“Farhod va Shirin” Ukrainaga yo‘l oldi

0
10
marta ko‘rilgan.

Navqiron do‘stim!

Garchi, maqola ukrain tilida yozilgan bo‘lsa-da, siz uni o‘zbek tilida o‘qib turibsiz. Umid qilamanki, kun kelib, o‘zbek va ukrain xalqlarining do‘stligi shu darajaga yetadiki, tilmoch va tarjimonlarga hojat qolmaydi.

Yoshi va martabasidan qat’i nazar, har bir insonning hayotida shunday hodisalar yuz beradiki, ularni bemalol taqdir belgisi qatoriga kiritish mumkin. Odatda, bu hodisalar inson hayotida yorqin iz qoldiradi, ba’zida oilaviy xotiralar sifatida avloddan avlodga o‘tadi.

Shunday bir vaziyatni tasavvur qilib ko‘ring. O‘n yildan oshdi – Ukrainaning “ADEF-Ukraina” nashriyoti “Ukraina” jamg‘armasi bilan birgalikda noodatiy loyiha – Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonini ukrain va gruzin tillaridagi nashrini tayyorlashga kirishdi. Bu ishga “Pahlavon”ning gruzin tilidagi ilk bosma nashrining 300 yilligi asos bo‘ldi. Gruziya Fanlar akademiyasi bilan “ADEF-Ukraina” nashriyot uyining hamkorlikdagi uch yillik sermashaqqat ishi muvaffaqiyat bilan yakunlanadi: mazkur ikki tilli nashr XII asrga mansub “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonining xorijiy tillardagi eng yaxshi (Gruziya tomonining fikriga ko‘ra) va eng ishonchli nashri sifatida tan olindi.

“Ukraina” jamg‘armasidagi yangi kitobning taqdimotida men va Alla Istomina O‘zbekistonning Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Alisher Abdualiyev bilan uchrashib qoldik. Aynan mana shu uchrashuv XV asrning yana bir fundamental asarining yangi nashrida muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuv tasodifiy xarakterga ega edi, deb ham aytish mumkin-ku, lekin donolar aytmish – “har bir tasodifda zarurat yotadi”. Tag‘in bu zaruratga, hayotning o‘zi ko‘rsatib turganidek, uchrashuv ishtirokchilarining yuksak darajadagi zavq va ishtiyoqi qo‘shildi. Gap gapga ulanib, birinchi uchrashuvning o‘zidayoq Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni nashr loyihasi – asarning ukrain, o‘zbek va eski o‘zbek tilidagi talqinlari deyarli tayyor bo‘ldi. Bu yog‘iga uni nashrga tayyorlab, chop etish qoldi, xolos.

O‘zgacha dunyo qarashga ega yosh o‘quvchilarimiz uchun mazkur holat umuman haqiqatdan yiroq, g‘ayrioddiy bo‘lib tuyulishi mumkin. Zero, XV asr o‘zbek adabiyotining mumtoz siymosi va uning qahramonlari qayerdayu, o‘zining butunlay boshqa an’ana va mentalitetiga ega Ukraina qayerda?

Ochig‘ini ayta qolay, atrof-olamga bo‘lgan “moddiyuncha” munosabat bilan ushbu loyiha ishtirokchilarining holatini tushunish ham, tushuntirish ham amrimahol. Ustiga ustak, yuksak ideallar, mehr-muhabbat kabi ilohiy tushunchalar bilan yo‘g‘rilgan insonning ruhoniy-ma’naviy dunyosi boshlangan yerda zamonaviy pragmatizm nomaqbuldir, qolaversa, doimo mag‘lubiyatga uchraydi. Alisher Navoiyning ijodi esa – nafaqat falsafa kvintessensiyasi, balki hayotning ruhoniy-ma’naviy tarkibini tashkil etuvchi olamdir.

