Ğazabi toş, qahri qattiq edi Loboning. Tödada qoida, intizom – barça böri uçun edi, birdek barobar. Şu boisdan Loboga şerik tutinmoqlik, sanalardi köp duşvor.

* * *

Bardoş barham topdi. Piçoq borib yetdi suyakka. Kelgan edi elning qahri. Şu bois Lobo va uning talonçi tödasin mahv etişga çoğlandi butun Kurrumpo ahli.

Böri izi muhrlangan söqmoqlarga taşlandi oğuli xörak – qonli dasturxon. Har qadamga qöyildi qopqon – pistirma pinhon.

Ovçilar-çi?! Ergaştirib tozi itlarin, kötarişib zör şovqin-suron. Qöllarida qurol-yaroğ, aslaha-sopqon. Hamma xursand, hamma şod. Göyoki endi qoçib qutulolmas, ulardan hattoki – siçqon!

* * *

Lobo esa qattol va ançayin quv. Ayyorlikda hattoki, ajaldan abjir. Sezgirlik bobida ip eşolmas uning tulki muğombir. Hayvonmas, misoli ongli maxluqot. Qismat bilan bahs boylaşmoq, göyo bağişlardi lazzat, faroğat. Şoşmasdi, har qadamni öylab bosardi, qilgança sabr. Inson hiylasiga qarşi işlatib tadbir: …Zaharli xörakni hidlab, söng bir çetidan avaylab tişlab, katta yöl ustiga qöyardi uyub. Mazax qilganday söng “Ovçi taomi”ning ustiga ketardi siyib…

Ayyor edi Lobo… Eh-h, kerakliça quv! Şu bois edi böriga begona qörquv. Qörquv esa tuğdirardi qalbda sirli mavhumot. Afsonaga aylangandi allaqaçon Loboning nomi. Bu mahluq göyo – gunohlar uçun yuborilgan, taqdir “inʼomi”!

Ayni paytda, kundan-kunga borardi oşib, Lobo boşi uçun tikilgan xun – mukofot puli…

* * *

Merganlikda mohir edi texasslik ovçi Tennerey. Son-sanoği yöq edi otgan hayvon-parrandasin… Eh-hey! Bexato urardi kökda çarx urgan sorning közidan. Vahşat silqib turardi köz qaraşidan, qahru qurum bosgan yuzidan. Şunday sayyod edi Tennerey. Ammo, şafqat anqo edi uning qalbida. Ovçilik qilardi  zavq-şavq uçun emas, bilʼaks faqat boylik vajidan. “Katta mukofot” sasin tuygaç, bormoq böldi şu sabab ölja izidan. Amin edi: bu gal ham omad unga yor, borar yöli silliq va ravon.

Ana… Qurol-aslaha osgan, beş böribosar izmida, otin boşin burdi ovçi Tennerey Texassdan uzoq Kurrumpo vodiysi tomon.

* * *

Yana hamma xursand, xurram, yana hamma şod. Çunki, kelmoqda, kimsan – Tennerey! Axir, unga teng kelib bölmas. Qani endi Lobo?! Öşa qölga tuşmas – közga körinmas?!

Boyaqiş böri! Kurrumpo vodiysida edi hayvonning zöri. Nahot endi Lobo… Jasadi ustida yangrar sönggi söz – “Alvido”! Ha, Tennereyga axir teng kelib bölmas. Afsungar börini mahv etiş, ehtimol boşqaning qölidan kelmas?! Fursat yetgan qörinadi beşak, beomon. Lobo endi qolmaydi omon. Boş terisi osiladi egar qoşiga. Qarğa-quzğun töyar böldi böri loşiga…

* * *

…Sahro tongi. Çor tarafdan taralmoqda göyo izdihom bongi. Qontalaş qaraş-la quyoş, yotoğidan ohista kötaradi boş. Tannerey ketmoqda mağrur va şodon. Niyati Lobo atalmiş maxluqqa bermaslik omon. Sarkaş saman söliq çaynar. Oldda esa yöl boşlar beş böribosar. Bahaybatlikda har biri ayiq misoli. Nomiga monand maxluqot uçun göyo ajal timsoli.

Saman hamon söliq çaynar. Sayyod vujudida esa kuç-ğayrat qaynar. Ortda qolar jarlik, qizğaldoqli qiru adir, suv töla soylik. Ovçining xayolida ğujğon öynar, kökdan tuşib kelayotgan behisob boylik.

Ana itlar vovillaşdi, izlar olindi. Bu yaxşilik deboçasi sanaladi, odatda ovda.

 Tennerey-çi?! Ölja yaqin qolganin his qilib tuydi. Miltiğin mehrla silab, söng tepkisin kötarib qöydi.

