Adabiy do‘stlikni mustahkamlagan anjuman

0
9
marta ko‘rilgan.

Xalqimizda bola tarbiyasiga oid aytilgan ajoyib naqli bor: “Ursang eti, gapirsang beti qotadi”. Dunyoda siyosiy jarayonlar chigallashgan, davlatlar, millatlar o‘rtasida nizo va nifoqlar avj olgan bir vaqtda dahshatli axborotlar nafaqat betimizni, qalbimizni ham qotirmoqda. Biz o‘sha hodisalarga, noxushliklarga ilhaq bo‘lib, o‘ch bo‘lib qoldik. Bir paytlar “oh”, deb bosh changallab qoladigan voqealarni xotirjam qabul qilishga o‘rgandik. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan mudhish hodisalar haqidagi xabarlar, foto va lavhalar inson qalbini larzaga keltirish bilan birga, tobora diydasini toshga aylantirayotgani ham sir emas. Bir so‘z bilan aytganda, axborot asrida axborotlar asiriga aylandik. Alaloqibat, odamning odamga, olamga, tabiatga munosabati o‘zgarib borayotir.

Xo‘sh, bunga qanday to‘siq qo‘yish joiz? Jaholatning etagidan tutib, yerga toblab urish, unga barham berish uchun qaysi kuch jonimizga aro kiradi? Menimcha, bu kuch – adabiy hayot, adabiyot! Mana, nima uchun dunyoda adabiyotning qaddini rostlash zarur?! Insoniyatga taskin berish uchun, ruhini tarbiyalash uchun, qalbni gardlardan tozalash uchun, dunyoning, o‘zining holidan kulishi, o‘zining holidan xulosa chiqarish uchun adabiyotga sahna yaratish joiz. Adabiyot – dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lovchi ko‘prik. Jaholatni hurkituvchi, mehrni ulg‘aytiruvchi, ozodlikni ulug‘lovchi, adolatni qaror toptiruvchi, tafakkurni davlatmand etuvchi kuchdir.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda adabiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Shoiru nosirlarni rag‘batlantirish, ijodkorlarning qaddini rostlash, manfaatdorligini oshirish, iqtidori va salohiyatidan yurt ravnaqi, xalq osoyishtaligi, barkamol avlod kamoloti yo‘lida foydalanishga erishmoqdamiz.

Joriy yilning 7-8 avgust kunlari azim Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘zbek adabiyotining yana bir bor jahonga bo‘ylashi uchun muhim amaliy qadam bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan ilk bor o‘tkazilgan mazkur anjuman mamlakatlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish hamda jahon hamjamiyatini o‘zbek adabiyoti bilan tanishtirish yo‘lidagi qulay imkoniyat bo‘ldi.

Nufuzli adabiy anjumanda Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli yozuvchi Anor, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim, Hindistonning Panjob shtati Yozuvchilar assotsiatsiyasi raisi Dev Bxadraj faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, AQSH, Armaniston, Afg‘oniston, Belarus, Germaniya, Janubiy Koreya, Kanada, Qirg‘iziston, Litva, Misr, Moldova, Niderlandiya, Ozarbayjon, Rossiya, Serbiya, Turkiya, Turkmaniston, Ukraina, Fransiya, Hindiston, Shvetsiya, Eron, Yaponiya kabi dunyoning yigirma besh davlatidan 37 nafar yozuvchi va shoirlar, tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar xalqaro konferensiyaning yuksak darajada tashkil etilishiga yaqindan ko‘maklashdi.

Dasturga muvofiq, xalqaro konferensiya

7 avgust kuni boshlandi. Anjuman qatnashchilari dastlab Adiblar xiyoboni va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, uyushma va “Ijod” jamoat fondi faoliyati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng mehmonlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga bordi. Mehmonlar buyuk mutafakkir, hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

Mazkur ta’lim dargohida xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘qib eshittirdi. Tab­rik asnosida davlatimiz rahbarining adabiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning bugungi kun va kelajak uchun zarurati borasidagi taklif va mulohazalari xorijiy mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi. “Hozirgi notinch va tahlikali zamonda butun bashariyat oldida paydo bo‘layotgan, biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolar, global xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etish, shu yo‘lda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik g‘oyalar ruhida tarbiyalashda badiiy so‘z san’atining o‘rni va mas’uliyatini har qachongidan ham yuksaltirish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda”, deya keltiriladi tabrikda.