Bu loyihada odatdagi “moddiyuncha” rag‘bat yo‘q edi. Loyihaning har bir “mo‘tabar ahdlashuvchi tomonlar”i Ukraina uchun ham, O‘zbekiston uchun ham “zarur va muhim” jabhalarni amalga oshirishga harakat qilgan ekan. Natija oldindan ma’lum edi, ya’ni u muvaffaqiyatli yakun edi.

Aynan “Farhod va Shirin”ni tanlab olishimizga asarning 1947 yildayoq ulug‘ ukrain shoiri Nikolay Platonovich Bajan tomonidan ukrain tiliga o‘girilgani va asarning tarjima bazasi tayyor ekani sabab bo‘lgandi. Bundan tashqari, Bajanning tarjimalari, shak-shubhasiz, san’at­dir.

Umuman olganda, boshlanishida loyiha juda yengilday tuyuldi: “osongina” tahrir qilish, dizayn va “chop etishga topshirish” qolganday edi. Lekin, kundalik hayotda bo‘lganidek, oddiy tashab­bus ko‘zga tashlanmagan holda murakkab jarayonga evriladi. Keling, hammasini bir boshidan boshlay.

Dostonning asliyatini tanlash va ishni tashkillashtirish uchun o‘sha uchrashuvdan bir hafta o‘tib men Toshkentga uchdim. Elchi Alisher Abdualiyevning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston Res­publikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida men muzey direktori, professor Saidbek Hasanov, akademik Aziz Qayumov, Til va adabiyot instituti direktori, professor Nizomiddin Mahmudov, professor Ibrohim Haqqulov, muzey jamg‘armasi saqlovchisi Jaloliddin Jo‘rayev, “Jahon adabiyoti” jurnalining sobiq bosh muharriri Shuhrat Rizayev bilan uchrashib yangi nashrni birgalikda muhokama qildik. Barcha mazkur xayrli ishga ozmi-ko‘pmi o‘z hissasini qo‘shishga, hamkorlik qilishga tayyor edi. Shu tariqa biz ilk uchrashuvdayoq hamkorlikdagi ishlar rejasini kelishib oldik. Bunga ko‘ra, “Farhod va Shirin” dostonining yangi nashri uch muhim shartga asoslanishi kerak:

– doston qo‘lyozmasi original, yuksak badiiy bezakka ega bo‘lishi lozim;

– aynan mana shu qo‘lyozma ukrain tiliga tarjima qilinishi (rus tiliga so‘zma-so‘z tarjima qilinishi, undan so‘ng ukraincha matni tayyorlanishi);

– Bajanning tarjima matnlari batafsil qiyo­siy tahlil etilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiya­sidagi hamkasblar ishning o‘zlariga tegishli qismini tez sur’atda bajarib berishdi. Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondida Ibn Abu Mukarram Abdulvahhob al-Hijoziy ko‘chirib olgan (hijriy 988 yil, rabi’ ul-avval oyi­ning 11 sanasi yoki qamariy 1580 yil 26 aprel) “Farhod va Shirin” qo‘lyozmasining skaner qilingan nusxasi bizga berildi.

To biz Kiyevda kitobning maketini tayyorlagunimizcha, Toshkentda Saidbek Hasanov, Qodir Ergashev, Vahob Rahmonov ishtirokidagi tarjimonlar guruhi matnning rus tiliga so‘zma-so‘z tarjimasi bilan shug‘ullanishdi. Qo‘ng‘iroq jiringlab, uzoq kutilgan “Hammasi tayyor bo‘ldi”, degan xabar bo‘lishi bilanoq “ADEF-Ukraina”ning tahririyat xodimlari – Alla Istomina, Ruslan Kobis va kaminadan iborat nashriyot guruhi va Sergey Yeseninning she’rlarini mahorat ila ukrain tiliga o‘girgan mashhur ukrainalik shoir Boris Chip Toshkentga yo‘l oldik.

