Aslida, bu mumtoz misralarni, anʼanaga köra, Alişer Navoiyning şohbaytlari, hikmatlari tarzida ham taqdim etiş mumkin edi. Yoşlarning qiziqişlari va axborot asri talablarini inobatga olib, “Navoiydan 9 SMS” deya sarlavha qöyişga jurʼat topdik. Zotan, qöşa qulflar ortida saqlangan tuman tanga emas, ezgu maqsad yölida işlatilgan töqqiz tillo – haqiqiy xazinadir.
Bugun yoşlar çin maʼnoda yaşayotgan – sevayotgan va sevilayotgan, kulayotgan va kuldirayotgan, kuyayotgan va kuydirayotgan virtual olamdagi asosiy axborot qaysi tillarda? Biz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga kimlarning, qaysi tillardagi, qanday gap(ğoya)larini joylaştirib, tengdoşlarimiz orasida ommalaştirmoqdamiz? Hayotimizning muhim damlarida, gözal lahzalarida bir-birimizga yöllaydigan SMS larimizda-çi?.. Sababi oddiy: boşqa tillarda tayyor, foydalanişga qulay materiallar mavjud, töğriroği, ommabop media mahsulotlar (tabriknomalar, infografikalar, videoroliklar…) yaratilgan, yaratilmoqda. Isteʼmolçilik kayfiyatidagi yoşlar esa asosan “kopi-past” (nusxala-joylaştir) usulini xuş körişadi. Şu bois bugun biz onlayn olamga kengroq kirib bormasdan, uka-singillarimiz va farzandlarimiz qalbiga uluğ ajdodlari(miz)ni olib kirolmaymiz. Xalq oğzaki ijodi va buyuk bobolar merosini nafaqat elektron şaklga ötkaziş, balki internet yuzerlari uçun “tayyor oş”ga aylantiriş özbek ziyolilari oldidagi keçiktirib bölmas vazifa bölib turibdi. Navoiy bobomizdan töqqiz SMS şu yöldagi bir urinişdir.
Bugungi kun yoşlariga kundalik muomala jarayonida asqatadigan baytlarni mumtoz şoirlar ijodidan istagança topiş mumkin. Faqat, ularni virtual dunyo talablari asosida tanlaş lozim. Yaʼni, birinçidan, ular köpçilikka tuşunarli bölsin. Ikkinçidan, tanlangan misralar maʼnosida yoşlar orasidagi ijtimoiy munosabatlar, ruhiy holatlar aks etsinki, yigit-qizlar öz köngil keçinmalarini, bir-biroviga dilsözlarini, hatto aççiq-tiziq gaplarini nazm tilida yetkazsin. Yoşlarimiz bir-birlariga Navoiydan, Boburdan baytlarni SMS tarzida jönatsa, veb-sahifalariga esa Bilga Xoqonu Amir Temur hikmatlaridan joylaştirsa, qanday soz!
@ @ @
Yöl yamonu yaxşisidan yema ğam,
Bismilloh, degilu qöyğil qadam.
@ @ @
Menga ne yoru ne oşiq havasdur,
Agar men odam ersam, uşbu basdur.
@ @ @
Meni men istagan öz suhbatiğa arjumand etmas,
Meni istar kişining suhbatin könglum pisand etmas.
@ @ @
Bölmasa işq, ikki jahon bölmasin,
Ikki jahon demaki, jon bölmasin.
@ @ @
Sen agar zohir etting itlikni,
Men senga körguzay yigitlikni.
@ @ @
Tabiatga har neki odat bölur,
Çu eskirdi odat tabiat bölur.
@ @ @
Uşoq qand oq tuzga monand erur,
Va lekin biri tuz, biri qand erur.
@ @ @
Tuzlik ermas şifosiyu voyasi ham,
Kim egri kişining egridir soyasi ham.
@ @ @
Agar qilmadi el himoyat senga,
Özingdin kerakdir şikoyat senga.
Farrux JABBOROV tayyorladi
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