Shu o‘rinda, atoqli adib Abdulla Qahhorning “Adabiyot – atomdan kuchli, lekin uni o‘tin yorishga sarflamaslik kerak”, degan mulohazasi yodga tushadi. Dunyoning yirik mamlakatlari orasida insoniyatni barbod etuvchi qurol yaratish “poyga”si ketayotgan pallada Insonga berilgan Yaratganning bebaho ne’mati – SO‘Z qudrati bilan bashariyatni ezgulikka chorlash, dunyoni tahlikalardan xoli qilish, tinchlikka erishish, adolatli jamiyat barpo qilish – eng muhim yechim, eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu borada Prezident o‘z tabrigida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik”, degan tamoyilni keltirib o‘tadi.

O‘zbek adabiyotining ildizi uzoq tarixga borib taqaladi. Asrlar davomida komil inson tarbiyasi, adolatli jamiyat, shaxs erkinligi, Vatan ozodligi, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, odamiylik kabi o‘lmas fazilatlarni tarannum etib kelayotgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning sara asarlarini dunyo sahniga olib chiqish, tarjima qilish, targ‘ib etish ijodkorlar, til va adabiyot mutaxassislari oldidagi muhim vazifa ekani aytilgan. Bu borada yurtimizda, xususan, chet tillarini mukammal o‘zlashtirgan iqtidorli va malakali kadrlar tayyorlash, zarur jihoz va texnologiyalar bilan ta’minlangan oliy o‘quv yurtlar bazasi yaratilgan.

Shuningdek, tabrikda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va dunyoda o‘zbek adabiyotini targ‘ib etayotgan, tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi-shoirlar o‘rtasida O‘zbek adabiyotining xorijiy do‘stlari kengashini tuzish taklifi berilgan.

Anjumanda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan sho‘balarga bo‘lingan holda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xorijda o‘rganish va targ‘ib etish, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, badiiy tarjima sohasida mutaxassislar tayyorlashdagi xalqaro ilg‘or tajribalar, xalqaro ijodiy aloqalarni kuchaytirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama etildi.

Xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari yozuvchilar birligi va uyushmalari o‘rtasida memorandum, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy nashrlar va nufuzli xalqaro adabiy gazeta va jurnallar tahririyatlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Xususan, “Yoshlik” jurnali tahririyati Rossiyaning “Inostrannaya leteratura”, “Roman-gazeta” jurnali, Ukrainaning “Adef-Uk­raina” nashriyot uyi bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Poytaxtimizdagi diqqatga sazovor maskanlar, kutubxona va muzeylar, tarixiy qadamjolar tadbir qatnashchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Turli ijodiy uchrashuv va muloqotlar, kitoblar ko‘rgazmasi, mushoiralar tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Xalqaro anjumanning ikkinchi kuni mehmonlar Sharq darvozasi, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida bo‘lib, yurtimizning betak­ror tarixi va bugungi qiyofasi bilan tanishdi.

Anjumandan so‘ng konferensiyaning xorijiy ishtirokchilari o‘z mamlakatlarida Prezident tab­rigida bildirilgan fikr va takliflar hamda “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘yicha munosabatlarini bildirib o‘tgan. Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli yozuvchi Anor muallim Ozarbayjon matbuotida qilgan chiqishlarida bu borada alohida to‘xtalgan. Bu esa, mazkur konferensiya sarhisobi natijador ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbek adabiyoti ko‘p asrlik tarixga ega. Milliy adabiyotimiz insoniyat sivilizatsiyasi rivojida alohida o‘rin tutib kelgan. Bebaho ma’naviy merosimiz asrlar davomida milliy qadriyatlar asosida takomillashgan, bugungi kunda esa jahondagi ilg‘or tendensiyalarni ham o‘zlashtirib, shu asosda zamonaviy, ilg‘or qarashlarni va asriy an’analarni birlashtirgan noyob hodisaga aylangan. Shuning uchun ham jahon olimlarining o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga qiziqishi katta bo‘ldi. Zero, adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlikning asosini yaratadi.

Faxriddin Hayit

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.