Adabiyotning farahbaxsh tongi

0
23
marta ko‘rilgan.

…Adiblar xiyobonini birinchi bor aylandim. Ko‘k­lam ancha ulg‘aygan. Yaproqlar, gulu maysalarga quvvat ulashayotgan aprel quyoshining tafti qorachig‘ingga botsa-da, so‘lim manzara nigohingga singib, qalbing­ni zavq bilan siylaydi. Benihoya huzurlanasan! Xiyobonda xalqimizning otashqalb farzandlari – o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalari siymosi viqor bilan boqib turganini his etasan. Mana, ularning ravshan tuyg‘ulari mening dilimda ham o‘tyapti. Betizgin xayollar og‘ushida qolaman.

…Qay bir davraga kirsam, shu mavzuda gap boshlanadigan bo‘ldi: “Tabriklayman! Shoir-yozuvchilarga  katta e’tibor qaratilyapti…”. Jilmayib, xijolatomuz tasdiqlayman, ko‘ksim g‘oz bo‘ladi…

Ular boshqa sohada mehnat qiladi: o‘qituvchi, shifokor, harbiy, quruvchi, tadbirkor… Qog‘oz qoralamasa-da, barchasi o‘zini adabiyotga daxldor his etadi. Umuman olganda, har bir inson adabiyotga daxldor. Chunki, ijodning o‘zagi inson omilidir. Adabiyot inson tafakkurining mahsuli bo‘lsa ham ilohiy qudratdan quvvatlanib turadi. Demakki, so‘z – qudrat, so‘z – farog‘at…

Qaysi millat adabiyotining tomiri baquvvat bo‘lsa, ana shu xalqning tafakkuri teran, ma’naviyati mustahkam bo‘ladi. Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Oybek, Erkin Vohidov, Abdulla Orif kabi o‘nlab, yuzlab o‘zbek adabiyotining ustunlari suyab turgan maydonning yuki, salobati, talabi bo‘ladi. Axir millatni millat, xalqni xalq qiladigan bu – adabiyotdir. Bir asr muqaddam Cho‘lpon aytganidek, “Adabiyot yashasa – millat yashar”.

Dunyoda axborot texnologiyalari jadal rivojlanmoqda. Davrning o‘qdek shiddati oldida odamzot ojiz qolayotir. Turli axborotlar, voqea va tafsilotlar odamlarni shoshib yashashga chog‘lantiryapti. Yot g‘oyalar, qarashlar tahdidi ortib borayapti. Qalbga zarba beradigan, parchalaydigan, yo‘ldan ozdiradigan, jazavaga tushiradigan, tobe qilib, umrni behuda sarf etadigan mafkuralar beixtiyor shuurimizga singib, odat tusiga kirib bormoqda. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq mana shunday murakkab sharoitda adabiyotning qaddini rostlash, ko‘ngil ozuqasi, qalb tarbiyachisi bo‘lgan kitobning nufuzini ko‘tarish, keng targ‘ib qilishga tobora ehtiyoj sezilmoqda. Ijod ahlining hayotiy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan ijodiy mehnatni qadrlash, adabiyotni yoshlar hayotining muhim va munosib qismiga aylantirish bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatdi.

Bugun mamlakatimizda barcha sohalar kabi milliy adabiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyi va poliklinikasi tubdan rekonstruksiya qilindi. Uyushma qoshida “Ijod” jamoat fondi tuzildi. Adiblar xiyoboni barpo etildi. Yam-yashil libosga qo‘ndirilgan qahrabodek xiyobonda Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino bunyod etildi. Hududlarda ulug‘ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari, madaniyat va istirohat bog‘lari qurilishi qizg‘in tus oldi. Adabiyotimiz atoqli namoyandalarining yubiley sanalari munosib nishonlanmoqda, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ijodiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Yosh ijodkorlarning ilk kitoblari davlat hisobidan “Birinchi kitobim” loyihasida ko‘p ming nusxalarda nashr etilib, ta’lim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda.

Asrlar silsilasida toblangan haqiqat shuki, shoiru nosir, olimu muallimni e’zoz etgan, adabiyotga rahnamo bo‘lgan davlat ravnaq topaveradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada qo‘yilgan yana bir ulkan odim bo‘ldi. Mazkur tarixiy hujjatda “Davlat – ma’naviyatning bosh homiysi” bo‘lishi ustuvor tamoyil etib belgilandi.

Jamiyatimizda milliy g‘oya, yangicha tafakkur va keng dunyoqarashni shakllantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, uyushma a’zolarining ijtimoiy-ma’naviy faolligi va mas’uliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub o‘zgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish, shoir va yozuvchilarning moddiy va ma’naviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Ustoz ijodkorlarining salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish, yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun chuqur o‘ylangan, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion usullarni ishlab chiqish va joriy etish qat’iy belgilangan.