Dastlab ish silliq ketayotgan edi. Kitobni tayyorlash uchun barcha zarur materiallarga ega bo‘ldik, kitob dizayni va muqovasi kelishib olindi. Biroq qiyosiy tahlilda tafovutlar ko‘zga tashlanaverdi. Ayniqsa, Allohning nomi tilga olingan joylarda bu yaqqol ko‘zga tashlanardi.

Ba’zida loyihadan voz kechishga rozi bo‘lgan paytlarimiz ham bo‘ldi, ammo… Bugun yaxshi ang­laymizki, 1947 yili Sobiq ittifoqning ideologik doktrinasining asosiy pozitsiyasi Xudoni inkor etishga asoslangan edi. Nikolay Bajanning tarjimalarida Xudoning yo‘qligi ham – zamonga bo‘ysunishdan boshqa narsa emas. Ammo-lekin Alloh taolo Alisher Navoiyning barcha asarlarida tilga olingan. Binobarin, “Farhod va Shirin” dostonidagi asosiy g‘oyalardan biri – muhabbat va do‘stlik – Allohning bandalariga in’omi ekanligidir.

Xullas, “osongina tahrir” jarayonida biz “tarixiy haqiqatni konseptual tiklash” bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldik. Yashirib o‘tirmayman, bu o‘ziga xos kashfiyot butun jamoaga yangi ijodiy ilhom berdi: biz taklif qilgan ish algoritmi ishonchli bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lda edik.

Ana shundan keyingina matn asliyati va uning tarjimasidagi bandlar soni aniq-tiniq mos kelishiga erishdik. Ishning ko‘lami kengayishi munosabati bilan Boris Chip Toshkentda yana ikki oy qolib, yetishmayotgan bandlar tarjimasi bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Nikolay Platonovich Bajandagi “g‘oyaviy tafovut”larga qaramasdan, biz “Farhod va Shirin”ning yangi tarjimasida aruzning uslubi, qofiya va hijolariga ergashishga qaror qildik. Bu bizning ulug‘ ukrain farzandining mohirona ishiga minnatdorligimiz edi.

Oradan ikki oy o‘tib, Boris Chipni Kiyev aeroportida Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini xorijiy tildagi eng to‘liq variantining qoralamasi bilan kutib oldik. Zero, bu tarjima aynan ukrain tilida ekanligidan faxrlanamiz!

Keyin yarim yildan ko‘proq vaqt davomida she’riy tarjima matnning tahrir ishlari davom etdi, bir yilga yaqin muddatda dizaynerlar, muharrirlar va kitobni tayyorlashda ishtirok etganlarning serdiqqat va sermashaqqat ishlari yakunlanib qoldi.

Taklif etilgan dizayn borasida ham bir-ikki og‘iz so‘z aytsak. Zamonaviy o‘quvchini Alisher Navoiy darajasidagi mumtoz siymolar asarlariga jalb etish oson ish emas. Bunday holatlarda dizayn o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Shu bois kitobni tayyorlashda o‘quvchini Qadim Sharqqa “eltadigan” dizaynni qo‘llashga qaror qilindi: bezak berishning asosiy qismi asliyatdagi qo‘lyozma shaklida qoldi, qolaversa, kitobning har bir sahifasiga maxsus bezak­lar qo‘shimcha qilindi, muqova g‘ilofi milliy naqshlar, maxsus zarqog‘oz bilan boyitildi.

2016 yilning may oyida Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonining uch tildagi maketi tayyor bo‘ldi, endi kitobni bosish ishlariga ham o‘tilsa bo‘lardi.

“Farhod va Shirin” dostonining “dastlabki bosma qog‘ozlari” tantanasi 2016 yilning 16 ma­yida Bucha shahridagi (Kiyevdan 30 km. narida) korxonamizda bo‘lib o‘tdi. Biz bu bayramga O‘zbekis­ton Respublikasi elchisi, nashr loyihasining mualliflaridan biri janob Alisher Abdualiyevni taklif qildik.

