Aql yoshda emas…

0
22
marta ko‘rilgan.

Davr tezlashib, juda ko‘plab turg‘un, o‘troq qarashlarimizga jon, sur’at bag‘ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Umrini o‘tab bo‘lgan siyqa xulosalardan voz kechyapmiz. Jumladan, rahbar bo‘lish uchun inson,  albatta, kamida qirqni qoralagan, sochi yo siyraklashgan, yo uncha-muncha oqargan bo‘lishi shart, degan aqida ham bugun eskirganday. Navqiron mutaxassislar – 23 yashar Alisher Sa’dullayevning Xalq ta’limi vaziriga o‘rinbosar, 25 yoshli Olim To‘ychiyevning Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlangani ham fikrimiz isbotidir. To‘g‘ri, yosh mutaxassislarning bunday nufuzli lavozimlarga tayinlanganini shubha bilan qabul qilganlar, tajribasi yo‘q-ku ularning, eplab ketarmikan, deguvchilar ham bo‘ldi. Mana, o‘tgan bir oy mobaynida ko‘ryapmizki, eplashyapti!
Aslida, bu faqat ikki yosh rahbarning shaxsiyati bilan cheklangan hodisa emas, balki butun jamiyatga berilgan signal – ishoradir! Ya’ni, biz eng mas’uliyatli ishlarda ham bilimli, tashabbuskor, g‘ayratli yoshlarga ishonch bildiramiz, degan gapning amaliy ifodasi bu. Ikki tengdoshining muvaffaqiyatini ko‘rib, qanchadan-qancha yosh yuraklarda orzu, umid, ishonch, shijoat gulxanlari yongani ham ayni haqiqat. Qolaversa, katta avlod vakillari ham izlaridan harakatchan, yangicha fikrlaydigan, kreativ qarashlarga ega yoshlar kelayotganini his qilishdi.
Yoshlarda  tajribaning ozligi – bor gap. Ammo ularning yuragi g‘ayratga to‘lib turgani, yangiliklardan cho‘chimasligi, eng muhimi, qalbi va ongi tozaligi, turli ma’naviy illatlarni yuqtirishga ulgurmagani ham hayotiy haqiqat. Odam tajribali bo‘lsa-yu, biroq tajriba xaltasida ildam qadam tashlashiga xalal beruvchi toshlar yig‘ilgan bo‘lsa, undan o‘ziga ham, boshqalarga ham naf yo‘q. Xolis niyat bilan yo‘lga chiqqan, yuksak marralarni ko‘zlagan, chuqur bilim va madaniyatga ega yoshlarga hayotning o‘zi muallimlik qiladi – tajriba va malaka eshiklarini ochadi.
«Aql yoshda emas – boshda», deydi dono xalqimiz. Demak, o‘zini keng jamoatchilik oldida isbotlagan, kattayu kichikka o‘rnak bo‘lgan yoshlar hamma zamonlarda bo‘lgan.  Xalq dostonlari, buyuk ajdodlarimizning yoshlik chog‘laridan hikoya qiluvchi asarlar bunga shahodat beradi. Tarixning eng qizg‘in pallalarida ham yoshlar tashabbusni qo‘lga olgani moziydan ma’lum. Shunday ekan, bugun mamlakatimizda yoshlarga, yosh mutaxassislarga katta e’tibor, vakolat berilib, ishonch bildirilayotganini tabiiy qabul qilishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz darkor. Faqat, hamma gap – yoshlarimizning ana shu ishonchni, e’tiborni munosib oqlashlarida.               
Ezgu niyat, ulkan maqsadlar bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ish boshladi. Yangi tashkilotning qadami qutlug‘ bo‘lsin, deymiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi tizim «sotsial lift» vazifasini bajarib, jamiyatimiz uchun bilimli, tashabbuskor, tashkilotchi, fidoyi yosh rahbarlarni yetishtirib beradi, deb ishonch bildiramiz. Ana shu ilg‘or safda kim o‘z farzandini, jigarbandini ko‘rishni istamaydi deysiz. Shunday ekan, keling, yoshlarga quruq pand-nasihat qilavermasdan, amalda o‘rnak bo‘laylik va ularni eshitishga hamisha vaqtimiz, xohishimiz bo‘lsin!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.