Mazkur qaror asosida dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish tizimi yaratiladi. Axborot texnologiyalari asrida internet yoshlar hayotining muhim qismiga aylangani inobatga olinib, o‘zbek tilidagi Internet adabiyoti shakllantiriladi. Mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiy asarlarini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, bu noyob merosni ma’naviyatimizning hayotbaxsh manbaiga aylantirish ham ko‘zda tutilgan.

…Zargar qimmatbaho metaldan, adib so‘zdan zebu ziynat yasaydi. Moddiy ziynat tanni, so‘z gavhari qalbni bezaydi. Shu bois botiniy go‘zallik hamisha e’zozlanadi. Qalb me’morlari bo‘lgan ijodkorlarga e’tibor qaratish, ularning hayotiy manfaatlarini himoyalash, turmushini yaxshilash ijodiy mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur qaror asosida Toshkent shahrida yashab ijod qilayotgan ijodkorlarni imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlash, shuning­dek, viloyatlarda yashab ijod qilayotgan Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun uy-joylar ajratish aniq belgilangan.

Ushbu muhim hujjatda shoiru nosirlarning salomatligini doimiy nazorat qilib borish,  “Do‘rmon” ijod uyi kabi ilhombaxsh mas­kanlar sonini oshirish borasida ham alohida ko‘rsatmalar berilgan. Bunga ko‘ra, yurtimizning eng so‘lim go‘shalari bo‘lgan Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Parkent”, Jizzax viloyatidagi “Zomin” ijod uylari yangi zamon talablari asosida adiblarga xizmat qilishi qayd etilgan.

Chinakam adabiyotning o‘z zalvarli yuki bo‘ladi. Bir satr oniy lahzada yaralgandek o‘quvchida taassurot qoldirsada, uning ortida betizgin o‘y-xayollar girdobidagi bedorlik – mashaqqatli mehnat yotadi. Bugun yengil-yelpi qoralamalarini “shoh asar” bilib peshma-pesh kitob chiqaradiganlar soni tobora ortgan bir davrda chinakam adabiyot targ‘ibotchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy-badiiy nashrlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ta’sirini kuchaytirish, aholi orasida keng targ‘ib qilish   ushbu qaror bilan yanada mustahkamlandi.

Mamlakatimizdagi qator ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jalik birlashmalari, kompaniyalar va banklar bilan madaniyat va san’at tashkilotlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan “Do‘stlar klublari” faoliyatining ijobiy samara berayotgani inobatga olinib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi nashrlar va mamlakatimizdagi nufuzli ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida kelishuv asosida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Xususan, “Yoshlik” jurnali tahririyati  “Universal Packing Masters” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Do‘stlar klubi”ni tuzdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hududiy bo‘limlari ham mana shunday jarayonni amalga oshirmoqda.

Hududlarda tashkil etilgan Ibrat, Hamid Olimjon, Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy va ijodiy jihatdan shakllantirish, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni tanlab olish bo‘yicha ham alohida ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatning mudofaa tizimi el-yurt tinchligi va Vatan sarhadlarini himoya qiladi. Adiblar, shoir-yozuvchilar ijodi bilan millatni, xalqni yot g‘oya va mafkuralardan asraydi. Shu bois mazkur qarorda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha harbiy qismlar va “Temurbeklar maktablari”da ma’naviy-ma’rifiy ishlarni jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

O‘n besh yil muqaddam tengdosh ijodkor do‘stlarimiz yurtimizdagi nufuzli oliygoh tasarrufida ochilgan “Oliy adabiyot” kursiga yuksak orzular bilan hujjat topshirib o‘qishga kirgan edi. Kursning mutaxassisligi bo‘yicha tegishli malaka talablari belgilanmagani sabab o‘quv jarayoni yakunida mutaxassislik diplomini olish qiyinchiliklar tug‘dirib, dilxiraliklarga sabab bo‘lgandi. O‘sha davrda mutasaddi vazirlik va idoralar bu borada bir to‘xtamga kelolmadi. Yuksak manzillarni ko‘zlagan kursning “umri poyoniga yetib” yopildi. “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror yosh ijodkorlarning bu boradagi orzu-intilishlariga mustahkam poydevor yaratdi. Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil etiladigan bo‘ldi. Endi mazkur kursga talabalarni qabul qilish oliy ta’lim muassasalarining magistraturaga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga  muvofiq amalga oshiriladi.

…Parcha bulut oftob yuzini silab o‘tadi. Qushlar “chug‘uri”ga barchasi hamohang kechadi. Bir guruh qizlar kulgusi yangraydi. Qo‘lida kitob-daftar tutgan, yoshlik sururidan sarmast dugonalar Adiblar xiyobonida hassos shoira Zulfiyaxonimning mehmoni bugun. Ha, shunday, ular shoira siymosi aks etgan haykal poyida oydin orzulari, xarir tuyg‘ulari haqida suhbatlashadi…

Men esa iftixor bilan xiyobondan ijodga, nurli maskanga qaytaman…

 

Faxriddin Hayit

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.