Lobo esa… U ham axir, anoyi emas. “Quv, ayyor…” nomini bejiz olganmas. Xavfni sezib, ohista örnidan turdi. Havoda hid olgaç, boşini maʼnoli burdi. Qolganlar kutib turdi sardor “imosin”. Barbod etiş uçun tezda ovçi va itlar yağmosin. Itoat etişib Lobo “söziga”. Dastlab, birrov körinişdi itlar köziga. Beş tomonga tarqab ketdi söng beşovlon böri. Sardor kabi bari makkor – hayvonning zöri.

Kutilgandek hiyla berdi iş. Şu sabab ovçi va itlarga keldi köp taşviş. Beş böribosar, oqibat ne bölişin bilmay, börilar izidan ketdi, hovliqqança sarosar.

Lobo qoldi yolğiz, faqat Tennereyning yakkaş öziga. Bundayin toledan köngli bölib şod. Heç narsa körinmay köziga. Ovçi ot jilovin qöygança ozod. Tirik tutmoq ilinjida qöliga lasso (sirtmoğin) oldi. Yuragi hapriqqança goh yugurib, goh emaklab ketayotgan Lobo izidan ot soldi.

Lobo… Ayyorlik bobida senga tahsin, senga şon! Qarang, qançalik urinmasin ovçiga bölmas heç nişon.

Qolgan börilar-çi? Qanday tarqalişgan bölsa, şunday qayta qovuşib. Göyo, Lobo “çizib bergan çiziqda” atay topişib… Itlarni yolğizlatib bir-biridan. Ğajib taşlaşdi söng, göştlarini ajratişib teridan…

Oqşom çökdi. Qoronğilik çor atrofga ğuborin tökdi. Besamar tugadi, nihoyat şikor. Tennereyga öşal kun dunyo keldi tor. Loboni quvlab, ot qöyib har yon. Böldi köp yomon. Zöriqişdan toliqib, til tortmay sarkaş saman berdi jon.

Tolei bor ekan, quroli qölda. Aks holda, özin ham jasadi qolardi öşal tunda – kimsasiz çölda.

* * *

Ibtidosi bölgan kabi, bölar har qismatning intihosi ham. Alalxusus, tez fursatda qissamiz ham topadi barham…

Lobo! Böysunmas böri. Nega bugun boşing egik? Nahot, dunyo senga keldi tor? Nega oyga boqib “uv-v” tortasan, olmayin heç tin. Qayda qoldi mağrurliging, bugun nega qöşiğing bunçalar mahzun?!

Şunday… Siru sinoatni oşkor etsak, endi yaşirmay. Yoşi bir joyga yetganda Lobo. Ajabo! Muhabbatga bölgandi asir. Keksargan qalb közin sevgi qilgandi basir.

Oqsiyna… Mahbubasi, muhabbati edi ana şu yoş, durkun, urğoçi böri. Böriki, börilar içida tanho börivaş. Hayvonlar içida bölib zör talaş. Qonli muhoraba, böğiş-böğizlaşlar tez topib yakun. Barça börilardan alhol Lobo kelgandi ustun. Omad kulib boqqan edi yana sardorga. Keksaygan bölsa-da, muhabbatga taşna, ğayrati zör haddorga.

Boşin egdi Oqsiyna, ğolib çiqqaç Lobo “sevgi jangi”da. Iltifot örnida söng, makrla köz-köz qildi qaddi-qomatin. Tana tusi tovlanardi kulrang baxmal rangida. Faqat siynasida marjon yangliğ – oq möyna. Ovoz mayin, kiprik uzun, közlar suzuk… Şunday mohitobon maxluq edi Oqsiyna!

Ha, gözal edi Oqsiyna… Bu borada barça taʼrif, barça maqtov unga mos. Biroq, afsus… Feʼl-atvor ham aynan, aksar gözallarga xos: öyinqaroq, tantiq edi va bir oz erkaroq. Azaldan maʼlum, bundayin feʼl-atvor, mahbubga keltirar hali köp firoq.

Ana, töda ovga otlandi. Oşiqib, şoşib, boş bölib bormoqda Lobo… Uzr, bu gal teskari tomonga esibdi sabo. Eng oldda, öynoqlab bormoqda edi Oqsiyna! Ajabo! “Böysunmas”ning nega yöli tösilmas?! Qayerda qoldi, qahri qattiq yölboşçi Lobo?! Neçun unga qilinmas pand-nasihat va aççiq gina?!

Töğri, Lobo boşliq. Ayni paytda qudratli va dahşatli mahluq. Biroq, bu örinda aytiş, balki, nojoiz. Yaşirmoq ne hojat. Sevgi sarhadida sardor qolgandi ojiz.

