Hamdardlik

0
37
marta ko‘rilgan.

1981–1984 yillarda “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasida ishlagan, ko‘p yillar Islom dini hamda ma’rifati yo‘lida xizmat qilgan taniqli ulamo Anvar qori Tursunov vafot etdi.

Anvar qori Tursunovning ilk mehnat faoliyati aynan tahririyatimiz bilan bog‘liq: ijodkor sifatida jurnalning xalqimiz ko‘nglidan joy olishiga munosib hissa qo‘shgan.  Anvar qori Tursunov nafaqat diniy sohada, balki milliy va mumtoz adabiyotimizning bilimdoni sifatida ijodkor-ziyolilar orasida yuksak hurmat-e’tibor qozongandi.   

“Yoshlik” jurnali tahririyati jamoasi Anvar qori Tursunovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.

* * *

Abdulla ORIPOV,

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

 

Tavallo

 

O‘qing Anvar qori, o‘qing, birodar,

Muqaddas Qur’onning oyatlaridan.

Ruhimga tinimsiz yog‘dular yog‘ar,

Cheksiz samovotning qavatlaridan.

 

O‘qing “Fotiha”ni, o‘qing “Yosin”ni,

Tavba eshiklari ochilsinlar lang.

Tazarru deb biling ko‘zda yoshimni,

O‘qing, barchamizga shafoat tilang.

 

O‘qing, bor gunohlar butkul to‘kilsin,

Arshgacha yuksalsin savobning haddi.

O‘qing yovuzlikning beli bukilsin,

Toki ezgulikning rost bo‘lsin qaddi.

 

Insonni ming yillar jaholatidan

Asliga qaytargan iymon-ku axir.

O‘qing, ilohiy so‘z haroratidan

Erisin hattoki tosh qotgan bag‘ir.

 

O‘qing, zarra g‘ubor qolmasin dilda,

Kunduz quyosh guvoh, tunda guvoh oy.

Mo‘minlar qatori o‘sha manzilda

Bormikan menga ham tangachalik joy?..

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.