To‘g‘ri, mushakbozlik, TV-reportajlar, tantanali yig‘ilishlar bo‘lgani yo‘q, lekin Alla, Alisher va kaminaning – ushbu hodisaning asosiy sababchilarining kayfiyati tog‘dek ko‘tarilib, ich-ichimizdan his etdikki, ehtimolki, bugungi kun uchun emas, balki bizning mehnatimizni tushunib, munosib baho beradigan odamlar paydo bo‘ladigan istiqbol uchun biz g‘oyat muhim ishni amalga oshirdik.

Go‘zal va biz uchun qadrli bo‘lgan 300 nusxadagi Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” kitobini omborimizga topshirish bilan “ishlab chiqarishdagi behalovatliklar”imiz yakunlandi. Uzoq davom etgan jiddiy ishdan so‘ng xuddi bizni unutib qo‘yishgandek jimjitlik paydo bo‘ldi.

Lekin bu xato o‘y edi. 2016 yilning 17 dekabrida O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan tantana va ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Biz, yaxshi bilardikki, bu barcha tantanavor tadbirlar – O‘zbekiston tomonining va shaxsan janob Elchi A.Abdualiyevning sharofati ila amalga oshirildi.

Shunday bo‘lsa-da, bizni bayramning vakillik tarkibi lol qoldirdi: O‘zbekiston va Ukrai­na Respublikasi ilm-fani, madaniyati va san’atining atoqli namoyandalari, Prezident administratsiyasi, TIV, Madaniyat vazirligi, Ukraina Milliy Fanlar akademiyasi vakillari, 20 ta xorijiy mamlakatlarning diplomatik korpus vakillari, Ukrainaning turli oliygohlari talabalari, OAV vakillari, shuningdek, o‘zbek diasporasi va o‘zbek talaba yoshlari. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasidagi yetakchi navoiyshunos, O‘zbekiston Qahramoni, professor Suyima G‘aniyeva, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi direktori, professor Saidbek Hasanov, Toshkent pedagogika universiteti kafed­ra mudiri, professor Karomat Mullaxo‘jayeva, Ukraina Qahramoni, Ukraina Milliy Fanlar akademiyasi akademiklari Ivan Dzyuba va Boris Oleynik, Ukrain tili va adabiyoti instituti direktori, professor Pavel Gritsenko va bosh­qalar ham bor edi.

Elchi janoblari A.Abdualiyev o‘zining nutqida ushbu loyihaning barcha tashabbuskorlari va ishtirokchilariga qisqa vaqt ichida (to‘rt yildan oshiqroq!) bir butun bo‘lib atoqli Ukraina shoiri Nikolay Bajanning ishi – Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini ukrain tilidagi tarjimasini mantiqiy yakunlay olishdek halol mehnatlariga tashakkur bildirdi.

Yana ko‘plab chiqishlar va tabriklar bo‘lib o‘tdi, ammo-lekin samimiyat, o‘zbekona mehmondo‘stlik bayramga chinakamiga unutilmas shukuh berdi…

Maqola boshida aytib o‘tganimdek, tasodif meni ulug‘ ish sari yetakladi. O‘zbeklarning yana bir katta shoiri Usmon Nosirning shunday mis­ralari bor:

Keyin bilsam, tasodiflar zarur ekan,

Hodisani yetaklarkan sababiyat.

Chindan ham, tasodif sabab katta hodisa – ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning ishq, vatanparvarlik, odamiylik kabi ulug‘ tushunchalar tarannum etilgan go‘zal dostonidan mening yurtdoshlarim ham bahramand bo‘ldi. Shu ishda ozmi-ko‘pmi hissam borligidan baxtiyorman.

 

 

Igor Shpak

“ADEF-Ukraina” nashriyot uyi direktori. Kiyev, Ukraina.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.