Har gal jazm etar Lobo börivaşin jazolamoqqa. Ammo, alhol, bu ne hol! Işva-yu ğamza, şöx va şodon nigoh qarşisida yakkaş özin solar edi qiynoqqa…

Lobo – jununsifat, ayrilib aql, idrok va esdan. Sevgi ustun keldi ğurur, oriyat va nomusdan. Oqibat buzildi tödada tartib-intizom. Barham topdi “sardorlik”, azaliy nizom.

* * *

Köza kunda emas, sinar ekan kunida. Axir, ovçi degan payt poylaydi, bu paytda, qasos olmoq xunida.

Mana ular, tör örnida yoyib makkorlikning matosin. Kutişmoqda pistirmada – Oqsiynaning beboşligin va galdagi xatosin.

Rutubatli edi öşal tun. Birdan qora bulut bosdi, qopladi qurum va tutun. Oqsiyna va Lobo… bölib hamma yoği şilta, şalabbo… Pisand etmas zulumotni. Öynaşardi, quvlaşardi, biri-birin suyib, erkalab.

Ehtiyot neligin, odamzot kimligin – unutdi ular. Turgan gap, bunday kez – qora qismat ustingdan kular. Ana… Sevgidan mast, masrur, devona. Oq möynasi siynasida yaraşiqli Oqsiyna… Sönggi bor şamoldek oldinga uçdi. Oh, bu ne sitam, bu ne körgulik?! Ogoh etib ulgurmasdan Lobo. Börivaş noxos, “temir tuzoq”qa tuşdi.

Hayqiriq örladi, yangradi havoga behisob köp öq. Göyo, qilingandek pöpisa, qilingandek döq. Ola-tasir bölib ketdi har tomon. Ana, bu yoqqa yugurgilab kelişmoqda, çöpon-çöliq, qurollangan ovçi, barça – olomon.

Qoçib qoldi qörqib, fursatida börilar. Bunday kezda, “tört oyoqli” jonzot qölidan axir, ne kelar?!

Faqat Lobo… Aylab jon fido. Mahbubasi uçun, hatto, bandi bölmoqqa tayyor. Köz öngida faryod solar Oqsiyna… Oh! Oh-nolasi yurakka sançadi xanjar.

Lobo… Qaydan keldi senga bunday kuç-qudrat? Nahot, sevgida bor şunday siru sinoat?! Ökirigi buzib, jumla-jahonni. Parçalab taşladi börivaşin band aylagan temir qopqonni.

Sukutda qotdi, bir zum barça çöpon-çöliq, ahli ovçilar. Bunaqasin hali heç kim körmagan, bunaqa jasorat kamdan-kam bölar.

Biroq, hozir “sukut saqlansa”, söng bölmasmikin keç? Qirilgan qöra, böğizlangan buqa, sigir-buzoq, qöy-eçkining… xunini kim tölar?!

…Havoda jarangladi qahri – qattol öq. Nişon biroq, yangliş böldi, Loboga emas, şundoq ham yaralangan Oqsiyna “möynasi”ga borib sançilgandi yonib turgan çöğ.

Lobo titrab ketdi. Siynasidan silqib sizganiça qon. Bağrida sönggi bor tantiqlanib, sönggi bor köz suzib…Oqsiynasi bergan edi jon!

Sukunatda qolgan edi sahro, çölu qir. Tong yorişib, töxtagandi yoğişdan yomğir.

Lobo… Ajab hol?! Quturib, taşlanmoq örniga, bölib bemajol. Böysungandek taqdir xohiş-royiga. Vidolaşmoq istagida, ohista çökdi. Oqsiynasin poyiga…

Ovçilar-çi, halqa misol qurşab olişdi. Qörquv, hadik tark etmagan edi hamon ular jismini. Söng ehtiyot şart – sirtmoq solişib, sudrab ketişdi, Loboning jonsiz tanasin…

Hamma xursand edi, kulişib, yayraşib şodon. Axir, endi qörquv yöq, osoyişta sahro, dala-daşt, yobon. Ammo, heç kim öylamasdi: kuç-qudratda tengsiz, böysunmas böri, tengsiz “qahramon”. Sönggi yölga nega bunday otlandi oson?!

Javob esa juda jön va qilsak bayon: sevgisidan, öz juftidan ajraganda, har qanday mavjudot, nafaqat inson, avval kuçdan ketib, söng yuragi yorilib berar ekan jon!

Ha, sevgida bordir ajib siru sinoat. Ibrat bölsin bu borada sizga uşbu rivoyat.

Muhammad OÇIL

“Yoşlik”2012/10

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar (2)

  1. Bad girl

    Şuni kitobini ham kiritinglar

  2. ??????

    Ajoyib Audiomatni bormi?

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)